Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264672 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 54 B


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:38:35

— Voy, cholim hali kelmadilar, — dedi ayol ajablanib.
— Xolajon, bir gap aytaman, faqat siz vahima qilmang. Mana bu yigitlar milisadan, ijarachilaringizni ko‘rishmoqchi. Siz ular yotgan uy eshigini ko‘rsatingu, o‘zingiz tez chetga chiqing, — dedi Hamdam.
— Voy o‘la qolay, voy Xudo urdi, — dedi ayol.
— Vahima qilmang, dedim-ku.
Ayol qo‘li bilan chap tomondagi eshikni imlab ko‘rsatib, o‘zi to‘g‘ridagi ayvon sari yurdi. Titroq ovozda nimadir dedi.
    Hamdam eshikni zarb bilan tepib ochishi bilan to‘rt yigit otilib ichkari kirishdi. Dong qotib uxlab yotgan yigitlar qimirlab ham qo‘yishmadi. Xontaxta ustidagi bo‘shagan aroq idishlari, dimoqqa urilgan nasha hididan hammasi ayon edi. Yigitlarning betlariga shapatilab, suv sepib arang o‘zlariga keltirishdi. Ular uyg‘onganday bo‘lishsa-da, hali kayfdan qutulmagan, nima bo‘layotganini anglab yetmagan edilar. Ularning qo‘llariga kishan urib olib chiqilgach, Zohid ayolni chaqirib, xonaga kirdi-da, ko‘zdan kechira boshladi.
— Ko‘rpa-to‘shaklar meniki, aylanay bolam, — dedi ayol qo‘rqibgina. — Ular qup-quruq kelishgan. Hali ijara pulini ham berishmovdi.
— Bularning o‘zlari izlab keldimi yo birov iltimos qildimi? — deb so‘radi Zohid.
— Cholim boshlab keluvdilar.
— Cholingiz hozir qaerdalar?
— Qaydam... Balki samovorxonadadirlar?

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:39:00

    Zohid «topib kelasizmi?» deganday qilib Hamdamga qaradi. Bu qarashning ma’nosini anglagan Hamdam indamay tashqariga chiqdi. Zohid bir cheti yostiq ostidan chiqib turgan suratni oldi — Jamshid kulimsirab turibdi.
— Mana bu yigit ham kelib turarmidi? — deb suratni ayolga ko‘rsatdi.
— Yo‘q-a, — dedi ayol suratga durustroq ham qaramay. — Bularni hech kim so‘rab kelmadi.
Zohid tokchadagi bo‘sh tsellofan xaltachalar bilan qon tekkan em ignasini ko‘rib:
— Xola, endi bu xonaga kirmay turasiz, hech narsaga tegmang. Narsalaringizni tekshirib bo‘lganimizdan keyin olasiz, — dedi.
    Bu orada hovliga gavdali, ayol «cholim» degani bilan ko‘rinishi chollik martabasiga yetmagan, oyoqlari og‘ir gavdani ko‘tarishga majolsizligidanmi, o‘rdak kabi lapanglab yuruvchi uy egasi kirdi. Zohid u bilan salomlashgach, ayolga bergan savollarini qaytardi. O‘zi kutganidek, tayinli javob ololmadi: chol choyxonada o‘tirganida bu yigitlar joy so‘rab kelishgan, durustgina aqcha berishmoqchi bo‘lishgan, vassalom.
    Ekspertlar kelib xona ko‘zdan kechirilgach, qo‘lga ilinarli ashyoviy dalil ham topilmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:40:15

3

    Tergovni tashqaridan kuzatgan odam bu yigit o‘zining ismini ham durust bilmas ekan, deb o‘ylashi mumkin. Zohid ismi-sharifini uch marta so‘raganida uch xil javob berdi. Zohid «bu laqillatmoqchimi yo dorining ta’siridan hali qutulmadimi?» deb o‘yladi. Ikkinchi yigit ham shunday hunar ko‘rsatgach, tergovni kechiktirdi.
Ertasiga ularning gaplari poyintir-soyintir bo‘lmadi. Bu vaqt ichida mayor Soliev ularning kimligini, qamoqxonalarda bearmon o‘tirishganini aniqladi. Zohid avval yoshi kattarog‘i — Petrashvilini so‘roqqa chaqirdi.
    Rasm-rusm bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni so‘rab, yozib olgach, asosiy muddaoga ko‘chdi:
— Yigirma sakkizinchi mayda qaerda edingiz?
— Yigirma sakkizinchi?.. Necha kun oldin bo‘lgan bu yigirma sakkizinchi?
— O‘n kun bo‘ldi.
— E, grajdanin nachalnik, o‘n kun oldingi gap esimda turadimi? Kecha qayoqda edim, bilmayman.
Zohid Jamshidning rasmini uzatdi:
— Bu yigit kim?
Petrashvili suratga uzoq tikildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:40:33

— Tanimayman.
— Yostig‘ingiz tagida ekan?
— Balki kampirning o‘g‘lidir. Uyda har xil rasm ko‘p edi.
— Chol-kampir ham tanishmadi. Ammo... sherigingiz tanidi.
— Sherigim tanigan bo‘lsa o‘zidan so‘rayver, nega mendan so‘raysan?
— Haydovchi ham tanidi.
— Qaysi haydovchi?
— Sizlarni olib borgan. Biz uni topdik.
— Har kuni o‘nta mashinada yursam, o‘nta haydovchi taniydi meni. Nachalnik, to‘g‘risini ayt, sen bo‘ynimga nima ilmoqchisan? Aytaver, kelishamiz, men bunaqa ishlarga o‘rganib ketganman.
— Yo‘q, kelisholmaymiz, grajdanin Petrashvili.
— Nega grajdanin, deyapsan, sen avval aybimni isbotla, qama, undan keyin grajdanin, deyaver.
— Grajdanin nachalnik deb avval kim aytdi?
— Menmi? Ha... men bunaqa so‘roqlarda o‘tiraverib o‘rganib ketganman. Hali bunaqa so‘roqlarni ko‘p ko‘rsam kerak.
— Yo‘q, ko‘p ko‘rmaysiz, bunisi oxirgisidir.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:40:59

— Nega endi? Chiqarib yubormoqchimisan?
— Yo‘q, endi chiqish tushingizga ham kirmaydi. Endigi hukm bittagina o‘q bo‘ladi.
— Qo‘rqitma, nachalnik. Qo‘rqadigan ahmoqlar o‘lib ketishgan. Menga qara, sen yosh ekansan, men sendaqalarning ko‘pini ko‘rganman. Sen boshni qotirmaginu maqsadingni ayt. Faqat mayda bezorilikni tirkama. Obro‘yim to‘kilishini istamayman.
«Hali bunda obro‘ ham bor-a?!» deb kulib qo‘ydi Zohid.
— Gap bunday, Petrashvili, biz obro‘yingizni to‘kmaslikka harakat qilamiz: bo‘yningizga birato‘la qotillikni ilamiz, ma’qulmi?
— Qanaqa qotillik?!
   Petrashvili bu savolni xotirjam tarzda, xuddi yaqin oshnasiga «Qayoqqa ketyapsan, ahvollaring yaxshimi?» deb so‘raganday berdi. Qamoqlarda ko‘p yurganidan shunday sovuqqonmidi yo tabiatan bezmidi, Zohid farqlay olmadi. U yana Jamshidning rasmini o‘rtaga qo‘ydi:
— Shu yigit o‘ldirilgan.
— Bunaqa shilta ishni menga ilma, nachalnik, ovora bo‘lasan, isbot qilolmaysan. Bu qilig‘ingdan vishkaning hidi kelib turibdi.
— Ha, ana, bilar ekansiz-ku?
— Dalil kerak.
— Mana bitta dalil, — dedi Zohid suratni qo‘liga olib.
— Bizni kayfligimizda qo‘lga olgansan. Suratni o‘zing tashlab qo‘ygansan. Surat chepuxa, shu bolaning kallasini uzib yonimga tashlab qo‘yganingda ham isbotlay olmaysan.
   Kavkazlikning ikkinchisi ham qariyb shunday javob berdi. Ikki kundan so‘ng Zohid Sayfini chaqirtirdi. Sayfi qator turgan yetti kishi orasidan ikki kavkazlikni tanidi. Shundan keyin ham ular yigirma sakkizinchi mayda katta yo‘l bo‘yida bo‘lganlarini tan olishmadi.


Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:42:37

X  b o b

1

    Bu xabar Hosilboyvachchaga xush yoqdi. Nabirasining o‘lik tug‘ilishi nima ekan, kimda-kim Asadbek o‘libdi, deb kelsa katta suyunchi berishga ham tayyor edi. Ayrim xotinlar «biron noxush gap chiqarmikin» degan ilinjda uzzukun qo‘shnisinikiga quloq tutadi. Baqiriq-chaqiriqni eshitsa, yoinki biron tashvish shabadasini sezsa, quvonadi. Qo‘shnisining tomi uzra kulfat bulutini ko‘rsa-ku, unikida bayram deyavering... Hosilboyvachcha ham shu toifadan edi.
    Yangi yil arafasida Asadbekning qizi yo‘qolganini eshitganida qalbini shodlik oftobi bir yoritib o‘tgan edi. Elchinni kuyov qilganida bu oftob yana bulut orasiga yashirinib, uni ikki o‘t orasiga tashladi: Asadbekning maqsadini bilolmay, kalovlandi. Elchinni ko‘pning ichida masxara qilmoqchi bo‘lganida ham shu hol yuz berdi. Jamshidning yetib kelib, Elchinni og‘ir ahvoldan qutqarishi Hosilboyvachchaga «Asadbekka tegishli odamni xor qiladigan hali tug‘ilmagan», degan ma’noni anglatgan edi.
    Hosilboyvachcha uchun Asadbek yo‘ldagi tog‘, uni qanday qilsa-da, ag‘darishi, kemirib bo‘lsa-da, tu-   gatishi lozim edi. Aylanib o‘tish mumkin emas — tog‘ orqa tomondan ham bosaveradi. Zaynabning o‘g‘irlanishi — bemalol hujumga o‘tsa ham bo‘ladi, degan ishora edi. Asadbekka hamla qiladigan dovyurak topilibdimi, demak, yurishni boshlash vaqti yetibdi. Elchinni to‘yga taklif etish — shunchaki bir sinov edi. Zaynabning o‘lik bola tug‘ib, kasalxonada yotishi uni qat’iy hujumga kirishishga da’vat etdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:43:43

    U xushxabar olib kelgan Shomilning qo‘lidan gugurtni olib, to‘rtta cho‘pni chiqardi. Uchtasining boshini birlashtirib, to‘rtinchisini yoqdi-da, tezlik bilan shu uchta cho‘pga tutdi. Pov etib yonishi bilan puflab o‘chirgan edi, to‘rtala cho‘pning boshi qovushib, uchoyoqli minoraga o‘xshab qoldi. Shomil xo‘jasining mahoratiga besh ketib, kulib qo‘ydi.
— Shomil, mana buni qara, Asadbek Elchinni kuyov qildi, Jamshid o‘ldirildi, qizi o‘zini osdi, bolasi o‘lik tug‘ildi... Hamma voqealarning boshi qovushmayaptimi?
— Shunga o‘xshaydi, — dedi Shomil o‘ylab ham o‘tirmay. U sobiq shogirdini, hozirda esa xo‘jayinining aqliga tan bergan, shu bois aytganlarini mulohaza qilib ham o‘tirmas edi.
Hosilboyvachcha cho‘p ustini barmog‘ining uchi bilan bosgan edi, «minora» sochilib ketdi.
— Asadbekni kimdir chinor degan edi. Chinorning ichini qurt yeya boshlabdi. Chetdan tomosha qilib turaversang, g‘irt ahmoq bo‘lasan. Temirni qizig‘ida bosish kerak, deyishganmi? Asadbekning qizi yotgan kasalxonada odaming bormi?
— Bor. O‘zimga tegishli bir jonon bor.
— Menga Zaynab kerak.
— Olib chiqaymi? — dedi ajablanib Shomil.
— Qani o‘yla-chi, yo toming ketganmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:44:35

Hosilboyvachcha o‘ylash uchun fursat berganday jim qoldi, so‘ng o‘ziga-o‘zi gapirganday dedi:
— Zaynab u yerdan giyohvand bo‘lib chiqishi kerak. Jononing uni ignaga o‘rgata olarmikin?
— Men aytsam, o‘rgatadi.
— O‘rgatsin, ammo ehtiyot bo‘lsin. Birinchisini o‘ziga sezdirmasin. O‘zi ham olib turadimi?
— Olganda-chi!
— Agar qovun tushirsa, men seni ham, uni ham tanimayman.
    Bu po‘pisaga javoban Shomil tirjayib, g‘ilay ko‘zlarini o‘ynatib qo‘ydi. Shomil xo‘jasining bu po‘pisasi quruq emas, amalga oshuvi muqarrar ekanini bilgani kabi, Hosilboyvachcha bu tirjayishning ma’nosini yaxshi anglaydi. Bu tirjayishga g‘ilay ko‘zlarning o‘ynashi qo‘shilgani — «ko‘nglingiz to‘q bo‘laversin, shu ishni eplamasam, bu dunyoda nima qilib yuribman», deganidir.
Shomil muzlatgichni ochib, undan tunuka idishdagi fin pivosidan oldi-da, birini ochib xo‘jasiga uzatdi. Ikkinchisini ochib, bir ko‘tarishdayoq bo‘shatdi. Hosilboyvachcha bir-ikki yutum ichib, o‘ziga qaytardi. Shomil «sizniki tabarruk» deganday tirjayib uni ham bo‘shatdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:44:58

    Zaynabni qo‘lga kiritish fikri Hosilboyvachchada ancha burun uyg‘ongan edi. Juvonning o‘zini osishi bu xayolni haqiqatga tezroq aylantirish imkonini yaratganday bo‘ldi. Bolaning o‘lik tug‘ilishi esa imkon darvozalarini keng ochib yubordi. «O‘zini osdimi, demak, chorasiz qolgan, — deb o‘yladi u. — Otasiga ishonchi yo‘q. Otasining hukmida yashash joniga tekkan. Hamma narsaga ega ayol bekordan-bekorga o‘zini osmaydi...»
    Hosilboyvachcha Zaynabni qo‘lga kiritgan tarzda nima qilishni ham o‘ylab qo‘ygan. Zaynab bo‘yin bergach, uni qo‘yniga olmaydi, birga bo‘lmaydi. To‘g‘ri, ko‘rinishi, qad-qomati binoyi, yosh... lekin otarchining sarqitiga kuni qolibdimi, degan malomatga toqati yo‘q. Balki kayfchilikda totib ko‘rar... Zaynab — yigitlarniki. Kimga hadya etishni Shomil biladi. Zaynabning birinchi vazifasi shu — yigitlar ko‘nglini ovlash. Bu qilig‘i ertami-kechmi, otasiga ma’lum bo‘ladi. Asadbek qizining naqadar iflosligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa yana-da yaxshi! Ungacha Zaynabning yana bir yumushi bor — uydagi gaplarni yetkazib turadi. (Bunisi endi Hosilboyvachchaning xom xayoli. U Asadbekning uyda, ayniqsa xotini, farzandlari huzurida ishdan gapirish odati yo‘qligini bilmaydi). Hosilboyvachcha giyohvandlarni yaxshi biladi. Xumori tutganida qoradori uchun otasinigina emas, qo‘lida bo‘lsa butun dunyoni ham sotib yuboradi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:45:36

    Shomil xo‘jasining o‘yga tolganini ko‘rib indamay o‘tiraverdi. U shunga o‘rgangan. Hosilboyvachcha yarim kun o‘ylansa, yarim kun jim o‘tiradi. Dunyoni suv bosib ketsa ham jim o‘tiraveradi, xo‘jasining xayol surishiga halal bermaydi. Hosilboyvachchaning Asadbekdan farqi shuki — bir o‘zi o‘ylaydi, bir o‘zi hukm chiqaradi. Uning bu odati Chuvrindiga o‘xshagan aqlli a’yoni bo‘lmagani vajidan emas, balki o‘z aqlining mukammalligiga ishonganidandir. «Shu paytgacha o‘z aqlimga suyanib pand yemay, shu darajaga yetdimmi — demak, noto‘g‘ri ish qilmabman», deb o‘ylaydi. Kimdir o‘g‘liga «sen chinor soyasi bo‘lma, chinorning o‘zi bo‘l», degan ekan. Shu hikmat Hosilboyvachchaga juda yoqib qolgan. O‘shanda umri mazmunini chinor bo‘lmoqlik uchun kurashdan iborat, deb belgilagan edi. Chinor bo‘lmoqlik — birovning aqli, birovning maslahati bilan bitmaydi. Birovning aqli bilan ishlash — chinorning erkin o‘sayotgan shoxlarini kesib turish demakdir. Hosilboyvachcha bunga toqat qilolmaydi. U chinor shoxlarining erkin o‘smog‘ini, yanada kengroq maydonni qamrab olmog‘ini istaydi.
— Sen Qilichdan xabar oldingmi? — deb so‘radi Hosilboyvachcha xayol surishni bas qilib.
— Xabar oldim. Ishlari nishtyak. Qachon chiqarib olasizlar, deydi. O‘tgan kuni uyiga ham kelib ketdi.
— Qachon chiqarib olasizlar, deydimi? Uni biz chiqarib olmaymiz, kim tiqqan bo‘lsa, o‘sha chiqaradi.

Qayd etilgan