Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264604 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 ... 54 B


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:30:35

— Voy, berdi, yozib olasizmi? — Manzura aytdi, Chuvrindi yozib oldi. Keyin «hozirning o‘zida gaplashamiz» deb tinchitgan bo‘ldi. Chindan ham o‘sha zahoti Moskvadagi raqamni terdi. Doktor Xudoyor degani xonasida yo‘q edi, javob bo‘lmadi. Chuvrindi yana ikki qayta qo‘ng‘iroq qilgach, Manzurani tinchlantirish maqsadida uning raqamini terdi. Manzura telefon yonidan jilmagan edi, bir jiringlashdayoq go‘shakni ko‘tardi. Chuvrindi: «Doktor Xudoyor bilan gaplashdik. Bolalar sog‘, tijorat maqsadida bir gap ayttirib yuborishgan ekan. Shu oy ichi kelishga tayyorlanishayotganmish», deb Manzurani tinchitdi. Ammo o‘zi xavotirli savollar to‘riga o‘raldi. Yana Moskva raqamini terdi. Javob bo‘lmagach, Kesakpolvonga qo‘ng‘iroq qilib, ogohlantirdi.
Chuvrindi oltinchi urinishda Moskva bilan bog‘lana oldi. Go‘shakdan salobatli ovozni eshitgach, beixtiyor ravishda salom berdi.
— Vaalaykum salom, marhabo afandim,— degan javobni eshitgach, o‘zini tanitib, bu zotning tasodifiy qo‘ng‘irog‘idan bir oz xavotirga tushganlarini ham ma’lum qildi.
— Uzrimni qabul eting, afandim,— dedi doktor Xudoyor.— Aytilajak omonat gapim Asadbek janoblarining o‘zlarigagina atalgani sababli ul janobning ahli ayollariga aytmoqni lozim topmadim. Ammo bilingizkim, xavotir olmog‘ingizga aslo asos yo‘qtur. Aytajak gapimning ma’nosi xayrli kechajakdir. Asadbek janoblari lutf qilib buraya kelsalar edi, cho‘x go‘zal bo‘lurmi edi, afandim. Mening-da safarim uch kundan so‘ng xalos bo‘lajak.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:30:58

— O‘zbekistonga kelmaysizmi?
— Oh, O‘zbekiston qalbimdadir, ammo bormog‘imga ijozat yo‘qtur. Afsuslar chekurman.
Chuvrindi bu gapdan so‘ng ezmalanib o‘tirmadi. Bugun yoki ertaga yetib borajaklarini ma’lum qilishi bilan u tomonda go‘shak joyiga ilindi. Chuvrindi doktor Xudoyorning kimligini bilmasa-da, uning Ovrupo odatlari ruhida tarbiya topgan o‘zbeklardan ekanini fahmladi. Chuvrindi yana Kesakpolvonga qo‘ng‘iroq qilib, Olmoniyadan kelgan vatandoshning yurtga kelishi uchun ijozat olish mumkinmi yo yo‘qmi ekanini aniqlashni topshirdi. Kesakpolvon buni Asadbekning topshirig‘i sifatida qabul qilib, ishga hoziroq kirishajagini aytdi. Tun yarmidan oqqan bo‘lishiga qaramay, Chuvrindi Kozlovga ham qo‘ng‘iroq qildi. Bularning olamida tunmi, kunmi, odam xastami yo sog‘mi— farqi yo‘q, zarur gap chiqdimi, telefon qilinadi yo izlab topiladi. «Sen meni tunda uyqumni buzding» yoki «xastaligimda bezovta qilding» degan gaplar bo‘lmaydi. Chuvrindining mezbonga bemalol qo‘ng‘iroq qilishi shu yozilmagan qoida asosida edi.
    Kozlov ovoz berib, bir esnab olgach: «Eshityapman, gapiravering», dedi. Chuvrindi doktor Xudoyorni O‘zbekistonga kelishi uchun ruxsat olish masalasini hal etish mumkinmi, deganda «no‘ problem», deb gapini kalta qildi.
    Tongga yaqin avval Kesakpolvon, so‘ng Kozlov qo‘ng‘iroq qilishib bu masalani yechish aslo mumkin emasligini aytishdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:31:17

— Moskvada turganining o‘zi katta gap ekan,— dedi Kozlov.— Bunaqa siyosatga aralashmaganinglar ma’qul. Ularning hisob-kitoblariga bizning tishimiz o‘tmaydi.
— Unda bugunoq Moskvaga uchishimiz kerak.
— Yaxshi, uch kishiga buyurib qo‘yaman.
— Moskvaga Bek akam bilan uchamiz. Jalil akani uyiga yuboramiz.
— No‘ problem. Mahmud, bilib qo‘y, kecha vrach bilan gaplashdim. Asadning kasali jiddiy. Yaxshi davolanmasa uzoqqa bormasligi mumkin, degan taxminlari bor. Moskvada olib qolib, o‘sha yerda davolash kerak. Men u yerdagi odamlarimga tayinlab qo‘yaman.
    Ish jadallashib ketdi. Uch soat deganda Chuvrindi bilan Asadbek tushgan tayyora Moskvaga qarab uchdi. Jalilni esa Kozlovning yigitlari peshindan so‘ng kuzatadigan bo‘lishdi. Jalil tungi qo‘ng‘iroqlardan bexabar, do‘stining «tuzalib qolganidan» mamnun bo‘lib, «bularning Maskovda bitadigan ishi bordir, xira pashshaday yuramanmi orqalaridan» deb uyga yolg‘iz qaytishga ko‘ndi.
Asadbek o‘zini bir don cho‘qib, bir atrofga xavotir bilan alanglab qo‘yadigan musichaga qiyos qilardi. O‘g‘illarim o‘zimga o‘xshab umr bo‘yi qil ko‘prik ustida yashashmasin, deb bolaliklaridan o‘qishlariga jiddiy e’tibor berdi. Yuqori sinfga chiqishgach, qo‘shimcha muallimlar yolladi. O‘g‘illarini sira ham o‘zining ishlari, tashvishlariga yaqinlashtirmadi. Oldinma-keyin maktabni bitirgan o‘g‘illarining Moskvada o‘qishlarini istadi. So‘ng, Germaniyaga borib o‘qish imkoni tug‘ilgach, hech ikkilanmay jo‘natdi. Manzuraning xavotirlariga ham, injiqliklariga ham parvo qilmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:31:47

    Bolalarini ikki yildan beri ko‘rmagan edi. Bu yozda ta’tilga kelishlarini kutayotgandi. Doktor Xudoyorning kutilmagan tashrifi, garchi u xayrli gapni va’da qilgan bo‘lsa-da, Asadbekning tinchini olgan edi. Xastalik sababmi yo ikki yillik sog‘inchmi, uning halovati buzilgandi.
    Ertalab Chuvrindidan voqeani eshitgach, doktor Xudoyorga o‘zi qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldi. Hatto telefon go‘shagini ko‘tarib, dastlabki raqamlarni terdi ham. Keyin «bu telefonda gaplashadigan gap emas» yoki «Men Olmoniyadan kelib, senga gap aytaman desamu sen telefonda oliftagarchilik qilasanmi?» deb qolsa yaxshi bo‘lmas, degan fikrga kelib, shashtidan qaytdi. Hozir go‘yo osmon ham, undagi tayyora ham qimir etmay turgan kabi tuyulib, yuragi siqildi-yu, qo‘ng‘iroq qilmaganiga afsuslandi. Keyin: «har holda yaxshi gap aytarkan-ku, yomon xabar bo‘lsa bir uchini chiqarardi...» deb o‘ziga o‘zi tasalli berdi. Tayyora bekasi nonushta bilan siylagach, mudroq bosib, suyanchiqni pastlatdi.
    Tayyora Asadbekning jismini Krasnoyardan tobora uzoqlashtirayotgan bo‘lsa-da, xayoli uni iziga qaytarardi. Avvaliga uni qabriston bo‘sag‘asida o‘sha qariya qarshiladi. Qarshiladi-yu, bosh chayqadi. «Men sening kimligingni bilaman. Shuning uchun so‘ramadim. Sen esa: «Nima uchun so‘ramadi-ya?» deb o‘ylab ham ko‘rmading» dedi. Asadbek «Men tijorat bilan kun ko‘raman», dedi. Qariya bosh chayqadi. «Tijorat — daraxtning barglari. Daraxtning tanasi bor, oziq oladigan ildizlari bor. Sendan qo‘rqaman. Sendaylar mana shu qamoqda bizlarga kun bermas edi». Qariya shunday deb teskari qaradiyu ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. So‘ng... o‘t bosgan qabrlar orasida otasi ko‘rindi. Bir qo‘lida chana, bir qo‘li bilan imlab chaqiradi:
— Kelaqol toychoq, chanada uchiraman,— deydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:32:09

— Hozir yoz fasli, chanada uchilmaydi,— deydi Asadbek.
— Kelaver toychoq, uchiraman. Esingdami, oxirgi ko‘rishganimizda senga chana olib kelgan edim. Ammo uchirolmadim. Shu mening armonim. Kel, armonim ushalsin.
— Qishda kelaman, uchirasiz.
— Kel, albatta kelasan, uchiraman. Samandar ham shu yerda, onang ham shu yerda. Hammamiz bir bo‘lib uchamiz... Kel toychoq, kelaqolgin...
Ko‘katlar yamlab yutganday otasi yo‘q bo‘ldi.
— Ota!..
Asadbekning nafasi qaytdi.
— Bek aka, Bek aka...— Chuvrindi yelkasiga asta turtib uyg‘otdi.— Yomon tush ko‘rdingizmi?
— Alahsiradimmi, baqirdimmi? — dedi Asadbek qaddini rostlab.
— «Ota!» dedingiz... Yarangiz yangilandi. Shunaqa tushlar ko‘rib turasiz endi.
Tasalli uchun aytilgan bu gapni eshitib Asadbek bosh irg‘ab qo‘ydi. So‘ng bir oz sukut saqlab, Chuvrindidan so‘radi:
— Sen ham tushingda otangni ko‘rasanmi?
— Yo‘q.
— Ko‘rmaganing ma’qul.
— Nega?
— Hali yoshsan... Vaqtiki kelib otangni tushingda ko‘rsangu, otang «kel bolam, otga mindiraman», desa ehtiyot bo‘laver.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:32:21

— Siz... shunaqa irim-sirimga ishonasizmi? Men ishonmayman. Umuman... men otamni tushimda ko‘rmasam kerak. Uning surati bo‘lganida ham, uni sog‘inib, qo‘msasam ham boshqa gap edi.
— Yoshsan, Mahmud, ko‘p narsalarga aqling yetmaydi. Men Krasnoyarda bekor yotib o‘ylay-o‘ylay bir haqiqatning tagiga yetdim: biz bu dunyoda o‘zimizga xon, o‘zimizga bekmiz, deb kerilib yurarkanmizu, ammo o‘zimiz istagancha yashamas ekanmiz. Bizni qandaydir kuch boshqarar ekan.
— Xudomi?
— Balki Xudodir. Men buni bilmayman. Diniy ilmim bo‘lganida senga aniqroq bir narsa aytardim. Qaytganimdan keyin Sobitxon bilan uchrashsak, undan so‘raydigan savollarni yig‘ib qo‘ydim.
— Borgunimizcha oyoqqa turib qolar. Do‘xtir «yurib ketishiga umid bor», devdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:32:53

2

    Moskvaga kun yoyila boshlagan mahalda yetib, qo‘nishdi. Asadbek ham, Chuvrindi ham tayyorada Kozlovning yigiti kuzatib kelganidan bexabar edilar. Kuzatuvchi ulardan avvalroq harakat qilib tayyoradan tushdi-da, zina oldida ularni qarshiladi:
— Ko‘chada mashina kutib turibdi,— dedi u, ikkovini baravar ajablantirib. So‘ng ko‘chaga chiqib, mashinaga o‘tirishgach, izoh berdi: — «Rossiya» mehmonxonasidan joy buyurilgan. Sizga kerakli mehmon ham o‘sha yerda shekilli, a?
    Ular mehmonxonaga joylashishgach, Asadbekning yuvingani kirganidan foydalanib, kuzatuvchi yigit Chuvrindiga kimningdir ismi yozilgan bir shapaloqday qog‘oz berdi:
— Mana shu vrach ertaga soat o‘nda sizni kutadi. Zarur bo‘lsa uy yoki xizmat telefoniga istagan paytda qo‘ng‘iroq qilavering, ogohlantirib qo‘yganmiz. Mana bu Krasnoyardagi tibbiy xulosalar. Xo‘jayinga ko‘rsatmas ekansiz, — u shunday deb qo‘lidan qo‘ymay kelayotgan qog‘oz o‘ramini uzatdi. — Men bir soatdan so‘ng yana kelaman. Qaysi xonaga joylashganimni aytaman. Ketguninglarcha sizlarning xizmatingizda bo‘laman. Buyruq shunday bo‘lgan.
    Ular doktor Xudoyor bilan bir qavatdagi xonaga joylashgan edilar. Chuvrindi chiqib navbatchidan doktor Xudoyor kelishi bilan xabardor qilishini so‘radi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:33:37

    Oradan bir yarim-ikki soatcha vaqt o‘tgach, doktor Xudoyorning xonasiga kirib ketgani ma’lum qilindi. Chuvrindi «men ham chiqaymi?» deganday Asadbekka qaradi. Asadbek ikkilandi. «Sen qolaver», desa ko‘ngli og‘riydi, boshlab chiqsa-da, doktor Xudoyor «bu yolg‘iz o‘zingizga aytiladigan gap», desa yana noqulay. Asadbekni bu o‘ng‘aysiz holatdan Chuvrindining o‘zi qutqardi:
— Restoranga tushib, besh-olti kishilik joy tayyorlab turaman,— deb o‘rnidan turdi.
Asadbek eshikni taqillatgach, ichkaridagi odam nemischalab nimadir dedi. Asadbek tushunmadi. Adashdimmi, deb iziga qaytmoqchi bo‘lganida eshik ochilib, o‘rta bo‘yli, qorachadan kelgan, tilla halli ko‘zoynak taqqan oltmish yoshlardagi kishi ko‘rindi. U Asadbekni ko‘rishi bilan jilmaydi-da:
— Marhabo,— dedi,— fikri ojizimcha siz Asadbekdirsiz, a? Marhabo, janob, qalbimdasiz.
Asadbek salom bergach, ostona hatladi-da, so‘rashmoq uchun qo‘l uzatdi.
— Biz uchun vatandosh ila bundayin tarzda ko‘rushmak cho‘x uyatdur,— u shunday deb Asadbek bilan quchoqlashib, yuzini yuziga bosdi.— Sizdan Vatan havosi keladur, cho‘x mamnundirman, afandim.
Doktor Xudoyor uni ichkariga boshlab kirdi. Asadbek joylashib o‘tirgach, o‘zini tanitdi:
— Afandim, sizni men bilurman. Cho‘x go‘zal o‘g‘ullaringiz vordur. Bir olmaning bir yuzi sizu yana bir yuzi farzandu arjumandlaringiz, demak mumkindir. Kamina doktor Xudoyor. Katta bobom Xudoyorxonning qulog‘iga azon aytmish ekanlar. Otam rahmatli shu voqeani unutmaslik maqsadi ila menga Xudoyor ismini bermish ekanlar. Men Turkiyada kamol topdim, so‘ngroq Olmoniyaga ilm istab keldimki, hanuz shundadurman. Biofizika ilmini durust fahm etib, Olmoniyada xizmatdadurman. Moskvada olam olimlari konferans etmish ekanlar. Menda Olmon fuqarosi sifatida ishtirok eturman. Mening safarga otlanajagimni xabarlab janob Muzaffarxon bir o‘tinch qilibdurlar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:34:02

— Muzaffarxon? Kim u?
— Siz u zotni bilmaysiz?
— Yo‘q.
— O, u zot cho‘x go‘zal insondur. Olmoniyadagi turkiylar orasinda cho‘x e’tibori vordur. Vatandoshlar u zotni cho‘x e’zoz eturlar. U zotning boyligi ham hisob bilmas. Sizning farzandu arjumandlaringiza janobning nazarlari tushibdur. Olloh Muzaffarxonga boylik barobarinda ikki qiz ham bermish. Muzaffarxon janoblari ikki o‘g‘lingiza oshiq bo‘lub, ularnida kuyav o‘g‘ul qilish ilinjida avval Ollohdan so‘ngra siz janobdan izn so‘raydurlar. Janobingizni, alalxusus, sovchi desangiz-da ma’qul bo‘laverar,— doktor Xudoyor shunday deb jilmaydi.
Ertalabdan beri turli gumonu fikrlarga bandi bo‘lgan Asadbek uchun bu taklif kutilmagan edi.
— Yuzma-yuz o‘tirib fikrlashmakka amr etilgani sababindan sizni bu yona chorladimki, ayb etmassiz. Agarchi bu taklifni ma’qul ko‘rsangiz, siz ham, Muzaffarxon janoblari ham tashvishlardan xalos bo‘lursiz. Ya’nikim, farzandlaringiz emin-erkin holda ilm olajaklar. Muzaffarxon esa qizlarini mo‘’min, solih farzandlarga beradur, qizlari Vatanda yashamoq sharafiga yetajaklar, inshoolloh.
— Javobni hozir aytishim shartmi? — dedi Asadbek.
— Yo‘q, aslo! — dedi doktor Xudoyor.— Bizning ixtiyorimizda bir kun vordur. Konferans ertaga xalos bo‘lajak. Men indin sabox ketajakman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  10 Noyabr 2007, 15:34:26

— O‘g‘illarimning bu gaplardan xabarlari bormi?
— Albatta. Ularda rizo. Siz rizo bo‘lsangiz, barcha to‘yga hozirdur. Siz o‘ylamangki, Muzaffarxonning qizlari Ovrupo qizlari kabidur, deb. Aslo, ular muslimadurlar. O‘zbekchani so‘zlamaknida, urf-odatnida mendan durust bilurlar.
    Doktor Xudoyor o‘rnidan turib stol ustidagi qog‘ozlar orasidan ikki varag‘ini olib, Asadbekka uzatdi:
— Bu Olmoniyaga da’vatdur. Rizo bo‘lsangiz     ahli ayolingiz kuzatuvida borursiz. To‘yni avval atta qilurmiz. Rizo bo‘lmasangizda borursiz, Olmoniyani tomosha etursiz. Siz istak bildirurmisizki, hozir telefon qilib Muzaffarxon ila so‘zlashmakka?
— Yo‘q, hozir emas. Ozgina o‘ylab olay. Agar imkon bo‘lsa, o‘g‘illarim bilan gaplashib olardim.
— Cho‘x go‘zal fikr, afandim,— doktor Xudoyor telefon go‘shagini ko‘tarib, Olmoniya bilan ulashlarini iltimos qilib lozim raqamni aytdi. Buyurma qabul etilgach, Asadbekka yuzlandi: — To‘rt soat kutmog‘imiz zarur ekan.
— Unga qadar, mehmon, birga choy ichsak. Restoranda joy tayyor. Bir-ikki og‘aynilarni ham taklif etavering. Uyga borganingizda-ku, boshqacha kutardik.
— Nasib... nasib...— dedi doktor Xudoyor.— Afandim, choy ichmakka men rizo. Faqat yuvinib olayin.
    Asadbek yarim soatdan so‘ng kirajagini aytib, xonasiga qaytdi-da, uyiga qo‘ng‘iroq qildi. Manzuraning savollariga qisqa qilib javob bergach, doktor Xudoyorning yo‘qlovidan maqsadini aytdi.

Qayd etilgan