Buning o‘zi yigirma yildan beri shu yerda. Galma-gal turamiz. Hozir ismen almashadigan paytga keldingiz. Ismen bahona ikkita chol valaqlashib olamiz-da.
Zohid choyni ichib bo‘lib piyola uzatgach, maqsadini aytdi:
— Mamasodiq aka, bundan o‘n ikki o‘n uch yil oldin shu idorada Jamshid degan yigitcha ishlagan ekan, eslaysizmi, bir qizni zo‘rlayman, deb qamalib ketgan ekan?
— Jamshidmi? Sunnatvoyning o‘g‘lini aytyapsiz-da, a?
— Ha. Bir qizni...
— Bo‘lmagan gap! Boyaqish mo‘min-qobil bola edi. Otasi ham tilla odam. Hozir yotib qolgan...
— Yosh bola narsaga shayton vasvasa qilgan bo‘lsa, ko‘zi qonga to‘lgan payt sho‘xlik qilgandir, — dedi Mamasodiqning sherigi.
— E, yo‘q, qo‘ysangiz-chi bu gaplarni, — dedi Mamasodiq bosh chayqab. — Siz uni ko‘rmagansiz, bilmaysiz. Shaytonga bo‘yin egadigan bolamas edi. Bu yerda bir tuhmat bo‘ldi chog‘i.