Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264636 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 ... 54 B


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:23:59

— Men u yigit bilan gaplashishim mumkinmi? — dedi Zohid, uning qilig‘idan ranjib.
— Hozircha mumkin emas.
— Qachon mumkin bo‘ladi?
— Bu prokuratura tergovchisining savoli emas.
— Yaxshi. Siz tergov qilayotganingizda ishtirok etishim mumkinmi?
— Hozircha yo‘q.
— Siz boshlagan ish men olib borayotgan ish bilan bir yerda kesishyapti. Nima uchun buni tushunishni istamaymiz?
— Tushunib turibman. Prokuror ham yaxshi tushunganlari uchun jiddiy shug‘ullanishni vazifa qilib qo‘ydilar. Vaqti kelib, balki birgalikda ish  yuritarmiz. Hozircha sizga aytadiganim: u yigit bir qizni zo‘rlashda ayblangan. Ishi sudga oshirish arafasida ekan. Aytishicha, Petrashvili u  yigitga bir-ikki qiliq qilgan. Hammomda esa zo‘rlamoqchi bo‘lgan. Yigit taekvando bilan shug‘ullangan ekan. Bo‘sh kelmagan. Petrashvili boshqalarning ham joniga tegib yurganmi, har holda, mushtlashuvga ko‘pchilik aralashgan. Mening hozircha bilganim shu.
— Demak... Sizningcha bu atayin uyushtirilmaganmi? — dedi Zohid hamkasbiga ishonchsizlik nazari bilan boqib.
— Hozircha menda bunday ma’lumot yo‘q. Agar siz bu qotillik avvaldan tayyorlangan, degan fikrda bo‘lsangiz, marhamat, isbot qilishga urinib ko‘ring, fikrlaringizni inobatga olay.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:24:12

— Yo‘q, hozircha fikrim o‘zimda tura tursin. Vaqti kelsa o‘rtoqlasharmiz, — Zohid shunday deb xonadan chiqmoqchi bo‘lganida hamkasbi to‘xtatdi:
— Siz haqingizda eshituvdim. Ugroda ishlab yurganingizda ham haqiqatparastlik qilar ekansiz. Bu yaxshi fazilat. Ammo bu sohada  faqat sizgina adolatli, sizgina haqiqatparast emassiz. Sizdan yoshim  kattaroq bo‘lgani uchun aytib qo‘yay: hamkasblaringizdan sira gumonsiramang. Gumon bilan uzoqqa bora olmaysiz. Biz  bir-birimizdan  gumonsirasak, bir-birimizga ishonmasak, xalq bizni sariq chaqaga ham olmay qo‘yadi. Shusiz ham odamlar bizga uncha ishonmaydi.
— Bunga asos bo‘lsa-chi?
— Asos hamisha ham haqiqat bo‘lavermaydi.
Zohidga uning keyingi gaplari bir oz ma’qul bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:27:39

3

    Zohid hamkasbi bilan gaplashib turganida shahar atrofidagi o‘likxonalarni bir-bir tekshirib chiqayotgan Hamdam Tolipov muddaoga yaqin kelib qolgan edi. Bu ishni u Farg‘onaga ketmay turib boshlagan, barvaqtroq qaytgani uchun yakunlab qo‘ya qolish niyatida edi.
    Yoqib yuborilgan murdaning Jamshid Sunnatullaev emasligiga ishonch hosil qilingach, o‘likxonadan egasiz murda olingan, degan qarorga  kelishgan edi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bu egasiz murda avtomobil halokatiga uchragan odamniki bo‘lishi mumkin. Shu fikr bilan ish boshlagan Hamdam bir oyning nari-berisida mashina urib yuborgan odamlar ro‘yxati bilan qiziqdi. Shahar bilan cheklanmay, atrof tumanlardan ham ma’lumot olib, shu ma’lumot asosida kasalxonalarni aylandi.
    Tog‘ yonbag‘ridagi kasalxonaga kelganida, kech kirib qolgani uchun rahbariyat uy-uyiga tarqagan edi. Hamdam o‘likxonada biror kimsa bordir, degan taxminda to‘rt qavatli binoning orqa  tomonidagi  pastak, ko‘rimsiz bino sari yurdi. Qip-qizil rangga bo‘yab qo‘yilgan eshik tepasidagi lavhaga «Begona kishilarning kirishi qat’iyan ta’qiqlanadi. Ma’muriyat.» deb yozib qo‘yilgan edi. Hamdam bu yozuvni o‘qib kuldi. «Bu yerda kim begonayu kim begona emas,— deb o‘yladi u. — O‘likxona bo‘lganidan keyin tiriklar begona-da. Undan ko‘ra «Xush kelibsiz, o‘rtoq o‘liklar!» deb shior osib qo‘yilsa yaxshiroq bo‘larkan...»

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:27:53

    Eshik ichkaridan zanjirlangan edi. Hamdam astagina, odob bilan taqillatdi. Javob hayallagach, takror taqillatdi. Bir ozdan so‘ng ichkarida sharpa sezilib, zanjir tushirildi. Eshikni ochgan soch-soqoli uzun, og‘zi-burni arang ko‘rinib turgan, ko‘zlari balchiqda yotgan munchoqni eslatuvchi malla odam Hamdamga qarab kerishib, baralla esnadi-da:
— Bugun kech qolding, bratan. Bugun endi o‘lik berilmaydi, xo‘jayinlar yo‘q, — dedi.
Hamdamdagi ichki bir sezgi «shuni qo‘ldan chiqarma» dedi. Hamdam bu g‘oyibona sasga quloq berib, o‘likxona egasiga salom berib, qo‘l qovushtirdi.
— Bugun o‘lik berilmaydi, gapimga tushunmadingmi? — dedi badbashara.
Hamdam unga qarab turib: «Buncha badbashara bo‘lmasa, undan hatto o‘liklar ham qo‘rqsa kerak», deb o‘yladi. Hamdamda hushlamaydigan odamini ochiq mensimaslik odati bor edi. Ammo ishning bitishi shaytonga bog‘liq bo‘lsa, aravasi loydan o‘tgunicha unga-da ta’zim qilib turishdan toymasdi. Hozir shunday bo‘ldi: badbasharani tepib yuborishga tayyor bo‘lgani holda, mo‘minlik bilan dedi:
— Bir qarindoshimizni qidirib yuribmiz. Xudo ko‘rsatmasinu, ammo ruxsat bersangiz, bir qarab chiqsam. Yaxshiligingiz yerda qolmaydi, xursand qila-man.
— Yo‘-o‘q, — dedi badbashara, — xo‘jayin bilib qolsa, pattamni qo‘limga tutqizadi.
— Xo‘jayin qolibdimi, shu paytda. Hamshiralari bilan maishatini qilib yotibdi. Ular jonining huzurini bilishadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:28:20

    Hamdam shunday dedi-da, cho‘ntagidan nasha aralashtirib o‘ralgan papiros olib tutatdi. U badbasharaning narxni oshirish uchun yana bir oz tarang qilishini bilardi. Shu bois uni to‘la holda qo‘lga olish maqsadida papirosni baralla tutatdi. Nasha hidi dimog‘iga urilgan badbasharaning ko‘zlari chaqnadi. Hamdam bu ko‘zlardagi o‘zgarishni sezib, quvondi. «Gah desam qo‘limga qo‘nasanu tarang qilganing nimasi?» Chindan ham badbasharaning chidami uzoqqa bormadi.
— Bratan, menga ham bir torttirsang-chi, — dedi yutinib.
— Ma, tort, — dedi Hamdam, unga papirosni uzatib.
Badbashara bosib-bosib chilim tortganday huzurlandi. Ko‘zlari suzildi. Hamdam oxirigacha tortib tugatishiga qo‘ymay, qo‘lidagi papirosni oldi. Badbashara joni sug‘urilganday entikdi.
— Qarindoshing qiz bola emasmi? — dedi u yumshoq ohangda.
— Nima edi? — dedi Hamdam tutunni u tomon puflab.
— Bugun bitta qizni olib kelishdi. Ishini olib, o‘zini o‘ldirib ketishibdi. Ko‘rasanmi?
— Ko‘raman.
Ichkariga kirishdi. Qator yotqizib qo‘yilgan murdalarning oyoq tomonida, eski stol ustida yarmi ichilgan vino, kolbasa, non burdalari turardi. «Maishatini buzibman-da», deb o‘yladi o‘zicha Hamdam.
    Badbashara stolga yaqin yotgan murda tepasidagi choyshabni tortdi. O‘n olti-o‘n yetti yoshlardagi go‘zal xuddi uyquda yotganday edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:29:39

— Shunday ketvorgan narsani uvol qilishibdi, — dedi Badbashara xo‘rsinib. — Ishini olibsan, o‘ldirib nima qilasan? Qara, o‘ligi ham zo‘r-a! Shu holda o‘psang ham maza qilasan. — Badbashara engashib qizning labidan o‘pdi. Hamdamning ko‘ngli aynidi. Uning gardaniga musht tushirgisi keldi. Badbashara esa qaddini ko‘tarib unga qarab tirjaydi: — O‘pib ko‘rsang-chi?
Hamdam uning bilagidan ushlab, tashqariga sudradi.
— Hoy, nimaga sudraysan meni? — dedi Badbashara.
— Gap bor, yur, — dedi Hamdam zarda bilan.
Tashqariga chiqqach, sal o‘zini bosdi. Pastak zinaga o‘tirib, yana nasha aralashtirilgan papiros tutatdi. Badbashara uning yoniga o‘tirib, najot ko‘zi bilan tikildi.
— Egasi yo‘qmi bu jononning? — dedi Hamdam unga tutun puflab.
— Hozircha yo‘q, — dedi Badbashara entikib.
— Menga sot uni.
— Qachon?
— Hozir.
— Yo‘-o‘q, hozir bo‘lmaydi. Egasi chiqib qolishi mumkin. Besh-olti kundan keyin hech kim kelmasa «ko‘mvor», deyishadi. Ana o‘shanda kelsang, boshqa gap.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:29:51

— Menga bugun kerak. Bir og‘aynimga zarur bo‘lganda sendan olgan ekan, menga tarang qilma.
— Qachon olibdi?
— O‘n-o‘n besh kun oldin. Mashina urgan odamni sotibsan.
— E, umi, u eski o‘lik edi. Ko‘mishga erinib turuvdim.
— Menga beradiganing yo‘qmi?
— Hozir yo‘q, bratan. Xafa bo‘lma.
Hamdam papirosni uning qo‘liga tutqazib, yelkasiga urib qo‘ydi:
— Ertaga kelaman, tayyorlab qo‘y.
Shunday degach, o‘rnidan turib, tez-tez yurib, uzoqlashdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:30:45

4

    Zohidga yeyayotgan lag‘moni sho‘r tuyulib, kosani nari surib qo‘ydi. Fe’li aynib turganini sezgani uchun ham xotini indamadi. Zohidga xotinining indamayotgani ham yoqmadi. U kun bo‘yi to‘plagan zahrini kimgadir sochishi kerak edi. Zahar sochish uchun esa birgina so‘z talab etilardi. Ana shu so‘z kosa surilganda «Ha, ovqatning nimasi yoqmadi?» yoki «men pishirgan ovqat keyingi paytda yoqmay qoldi o‘zi» tarzida aytilmog‘i darkor edi. Aytilmadi. Endi bunday so‘zni o‘zi sug‘urib olishi kerakmi? Kerak!
— Odam yeydigan ovqat qilsang, bir nima bo‘lib qolasanmi? — Bu — Zohidning degani.
— Odam yeydigan ovqat bo‘lmay, nima bu? — Buni xotini aytishi lozim edi. Aytmadi. Nigohini olib qochish bilan cheklandi.
— Tuz tekinmi? Chelaklab soldingmi? — Bu — Zohidning aytgan gapi.
— Tuz solganim yo‘q, peshonamning sho‘ri oqib tushdi. — Bu — xotini aytmagan gap.
Yo‘q, zahar sochishning ham imkoni bo‘lmadi. Bu kunga qarg‘ish tekkanmi, o‘z xotiniga baqirishning ham ilojini qilmadi. Zohid zahar sochishning yangi yo‘llarini izlab o‘tirganida telefon qo‘ng‘irog‘i jiringlab, xotini ustiga to‘planayotgan bulutlar tarqaldi. Zohid Hamdamning ovozini eshitishi bilan yengil tortdi.
— Qachon keldingiz? Tez ko‘rishishimiz kerak, — dedi Zohid shoshilib.
— Bo‘pti, anhor bo‘yiga kel. Yaxshi gaplar bor. Erisang, aytaman, — dedi Hamdam quvnoq ohangda.
— Maqsud akamni kun bo‘yi topolmadim.
— Men hozir gaplashdim. Chaqiraymi?
— Yaxshi bo‘lardi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:31:08

    Anhor sohilidagi oshxonaning ish vaqti tugagan, faqat bir-ikkita stolda erka mijozlar maishatlarini davom ettirar edilar. Hamdam barvaqtroq kelgani uchun joy hozirladi. Uning kimligini yaxshi bilgan oshxona xo‘jayini xizmatda bo‘ldi. «Prokuraturadan nozikroq odamlar» kelishini bilgach, yanada ildamroq xizmat qildi.
Zohid kelishi bilan Hamdam:
— Ishdan gapirmay tur, o‘larday ochman, — deb ogohlantirdi-da, ikkita piyolaga aroq quydi. — Qani, oldik. Olaylik, oldirmaylik, yigit o‘lmaylik, balo ko‘rmaylik.
Hamdan piyolani bir ko‘tarishdayoq bo‘shatib, o‘ylanib turgan Zohidni asta turtdi:
— Ol, tortinma, sening hisobingdan bo‘lyapti. Zo‘r gap bor.
Zohid ham deyarli och edi. Aroq darrov ta’sir etdi.
— Ayting, o‘sha zo‘r gaplaringizni, — dedi ikkinchi piyoladan keyin.
— Oqsoqol kelsinlar, sabr qil.
Mayor Soliev ko‘p kuttirmadi. U ham uyida ovqatlanishga ulgurmagan edi. Davraga qo‘shila qoldi.
— Barvaqt qaytibsanmi? — deb so‘radi u, likopchadagi go‘shtga qo‘l uzata turib.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:31:33

— U yoqda biz qiladigan ishning o‘zi yo‘q, — dedi Hamdam. — Ish Maskovliklardan ortmayapti. Bizni dastyorlikka yuborishganmi, hayronman. Meni Pyotr Ivanovich deganiga tirkab qo‘yishdi. Qarasam, meni ishga aralashtiradigan emas. «Shunchani qamaysan» degan plan bilan kelganmi, yengil-elpi tergov qilib, ishni sudga oshiradigan. U-bu, desam, aralashma, deydi. He, dedim, onang Stalinga o‘ptirgan bo‘lsa ham, o‘zingni bos. Men ham pastu baland narsaga tushunaman. Senga dastyor bo‘ladigan ahmoq yo‘q, dastyorga muhtoj bo‘lsang, malla bolalardan qo‘shib qo‘yaymi, dedim. Ming‘ir-ming‘ir bo‘lsa ham mardligi bor ekan. Pastu balandga tushunsang, izingga qaytaver, men xo‘jayinlaringga bir nima deb qo‘yaman, dedi. Nazarimda, ular bizning borishimizdan cho‘chishdi. Bizni nazorat qilishga kelishgan, deb o‘ylashdi shekilli.
Hamdam shunday deb piyolalarga yana quyda-da, Zohidga qaradi:
— U yoqqa men emas, sen borishing kerak ekan. Haqiqat degan narsaning bunchalik bulg‘anib tashlanishini umringda ko‘rmagansan. Anqovlarni bir chekkadan terib olishib, bilgan oshlarini ichib yotishibdi.
— Qanaqa anqovlar? — deb so‘radi Zohid ajablanib.

Qayd etilgan