— Men o‘g‘ri emasman, — dedi u o‘qituvchiga tik qaray olmay.
Shu zahoti uning yuziga shapaloq tushdi:
— Sen, unsurning bolasi, menga to‘ng‘illama. Dars tugaguncha peroni joyiga qo‘ymasang — qamalasan! Endi hamma turib, xalq dushmanining o‘g‘liga, o‘g‘riga o‘z nafratini izhor qilsin!
Kesakpolvon nafrat qanday izhor qilinishini bilmas edi. Otasi qamalganidan beri bunday xorlik tuzini tatib ko‘rayotgan Asadbek qochmoqchi bo‘ldi. Ammo sinf rahbarining omburday qo‘llari qulog‘ini burab, joyidan jildirmay qo‘ydi. Bolalarning ayrimlari unga yaqinlashib, tap tortmay tupurdilar. Ayrimlari esa qo‘rqa-pisa «tuf» deb o‘tdilar. Sinf rahbari istamayroq tupurganlarni to‘xtatib, nafratni astoydilroq izhor etishga majburladi. Shu zaylda nafratlar izhor etilib bo‘lingach, sinf rahbari Kesakpolvonga qarab:
— Sen-chi? — dedi.
Dushmanlar ro‘yxatiga tushib qolmaslik uchun Kesakpolvon ham tupurdi. Bu dunyoning ajabtovurligi shundaki, valadi zino halolga, o‘g‘ri to‘g‘riga tupurdi! Kesakpolvon boshqalarga qo‘shilib «nafratini izhor» etdi-yu, «Hali bu abjag‘imni chiqarmasa edi», deb qo‘rqdi.
Tanaffus paytida sinfning zo‘ri bo‘lmish Asad bolalarni chertmadi ham, so‘kmadi ham. Hovliga chiqib, daraxtga suyanganicha ma’yus holda turaverdi. Ertaga qichishi mumkin bo‘lgan yerini bugun qashib qo‘yishni o‘rganayotgan Kesakpolvon unga qo‘rqibgina yaqinlashdi.
— Og‘aynichalish, sen mendan xafa bo‘lma. Agar tuflamasam mendan ko‘rardi.
Asadbek o‘ziga nisbatan yoshi ham, bo‘yi ham qisqa bu bolaga bir qarab oldi-yu, indamadi.
— Peroni sen olmagansan. Otang dushman bo‘lgani uchun...