Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 283032 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 13:57:49

Abdurahmon tabib uning iltimosini rad etib, ketiga kelishtirib tepgandan battarroq ish qildi. Garchi uning uloqchi otlari manzilga yetib bormagan bo‘lsa-da, Kesakpolvon xumordan chiqmadi. Asadbek bilan Chuvrindining birgalikda g‘oyib bo‘lgani esa gumon o‘tiga moy sepib alanga oldirdi. Bir jussada gumon bilan alam alangasi chirmashar ekan, yigitlarning so‘kish eshitib, musht yoki tepki yeyishlaridan boshqa ilojlari yo‘q. Koshki edi, bir tepki-yu musht bilan bu alanga o‘cha qolsa. Yigitlar navbatdagi zarbalarni kutib, boshlarini xam qilib turishganida telefon asabiy jiringladi. Aslida telefon odatdagiday jiringlagan, ammo jahl torlari tarang tortilib turgan boloxonadagilar uchun shunday tuyulgan edi. Yigitlardan biri shoshilganicha go‘shakni ko‘tarib, qulog‘iga tutdi. U:
— Assalomu alaykum, Mahmudjon aka, — deyishi bilan Kesakpolvon go‘shakni qo‘lidan yulqib oldi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 13:58:34

— Mahmud! — dedi zardali ovozda. «Qayoqda yuribsanlar?» deb so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, «izlaganimni bilmay qo‘ya qolsin», degan maqsadda tilini tiydi. Uning jimib qolganidan Chuvrindi foydalandi:
— Ie, Haydar aka, qayoqda yuribsiz, qidiraverib enka-tinkamiz chiqib ketdi-ku?
— Yuribman qarichlab o‘lcha-ab, — dedi Kesakpolvon yana zarda bilan. Keyin ichida «Qidirasan-a, qidirasan, yo‘q bo‘lib ketsam, do‘ppingni osmonga otarsan!» deb g‘ijindi. Shu bois so‘rog‘i yanada zardaliroq chiqdi: — Asad qaerda?!
— Bilmayman... — Chuvrindi shunday deb tin oldi.— Arkda bo‘lsalar kerak. Yigitlarda gapim bor.
Kesakpolvon tushundi. Ayrim hollarda, ayniqsa telefonda gaplashilganda Asadbekning qaerdaligini aytish mumkin emas edi. Shu bois faqat eng yaqin odamlargina tushunadigan tarzda uning qaerdaligiga ishora qilinardi. Hozir Chuvrindi «Bilmayman... arkda bo‘lsalar kerak», dedimi, demak, u eski shahardagi ota hovlisida.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:01:25

Kesakpolvon go‘shakni yigitga bergach, «U yerda nima qiladi? Tez-tez boradigan bo‘lib qoldi. Yo bir baloni boshlamoqchimi?..» deb o‘ylandi.
Chuvrindining gapi qisqa bo‘ldi. Yigit «Xo‘p bo‘ladi, akaxon», deb go‘shakni joyiga qo‘ydi. Kesakpolvon ijirg‘anibroq so‘radi:
— Akaxoning nima dedi?
— Otarchining... — Yigit Chuvrindining buyrug‘ini so‘zma-so‘z takrorlamoqchi bo‘ldi-yu, ammo «otarchi»ning Bek akasiga kuyov ekanini eslab boshqacharoq ohangda aytdi: — Hofiz akamning moshinalarini yangi kasalxona yo‘liga haydab borarkanmiz...
— Nimaga?
Yigit «bilmayman» deganday yelka qisdi.
— Mashinasi Asadning mahallasidami?
Yigit bosh irg‘ab tasdiq ishorasini qildi.
— Otarchining o‘zi qaerda ekan?
— Bilmayman.
— Telpon qil-chi?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:01:39

Go‘shakni u tomondan hech kim ko‘tarmagach, Kesakpolvon ikki yigitga ijozat berdi. O‘zi boloxonada bir necha nafas o‘tirib, nima qilish lozimligini fikrladi. Ko‘ngli g‘alamislikni sezib, yigitlarning izidan bormoqchi bo‘ldi. «Hoynahoy u yerda Mahmud kutib turgandir, poylab borganimni bilsa, xitlanadi», degan fikrga kelib, shashtidan qaytdi. «Asad yolg‘izdir, borib gaplashay-chi», degan qarorda o‘rnidan turdi. Katta ko‘chadan eski mahallaga burilishda Xumkallaning kulrang «Jiguli»sini ko‘rib, mashinani to‘xtatdi. Barmoqlarida kalitni o‘ynab turgan Xumkalla yangi hojasini ko‘rdi-yu, pildirab yurib kelib uning qarshisida paydo bo‘ldi.
— Nima qilib turibsan? — deb so‘radi Kesakpolvon o‘tirgan yerida.
— Xizmatdamiz, akaxon, — dedi Xumkalla atrofga bir alanglab olgach.
— Qachondan beri?
— Ertalabdan.
— Kim bor?
— Hozir kim borligini bilmayman.
— Akaxoning shu yerdami?
— Shu yerda edilar. Bir soatcha bo‘ldimi...

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:02:28

— O‘zi kelib, o‘zi ketdimi?
— O‘zlari keldilar... Ketishda... orqada Hofiz akamni ko‘rganday bo‘ldim... yana Xudo biladi. Sizdan sal oldinroq bolalar kelishib moshinasini haydab ketishdi.
— Ro‘lda akaxoningmidi?
— Yo‘q... Halim.
— Otarchining kelganini ko‘ruvmiding?
— Ko‘ruvdim.
— Yana kim keldi?
— Bu tomondan boshqa hech kim. Balki narigi tomondan...
Kesakpolvon «tushunarli» deb eshikni yopmoqchi edi, Xumkalla uni to‘xtatdi.
— Akaxon, bir gap: ko‘chaning narigi betida boyvachchaning bollari g‘imirlab yurishibdi. Ular ham peshindan beri shu yerda.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:03:23

— Boyvachchaning o‘zi ko‘rinmadimi?
— Bir ko‘ringanday bo‘ldi... Yana Xudo biladi.
«Bular nimadan is olgan bo‘lishlari mumkin?»
Xayoliga kelgan bu savolga javob topish uchun fursati yo‘q edi. Shu bois ko‘p o‘ylab o‘tirmay, haydovchining yelkasiga turtib, «hayda» dedi.
Mashinaning chirog‘i Asadbekning eshigi og‘zida turgan Bo‘tqani yoritgach, chindan ham «bir balo bo‘lganini» fahmladi. Shu sababli eski uy qarshisida to‘xtamay o‘tib ketdi. Kesakpolvonning mashinasini tanib peshvoz chiqmoqchi bo‘lgan Bo‘tqa taraddudlangan yerida ajablanganicha qolaverdi.
Kesakpolvon mahallaning narigi biqinidagi katta ko‘chada ham Chuvrindining yigitlarini ko‘rgach, «bir balo bo‘lganiga» aniq ishonib, iziga qaytdi. Hozir uni birov to‘xtatib, «Hosilboyvachcha shu uyda o‘ldirildi» desa, ishonmay, «bor toshingni ter», deb jerkib tashlagan bo‘lardi. Uning ko‘nglida vahm ilonini qo‘zg‘otgan fikr boshqa: Asadbekka bir narsa bo‘lgan-u Chuvrindi otni qamchilab qolgan. Shuning uchun atrofni yigitlari o‘rab turibdi!

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:03:41

Shu fikrga bandi bo‘lgan holda mashinadan tushib, Bo‘tqaning salomiga alik ham olmay, eshikni zarb bilan ochib, ichkariga qadam qo‘ydi. Qadam qo‘ydi-yu, hovlida cho‘zilib yotgan ikki odam qorasini ko‘rib, taqqa to‘xtadi. U «bir balo bo‘lganini» sezgan edi, ammo hovliga qadam qo‘yib, ikki o‘lik ustidan chiqaman, deb xayol qilmagandi. Cho‘zilib yotganlarni ko‘rib, ikkovini ham o‘lik deb o‘yladi. G‘ira-shirada avvaliga ularni tanimadi. Shu sababli eshikka yaqinroq yotganiga engashib qarab, G‘ilayni tanidi. Qo‘l-oyog‘i bog‘langanidan uning hali tirikligini fahmladi. Keyin yuziga eski qog‘oz parchasi tashlangan Hosilboyvachchani tanib, bir seskandi. Dovon oshib kelayotganida Hosilboyvachcha bilan hufyona uchrashmoqni, gap gapga qovushsa, vaqtinchalik ittifoq tuzmoqni xayol qilgandi. Chuvrindini yo‘ldan supurib tashlash uchun shu ittifoq zarur deb topgan edi. Chunki Asadbekning umr shami o‘chib borayotganidan darak topgan Hosilboyvachcha ham tek turmas, bir tomondan Chuvrindi, ikkinchi tomondan Hosilboyvachcha yurish qilsa, orada xarob bo‘lishiga aqli yetardi. U xaroblikdan qutulish chorasi deb g‘anim tomonni ko‘zladi. Ko‘zladi-yu, oradan bir necha soat o‘tib, peshonasi tosh devorga urildi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:04:28

U o‘zicha reja oshi masallig‘ini tayyorlab kelayotganida bu yerda Asadbek bilan Chuvrindi ish oshini pishirib qo‘yishga ulgurishgan edi.
Murdani tanigani hamon «Nega o‘ldirishdi?» degan savol miyasiga urildi. So‘ng «Nega men bilmay qoldim, nega mendan yashirishdi?» degan savol gumonlar po‘rtanasini qo‘zg‘adi. Shundan so‘nggina ko‘p yillik do‘sti, ajralmas sherigi yodiga tushib, atrofga alangladi: ichkarida chiroq o‘chiq. Hovlida odam qorasi ko‘rinmaydi.
Kesakpolvon xavotirga tushib, atrofni yigitlar qo‘riqlayotganini unutdi. Panjasi biqiniga botib turgan to‘pponcha sari yugurdi. So‘ng beixtiyor ravishda baqirdi:
— Asad!
Nazarida bu ovozdan atrof guldurab ketganday tuyuldi.
— Asad!
— Bo‘kirma, bu yoqqa kel.
Qiya ochiq derazadan chiqib kelgan Asadbekning ovozi undagi xavotir alangasini o‘chirdi. Qo‘lini to‘pponchadan olib, uy tomon yurdi.
— Asad, nima bo‘ldi? — dedi ostona hatlab.
— Ho‘kizga o‘xshab bo‘kirma, dedim, senga.
— Asad, nima bo‘ldi?
— Nima bo‘lganini ko‘rmadingmi?
— Ko‘rdim... Nimaga o‘ldirding?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:04:53

— O‘lgisi kelgan ekan, o‘ldi. Menikiga uni ajali haydab kelgan. Endi sen gapni chuvallashtirmay qo‘ya qol.
— Nima uchun mendan yashirding?
— Yashirganim yo‘q. O‘zing qayoqdagi tezaklarni terib yuribsan? Choyxonangdan chiqib qayoqqa g‘oyib bo‘lding?
«Surishtiribdi-da...» — deb o‘yladi Kesakpolvon. Shu fikrning o‘zi uni bir oz tinchlantirdi. «Har holda butunlay surib chetga chiqarmabdi», deb taskin topay deganda Shayton alayhila’na asta kelib qulog‘iga shivirladi: «Bu ishni kecha rejalashtirmagandir? Uch-to‘rt kun pishitgandir? Mahmud bilan fikrlashgandir?..»
Shayton shivirini tilga chiqarmoqchi edi, Asadbek gapirtirgani qo‘ymadi:
— Boyvachchani ko‘mdir. G‘ilay seniki. Nima qilsang qil: oyog‘idan osasanmi, qaynoq suvga bo‘ktirasanmi, o‘zingning ishing. Ertalabgacha yigitlari qo‘l qovushtirib, salom beradigan bo‘lishsin.
Bu topshiriq shivirlayotgan shaytonni nari surib, yuragiga chiroq yoqdi. Och yotgan ajdaho birdaniga o‘nlab odamlarni tiriklayin yutib qanday rohatlansa, Kesakpolvon shunday huzurlandi. Bu buyruq Kesakpolvon uchun kutilmagan baxt edi. Shu baxt quyoshidan ko‘zlari qamashib, iyib ketdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:05:04

— O‘zing tuzukmisan? — dedi mehribonlik bilan.
— Nima, oldin buzuqmidim? — deb to‘ng‘illadi Asadbek.
Gap bir oz sovuq ohangda aytilgan bo‘lsa-da, Kesakpolvon buni hazil sifatida qabul etib, do‘stining yelkasidan quchdi.
— Tez bo‘l, imillama! — deb buyurdi Asadbek.
— Eshvormagan — nomard! — dedi Kesakpolvon. — Ertalab hammasi emaklab kelib, etagingda namoz o‘qiydi.
— Katta ketma. Isi chiqmasin. Namoz o‘qishlari shart emas, ammo hammasining og‘zini tikib chiqasan. Bittasi ovoz chiqarsa... keyin mendan xafa bo‘lib yurma.
Keyingi gap iyib turgan ko‘ngilga muz parchalarini sochdi.
— Sen... og‘ayni... oliftagarchilik qilma. Shu paytgacha qaysi ishning isini chiqaruvdim?
— Jirillama!

Qayd etilgan