Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264639 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 ... 54 B


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:49:45

— Bu gapingiz ham to‘g‘ri. Lekin... men shu o‘g‘lingizni ukamday ko‘rib, to‘yiga bosh qo‘shsam, devdim.
— To‘yga aytib boraman, xotirjam bo‘l.
Yana bir oz gaplashib o‘tirishgach, osh kirdi. Oshni yeb, dasturxonga fotiha o‘qilishi bilan Hovuz polvonni kimdir chaqirib keldi. U tashqariga chiqdi-yu, dam o‘tmay qaytdi.
— Tog‘ang kelibdi, kir desam kirmaydi, o‘zingga aytadigan omonat gapi bor shekilli, chiqa qol.
Tog‘asi hovliga kirishga ham botinmay, ko‘chada turar edi. Chuvrindi uni zo‘r bir tashvish yetaklab kelganini sezdi. Ertalab singlisini dafn etadigan odam rasman jiyan deb ataluvchi mehmonni bekorga yo‘qlamaydi. Chuvrindi tog‘asining tashvishini anglab tursa ham o‘zini bilmaganga oldi-da:
— Ha, tinchlikmi? — deb qo‘ydi.
— Dadam yubordilar, nimaga olib kirmading deb, meni ancha koyidilar. Borsangiz yaxshi bo‘lardi.
— Shuni aytgani keldingmi?
Tog‘asini sensirashi Chuvrindining o‘ziga ham xunuk tuyulsa-da, sizlashga tili bormadi. Tog‘asi esa bu sensirashni bo‘lajak xunuk bir voqeaning darakchisi sifatida qabul qildi. Keksayib qolgan odamning dovdirashi g‘alati bo‘larkan. Aytadigan gapini ham yo‘qotgan tog‘asi shu topda ishtonini ho‘l qilib endi onasidan shapaloq kutayotgan bola holida edi. Chuvrindi «o‘l, bu kuningdan», deb o‘ylab, uning bu holidan nafratlandi, ayni o‘rinda kulgisi ham keldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:50:41

— Ertalab boraman.
— Janozani bomdoddan keyin hovlida o‘qiydigan bo‘lishdi.
— Xo‘p, yana nima demoqchisan? Gaping bo‘lsa, ayt, ichingda qolib, sasib ketmasin.
Tog‘asi dardini aytishi uchun undan fatvo olgan bo‘lsa ham bir oz jim turgach, keyin asta so‘z boshladi:
— Menga rahmingiz kelmasa ham, otamga jabr qilmang. Qariganda shu azoblar kammidi? Ko‘z ko‘rmasa, chap qo‘l-oyoq ishlamasa, Xudo hech bir bandani bunday qiynamasin. Chaqaloqday bo‘lib qolganlar...
— Unga bu azoblar ham kam, — dedi Chuvrindi sovuqqonlik bilan.
— Ulg‘ayganingizda o‘zimiz aytmoqchi edik. Singlim yo‘l bermadi. Oxiri o‘zi aytibdi... Biz gunohkormiz... Lekin... atayin bo‘lmagan. Tasodif... to‘g‘ri, jiyan deyishga haqqim yo‘q, lekin... qonimiz bir...
— Bekor aytibsan! Yigitning tomirida otaning qoni oqadi, tog‘aning emas! Nimaga kelding, chaynalmasdan maqsadingni dangal ayt!
— Maqsad... maqsad... gunohimizni keching, o‘tgan ishga...
— Salavotmi? O‘raga sichqon tushdi, guldir gupmi?— Chuvrindining qoni qaynadi. «Bular meni kim deb o‘ylayapti? Hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qiladi, milisa chaqiradi, qamatadi», deyaptimi, qanaqa ahmoq ekan bular? Shularni qamatishdan boshqa ishim yo‘qmi? To‘xta, seni bir boplamaymi...» Chuvrindi bir shum qarorga kelib, qat’iy tarzda dedi: — Ertalab milisa kelib, karavotning tagini kavlaydi. Keyin nima bo‘lishi o‘shanda bilinadi.
— Yo‘q, yo‘q... jon... uka... unday qilmang. Otamga rahmingiz kelsin... — Tog‘asi endi rosmana yig‘lamsiradi. Tiz cho‘kib yalinishga tayyor holga keldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:51:40

— Menda rahm yo‘q, — dedi Chuvrindi. — Rahm nima qilsin. Shaharda daydib yurganimda rahm-shafqat degan hislar o‘lib bo‘lgan. Odamga mehr ona suti bilan kiradi? Ha! Menda mehr nima qilsin? Men yovvoyi odamman. Faqat odam go‘shti yemayman. Lekin odamni qiynab, rohatlanaman. Sen otang bilan birga qamoqda o‘lib, o‘sha yerda chiriysan. Qaytaga bolalaringga yaxshi. O‘liklaringni ko‘mishga sarf-xarajat qilib o‘tirmaydi. Hukumatning o‘zi chiroyli qilib joylaydi. O‘liklaringni qizib turgan o‘choqqa tiqadi. Murdalaring xuddi tirik odamday uch-to‘rt marta sakraydi-yu, keyin birpasda kulga aylanadi. Senlarning turgan-bitganlaring ikki hovuchgina kul.
    Chuvrindi aytgan bu gaplarni eshitishning o‘ziyoq dahshat edi. Murdaning yonish oldidan sakrashini ko‘z oldiga keltirgan har qanday odamning badanida yengil titroq turishi tayin. Chuvrindi tog‘asi bilan bobosini shu dunyoning o‘zidayoq do‘zax otashiga hukm qilayotgan edi. U krematoriyni o‘zi ko‘rmagan, ko‘rganlardan eshitgan, eshitib bir seskanib tushgan edi. Hozir tog‘asini ham shu holga solmoqchi edi. Tog‘asi seskanish nima ekan, birato‘la jon taslim qilay deb qoldi. Yalinish uchun emas, oyoqlarida darmon qolmagani uchun tiz cho‘kdi.
    Chuvrindi so‘kinib, yelkasidan ushladi-da, turg‘izdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:52:27

— Avval ham palid ekansanlar, palidliklaringcha qaribsanlar. Aslida sen xunasalarning kindiklaringdan bo‘g‘izlaringgacha tilib tashlashim kerak edi. Men milisa bilan ish bitiradigan hebbim emasman. Meni shunaqa past ketadi, deb o‘yladilaringmi? Men singlingning aytganlarini to‘g‘ri yo noto‘g‘riligini bilgani keldim. Otangni Xudoning o‘zi urib qo‘yibdi-ku, men turtib nima baraka topdim. Borib ayt, tinchgina o‘laversin.  O‘lganidan so‘ng janoza o‘qishadi, olib borib ko‘mishadi. Keyin  bittasi turib «qanaqa odam edilar?» deb so‘raydi. Hamma «yaxshi edi, Xudo rahmat qilsin», deb tarqaydi. Sening ham ko‘ngling joyiga tushadi. Xo‘sh, men-chi? Janozasi o‘qilmagan, molday ko‘mib tashlangan odamning  o‘g‘li nima qilishim kerak? Jo‘na, turqing qursin...
    Tog‘asi boshini egganicha, bitta-bitta og‘ir qadamlar bosib iziga qaytdi. Chuvrindi uning qorasi o‘chgunicha harakatsiz turib qoldi. So‘ng «Polvon tog‘a!» deb chaqirdi. Hovuz polvon ayvonda, ularning gaplarini eshitib, hayrat tuzog‘iga bandi bo‘lib o‘tirardi. Chuvrindining chaqiruvidan o‘ziga kelib, yoshiga xos bo‘lmagan chaqqonlik bilan o‘rnidan turdi-da, ko‘cha tomon yurdi.
— Polvon tog‘a, ketyapman.
— Ie, janozaga qolmaysanmi?
— Yo‘q... qololmayman. Jahl ustida yana bir narsa qilib qo‘ymayin.
— O‘zing bilasan... Esli bolasan, ammo qattiq gapirib yubording.
— Eng yumshoq gapirganim shu. — Chuvrindi shunday deb xayrlashish uchun  qo‘l uzatdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:55:21

XVII  b o b

1

    Anvar qiya ochiq turgan eshik ortidan Chuvrindini ko‘rib, yuragi «shig‘» etib ketdi. «Nahotki to‘g‘ri bo‘lsa?» deb o‘yladi. Shu o‘y xayolidan  o‘tishi bilan «Biz qachon seni aldagan edik?» degan ovozni zshitganday  bo‘lib, yurishdan to‘xtadi. Buni ko‘rib Chuvrindi kulimsiradi:
— Ha, Anvarbek, biron nima esdan chiqdimi? — dedi quvnoq ohangda.
Chuvrindining jarangdor ovozidan Anvar o‘ziga keldi. Qadamini tezlatib yurib bordi-da, ko‘rishib, so‘ng uni ichkariga taklif qildi.
— Ertaga Krasnoyarga jo‘naydigan bo‘lib turibmiz. Birga borasizmi, deb keldim, — dedi Chuvrindi, ichkariga kirishga unamay.
— Krasnoyarga? Nima uchun? — Anvar ularning Krasnoyarskka nima uchun borishlarini bilsa ham atayin so‘radi. Chuvrindi «nahot bilmasangiz?» deganday qarab qo‘yib, so‘ng javob berdi:
— Bek akamning otalarini ziyorat qilgani ketyapmiz.
— Kim?
— Bek akam, men, borsangiz — siz, yana Bek akamning bir jonajon og‘aynilari. Ulfati chor — anda maza bor, deyishadi-ku? Chor ulfat bo‘lib borib kelamiz.
Anvar tungi topshiriqni eslab, o‘ylanib qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:56:25

— Agar boradigan bo‘lsangiz, ertalabki sakkizda to‘g‘ri aeroportga chiqaverasiz. Mayda-chuyda olib yurmang. Yo‘q, yaxshisi soat yetti yarimda shu yerga mashina keladi.
— Bormasam kerak, uzrimni aytib qo‘ying, — dedi Anvar xomush tarzda.
— Ertalabgacha bir gap bo‘lar, — Chuvrindi shunday deb, mashinasi tomon yurdi.
Anvar uning mashinasi ko‘zdan yo‘qolgunicha turgan joyida qotdi. So‘ng burilib, ichkari kirdi-da, yarim yo‘lda yana to‘xtadi. Derazasiga qaraganicha turib qoldi.
    ...Kecha tunda xuddi shu derazadan nur oqib kirgan edi. Yo‘q, avval shirin uyqudagi Anvarni kimdir turtib uyg‘otganday bo‘ldi. «Xotinim uyqusirab turtdimi?» deb o‘yladi. Yo‘q. Xonzodasi o‘rin chetida, orqa o‘girganicha beozorgina uxlab yotibdi. Anvar, uyqusi to‘la  ochilmasidan, tanish ovoz eshitdi:
— Seni biz uyg‘otdik...
— Nimaga? — dedi Anvar ajablanib. — Bezovta qilmaymiz, degan edinglar-ku?
— Ha, seni biz bezovta qilmaymiz. O‘zing chaqirding. Tur o‘rningdan.
Anvar buyruqqa itoat etib, o‘rnidan turdi-da, qo‘shni  xonaga chiqdi. Xona yorishgan, derazadan nur oqib kirgan edi.
— Men sizlarni chaqirmadim.
— Tiling bilan chaqirmading. Lekin dildan istading. Bizdan najot kutding. Bir necha marotaba chaqirishga chog‘landing. Lekin jur’at etmading. Qo‘rqding.
— Bo‘lmagan gap! Meni qo‘rqoqlikda ayblashga haqqingiz yo‘q!
— Botirmisan? Botirni ham, qo‘rqoqni ham bir ildiz qovushtirib turadi. Botir bir ishni qilishga jazm eta olgani uchun botir, qo‘rqoq esa o‘sha ishni qilmay qochgani uchun qo‘rqoq.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 12:57:36

— Bu falsafangiz noo‘rin.
— Bahslashma, muddaoga ko‘ch.
— Men domla Inoyatulloni ko‘rishim kerak.
— Mumkin emas, ijozat yo‘q.
— Haqiqatni aniqlashim zarur.
— Haqiqat shuki, Hikmat O‘rolov aybsiz aybdor. U Inoyatulloga xiyonat qilmagan.
— Haqiqatni bilmoqchiman, menga isbot kerak.
— Haqiqatni senga Hikmat O‘rolovning o‘zi aytadi. Unga ishon.
— Qachon?
— Tong otgach, seni Asadbekning odami yo‘qlab, safarga chorlaydi. Sen u yoqqa borma. Xizmat joyingda seni noxushlik kutadi. Sen o‘zingni yo‘qotma. Hech kim bilan aytishma. To‘g‘ri Hikmat O‘rolovning uyiga bor. Gaplarini eshit. So‘ng, biz uni olib ketamiz...
— Yo‘q! — Anvarning ovozi xuddi jon taslim qilayotgan odamnikiday  bo‘g‘ilib chiqdi. — Yo‘q! — deb takrorladi u. — U yashashi kerak!
— Uning ruhi oromga muhtoj.
Shu gapdan keyin Anvarning quloqlari shang‘illadi. Nur yo‘qoldi. Terga botgan Anvar deraza oldida yana uzoq turib qoldi...
    Hozir Chuvrindini kuzatgach, tunda eshitganlari haqiqatga aylana boshlaganidan qo‘rqdi. Ha, qo‘rqdi. Lekin uni bu holatda qo‘rqoqlikda ayblab bo‘lmas. U ayni damda ojiz edi. Bo‘lajak voqealarga to‘g‘anoq bo‘la olmasdi. Bo‘lajak noxushliklarni iziga qaytarolmasdi. Mana shu ojizlik uning yuragiga qo‘rquv solardi.
    Ana shu qo‘rquv bilan ishga otlandi. Shu qo‘rquv bilan xonasiga kirdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 13:00:12

2

    Hamxonalari birin-ketin keldilar. Xomush o‘tirgan Anvar ular bilan bosh irg‘ab so‘rashdi. Yaxshi kayfiyatda kirib kelgan Gulnora unga bir  qarab olib «nima balo yana ayniyapti shekilli?» deb o‘yladi-da, sumkasidan gazit chiqarib, o‘qiy boshladi. Uning bu harakati Anvarning ziyrak nazaridan chetda qolmadi. «Gazit o‘qiydigan bo‘lib qolibdimi?» deb ajablandi. Dam o‘tmay xonaga «eng kichik ilmiy xodim» kirib, Anvar bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi-da, gazit o‘qiyotgan Gulnoraga g‘alati qarab qo‘ydi.
    Xonada o‘lik sukunat hukmron edi. Ayollarning o‘zaro pichirlashib olishlari yoki narx-navo yangiliklari ham nechukdir kun tartibidan o‘chirilgan. «G‘alati kun, — deb o‘yladi Anvar. — Bu sukut nimaning alomati? Vulqon portlashi arafasidagi osoyishtalikmi bu? Bular bir nimani bilishadi, men esam bilmayman... «Eng kichik ilmiy xodim» ham nimadandir xabardorga o‘xshab o‘tiribdi. Men nima uchun bexabarman? Nima uchun merovsirab o‘tiribman?» Anvar bunaqa kutishga, bunday sukutga toqat qiladigan toifadan emas. U «eng kichik ilmiy xodimga» savol nazari bilan tikildi. U avvaliga bu qarashga dosh berolmay, nigohini olib qochdi. Keyin o‘rnidan turdi-da, Anvarga yaqinlashib, gazitni uzatdi. Anvar gazitni qo‘lga olganida Gulnora «Voy, tavba-e», dedi-da, o‘rnidan turib, xonadan chiqdi. «Eng kichik ilmiy xodim» esa joyiga qaytib, Anvarga aybdor odamning nigohi bilan qarab qo‘ydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 13:01:38

    Anvar «meni kutayotgan noxushlik shu yerda shekilli?» degan o‘y bilan gazit sahifalariga ko‘z yugurtirdi. Uning nigohi sarsari kezmadi. Bir qarashdayoq Xolidiyning nomini topdi. Katta harflar bilan terilgan «Janozasiz ketganlar» degan sarlavha ustida «professor Xolidiy» deb qo‘yilibdi. Anvar maqolani o‘qimayoq, gap nimada ekanini angladi.
— Hammasi ravshan! — deb gazitni g‘ijimladi-da, «eng kichik ilmiy xodimga» qaradi: — Domla Inoyatullo va Hikmat O‘rolov haqida, shundaymi?
— Shunday... Lekin... oxirigacha o‘qing.
Anvar gazitni qayta tekislab, maqolani nafas yutib o‘qiy boshladi. Xolidiy Stalin zamonasidagi qatli om natijasida ilm, xususan, tarix ilmi nechog‘li ta’qibga uchraganini yoza turib, ko‘plar qatori o‘zining  ham aziyat chekkanini qistirib o‘tib, so‘ng gapni domla Inoyatullo taqdiriga burgan edi. Domla o‘ziga yaqin olib yurgan, hatto «shogirdim» deb faxrlangan bir guruh olimlarning unga xiyonat qilgani ham aytilgan, o‘sha «bir guruh» orasidan faqat Hikmat O‘rolovning nomigina zikr etilgan edi. Anvar «Xotin kishining makri qirq tuyaga yuk bo‘ladi, deydilar. Xolidiyning makri qirq emas, qirq ming eshelonga yuk bo‘lar-ov», deb yurardi. Bu maqolani o‘qiy turib fikrini o‘zgartirdi: «Uning makri qirq million eshelonga yuk bo‘la oladi!» Xolidiyning kim ekani, yuragi oqmi, qora ekanini bilmaydiganlar bu maqolani o‘qigach, uni aziyat chekkan, kuyunchak olim sifatida qabul qilishlari shubhasiz. Gazitni minglab odamlar o‘qiydi. Endi kimga borib «aslida Xolidiyning o‘zi ablah, Hikmat O‘rolov halol odam», deb ishontirish mumkin?

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 13:03:19

    Anvarni kutayotgan noxushlik maqolaning so‘ngida edi:
    «...Men hujjatxonada o‘tirib bu dalillarga duch kelgach, ko‘zlarimga ishonmadim. Yaqin do‘stimning shunday siri borligiga ajablandim. Ana shunda boshqa bir hujjatlarni o‘rganib o‘tirgan iqtidorli olim Anvar Sattorovichga o‘qib bergan edim, u jo‘shib ketdi. Ha, halol odam deb yurgani bunday munofiq bo‘lib chiqsa chidash qiyin. Anvar Sattorovich chiday olmadi. Ko‘zda yosh bilan hujjatxonani tark etdi...»
    Anvar gazitni g‘ijimladi, so‘ng pora-pora qilib yirtdi. Keyin o‘rnidan turib, Gulnora o‘tirgan stolga yaqinlashdi-da, undagi gazitni ham poralab tashlagach, stolni zarb bilan tepdi. «Eng kichik ilmiy xodim» yugurib kelib, uni yelkasidan quchoqladi.
— Anvar aka, o‘zingizni bosing. Hech kim ishonmaydi bu gaplarga.
— Men bor edim o‘sha yerda, o‘qib bergan edi, maraz! Shularni yozish uchun atay borgan u haromi!
    Shu payt Anvarning qulog‘i shang‘illab, ko‘zlari tindi. Tanish ovoz eshitildi: «Hikmat O‘rolovnikiga bor...»
    Anvar «eng kichik ilmiy xodim»ning quchog‘idan bir yulqinib bo‘shadi-da, tez-tez yurib, xonadan chiqdi. Ovozning hukmiga bo‘ysunmay Xolidiyning xonasiga bordi: eshik berk... O‘lmas Akramning eshigi ham berk... Hatto kotibasi ham yo‘q. Anvar egasiz eshikni tepib, bo‘ralab so‘kdi-da, ovozning buyrug‘iga itoat etib, Hikmat O‘rolovning uyiga qarab ketdi.

Qayd etilgan