— Qadim zamonda sen o‘ylaganchalik bo‘lmagan, — deb e’tiroz bildirdi mayor Soliev. — Jinoyatchini qozi so‘roq qilgan, guvohlarni eshitgan. Gunoh aniq isbotlanganidan keyin jazo bergan. Kattagina podsholik zindoniga nari borsa o‘ttiz-qirq odam sig‘adi. Temur zamonasida o‘g‘irlik degan narsa unutilgan ekan. Bir bola boshiga bir tovoq oltin qo‘yib mamlakatning kunchiqar chegarasidan piyoda yurib kunbotardagi chegarasiga yetguncha yigit yoshiga yetarkanu ammo tovoqdagi oltinga birov tegmas ekan. Bundan xulosa shuki, qadim zamonda hukm qat’iy bo‘lgan. Odamlar gunohlari uchun qanday jazo olishlarini bilganlar, bilganlari uchun qo‘rqib, o‘zlarini tiyganlar. O‘g‘irlik qildimi, gunohi isbotlandimi, tamom, qo‘li kesiladi. Boshqacha jazo bo‘lishi mumkin emas. «Bu o‘g‘ri bekning amma-xolasiga jigar ekan, jazoni yengillashtiring, iltimos, qo‘liga igna sanchib qo‘ya qoling» deyilmagan. Yaqinda bir yigitcha «o‘tmishda temir qoshiq bo‘lmagan, shavlani qanday yeyishgan, a» deydi. Senlarning gaplaring ham o‘sha bolanikidan qolishmaydi. Nazarlaringda odil sud o‘n yettinchi yildan keyin paydo bo‘lgan, a?
— Endi biz bilganimizni gapiramiz, aka, — dedi Hamdam. — Lekin qadim zamonda faqat adolat bo‘lgan, degan gapingizga qo‘shilmayman. Gunohni isbotlash uchun ikkita guvoh kerakmidi? O‘sha zamonda ikkita ahmoq, ikkita g‘alamis, ikkita ig‘vogar topilmagan, deysizmi? Minglab kallalar o‘sha g‘alamislarning guvohligi bilan uzilgandir? Zindonda kam odam bo‘lishiga boshqa sabab bordir. Podsholar jinoyatchilarni qayta tarbiyalash bilan shug‘ullanishmagandir. Jinoyat qanday jazoga loyiq? O‘limgami? Kesilsin, osilsin, chopilsin, tamom! «Besh yildan o‘n yilgacha axloq tuzatish koloniyasiga yuborilsin» degan gap bo‘lmagan, deyman, a? Ular to‘g‘ri qilishgan. Mana, Asadbekni yuz yil axloq tuzatish koloniyasida saqlang, foyda bo‘larmikin?