Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264627 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 ... 54 B


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:32:12

— Tomoshaga chiqqan anqovlar-da. Kimlardir yoqqan, o‘ldirganu juftakni rostlab qolgan. Anqovlar esa «nima bo‘lyapti ekan?» deb tomoshaga chiqqan paytda nazarga tushgan. Ijrochilar ketib, tomoshabinlar qarmoqqa ilingan. Men shuncha yurib, bir narsaga tushunmadim. Odamlarni yoqib yuborishibdi. Benzin sepib yoqishibdi. Bunaqasini ko‘z ham ko‘rmagan, quloq ham eshitmagan. O‘zbek, ayniqsa farg‘onaliklar g‘azabga minsa, «he enangdi» deb shartta kalla qo‘yadi, juda jonidan o‘tib ketsa pichoqqa yopishadi. Yigirmanchi yillardagi qirg‘inda ham odam yoqishmagan ekan. Bu qanaqasi bo‘ldi?
Mayor bu gapni eshitib, qo‘lidagi piyolani joyiga qo‘yib, stol ustini cherta boshladi.
— Qiziq gap, — dedi u o‘ychan tarzda. — Mulohaza qilib ko‘radigan gap.
— O‘ylaganda-o‘ylamaganda biz hech nima qila olmaymiz. G‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan. Biz bir-ikki o‘g‘rini ushlab, qamab, kerilib yuribmiz. Bu yoqda biz bilmagan, ming o‘ylab bir kallaga kelmagan ishlar bor ekan. Nimalargadir aqlim yetib turibdi, lekin o‘sha nimalarnidir isbot qilib bera olmayman. Isbot qila olmaganimdan keyin mening aqlimga no‘l baho! Xo‘sh, bu gaplarning foydasi yo‘q. Qorin to‘ydi, bir g‘am ketdi. Bo‘ladigan gaplardan gaplashaylik. Prokuror, dardingni ayt.
    Zohid kavkazliklarning o‘limi haqida bilganlarini, gumonlarini bayon qildi. Hamdam diqqat bilan eshitdi. Mayor Soliev stol chertish bilan ovora bo‘ldi. Zohid gapdan to‘xtab, mayorga qaradi.
— Eshituvdim, — dedi Soliev xotirjam tarzda. — Gumonlaringda jon bor. Lekin bu o‘lim tasodif bo‘lishi ham mumkin.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:32:30

— Guvohlarni yo‘qotishga kirishishgan bo‘lishsa-chi? — dedi Hamdam.
— Bo‘lishi mumkin. Unda endi kimning gali?
— Albatta o‘likxonadagi badbasharaniki, — dedi Hamdam.
— Badbashara? U kim? — deb so‘radi mayor Soliev.
Hamdam bugungi hangomalarni bir boshdan, batafsil aytib berdi.
— Agar yanglishmasam, endi ikkita guvoh qoladi. Bittasi o‘sha, yana bittasi — taksi haydovchisi. Ularni qo‘ldan chiqarmaslik kerak.
— Nima qilamiz? Qo‘riqlaymizmi? — deb so‘radi Zohid.
— Foydasi yo‘q. O‘likxonadagini qamash kerak. Taksichini qochirib yuboramiz. Buni o‘zim eplashtiraman.
— Ertalabgacha o‘ylaylik, — dedi mayor Soliev.
— Bu ham yaxshi taklif. Prokuror, endi cho‘ntakni kavla. Oshxona xo‘jayiniga salom berib qo‘y. Olmayman, deb noz qiladi-yu, ammo cho‘ntagiga besh-  o‘n tanga solib qo‘yaver. Yana qornimiz og‘rib yurmasin.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:34:47

XIX  b o b

1

    Chuvrindi Anvarni bo‘lajak safardan ogoh etgach, Elchinnikiga bordi. Kechagi ahdlashuvga muvofiq Elchin Halimjonni topib, uyida kutishi lozim edi. Har ishda aniqlikni, puxtalikni yaxshi ko‘radigan Chuvrindi bu safar ham odatiga xiyonat qilmay, aytilgan vaqtda keldi.
    Darvoza eshigi ochiq bo‘lgani uchun Elchin uning kelganini bilib, o‘rnidan turdi. Halimjon ham turib unga ergashdi. Chuvrindi o‘rnidan qo‘zg‘olmadi, o‘tirgan yerida so‘rashdi-da, Halimjonga qarab «o‘tir» degan ma’noda orqa o‘rindiqqa qarab qo‘ydi. Elchin «men ham borayinmi?» demadi. Chuvrindi unga «siz ham yuring» deb lutf qilmadi.
    Mashina o‘rnidan qo‘zg‘olgach, Chuvrindi Halimjonga ko‘zgu orqali qaradi: «Gavdasi chayir, yaxshi. Ko‘zida ma’no bor. Qaeridir Jamshidga o‘xshaydi. Shu o‘xshashlikni sezsalar, Bek akamga ma’qul bo‘lar...»
— Mening kimligimni bilasanmi? — deb so‘radi Chuvrindi, unga bir qarab olib.
— Elchin akam aytdilar.
— Unda qayoqqa borayotganimizni, kimligimizni ham bilarsan?
— Ha.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:35:05

— Asadbekni eshitgansan-a? Odamlar har xil gaplar to‘qib yurishadi. O‘sha gaplarga ishonasanmi?
— Gaplar ko‘p-ku, qaysi birini aytasiz?
— Masalan... — Chuvrindi bir oz o‘ylandi. — Masalan... odam o‘ldirishga.
— Ishonsam ham bo‘ladi, ishonmasam ham.
— Bu nima deganing?
— Ishonsa bo‘ladi, deganimki, odamlar o‘lib turibdi, yo‘qolib turibdi. Kimlardir qilyapti bu ishlarni. Asadbek qachondir...
— U senga Asadbek emas, o‘rtog‘ingmi Asadbek, deysan?! Bek aka, deb ayt!
— Xo‘p... Bek aka qachondir odam o‘ldirtirgan bo‘lsalar, bas, bo‘rining og‘zi baribir qon-da. Agar meni o‘shanda o‘ldirib yuborishganda, balki buni ham odamlar Asadbek akadan ko‘rarmidilar.
— Endi ishonmasligingni ayt.
— Ishonmasligimki, o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganman. Men hammaning gapiga ishonaveradigan laqma emasman.
«Durustsan, bola», deb qo‘ydi Chuvrindi.
— Agar senga odam o‘ldirishni topshirsak-chi, bajarasanmi?
— Yo‘q.
— Javob berishga shoshilma. Avval o‘ylab ko‘r.
— O‘ylasam-o‘ylamasam javobim bitta.
— Biz bilan birga bo‘lgan kishi buyruqni bajarmasa o‘yindan chiqqan hisoblanadi. O‘yindan chiqdimi, demak, u xoin. Xoinning jazosi esa...
— O‘limmi?
— Boshqa jazolar ham bor.
— Baribir odam o‘ldirmayman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:35:27

— Qiziq... agar nomusingga tegadigan ish bo‘lsa-chi, unda ham o‘ldirmasmiding?
Halimjon javob qaytarmadi. «Agar qizga yetisha olmasam ularni o‘ldiraman», deb ont ichgan edi. Ammo qasamni amalga oshirishga qudrati yetadimi, yo‘qmi — aniq bilmasdi.
— Men bir narsa so‘raganimda darrov javob ber.
— Bilmadim... Har holda o‘ldirishga harakat qilardim. Yoki...
— Nima yoki? Fikringni yashirma.
— Yoki... o‘zimni o‘ldirardim...
Chuvrindi kuldi:
— Bu yigitning gapi emas! Yigitning nomusi toptalsa o‘ch olishi shart. O‘chning sharti bir — o‘lim! O‘ch ololmay o‘zini o‘ldiradigan odam yigit emas, hajiqiz! Bilib qo‘y, bunaqa gapingni boshqa eshitmay.
    Mashina uch qavatli bino qarshisida to‘xtaganida Halimjon «nima uchun bu yerga keldik?» deb ajablanib, Chuvrindiga qaradi. Halimjon bu yerga talaba do‘stlari bilan bir necha marta kelgan, uchinchi qavatdagi yig‘ilishlarda ishtirok etgan, otashin nutqlarni eshitgan edi. Do‘stlari otashnafas nutqlardan to‘lqinlanib, qarsaklar chalishganda u taajjublangan. Bir kuni do‘sti:
— Gaplarini eshitdingmi, zo‘r u odam! — deb hayajonlanganida u:
— Bunaqa gaplarni televizorda ham, choyxonada ham ming-ming odam gapirib yotibdi. Kesakdan olov chiqqanday hovliqasan-a? Bu odaming zo‘r alkashga o‘xshaydi. Hozir bu yerdan chiqib shotirlari bilan yuzta-yuzta otadi. Gaplari esidan ham chiqib ketadi. Mingta gapirgandan ko‘ra, bitta ish qilsin, qoyil bo‘lay, — degandi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:36:01

    O‘rtog‘i esa undan ranjib: «Xalq fidoyilarini tushunmasang, bu yerga boshqa kelma», dedi. Halimjon ham: «Agar xalq fidoyilari shunaqalar bo‘lsa, xalqning sho‘ri qurigan ekan. Bu yeringga kelmadim ham, ko‘rmadim ham, kuymadim ham», deb oyog‘ini tortgan edi. O‘shandan beri bu binoga yaqin kelmayotgan edi. Hozir mashina to‘xtagandagi taajjubi shundan.
    Halimjonning qimirlamay o‘tirishini ko‘rib Chuvrindi «Tushmaysanmi?» dedi-da, pastga olib tushuvchi zina sari yurdi. Halimjon taajjubdan qutulmagan holda unga ergashdi.
    Chuvrindi Bo‘tqaning salomiga alik olib, to‘g‘ridagi eshikni ochdi. Halimjon unga ergashmoqchi edi. Bo‘tqa yo‘lini to‘sib yon eshikni ochdi.
— «Bu qanaqa joy? Shularning idorasimi? Qiziq, yuqorida boshqa gap, pastda boshqa ish. Toza topishgan ekan», deb o‘yladi Halimjon.
    Halimjonni yarim soatdan so‘ng chaqirishdi. Unga qadar xos xonada Asadbek avval Krasnoyarga borish maslahatini qildi. So‘ng Chuvrindi Halimjon haqida bilganlarini gapirib berdi.
— Oldin obdan sinash kerak edi, — dedi Kesakpolvon. — To‘g‘ri boshlab kelganing chakki bo‘libdi.
— Sinashning hojati yo‘q. Uni qarzdor qilib qo‘yganmiz. To‘g‘riso‘z bola ekan, menga shunisi yoqdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:36:21

    Chuvrindining shu qat’iy xulosasidan so‘nggina Halimjonni chaqirdilar.
    Ko‘rinishidan chayir bo‘lgan yigitning xonaga kirib kelishi, salom berishi Asadbekka yoqdi. Uning qaerinidir Jamshidga o‘xshatib yuragi g‘alati bo‘ldi.
    Halimjon o‘zi uchun notanish bo‘lgan ikki kishiga bir-bir qarab olib, «qaysi bir Asadbek ekan?» deb o‘yladi. Chuvrindi uning o‘yini o‘qiganday o‘tirganlarni tanishtirdi:
— Bek akam, — deb Kesakpolvonni ko‘rsatdi. So‘ng Asadbekka qaradi: — Haydar akam.
Halimjon jilmaydi.
— Ha, nimaga ishshayyapsan? — dedi Kesakpolvon, zarda bilan.
— Uzr, — dedi Halimjon. — Men bu kishini Bek akamikinlar, deb o‘ylabman.
— Nega shunday deb o‘ylading? — dedi Chuvrindi.
— Ko‘rinishlari, qarashlari, o‘tirishlari boshqacha. Savlatlari bor.
— Boshqacha deganing nimasi?
— Nima desam ekan... — Halimjon o‘ylanib turib Asadbekka tikildi. So‘ng Kesakpolvonga qaradi: — Siz xafa bo‘lmang, Bek aka, bu kishida boshqacha viqor bor...
Kesakpolvon g‘ijindi. Chuvrindi esa kulib qo‘ydi.
— To‘g‘ri topding. Bek akam bu kishi.
— Odam ajratishni-ku, bilarkansan, tashqaridagi akang bilan solishsang, eplaysanmi? — deb so‘radi Kesakpolvon. — Yo hebbimga o‘xshab tagiga tushib yotib olasanmi?
Halimjon uning kimni nazarda tutayotganini fahmladi-da, yelkasini qisdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:36:44

— Qo‘rqasanmi?
— Qo‘rqishga-ku, qo‘rqmayman. Lekin sinamagan odamimga bir nima deyishim qiyin. Xudo xohlasa bo‘sh kelmasman.
— O‘zingga ishonmaysanmi?
— O‘zimga ishonmasam, sizga ro‘para bo‘lmas edim.
— Hozir chiqib pachaqlab tashla, desak bajarasanmi?
— Vaziyatga qarayman. Sinash uchun aytsangiz bajarmayman. Zarur bo‘lsa, boshqa gap.
— Demak, o‘ylab ko‘rasan, shundaymi? Aqling shunaqa ko‘pmi?
— O‘zimga yetarli bordir, deyman.
— Men bilan shunday gaplashgani qo‘rqmaysanmi? Jahlim chiqsa shartta otib tashlashim mumkin-ku, a?
— Jahlingizni chiqaradigan gap aytmadim-ku? Siz so‘rayapsiz, men javob beryapman. Javobim yoqmasligini bilsam ham to‘g‘risini aytyapman. Sizga yaxshi ko‘rinish uchun boshqacha gapirolmayman.
    Asadbek Kesakpolvon bilan Halimjonning savol-javobini diqqat bilan tingladi. Javoblardan yetarli qoniqish hosil qilib o‘rnidan turgach, Halimjon gapdan to‘xtadi. Asadbek tashqariga chiqmoqchiday eshik tomon yurdi. Ammo Halimjonning yonidan o‘tayotganida keskin burildi-da, uning jag‘iga musht tushirmoqchi bo‘ldi. Sergak turgan Halimjon o‘zini chetga olishga ulgurdi. Asadbek ikkinchi marta urmoqchi bo‘ldi, bu safar ham yigit chap berdi. Kutilmaganda Kesakpolvon o‘rnidan sapchib turdi-da, uning qarshisida yashin tezligida paydo bo‘lib, tepdi. Biroq, oyog‘i mo‘ljalga yetmay, muvozanatini yo‘qotib, yiqildi. Halimjon bularning qilig‘ini tushunmay, o‘zini devor tomonga olib, mushtini tugib, himoyaga shaylandi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:37:10

Kesakpolvon o‘rnidan turib yana tashlanmoqchi bo‘lganida Asadbek uning yo‘lini to‘sdi:
— Chiranma, yetadi, — deb Halimjonga yaqinlashdi-da, yelkasiga urib qo‘ydi. — Qani, o‘tir.
Kesakpolvon mulzam bo‘lganini sezdirmaslik uchun Asadbekning qilig‘ini qaytardi: yigitning yelkasiga asta mushti bilan urib «durust» deb qo‘ydi.
Hamma joy-joyiga o‘tirgach, Asadbek Halimjonga qarab dedi:
— Sen hozircha Haydar akang bilan birga bo‘lasan. Bizning ishimiz ham nozik, ham xatarli. Biz bilan birga bo‘lsang, faqat himoyani o‘ylamay, hujumga shay turishing kerak. Bizning ishimiz faqat hujum bilan bitadi. Hozircha shuni bilsang bas. Qolganini keyin gaplashamiz. Aqling borligi yaxshi, ammo biz aytgan ishni so‘zsiz bajarishing kerak. Aql bizda ham bor. Bir ish buyurishdan oldin o‘ylaymiz biz ham. Kunimiz odam urishu o‘ldirish bilan o‘tmaydi. Endi boraver, ertaga seni o‘zimiz topamiz.
— Bek aka, yuragimni qon qilib yurgan bir gapim bor, aytib olay?
— Ayt.
— Men o‘tgan yili aeroportda tirikchilik qildim. Bilet olib-sotdim. Kassir qiz bilan chiqishib qolgan edim. Menga uydan pul kelmaydi, aravamni o‘zim tortishim kerak. Besh-o‘n so‘m ishlab turuvdim. Bir yigit «bu yerdan tuyog‘ingni shiqillat» dedi. Aeroport kimga qarashini bilasiz, a? Men ham o‘shanda bildim. Agar o‘zbek kelib «bu joyga burningni suqma» desa, Xudo ursin, boshqa qadam bosmasdim. Unga bo‘sh kelishni istamadim. Yana ogohlantirdi. Uchinchi marta to‘rt kishi bo‘lib kelib urmoqchi bo‘ldi. To‘rttalasining jag‘ini yorib, keyin oyog‘imni uzdim. Bu qanaqasi, Bek aka, o‘zbek o‘z yurtida o‘z rizqini terib yura olmasa? Sizlar bilib turib nimaga indamaysiz? Siz uning yurtiga borib shunday xo‘jayinlik qila olasizmi? Bir kun... yo‘q, bir soat ham qo‘yishmaydi.
— Bo‘ldi, tushundim maqsadingga. Har ishning vaqti-soati bor. Hozir ular bilan olishishning vaqti emas. To‘g‘ri, urinsak, ularga bemalol kuchimiz yetadi, lekin ularni suyab turgan tog‘ bor. Buni o‘zing keyinroq tushunib olasan.
Asadbek gap tamom, degan ishora qilgach, Halimjon chiqdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 14:42:06

2

    Asadbek Krasnoyarga nima maqsadda ketayotganini aytgach, Jalil «men ham boraman» deb qoldi. Aslida Asadbek uni mazkur safarga taklif etmoq uchun uyiga borgan, «to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytsam, bobillab bermasin», deb gapni uzoqdan boshlagan edi.
    Tayyora yerdan ko‘tarilgach, uning birga ketayotganidan quvondi. Harholda, bu safar bolalik xotiralari bilan bog‘liq. Bolalik xotiralari Jalilsiz to‘kis bo‘larkanmi? Jalil ham, Asadbekning o‘zi ham otasini yaxshi eslashmaydi. Urushga ketayotganida go‘dak edilar. Qaytgach esa, uzoq vaqt birga bo‘la olmadi. Diydoriga to‘ymay yana ayirdilar.
    Otasi o‘lmagan kim bor... deganlaridek, hamma ham qachondir yetim qoladi. Ammo ota diydoriga to‘ymay yetim qolishning armoni bo‘lakcha. Ota qabrining bo‘lmasligi yana yomon... Nihoyat bir yomonlik chekinganday bo‘ldi. Uzoq yerlarda bo‘lsa ham qabr mavjud ekan. Asadbek shunga shukr qilib boradi.
    Tayyora bekasi yo‘lovchilarni shirin suv bilan siylagach, Jalil cho‘ntagidan qog‘oz chiqardi-da, pichirlab o‘qiy boshladi. Asadbek uning qayta-qayta o‘qishidan nimanidir yod olayotganini fahmladi. Hozir u suhbatlashib ketishni istayotgan edi. Shu bois

Qayd etilgan