Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264633 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 ... 54 B


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 13:04:30

    Hikmat O‘rolov shahar markazida, olimlar uchun maxsus qurib berilgan ikki qavatli uyda yashardi. Eshik qiya ochiq bo‘lsa ham Anvar qo‘ng‘iroqni bosdi. Dam o‘tmay ostonada Hikmat O‘rolovning xotini ko‘rindi. Erini benihoya tarzda izzat qiluvchi, har qanday beta’sir shamoldan asrashga intiluvchi, sochlari tekis oqargan xushro‘y, xushmuomala bu ayol barchani shirinso‘zligi bilan maftun etardi. Hozir ham Anvarni mehribonlik bilan qarshiladi.
— Kelganingiz yaxshi bo‘ldi. Domla sizni juda yaxshi ko‘radilar. Ko‘p gapiradilar. Ancha vaqt ko‘rinmadingiz, xavotirlandilar.
    Anvar nima deyishni bilmadi. «Tobim yo‘q edi», desa, jinnixonadan  chiqqaniga ham yarim yil bo‘ldi. Birrov kelib ketishi mumkin edi...
— Ayb menda, e’tiborsizlik qildim, — dedi Anvar dangal.
 Ayol bu gapni eshitib, shiringina jilmaydi-da, boshini sarak-sarak qilib, dedi:
— Unday demang, jon o‘g‘lim, yoshlarning ishlari, tashvishlari ko‘p  bo‘ladi. Eng muhimi, dilingizda tutgan bo‘lsangiz bas.
Anvar ostona hatlab ichkari kirib,  to‘xtadi.
— Nega to‘xtadingiz, kiravering.
— Domla... o‘qidilarmi?
— Ha... — ayol ma’yus jilmaydi. — Lekin siz qayg‘urmang. Bu hali fojia emas. Biz bundan battarlarini-da ko‘rganmiz.
— Hammasi tuhmat...
— Qayg‘urmang, deyapman-ku. Domlajon mutlaqo e’tibor bermadilar. Odatdagidek kitobxonalarida ish bilan bandlar. Yuring, yuravering....

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 13:05:25

    Anvar uy bekasining izidan ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Bu uydagi  mehmon kutishga mo‘ljallangan eng katta xona kitoblarga ajratilgan. To‘rt devor gir aylana, hatto eshik-derazalarning yonlari, tepalariga  ham taxtachalar qo‘yilib, kitoblar terilgan. Ko‘cha tomonga qaragan katta deraza yonida yozuv stoli. Ikki kishining suhbatlashib o‘tirishiga mo‘ljallangan ikkita yumshoq o‘rindiq, pastak kursi... Katta xonaning jihozlari shulardan iborat.
    Hikmat O‘rolov yumshoq o‘rindiqlardan  birini band etgan, qo‘lida qadimdan qolgan kitob. Ko‘zlari kitob sahifasiga qadalgan, xayoli esa nima bilandir qattiq band edi. U zinadan ko‘tarilayotgan ikki kishining sharpasini sezmadi. Anvar uning o‘tirishiga qaraboq, ish bilan band emasligini fahmlab, o‘girildi-da, uy bekasiga savol nazari bilan qaradi. Uy bekasi boshini chayqab qo‘yib, yengil yo‘taldi. Hikmat O‘rolov bunga  ham e’tibor bermadi. Shunda Anvar balandroq ovozda salom berdi.
    Xayol changalidan yulib olingan Hikmat O‘rolov cho‘chib tushdi-yu, ammo sir boy bermay alik oldi-da, o‘rnidan turib Anvarga quchoq ochdi.
— Qo‘ng‘iroqning chalinishidan siz kelganingizni biluvdim. Siz astagina, odob bilan chalasiz, — dedi u Anvarni bag‘riga bosib. — Xursandman, mehribonim, xursandman. Qani, o‘tirsinlar. Hozir ittifoqo mavlono Rumiyni o‘qiyotgan edim. Bir rivoyat xayolimni o‘g‘irladi. O‘qib beray, eshiting. Malikam, siz ham tinglang. Gapni cho‘zmaslik uchun  mazmunini aytayinmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 13:10:40

— Men o‘zim o‘qib olarman.
— Durust. U holda choyni shu yerda ichamiz. Ikki olimning suhbati kitobxonada kechgani ma’qul.
Uy bekasi iziga qaytgach, Hikmat O‘rolov muqovasiga yamoq tushgan kitobni varaqladi. Anvar yozuv stolidagi gazitni ko‘rgan, domlaning atayin gapni chalg‘itishga urinayotganini fahmlab turardi.
— Siz yakan nima ekanini bilasiz, a? — deb so‘radi Hikmat O‘rolov.
Anvar bu so‘zni eshitgan, ammo nimani anglatishini aniq bilmas edi. Shu bois o‘ylanib qoldi.
— Faqat pul, demang. Otarchilar bir paytlarda pulni «yakan» deyishardi. Yakan — o‘simlik, qamishzorda o‘sadi. Yakanni o‘rib olib, quritib uzum osadilar, yoki savat qalpoq to‘qiydilar. Qamish, bilasiz, uzun. Yakan esa pastak o‘simlik. Xullas, yakan bir kuni qamishga qarab: «O‘, birodar, hadeb g‘o‘dayaverma, sal egil, Ollohning quyoshi nuridan biz ham bahramand bo‘laylik», debdi. Qamish unga qaragisi ham kelmay, burnini jiyirib qo‘yibdi. Vaqti-soati kelib qamishni o‘ribdilar. So‘ng yakanni. Tasodifni qarangki, o‘sha qamishdan yasalgan bo‘yrani bir uyga to‘shabdilar. Shu uy to‘sinlariga esa uzumni osibdilar. Yakandan to‘qilgan savat qalpoqni devorga ilibdilar. Oradan kunlar o‘taveribdi. Qamish pastda, yakan esa tepada ekan. Oxiri qamish tepadagi yakanga zorlanibdi: «Meni o‘rib olib quritdilar, tepkilab qovurg‘alarimni sindirdilar, so‘ng suvga bo‘kdilar. So‘ng qayirib bukib, bo‘yra holiga keltirdilar. Endi esa har kuni tepkilaydilar. Bu ham yetmaganday bir chetimni qayirib, tupuradilar...» — Hikmat O‘rolov shunday deb kulimsiradi: — Nos tupursalar kerak-da, a? Xullas, qamishning hasratidan chang chiqibdi. Shunda yakan debdi-ki: «Siz bekor g‘o‘daydingiz. G‘o‘dayib o‘saverdingiz. Ammo ichingiz g‘ovak ekanini unutdingiz. G‘ovak bo‘lganingiz uchun ham tepkilanishdan bo‘lak narsaga yaramadingiz. Hali ham kech emas. Siz o‘sgan yeringizda ildizingiz qolgan. Ularga yetkazing, sizning holingizga tushmasinlar...» — Hikmat O‘rolov shunday deb Anvarga savol nazari bilan tikildi: — G‘aroyib rivoyat, shunday emasmi? Qamish o‘rib olinaveradi, kelgusi yili esa ildizidan yana o‘shanday qamish o‘sib chiqaveradi. Bechora  oqibatda qanday xor bo‘lishini bilmay g‘o‘dayaveradi. Oyoq ostiga tashlanmay, tomga to‘shasalar ham baribir basharasiga loy chaplaydilar... Qismati og‘ir... ammo u yakan bo‘lolmaydi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 13:12:07

    Hikmat O‘rolov shunday deb iyagini qashib qo‘ydi. Shunda Anvar barmoqlarning yengil qaltirayotganini ko‘rdi. «Dardni yashirish qiyin, — deb  o‘yladi Anvar. — Xolidiyning ahmoqona gaplariga e’tibor bermay bo‘larkanmi? Domla dardini ichiga yutishga urinyapti. Yuragida bu dardni ham singdirish uchun bo‘sh joy bormikin? Domla nimaga bunday qilyapti? Andishadanmi? Andishaning otini qo‘rqoq deyishadi-ku? Indamay qo‘ygani barcha bo‘htonlarga rizo ekanini anglatmaydimi? Nahot domla buni tushunmaydi? Qachongacha indamay o‘tiraveradi? Mana shunaqa indamay qo‘ya qolish odati borligi uchun ham Xolidiy tap tortmay unga tashlangan. Qani, Mirolimga shunday qilib ko‘rsin-chi?! Yo‘-o‘q, bu shallaqidan qo‘rqadi. Stalin zamonida Mirolim ziyolilarni quritishda rosa xizmat qilgan. Xolidiy unga salgina tegib o‘tsa, o‘zi balolarga qoladi. Mirolim lo‘li xotinlarday dod solib, Xolidiyning ayblarini ochib tashlashdan ham qaytmaydi. Hikmat O‘rolov esa indamaydi... Indamay turib yengmoqchi bo‘ladi... Shularni unga aytayinmi?.. U mening nasihatimga muhtojmi? Mayli, birovga chang solmasin, ammo... hech bo‘lmasa o‘zini himoya qilsa-chi?..»
    Hikmat O‘rolov barmoqlarining titrashidan noqulay ahvolga tushdi. «Sezdimi yo sezmadimi?» degan hadikda Anvarga o‘g‘rincha qarab qo‘ydi. «O‘yga toldi... rivoyat ta’sir qildimi yo Xolidiyni o‘ylayaptimi? Kelgani yaxshi bo‘ldi... Halol yigit. Ko‘nglida kiri yo‘q... Shuning uchun qiynaladi. Umr bo‘yi qiynalib yashashga mahkum...»
    Uy bekasi patnisda non-choy ko‘tarib chiqib, oradagi sukutni buzdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 13:12:39

— Voy esim qursin, dasturxon olmabman-ku, — dedi u xijolat bo‘lib.
— Hechqisi yo‘q, malikam, — Hikmat O‘rolov shunday deb o‘rnidan chaqqon turdi-da, yozuv stolidagi gazitni olib, kursi ustiga yoydi. — Qo‘lbola  dasturxon ham bo‘laveradi, siz aziyat chekmang.
    Uy bekasi birinchi qavatga tushib ketgach, piyolalarga choy quyildi. Hikmat O‘rolov gapni chalg‘itib, maqolani eslashni xohlamasdi. Choynakning tagida Xolidiyning maqolasi chop etilgan gazit, ikkovining ko‘ngli ham, xayoli ham shu gaplar bilan band. Ammo maqola tufayli jabr chekkan odam o‘zining bu mayda gaplardan yuqori ekanini ko‘rsatishga tirishadi. Anvar esa bunga toqat qilolmaydi. U o‘zini oqlamoqchi emas,  biroq haqiqatni aytishi shart.
— Domla, men hujjatxonada rostdan ham bor edim, ammo... — deb gap boshladi Anvar. Biroq, mezbon so‘zlarini davom ettirishga yo‘l bermadi:
— Siz meni ranjityapsiz, azizim, — dedi Hikmat O‘rolov, bosh chayqab. — Shu gaplarga ishonadigan go‘l odamga o‘xshaymanmi?
— Domla...

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 13:13:07

— Gapirmang, azizim, gapirmang. Umr bo‘yi o‘sha idoraning xizmatini qilib kelgan odam yoningizga kirib hujjat titadimi? E... uning nayranglarini ko‘raverib... Tag‘in ham «domla Inoyatulloni Hikmat O‘rolov o‘z qo‘li bilan otgan», demabdi. Shunisiga xursandman. Hamonki, shu mavzuda gap ochdingiz, bir narsani aytay: to‘g‘ri, domla Inoyatulloni qamashganda ko‘plar qatori meni ham chaqirishgan. Mendan avval Xolidiyni ham chaqirishgan. Menga uning ko‘rsatmalarini berishgan, o‘z ko‘zim bilan o‘qiganman. Mana bu yerdagi,— Hikmat O‘rolov gazitni barmog‘i bilan urib qo‘ydi, — gaplar o‘zining ko‘rsatmalari. Domlaning qo‘llariga kishan urib bergan Xolidiyning o‘zi. Siz hujjatlardagi mening imzomni ko‘rdingizmi?
— Yo‘q... qaramay chiqib ketdim. Jahl kelganda aql ketdi...
— Xijolat bo‘lmang, zarari yo‘q. Hujjatlar vaqti kelib qo‘lingizga tushsa qarab qo‘yarsiz. Men ko‘p yozmaganman. Yozganlarim aniq esimda: «Agar halol olim mingta bo‘lsa, mingdan biri domla Inoyatullo, u shu mingning oldingi qatorida turadi. Agar bittagina bo‘lsa, demak, u shubhasiz — domla Inoyatullo». Meni qiynashmadi. Boshqa so‘roqqa chaqirishmadi. Shunga to hozirga qadar hayronman. Balki men yozib bergan qog‘oz yo‘qotilgandir. Balki imzo boshqa qog‘ozga ko‘chirilgandir, bunisi menga qorong‘i. Men hali ham o‘sha fikrimda qat’iy turaman: domla Inoyatulloday olim oldida biz sariq chaqa qimmatiga ham ega emasmiz. Bunday deyishimga asos bormi? Bor. Siz ayting, azizim, bizni tarixchi olim deyish mumkinmi?
    Suhbatning bu tarzda burilishi Anvarni ajablantirdi, bunday  savolning berilishi esa o‘ylantirdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 13:13:37

— Men sizdan javob kutyapman, azizim, — dedi Hikmat O‘rolov. — Ayting, bizni tarixchi olim deyish mumkinmi?
— Agar kecha boshqa gap aytib, bugun boshqasini da’vo qilayotganimiz nazarda tutilsa...
— Bu boshqa masala. Aytish mumkinki, bu imon masalasi. Unvonlar, ilmiy darajalar ham boshqa masala. Siz menga bir so‘z bilan javob bering: ha, yoki yo‘q! So‘ng javobingizni albatta izohlab ham berasiz.
    Hikmat O‘rolov Anvarning ko‘zlariga tikilib kulimsiradi. Anvar bu savolga aqli yetgan darajada javob bera olardi, ammo unga mezbonning asl maqsadi qorong‘u edi. Shu bois javobga shoshilmadi.
— Siz qiynalmang. O‘zim aytib qo‘ya qolay: yo‘q! Sabab: bir kuni domla Inoyatulloning uylariga borsam, zarrabinga tikilib o‘tiribdilar. Sizda zarrabin bormi? Ha, menda ham yo‘q. Xullas, bir arxeolog olim domlaga uzum danaklarini beribdi. Danakning umri salkam ming yil emish. Arxeologning aytishicha, Eski shahardagi qazilma paytida hojatxona o‘rnidan topilgan emish. Domla Inoyatullo arxeologlar bilan yaqin edilar. Siz arxeologlar bilan oxirgi marta qachon uchrashgansiz? Mening ham yodimda yo‘q. Xullas, o‘shanda: «Domla, bu sizga nima uchun kerak?» deb so‘radim. Domla: «Haqiqiy tarixchi olim shulargacha aniq bilishi  shart. Husayni uzum hozir qanday, ming yil va avval qanday bo‘lgan, ming  yil ichida tabiat qanday o‘zgarishlarni, nima sababdan boshidan kechirdi — biz bilmasak, kim biladi? Tarixiy voqealar bilan tabiatdagi o‘zgarishlar orasida uzviy bog‘lanish yo‘qmi?» Xullas, o‘shanda haqiqiy tarixchi olim — domla Inoyatullo deb ishonganman. Biz kitob o‘qib, tahlil qilib, tarix ilmini yaratyapmiz, deb kerilamiz. Bu kitoblarni bizgacha kimdir yozib ketgan. Biz foydalanayotgan adabiyotlarni arab ham, fors ham, farangimi nemismi, juhudmi yo rusmi, kim bo‘lsa bo‘lsin, yozgan. Ma’lum bir haqiqatga har biri o‘z millati foydasi nuqtai nazaridan yondoshgan va baho bergan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 13:14:06

— Xuddi  shu  nuqtada  xato  yo‘lga  qadam  qo‘yganmiz, — dedi Anvar. — Biz qo‘limizga juhudning kitobi tushsa, tarix shunday edi, deb javraymiz. Nemisniki tushsa, yo‘q, bunaqa edi, deb turib olamiz. Mana, tarixga ikki xil munosabatga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik. Kechagina unday devdik, bugun esa bunday. Qadimda shunday hol yuz bermaganmi? Bergan... — Anvar «gaplarini bo‘lib ranjitmadimmi?» degan ma’noda mezbonga qaradi. Hikmat O‘rolov uning xavotirini sezib, «durust gapiryapsiz, azizim, davom eting», deganday jilmayib qo‘ydi. Anvar bundan dadillanib fikrini davom ettirdi: — Biz o‘sha kitoblarga qul bo‘lib yuraveramiz. Men borayinda Mirolim domlamizdan: «Temur zamonida toifi uzum bo‘lganmi?» deb so‘ray. Turgan gapki, u «Temurga uzumning nima aloqasi bor», deydi. Holbuki domla Inoyatullo yo‘lini tutgan, o‘zini tarixchi  olimman deydigan odam buni bilishi kerak ekan. Haligi aytgan rivoyatingizni qarang... biz ichi bo‘sh qamishga o‘xshamaymizmi? Bir masalaga ikki xil qarashga vijdonimiz qanday yo‘l qo‘yadi. Kechagina Mirolim domlamiz Temurni qonxo‘r, deb, Temurning salohiyatiga ijobiy baho bermoqchi bo‘lganlarni yamlamay yutgan edi. Bugun esa aksi: kim Temur jang qilgan, desa «Sen tarixga qonli ko‘ylak kiygizmoqchimisan!» deb yumdalayapti. Qizig‘i shuki, Temur haqida kecha ham shu zot asosiy hukmni chiqarar edi, bugun ham. Ba’zan hayron qolaman. Bu Mirolim deganlari, Temurning otasi uylanayotganida kuyov jo‘ra bo‘lganmi yo Temur tug‘ilganida kindigini kesganmikin?
    Bu gapni eshitib Hikmat O‘rolov qah-qah otib kulib yubordi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 13:14:24

— Topib aytdingiz, barakalla, — dedi u o‘zini kulgidan to‘xtata olmay.
— U domlamiz nari borsa Temur haqida to‘rt-besh kitob o‘qigandirlar. Oltinchisini topib, buni ham o‘qing, deyilsa, men bunaqasini bilmayman, deb turib oladilar. Qarang-a! U kishi bilmasalar o‘sha oltinchi kitobning yashashga haqqi yo‘q ekan. O‘sha oltinchi kitob yuz yillar davomida dunyo olimlarining diqqati markazida turgan bo‘lsa-chi? Siz kulyapsiz domla, ammo xafa bo‘lsangiz ham bir gap aytaman.
— Ayting, azizim. Bilaman, siz nohaq gap aytmaysiz.
— Siz, sizga o‘xshagan olimlar nima uchun Xolidiyga, Mirolimga maydonni bo‘shatib bergansizlar? Yanchib tashlasalaring bo‘lmasmidi?
— Yanchib... — Hikmat O‘rolov kulimsirab, bosh chayqadi. — Soyani yanchib tashlay olasizmi? Axir ular zamon g‘oyasining soyalari edilar. Siz haqiqatchi yigitsiz. Sizga o‘xshagan yigitlar ko‘p, shundan xursandman. Lekin orangizda yosh Xolidiylar yo‘qmi? Ularni yanchib tashlay olasizmi? Savolimga hozir javob qaytarmang, javobni vaqt beradi. Azizim, siz bahsni yaxshi ko‘rasiz, bilaman. Sizdan o‘tinchim bor: bugun bahslashmaylik. Undan ko‘ra, siz kelmay turib o‘qigan yana bir rivoyat bayonini aytib beray: Luqmoni hakim bilan ilon bahsini eshitganmisiz?
— Yo‘q.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 13:14:43

— Tinglang, ajoyib rivoyat: xullas, Luqmoni hakim yo‘lda borayotsalar bir uydan nola eshitilibdi. Kirsalar, xasta odam og‘riqlarga chidayolmay dod der emish. Tabiblar kelib, uni bugun-erta o‘ladi, deyishibdi ekan. Luqmoni hakim xastaning bilak tomirini ushlab ko‘rib debdilarki: — Dardingizga davo bor. Ilon zahri sizga shifo bergay. Xasta debdiki:— Ilon zahrini men qaydan topay? Bir bedavo bo‘lsam... Yo meni shu ahvolda tashlab ketaverasizmi? Olloh mening zorimni eshitib, Luqmoni hakimga ro‘baro‘ qilganida edi, u zot meni tashlamas edilar. Luqmoni hakim bu nolani tinglab aytibdilarki: — Zinhor tashlamasman. Xullas, hazrat Luqmoni hakim ilonzorga borib bir yoshroq ilonni bo‘g‘zidan bo‘g‘ib tutibdilar. Shunda ilon ittifoqo tilga kiribdi va debdiki: «Ey inson farzandi, sen nechun meni bo‘g‘a-yotirsan? Ollohning menga bergan jabrlari kammi edi?» «Olloh senga qanday jabrlar qildi?» deb so‘rabdilar Luqmoni hakim. «Meni ko‘rimsiz qilib yaratdi, odamlar ko‘rsalar mendan qochadilar. Meni yertuban qilib qo‘ydi, sudralib yurishga mahkum etdi. Endi sen meni bo‘g‘ib, jonimni olarsanmi?» Luqmoni hakim debdilar: «Shunday qilmasam, bir odam hayotdan ko‘z yumar». Ilon debdi: «Ajab! U odamni saqlab qolmoq uchun meni o‘ldirasanmi? Axir u ham Ollohning bir maxluqi, men ham. Bir jonni saqlab qolmoq uchun ikkinchisini mahv etmoq shartmi? Ey inson bolasi, sen ayt: men birovni chaqsam, mening zahrimni daf eta olasanmi?» Luqmoni hakim aytibdilar: «Ha, daf eta olaman». Ilon debdi: «Unda mening zahrim kuchli emas ekan. Dunyoda shunday zahar borki, sen uni zinhor daf eta olmassan!» «Qanday zahar? Qora qurtnikimi?» — debdilar Luqmoni hakim. «E, yo‘q, — debdi ilon. — Dunyoda eng kuchli zahar odamning zahri. Bunga davo  yo‘qtur. Odam odamni chaqsa albatta o‘lim haqdir! Olloh biz — ilonlarni tuban qilib yaratdi.    Ammo biz bir-birimizni chaqmaymiz. Siz — odam bolalarini yuqori qilib yaratdi, siz bir-biringizni chaqib o‘ldirasiz. Sen jonini saqlab qolmoqchi bo‘layotgan xastaga mening zahrim davo emas, yanglishma. Uni o‘z do‘sti chaqqan. Uning zahriga davo topa olmassan. Bunga hatto Luqmon ham davo topmagay. Qo‘y, u o‘laversin, azoblaridan qutula qolsin...» — Hikmat O‘rolov shunday deb xo‘rsinib qo‘ydi.
    Uning nima uchun xo‘rsinganini Anvar ertasiga fahmlab yetdi.

Qayd etilgan