Asadbek bir necha nafas harakatsiz turgach, burilib, uy tomon yura boshladi. U endi yaqindagina mag‘rur qadamlar bilan uydan chiqqan Asadbek emas, o‘lim to‘shagi sari borayotgan xasta odam ko‘rinishida edi. Uch-to‘rt qadam bosgach, u to‘xtab, o‘girildi:
— Do‘xtirga olib bor.
Shunday deb uyga kirib ketdi.
Chuvrindi reja o‘zgarganini fahmladi. Hojasidan «yana nima qilay?» deb so‘ramadi. Asadbek gapni cho‘zmadimi, demak, bu yog‘i uning fahm-farosatiga bog‘liq. Chuvrindini Yaratgan fahm-farosatdan qismagani esa Asadbekka ma’lum. Agar hozir Kesakpolvon bo‘lganida «G‘ilayni bog‘la, Otarchini do‘xtirga olib bor, «uyida kimdir otib ketibdi», de, qorong‘u tushganida Hosilni ko‘mib kel», deb birma-bir tushuntirgan bo‘lardi.
Chuvrindi tezlik bilan harakat qilib, avval ipak kanop bilan G‘ilayning qo‘l-oyoqlarini bog‘ladi, so‘ng yelimli tasmani og‘ziga yopishtirdi. Shundan keyingina Elchin ustiga engashib, biqin tomoni qonga belanganini ko‘rdi.