Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264680 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 54 B


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:46:12

— Qanaqasiga?
— Shunaqasiga. Bir joyda «Vinzavodni Qilichdan boshqa odam eplay olmaydi, bizga ham vinzavod nasib qilib qolar», dedim. Bu gapim o‘sha kuniyoq egasiga yetib borgan bo‘lishi kerak.  Asadbek akang Qilichni chiqarib olishimga yo‘l qo‘ymaydi. Uning ikki chorasi bor: birinchisi — Qilichni o‘sha yoqda yo‘q qilib yuborish, ikkinchisi — tezroq chiqarib olish harakatini boshlash. Unga ikkinchi chora ma’qul keladi. Chunki zavodni olimchasi eplay olmaydi. Buni ahmoq odam ham darrov sezishi mumkin. Asadbek chiqaraversin, Qilich merov, undan emas, bizdan minnatdor bo‘ladi. Uni hech bir chiqimsiz qo‘lga kiritamiz.
— Chiqarib olishganini o‘zlari aytishsa-chi?
— Ishonmaydi. Undan kim xabar olib turdi? Zo‘rlardan kim himoya qildi? Menmi? Sen, tomi ketgan ahmoq, «Qilichdan xabar olib tur», deganimda burningni jiyirgan eding. Endi tushundingmi? Buni bir o‘q bilan ikki quyonni urish, deydilar. Men ularning kartalarini chalkashtirib tashladim. Yaqinda qo‘llarida ko‘zirlari qolmaydi. O‘shanda bankka uramiz. Qoyilmisan?
— Men sizni birinchi ko‘rganimdayoq qoyil bo‘lganman.
— Sen hozir bir ish qilasan: Qilichni bir-ikki soatga so‘rab, shu yerga olib kelasan. Men bir uning suhbatini olay.
    Shomil «bundan osonroq ish yo‘q», deganday tirjayib, o‘rnidan turdi. Ammo o‘ziga bo‘lgan ishonchi bu safar pand berdi: lagerda komissiya bor ekan, Qilichni chiqara olmadi. Xo‘jasiga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni bildirgach, «komissiya ketganidan keyin olib kelasan», degan buyruq oldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:46:52

2

    Qilich Sulaymonov Asadbekka yoqib qolgan olimning burnini yerga ishqab, tavbasiga tayantirmoqchi bo‘lib, o‘zi qazigan chohga o‘zi tushganini bilmay ham qoldi. Agar Hosilboyvachcha sotmaganida bu ko‘rguliklar yo‘q edi. Asadbek bir-ikki so‘kib, urishib, keyin aybidan o‘tardi. Hosilboyvachcha nima uchun sotdi, deb hayron bo‘lib yurganida Shomil kelib, yanada battar ajablantirdi. «Sotgani nimayu endi mehribonchilik qilgani nima?» degan muammo uni bir nafas bo‘lsin, holi qo‘ymadi. Lager zo‘rlarining tegajoqliq qilmayotgani, ayniqsa, uyga borib kelishga ruxsat tekkani unda umid uyg‘otib, Hosilboyvachchaga nisbatan bo‘lgan g‘azab o‘tini o‘chira boshladi.
    Uyiga borib, xotini, farzandlarini ko‘rib yig‘lab yubordi. Xuddi yosh boladay yig‘ladi. Keyin esa... avvallari apoq-chapoq bo‘lib yuruvchi og‘aynilarining xabar olmay qo‘yishganini eshitib, yuragi battar ezildi.
    «Qilichxon aka, xizmat bormi?» deb qo‘l qovushtirib turuvchilar, «Qilichboy oshnam, sendan boshqa hech kimim yo‘q bu dunyoda, oshnam ham, akam ham, otam ham o‘zingsan», deguvchilar, «Qilichbek, o‘la-o‘lgunimcha qarzdorman, sendan tonsam — Xudo ursin!» deb ont ichuvchilar qaylarda qolishdi ekan? Qilichdan hazar qildilarmi, yo Asadbekdan qo‘rqdilarmi?
— Eson-omon kutulib chiqay, bu dayuslar bilan hisob-kitob boshqacha bo‘ladi, — dedi Qilich xotiniga.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:47:20

— Qo‘ying, tinch yashaylik. Xudoga soling, jazosini Xudo bersin ularni, — dedi xotini.
Qilich belgilangan vaqtda lagerga qaytdi. Birov undan «qayoqdan kelyapsan, kim chiqardi seni?» deb so‘ramadi. Yotoqqa kirib, olib kelgan yemak-ichmaklaridan bir ulushini xona to‘rida davra qurib o‘tirganlarga berdi. Taomil shu: uydan olinajak har narsaning sarasi shularga berilishi shart. Ayrimlar «o‘zim yemasam yemay, qulog‘im tinch bo‘lsin», deb hammasini tutqazib qo‘ya qoladi.
    Qilich bu yerga bir yil oldin kelgan eski tanishi Shoalini taklif etib, karavoti ustiga kichik dasturxon tuzadi. Non ustiga norindan solib mehmon qila boshladi.
— Norinni ko‘rsam, doim bir voqea esimga tushadi, — dedi kulib Shoali, bir chimdim norinni og‘ziga olib borib. — Bir qadrdonimiz boshqa viloyatdan kelin tushiradigan bo‘ldi-yu, biz o‘sha yoqqa to‘y olib bordik. Kechasi poezdga o‘tirib, ertasi azonda manzilga yetdik. Izzat-ikrom zo‘r bo‘ldi. Bir mahal qarasak, norin kirdi. Biz olib borgan tugunlar ichida norin ham bor ekan. Yetib kelishguncha norin sovub qolibdi, deb istishibdi, deng. U yerlarda norin qilishmas ekan-da...
— Har joyning taomili o‘ziga yarasha-da, — dedi Qilich kulib.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:47:38

    Shoali norindan ikkinchi yo uchinchi olishida xona to‘ridagi davraboshi o‘rnidan turib, bularga yaqinlashdi. Kuylak kiyishni yoqtirmaganidanmi, yo badanidagi xilma-xil suratlarni ko‘z-ko‘z qilishni yaxshi ko‘rganidanmi, yarim-yalang‘och yuruvchi bu Zo‘r birovga bejiz yaqinlashmas edi. Uning kimgadir yaqinlashuvi yo musht tushirish bilan, yo bo‘yniga bir nima ilish bilan yakunlanardi. Shu sababli Qilich uning o‘zi tomon kelayotganini ko‘rib, xavotirlandi.
U Qilichga ro‘para bo‘ldi-da:
— Bratan, bu yoqqa qaravoring, — deb eshik tomon yurdi.
«Nima gunoh qilibman, yo ovqatdan bir nima chiqdimi?» deb hadiksiradi Qilich.
— Bratan, kelganingizga to‘rt oydan oshdimi? — dedi Zo‘r, eshikka yetmay to‘xtab.
— Oshdi, — dedi Qilich, bir qadam berida to‘xtab.
— Birov chertdimi?
— Yo‘q.
— Nimagaligini bilasizmi?
— Yo‘q.
— Qosh-ko‘zingiz chiroyli bo‘lgani uchun emasdir, a? U yoqdagi boyvachcha bratanlarning hurmati bor. Ular nima desa, bizga zakon, gap yo‘q. Lekin haddingizdan oshsangiz, otvechayt qilasiz. Siz kimni siylayapsiz, bilasizmi.
— Ha, bilaman. Eski tanishim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:48:16

— Uni hech kim ovqatga taklif qilmaydi, sezmaganmisiz?
— Yo‘q.
— Kallavaram ekansiz. U bilan hech kim birga ovqat yemasligi kerak. Zakon shunaqa.
— Nega?
— Negami? U bir paytlar ment bo‘lgan.
— Yo‘g‘-e, u do‘kon mudiri edi.
— O‘zidan so‘rang. Biz yanglishmaymiz. Zakonni buzganning ishi chatoq bo‘ladi. Amma-xolasiga qarab o‘tirmaymiz.
    U shunday deb Qilichga qattiq tikildi-da, joyiga qaytdi.
Shoali Qilichdagi o‘zgarishni bir qarashda sezdi:
— Nima gap? Ovqat berma, deyaptimi?
— Ha... ment bo‘lgan deydi.
— Bular har baloni bilishadi. O‘ttiz yilcha oldin harbiy xizmatdan qaytganimda o‘n kuncha milisada ishlaganman. Yoshlikda qiziqish bo‘lgan-da. O‘shanda adam rahmatli qulog‘imni burab, bo‘shatib olgan edilar. Shu yerda eslatishdi buni. Bularning qonuni butunlay teskari: u yoqda bir hujjat to‘ldirsak, o‘zing qamalganmisan-yo‘qmi, qarindoshlaring ichida sudlanganlar bormi yo yo‘qmi, chet ellarda qarindoshlaring bormi, deb surishtirishadi. Bular esa «milisada ishlaganmisan, milisada qarindoshlaring bormi, komsomol yo kommunist bo‘lganmisan», deb surishtirib, shunga qarab muomala qilishadi. U yoqda ozgina xarajat qilib hujjatni eplashtirish mumkin. Bu yoqda gapning ham foydasi yo‘q, pulning ham. Siz bilan biz ularning qatorida bo‘lishni istasak ham davralariga qabul qilishmaydi. Bizdan nafratlanishadi. Taklif qilganingizda rad etib, tushuntirmoqchi edim, sizga munosabatlari o‘zgacha, indashmas, deb o‘ylabman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:55:00

— O‘ttiz yil oldingi gapning bularga qanday foyda-zarari bor?
— Hech qanday. Faqat ular o‘z qonunlarini buzishmaydi. Ularning qonunida imtiyoz, izoh, sabab degan gaplar yo‘q.
— Bularga ta’sir o‘tkazadigan odamlardan iltimos qilib ko‘raymi?
— Qaydam? Foydasi bo‘larmikin? Ba’zi masalalarda ularga Xudoning o‘zi ham bas kelolmas, — Shoali shunday deb xo‘rsindi. — Ha, mayli, boshga tushganni ko‘z ko‘rar... Bolaligimizda adam rahmatli buzoq olib bergan edilar. Qarasak, hammayog‘ini kana bosibdi. Bittadan terganmiz.  Bilasizmi, Qilichbek, biz o‘sha kana bosgan buzoqqa o‘xshaymiz.
Qilich kulimsiradi:
— Qo‘ysangiz-chi, Shoali aka, o‘xshatishga topgan jonivoringizni qarang. Hech bo‘lmasa buqa deng... — deb gapni hazilga burmoqchi bo‘ldi.
— Biz buqa bo‘lolmaymiz, yo‘l berishmaydi bunga. Odamlar bizlarga havas qilishadi, a? Pulni qoplab topadi, yegani oldida, yemagani ketida, deyishadi. To‘g‘ri, topamiz. Lekin topganimizning hammasini o‘zimiz yemaymiz-ku? Xaridordan bir so‘m urib qolsam, menga o‘n tiyini qoladi. Lekin hammmaning ko‘zi oldida men o‘g‘riman, men muttahamman. To‘qson tiyinni yeb yotganlar bilan hech kimning ishi yo‘q. Ular farishtaga o‘xshab yurishadi. Chiroyli gapirishadi, chiroyli kiyinishadi. Ularga qarab turib etagida namoz o‘qiging kelib ketadi. Ichi yorib qaralsa-chi? Hamma buzuqliklarni ko‘rib, ko‘ngling ag‘dariladi. Ha... Biz buzoqmiz. Kanani hech kim tergani kelmaydi. Sillamizni quritishib, so‘ng yaxshi semirmadi, beradigan qoni kam deb, qassobga oshirishadi, — Shoali shunday deb fotiha o‘qidi. — Joyimga boray, qarab-qarab qo‘yishyapti, yana sizga osilib yurishmasin.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:56:21

    Qilichning tanishiga mehr ko‘rgazgani beiz ketmadi — nonushtada unga non «etmay qoldi». Sal narida o‘tirgan Zo‘rning qarab-qarab qo‘yishidan bildiki, bu kechagi qilmishi uchun berilgan mukofot. Yanada oydinroq aytilsa — ogohlantirish. Ishga ketayotganida bir yigit qattiq turtib o‘tdi. Uzr so‘rash o‘rniga tirjayib qo‘yishidan fahm etdiki, bular bilan hazillashib bo‘lmaydi. U kun bo‘yi bir narsani o‘yladi— bu yerdan chiqarib olishga Hosilboyvachcha jur’at etolmas, Asadbekdan yordam so‘rash kerak. «Xat yozib chiqaraman, yo xotinim borib oyog‘iga yiqiladi. Shuncha azob chekkanim yetar».
    Shu fikrga kelib turganida unga «shaharni bir aylanib kelish uchun» ruxsat berishdi.
    Lager darvozasidan sal naridagi mashina oldida Shomilni ko‘rib, ajablandi. «Tinchlikmikin?» deb ko‘ngliga xiralik oraladi. Shomil «Tezroq yur», deganday qo‘l siltab, joyiga o‘tirdi. Qilich qadamini tezlatdi.
— Bo‘ssning gapi bor ekan, — dedi Shomil.
— Qanaqa gap?
— Bilib qo‘y: Bo‘ss yaxshi gapi bo‘lsa chaqiradi. Yomon gapi bo‘lsa o‘zim yetkazib qo‘ya qolaman. Sen uning oyog‘ini yalashing kerak, bildingmi?
    Ular kirib kelishganda Hosilboyvachcha shirakayf bo‘lib olib bir qiz bilan maishatni boshlayman, deb turgan edi. Shomil bunaqa holatga ko‘nikib ketgani uchun hech bir mulozamatsiz ichkari kirib stol ustidagi fin pivosidan bittasini ochib, ichdi. Qilich Asadbek huzuriga ko‘p kirgan, ammo bunaqa holatni uchratmagan edi. Maishatga ishqiboz bo‘lgan Kesakpolvon ham bunday qiliq qilmasdi. Shu sababli Qilich ichkari kirishni ham, kirmaslikni ham bilmay, ostonada turib qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:57:10

    Hosilboyvachcha unga bir qarab qo‘ydi-yu, qizni erkalashda davom etdi. U befarosat edimi yo «ko‘rib qo‘y, bu dunyoda men istagan ishimni qila olish qudratiga egaman», demoqchi bo‘ldimi — bunisi Qilichga qorong‘u.
Hosilboyvachcha qizning baqbaqasidan chimchilab Shomilga qaradi-da:
— Qalay, zo‘rmi?
— Gap yo‘q, shikalad! — dedi Shomil, keyin Qilichga qaradi. — Qoqqan qoziqday turishini qarang uni, kiravermaysanmi? O‘zingning akang-ku!
    Qilich o‘zidan bir necha yosh kichik «o‘z akasi»ga yana bir marta salom berib, ichkari sari ikki-uch qadam qo‘ydi.
    Hosilboyvachcha qizni tizzasidan tushirib, «narigi xonaga kirib tur», dedi-da, Qilichga ro‘parasidan joy ko‘rsatdi. Shomil chaqqonlik bilan qadahlarga konyak quyib avval xo‘jasiga uzatdi. Hosilboyvachcha aftini bujmaytirib, «ichmayman», deb qo‘l siltadi. Qilich ham rad etmoqchi edi, Shomil:
— Sen ich, — deb buyurdi.
Qilich uning amrini bajardi.
— Nimaga chaqirtirganimni bilasanmi? — dedi Hosilboyvachcha.
— Bilmayman.
— Men seni sotdim, a?
Qilich javob bermay, boshini egdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:57:35

— Sotdim. Nega to‘g‘ri gapdan qo‘rqasan? Nima uchun sotdiykin, deb o‘ylamadingmi?
— O‘yladim.
— Xo‘sh, nimaga sotdim?
— Ming o‘ylasam ham sababini bilmadim.
— Bilish  uchun  aql  kerak. Aql kimda bo‘ladi? Aql odamda bo‘ladi. Sen odammisan? Shomil bu odammi?
— Aft-basharasi o‘xshaydi.
— Aft-bashara itda ham, eshakda ham bor. Bilib qo‘y — sen odam emassan. Sen, — Hosilboyvachcha unga tikilganicha o‘ylandi-da, so‘ng so‘zini davom etdi. — Sen — go‘ng titadigan qo‘ng‘izsan. Makoning go‘ng, yemishing go‘ng. Shuning uchun dunyoni go‘ngdan iborat deb o‘ylaysan. Men seni Bek akangga sotdim. Meni sotqin deyayotgandirsan, a?
— Yo‘q.
— Shuning uchun ham ahmoqsan. Sen xoinlik qilding. Seni yedirib-ichirayotgan odamga xoinlik qilib, mening agaro‘dimdagi go‘ngni titmoqchi bo‘lding. Shomil, o‘z xo‘jayiniga xoinlik qilgan go‘ngqo‘ng‘iz menga xalol xizmat qilib beradimi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:58:34

— Bunaqasi bo‘lmagan.
— Ana, eshitdingmi, baloni biladi bu g‘ilay. Hali bunaqasi bo‘lmagan, deyaptimi, demak, bo‘lmagan! Lekin sen menga keraksan. Kerak bo‘lganing uchun sotdim. Xoinlik uchun jazolanishing lozimligini bilishing kerak edi. Mening nimalarga qodir ekanimni bilib qo‘yishing shart edi. Endi seni chiqarib olaman. Sen Asadbek akangda ishlayverasan, lekin menga xizmat qilasan. Shunga rozimisan?
— Roziman.
— Darrov rozi bo‘lma, avval o‘yla. Bek akangdan qo‘rqmaysanmi?
— Siz borsiz-ku?
— Menmi? — Hosilboyvachcha kuldi. — Men seni deb Bek bilan olishmayman. Eplasang o‘ynaysan bu o‘yinni, eplamasang o‘tiraver.
— Eplayman.
— Shomil, eshitdingmi? Eplar ekan. Demak, o‘yinga kirdi. Kartalar tarqatildi. Ko‘nga nima tikasan?
— Bilmayman, aytganingiz.
— Joningni, — dedi Shomil g‘ilay ko‘zini o‘ynatib.
Bu gapdan Qilich bir qalqib tushdi.
— Nima, qo‘rqyapsanmi? — dedi Hosilboyvachcha. — Bitta joning bilan qutulsang katta gap. Bu yoqda bola-chaqang bor...
— Faqat... bolalarimni o‘rtaga qo‘shmaylik.
— O‘zing bilasan. Men aytdim-qo‘ydim. Shunga qarab o‘ynayverasan.
    Hosilboyvachcha shunday deb o‘rnidan turdi-da, kerishib qo‘yib, qiz kirib ketgan xona sari yurdi.
    Shomil quyib uzatgan konyakni bir ko‘tarishda bo‘shatgach, Qilich iziga qaytdi.

Qayd etilgan