Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264630 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 ... 54 B


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 13:22:57

3

Nima?!
Hikmat O‘rolov o‘ldi?!
Anvar quloqlariga ishonmadi.
Avvaliga «eng kichik ilmiy xodim»ni institut ostonasida ko‘rib «Ertalabdan kimni kutayotgan ekan?» deb o‘ylab, ajablangan edi. Endi bilsa, bu shumxabarni yetkazish uchun turgan ekan. Anvar hozir «nima uchun meni qarshiladi, nima uchun meni ichkariga qo‘ygisi kelmadi» deb o‘ylamadi. Buni keyinroq, jinnixonada yotganida o‘ylaydi. Hozir esa shumxabar zarbidan karaxt bo‘lib turardi.
— Kecha oqshomda to‘satdan uzilibdilar, — dedi «eng kichik ilmiy xodim». — Kechqurun uyimga telefon qilishdi. Kechasi bilan shu yerda edik, joy tayyorladik. Xayrlashish uchun shu yerga qo‘yishmoqchi ekan. Kennoyi unamabdilar. Shunga... O‘lmas aka sizdan iltimos qildilar. Borib, ko‘ndirib berarkansiz. Siyosiy masala, deyishayapti...
— Siyosiy masala?! — Anvar hamxonasining yoqasiga chang solganini o‘zi ham sezmay qoldi. — O‘lib ham qutulmasinmi?!
    «Anvar aka, o‘zingizni bosing», degan ogohlantirishdan so‘ng uning yoqasini bo‘shatdi.
— O‘zi qani, direktorchang? — deb so‘radi titroq ovozda. So‘ng javob kutmay ichkariga qarab yurdi.
    Chindan ham ertalabgacha bu yerda ancha ish qilingan edi: eshik  og‘zidagi qorovulning stoli olingan, qo‘yilganidan beri ishlatilmagan kiyim ilgichlar ham yo‘qotilgan, o‘rtaga gilam to‘shalgan, zinaning yonidagi ustunga Hikmat O‘rolovning surati osilgan, surat ostida esa qora rangli harflarda yozilgan «Berahm ajal atoqli olim, buyuk insonni bag‘rimizdan  yulib oldi», deb boshlanib, «o‘lim uni davramizdan olib ketdi, to tirik ekanmiz nomini qalbimizdan hech qanday kuch yulib ololmaydi» deb yakunlanuvchi ta’ziyanoma yopishtirilgan edi. Anvar bu satrlarni atayin to‘xtab o‘qimadi. Bir ko‘z tashlashda boshlanishiyu xotimasiga nigohi tushib eslab qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:12:02

«Eng kichik ilmiy xodim» zinadan chiqishiga yo‘l qo‘ymadi:
— Anvar aka, foydasi yo‘q.
Dastlab Anvar uni siltab tashlagisi keldi. Biroq, uning ma’yus boqib turgan toliqqan ko‘zlariga ko‘zi tushgach, shashtidan qaytdi. G‘azab iskanjasi uni bir oz holi  qo‘ydi-yu, orqasiga o‘girildi...
Hikmat O‘rolov yashagan ikki qavatli uy oldida odamlar to‘planib turishgan edi. Yo‘l chetida nasroniylarning qizil mato qoplangan tobuti, daraxtga esa gulchambar tirab qo‘yilgan, Marhumning uyiga kiraverishda esa ikki yigit yog‘och otni minishga hozirlardi— tobut atrofini oq mato bilan o‘rardi. Anvar buni ko‘rib, yig‘lab yubordi-da, yurishdan to‘xtadi. Cho‘ntagidan ro‘molchasini chiqarib, ko‘z yoshlarini artgach, asta yurib, to‘planib turgan odamlar qatoriga qo‘shildi. «Eng kichik ilmiy xodim» ham  uning yonidan joy oldi. Rahbariyatning topshirig‘ini eslatmadi.
    Yarim soatlardan so‘ng bel bog‘lagan bir yigit Anvarni imlab chaqirib ichkariga boshladi. Dahlizda uni Hikmat O‘rolovning bevasi qarshiladi.
    ... kechagina «malikam» deb erkalangan bu ayol bugun beva edi...
    Anvar uni ko‘rishi bilan yana yig‘lab yubordi. Musibatni chekintira oluvchi, dardga malham bo‘lishga qodir biron so‘z tiliga kelmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:12:31

— Yaratganning irodasi shu ekan, ilojimiz qancha... Sizni chaqirganim ...rahbarlaringizga ayting, xafa bo‘lishmasin, ularning topshiriqlarini bajara olmayman. El-yurt nima desa shu...
    Beva shunday deb yig‘i ovozi chiqib turgan xona sari yurdi. Anvar bo‘g‘zini bo‘g‘ayotgan yig‘ini qaytarishga urinib, joyida picha turdi. U xonadan bu xonaga, uydan ko‘chaga... kirib-chiqib yurgan, musibatga bandi bo‘lgan odamlar uning qotib turganiga e’tibor berishmadi.
    Anvar beixtiyor zina sari yurdi. Ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Kitobxona eshigi lang ochiq. Ichkari bo‘m-bo‘sh... Yetim qolgan yozuv stoli, kitoblar... unsiz bo‘zlashadi. Bu xonadagi faryodlar pastdagi yig‘idan baravjroq, ammo uni hech kim eshitmaydi. Dam o‘tmay pastda g‘assol murdani  yuvadi. Badandagi kir suvga qo‘shilib to‘kiladi. Bu xonaga esa tilga chiqarilmagan dardu hasratlar to‘kilib qolgan. Yurakni tirnagan, oxir-oqibat tomirlarni uzib tashlagan alamlar ham shu xonada qoladi. Endi bu xonaga ozod ruh egalik qiladi...
    Anvar ichkariga oyoq qo‘yishga botinmadi. Nazarida yumshoq o‘rindiqda Hikmat O‘rolov o‘tirganday, unga qarab jilmayib qo‘yganday bo‘ldi. Keyin uning ovozini eshitdi. Aniq eshitdi:

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:13:12

    «...Dunyoda shunday zahar borki, sen uni zinhor daf eta olmassan. «Qanday zahar, qora qurtnikimi?» debdilar Luqmoni hakim. — «E, yo‘q, — debdi ilon. — Dunyoda eng kuchli zahar odam zahri. Bunga davo yo‘q. Odam  odamni  chaqsa  albatta  o‘lim haqdir! Olloh biz — ilonlarni tuban qilib  yaratdi. Ammo biz bir-birimizni chaqmaymiz. Siz — odam bolalarini yuqori qilib yaratdi, siz bir-biringizni chaqib o‘ldirasiz. Sen jonini saqlab qolmoqchi bo‘lgan xastaga mening zahrim davo emas, yanglishma. Uni o‘z do‘sti  chaqqan. Uning dardiga davo topa olmassan. Bunga hatto Luqmon ham davo topmagay. Qo‘y, u o‘laversin. Azoblardan qutulsin...» Anvarning nazarida Hikmat O‘rolov bu gaplarni baland ovozda aytdi. Bu gaplarni pastdagilar ham, ko‘chadagilar ham eshitishdi...
    Anvar ostonada yana bir oz turgach, iziga qaytdi.
    «Bu ayol buncha sabotli bo‘lmasa, — deb o‘yladi u. — Shunaqa vaziyatda ham odob chegarasida qolish shartmi? Dod solmaydimi? «Erimni senlar o‘ldirdilaring, chaqib-chaqib o‘ldirdilaring! Ilon chaqsa o‘lmay qolardi, senlarning zahring jonini oldi! Keltirgan tobutlaring o‘zlaringga buyursin, o‘zlaring tushib yotlaring, rohatlanlaring!..» deb baqirsa  bo‘lmaydimi! «Sen ham shularning birisan!» deb meni-da yulib tashlamaydimi?..»

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:14:33

    Anvar tashqariga chiqdi. Tanish, notanish odamlar... Achingan ham, loqayd ham, musibatga sherik ham, «o‘lgani yaxshi bo‘ldi» deguvchi ham shu  yerda. Anvarning ko‘ziga hamma — do‘st ham, dushman ham ilon bo‘lib ko‘rindi. O‘zini ulkan bir ilonxonada his etib, badaniga muz yugurdi. Nazarida qo‘l qovushtirib, qayg‘uga berilganday bo‘lib turganlar odamlar emas, balki lunjini shishirib, tilini o‘ynatib, bir hamla bilan chaqishga tayyor turgan ilonlar edi go‘yo. Sudralib yuruvchi rosmana ilonlar chaqaman, deb niyat qilmaydi, ikki oyoqli ilonlar esa fursat poylaydi. Mana shu turganlarning qay biri qachon, qay birini chaqar ekan? Mana shu turganlarning qay biri qachon odam zahridan tatib o‘lar ekan? Rosmana ilonlar chaqadi-yu, qochadi. Ikki oyoqlilar esa to ko‘mib tashlamagunicha tinchimaydi... Jasadni ko‘mish bilan cheklansa koshki edi, xotirasini, nomini ham ko‘mishga intilsa-chi?
    Anvarning xayoli shu gaplar bilan band, ko‘zlari esa odamlar orasidan kimnidir qidirardi. Murda olib chiqilganda ham, masjid sari yurilganda, janoza o‘qilayotganida, hatto qabrga qo‘yilayotganida ham izladi uni. «Qilgan ishidan pushaymon yedimi, uyaldimi?» degan savolga javob topa olmadi.
    Qabrga tuproq tortilgach, tanish ovozni eshitib, hayrat bilan alangladi — «Qachon paydo bo‘ldi bular?!»

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:14:58

— Hurmatli o‘rtoqlar! — dedi O‘lmas Akram baland ovozda. Hamma, jumladan, to‘nkarilgan tobut ustiga o‘tirib qiroatni boshlay deyayotgan imom ham ovoz kelgan tarafga qaradi. Tuproqni ketmon bilan shibbalayotgan go‘rkov yonida O‘lmas Akram, Xolidiy, Mirolim, yana bir necha nomdor olimlar paydo bo‘lgan edilar.
    O‘lmas Akram «ilm ahlining musibatini» bayon etgach, so‘zni «marhumning yaqin safdoshi ulug‘ olim Xolidiy»ga berdi. Anvar uning «Aziz birodarim...» degan dastlabki so‘zlarini eshitdi-yu, vujudini zirillatgan g‘azab quloqlarini kar qildi, ko‘z oldiga qizil parda tortdi. U tamoman o‘zini yo‘qotdi-da:
— Munofiq! — deb baqirdi.
    Odamlar hayrat bilan unga qaradilar. Anvarni taniganlar maqsadni tushundilar. Tanimaganlar esa: «Bu yigit kimni «munofiq» deyapti, marhumnimi yo voiznimi?» — deb ajablandilar. Xolidiy esa bu hitobni eshitmaganday gapni xotirjam tarzda davom ettirdi:
— Munofiq!! — Anvar yana baqirib notiq sari sapchidi. — Uni sen o‘ldirding, hayvon! Yana aziz birodarim, deysanmi?!
    Anvar og‘zidan chiqayotgan so‘zlarni nazorat qila olmas edi. Odamlar nima gapligini tushunib yetgunlariga qadar u Xolidiyning bo‘g‘ziga chang solishga ulgurdi.
    Bu manzara uzoq davom etmadi. Anvarni ajratdilar. Kimdir qo‘lini qayirib oldi.
— Sen ilonsan! Sen ichi g‘ovak qamishsan! To‘qayga o‘t qo‘yaman, ildizingni quritaman!
    Anvar jon achchig‘ida baqirar, qo‘llarini kim qayirayotgani, kim sudrab borayotganini fahm etmas edi. Dafn marosimiga to‘planganlar  ham Anvarning qo‘llarini qayirgan bu baquvvat g‘ilayning qayoqdan paydo bo‘lganini bilmas edilar.
    Xolidiy otashin nutqini tugatayotgan damda Anvarni biqinida qo‘shuv alomati bor, usti berk mashinaga zo‘rlab chiqardilar. Ustiga yengsiz uzun ko‘ylak kiydirdilar. Imom tilovatni boshlaganda mashina jinnixona sari yo‘l olgan edi.


Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:19:03

XVIII  b o b

1

    Oddiy hazil yoki kimnidir laqillatish maqsadida aytilgan gap oxir-oqibatda kimningdir joniga qasd qilinmog‘i uchun sabab bo‘lajagini barcha ham vaqtida fahm eta olmaydi. Ba’zida hatto ko‘pni ko‘rganlar ham «nahot shu gap bilan falonchini o‘ldirib ketishibdi?» deb ajablanishadi. Roviylar «aytgan so‘zim — hojam, aytmaganim — qulim» deb ekanlar. Shundanmi, hojaga aylangan gap istasa kuldiradi, istasa yig‘latadi. Xohlasa — jon beradi, xohlasa — jon oladi. Olganda ham inson bolasiga ko‘p azoblar berar, it azobini boshiga solar. O‘limga yetaklovchi boshqa hech bir yo‘lda bu qadarli azoblar yo‘qdur...
    Zohid yoqimsiz hamkasbining jig‘iga tegish uchun aytgan gapi ikki odamning jonini olib ketishi mumkinligini, oqibatda o‘zi ham og‘ir ahvolga tushib qolajagini o‘ylamagan edi.
    Kecha oqshomda prokuror uni qabul qilib, barcha gaplarini diqqat bilan tinglab, so‘ng yaxshi so‘zlar bilan ko‘ngliga chiroq yoqqan edi. Zohid avvallari tashvish tikanaklari ustida yotib to‘lg‘onib chiqqan bo‘lsa, bu  kech yaxshilik umidi chirog‘ida ko‘zi qamashib uxlay olmadi. Prokurorning gaplari dam-badam qulog‘i ostida jarangladi: «Siz aytgan Asadbeklar kim, homiylari kim — bilamiz. Ular bilan hisob-kitob vaqti keladi. Arqonni uzun tashlang. Bir-ikki odamni qafasga solgan bilan ish bitmaydi. Hammasini birvarakayiga ilintirish harakatini qilamiz. Bu harakatda siz ham borsiz...»
   

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:19:52

    Bu albatta yaxshi gap. Ammo... birvarakayiga ilintirish vaqti  yetguncha ular jim turarmikin? O‘g‘irlashmasmikin, bokira qizlarning nomuslarini bulg‘ashmasmikin, zo‘rlik qilishmasmikin? Va nihoyat... o‘ldirishmasmikin? Xorij filmlariga ishonilsa, undagi jinoyatchilar, undagi odam o‘ldirishlar oldida Asadbeklar halimdekkina, odobli odamlar, deyish mumkin. Lekin arqon uzun tashlansa, ular ham o‘sha kinolardagidek, balki  undan-da battar vahshiylashib ketishmasmikin?
Zohid tunda shularni o‘yladi, prokuror bilan xayolan bahslashdi. Unga tasalli bergan narsa — prokurorning hamma narsalardan xabardorligi, jinoyatchilarga xayrixoh emasligi. Eng muhimi shu! Qolganini vaqt hal qiladi.
    Zohid tergovni davom ettirish, yanada qat’iyroq harakat qilish qasdida ishga kelgan edi. O‘sha yoqimsiz hamkasbi, yoqimsiz xabar bilan qarshiladi:
— Eshitdingizmi, kavkazliklaringizni o‘ldirishibdi, — dedi u mamnun bir qiyofada.
— O‘ldirishibdi? Kim o‘ldiradi? — deb so‘radi Zohid.
— Hammomda urish chiqibdi. Kim o‘ldirgani noma’lum.
Zohid uning gapini oxirigacha eshitmadi. Xonasiga kirdi-da, eshikni qulfladi. Joyiga o‘tirib, boshini changalladi. Boshi savollar oqimida shishib, yorilib ketay derdi: nimaga o‘ldirishadi? Kim o‘ldiradi? Kecha prokuror ularni boshqa turmaga ko‘chirishga va’da bergan edi. Bu haqda buyruq chiqarishga ulgurdimi? Va’dasi chinmidi yo qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirdimi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:20:26

    Savollar behisob, javob esa yo‘q.
    Gumondagi odamlar soni ortib boradi. Hatto prokuror ham shu safda. Ammo aniq bir odamni aybdor deb ayta olmaydi.
    Zohid gumonlar, savollar po‘rtanasiga bandi bo‘lib uzoq o‘tirdi. Po‘rtana domiga tortgani sayin u o‘zini ojiz, notavon his  etardi. Nazarida, miyasi o‘z faoliyatini to‘xtatgan, quvvatdan qolgan, fikrlashdan mahrum bo‘lgan edi. U go‘yo qorong‘u g‘orga kirib adashganday — na iziga qaytar yo‘lni biladi, na ro‘para-sida yilt etgan chiroqni ko‘radi. «Maqsadim nima edi-yu, nimaga erishdim? — deb o‘yladi u. — Shamol tegirmoniga ot solgan befahm Don Kixotdan nima farqim bor? Arqonni uzun tashlaganning foydasi shumi? Uzun tashlangan arqon battar chuvalashib ketmaydimi? Ko‘zi ojiz odamlarning oyoqlari bu arqonga ilashib, yiqilmaydilarmi?...»
    Zohid tortmadan ikki kavkazlikning suratini olib, tikildi. Ko‘zlarida vahshiylik uchqunlari chaqnab turgan bu odamsifat maxluqlarning o‘ldirilgani bir jihatdan yaxshi. Zohid ularning qismatiga achinmaydi. Ularning o‘limi boshqa jonlarning omon qolishini ta’minlar balki? Zohidni qiynagan narsa boshqa — ularning sirli o‘limi ko‘p sirlar ustiga parda tortdi. Endi bu pardani ko‘tarish mumkinmi? Agar ular atayin o‘ldirilgan bo‘lsalar, endi navbat kimniki?
    Zohid «ular atayin o‘ldirilgan» degan fikrdan uzoqlasha olmas edi. Avvalo devday bu ikki odamni uncha-buncha kuch yengolmas. «Petrashvili sherigi chet elga chiqarib yuborishni talab qilyapti» degan gap kimlargadir yoqmagan, shartnomada yo‘q talab ularni sergaklantirib, rejalarini o‘zgartirgan bo‘lishlari mumkinmi? Mumkin!
    Zohid uzil-kesil shu javobda to‘xtab, mayor Solievni topish ilinjida telefon go‘shagini ko‘tardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:23:00

2

    Zohid uchun kun zulmat pardasi ostida o‘tdi. Qaysi bir ishni ixtiyor etsa boshi omadsizlik devoriga borib urilaverdi. Mayor Solievni topa olmadi. Har kuni hech bo‘lmasa bir qo‘ng‘iroq qilib ahvol so‘rovchi mayor bugun atayin berkinib olganday — qaerdaligini na uyidagilari biladi, na hamkasblari. Hamdam Tolipovni yo‘qlashni xayoliga ham  keltirmadi — hali Farg‘onadan qaytmagan deb o‘yladi. Hamdamning erta saharda qaytib, ishga kirishib ketganini, chigalning bir uchini o‘likxonalardan qidirayotganini Zohid bilmas edi.
    Qamoqxonaga borib ham Zohid tayin bir ma’lumot ololmadi: murdalar tekshirish uchun olib ketilgan. Ularni kim o‘ldirgani noaniq. Faqat mushtlashuvni boshlagan yigit ma’lum. Uni ham o‘sha zahoti boshqa qamoqxonaga ko‘chirganlar. Bu ish shaxsan prokuror nazoratida emish! Shunday bo‘lishi Zohid uchun durust edi. Chunki prokuror shaxsan nazorat qildimi — demak, bu anov-manov ishlardan emas, aro yo‘lda ham  qoldirilmaydi. Lekin... ana shu «lekin»i bor-da. Prokuror ishni chuvalamay tezroq yopish tarafdori bo‘lsa-chi? Ana shu gumon Zohidni sarosimaga soldi.
    Zohid shomga yaqin qamoqxonadagi janjalni boshlagan yigitni tergov qilayotgan hamkasbi bilan uchrashdi. Tilla halli ko‘zoynak taqqan bu  yigit tabiatan kamgap edimi yo Zohid bilan suhbatlashishni istamadimi, har nechuk savollarga qisqa-qisqa javob qaytardi. Vaqti ziq ekanini aytdi.

Qayd etilgan