Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 283036 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:35:49

Zohid esa izlagani, gul deb o‘ylagani sassiq alaf bo‘lib chiqqan onlarda afsuslanadi, ammo ishonch bilan izlayveradi. Zohid ilm gulshani sari borayotib o‘z yo‘lini to‘qayzorga o‘zi burdi. U to‘qayzorda sassiq alaflarning, qamishlarning, gulni payhon qilg‘uvchi to‘ng‘izlarning ko‘pligidan ajablanmaydi. Uni qiynaydigan savol bitta: bu haqsizlik to‘qayzori qachon obod bo‘ladi? Inson farzandlari qachon adolat gulshanidan bahra oladilar? Bu savol uyg‘ongan damda yashirin bir ovoz «hech qachon!» deb javob beradi. Ana shunda Zohid bu ovozni bo‘g‘adi, adolat gulini topmoq ishonchini so‘ndirmaydi. Uning bu ishonchi uzoq davom etuvchi xastalikka o‘xshaydi — o‘lib o‘la qolmaydi, jonlanib, jonlanmaydi. Ishonchi o‘lib qola qolsa edi, u haqsizlik to‘qayzorini butunlay tark etib, umidini shu yerning o‘ziga dafn qilib qutular edi.
Bugun ko‘rgan-kechirganlari uning ishonchini yana o‘lim to‘shagiga qulatdi. U zindon nima ekanini, zindon azobi qanday bo‘lishini bilmaydi. Lekin xonasi hozir unga zindon kabi tuyuldi. Devorlar o‘rnidan siljib, xona torayayotganday, uni ezayotganday bo‘ldi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:36:05

Yana bir oz shunday tursa, ruhining azoblanishiga chiday olmasligini fahmladi. Xayolini nima bilandir chalg‘itishi lozimligini angladi. Bu xonada xayolini chalg‘itishning yagona yo‘li — joyiga o‘tirish, Said Qodirovning aytganini bajarish — yuqoriga arznoma yozish. Shu yumush o‘ziga ham ma’qul kelib, joyiga o‘tirgach, qog‘oz oldi-yu, yoza boshladi. Vujudini ezayotgan hasratlari harflarga aylanib, qog‘ozga tushdi-yu, sal yengil tortganday tuyuldi. Said Qodirovga qo‘ng‘iroq qildi. U tomondan javob bo‘lmagach, rahbari bergan «Ish»ni hafsalasizlik bilan varaqlay boshladi. «Ish â„–... Botirov Shokir... 1986 yili 21 dekabr kuni balog‘atga yetmagan qizni zo‘rlagan. O‘zbekiston SSR jinoyat protsessual Kodeksining 94-moddasi... O‘n bir yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan... Prokuror o‘n besh yil so‘ragan... Jinoyatchilar to‘rt kishi bo‘lgan... Sud esa birgina Botirovni hukm etgan... Botirov muqaddam, 1980 yilda O‘zSSR jinoyat protsessual Kodeksining 89-moddasi bilan sudlangan...»

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:36:17

Shu joyga kelganda Zohid sergak tortdi. Hatto huquq ilmidan bexabar odamning ham aqli yetadigan masalaga nechun sud e’tiborsiz qaragan? Qolgan uchta jinoyatchi qani?
Zohid «Balki sahifalar o‘rni almashib ketgandir», degan o‘y bilan qog‘ozlarni bir-bir ko‘zdan kechirdi. Keyin zo‘rlangan qiz — Mohira Nuriddinovaning suddagi ko‘rsatmalarini o‘qib chiqdi. Uni to‘rt yigit chala bitgan to‘rt qavatli imoratga boshlab borgan. To‘rttalasi ham nafsini qondirgan. Lekin... ular orasida Botirov bo‘lmagan. Tergov paytida «Botirovni ko‘rsatasan», deb majburlashgan...
Zohid «Ish»ni yopib, o‘ylanib qoldi. Nazarida bu «Ish» ham Sunnatullaevga oid «Ish»ning mantiqiy davomiday tuyuldi. Bir necha yillar muqaddam Sunnatullaev tuhmat bilan qamalgan. (Zohid bugungi voqeadan so‘ng uning tuhmat bilan qamalganiga qat’iy ishonch hosil qildi). — Botirovning «Ish»idan ham tuhmatning isi kelib turibdi.
«Bunday tuhmat bilan qamatishdan kim qanday manfaat ko‘radi? Sharif Namozov «Ish»ida o‘rtada mol-dunyo turibdi. Sunnatullaev esa o‘sha xonimchadagi yo‘q nomusga qurbon bo‘ldi. Botirov nimaning qurboni bo‘lgan?»
Zohidni taajjubga solgan yana bir narsa — dastlabki sud Botirovni jinoyatchi deb topib, o‘n yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan. Oradan fursat o‘tib, shahar sudi bu qarorni bekor qilib, Botirovni beayb deb xulosa chiqargan. Lekin oradan yana bir necha oy o‘tib, uchinchi marta sud bo‘lgan. Bu safar Botirovning «jinoyati» o‘n bir yillik qamoq bilan «taqdirlangan». Uchta hakamning uch xil munosabatiga sabab nima? Nima uchun ikkinchisi Botirovni oqlagan? Poraning kuchi bilanmi? Birinchisi bilan uchinchisiga pora bera olishmaganmi? Qiz nima uchun sudda boshqa, tergovda boshqa gaplarni aytgan? Botirovning odamlari qo‘rqitishganmi yo pul berib sotib olishganmi?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:36:32

Tergovda bir gapni aytib, sudda boshqasini aytish Zohid uchun yangilik emas. Tergovda aybini bo‘yniga olgan jinoyatchilar sudda «Men aybsizman, urishganlari uchun qo‘rqib, tilxat berdim», deb bez bo‘lib turib olishadi. Zohid hech yodidan chiqara olmaydi: bir o‘g‘rini jinoyat ustida ushlab, ish sudga oshirilganda u: «Meni azoblab qiynashgandi, men o‘g‘ri emasman», deb turib olgan edi. O‘ziga nisbatan bo‘lgan bu tuhmatga Zohidning chidashi qiyin bo‘lgan edi. Oradan yillar o‘tib, hozir eslasa, eti jimirlab ketaveradi. Shu sababli ham Hamdam Tolipovning usulini yoqtirmay, u bilan ko‘p bahslashardi.
Zohid «Ish»ni yana varaqlab, qiziqishi orta bordi. So‘ng Botirovni shahar qamoqxonasiga ko‘chirish, qizni va boshqa guvohlarni tergovga chaqirish xususida kerakli hujjatlarni tayyorlashga kirishdi. Lozim qog‘ozlar taxt bo‘lganida shom qorong‘usi cho‘ka boshlagan edi.
Ikki kundan so‘ng uning xonasiga hali yigirmaga to‘lmagan qiz bilan yoshi ellikdan oshgan, odmi kiyingan, qotmadan kelgan ayol kirib keldi. Zohid tergov boshlash uchun qog‘oz-qalamlarini tayyorlayotgan damda qizga zimdan razm soldi. Sho‘xligi, o‘yinqaroqligi bilinib turibdi. Ammo ko‘z qarashlarida buzuqlik alomati sezilmaydi. Sunnatullaevga osilgan xonimchaday g‘arko‘z emas.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:36:43

— Xola, iltimos, siz tashqariga chiqib turing. Avval qizingiz bilan gaplashib olay.
Zohid muloyimlik bilan murojaat etgan bo‘lsa-da, ayol zardali ovoz bilan javob qaytardi:
— Nima gapingiz bo‘lsa mening oldimda so‘rang. Sizlarni bilaman, sirtmoqni aylantirib kelib qizginamning bo‘yniga tashlaysizlar. Uch yildan beri hali u yoqqa sudrab, hali bu yoqqa sudrab, qizim sho‘rlikni jinni qilib yuboray dedingizlar.
— Agar mendan gumonsirayotgan bo‘lsangiz, marhamat, advokat yollang, advokat ishtirokida so‘roq qilay.
— Advokatingizga to‘laydigan pulim yo‘q, — dedi ayol zardali ovoziga yana kuch berib. — Advokatingiz nima-yu siz nimasiz... — ayol «bir go‘rsizlar», demoqchi bo‘ldi-yu, tilini tiydi. Zohid uning fikrini uqib:
— Oq it, qora it — baribir itmi? — dedi piching bilan.
— Unaqa demoqchimasman.
— Siz meni birinchi marta ko‘rib turibsiz. Bu «Ish»ni men kavlab chiqarganim yo‘q. Qizingiz sud nohaq, prokuror nohaq, deb katta idoralarga arz qilibdilar.
— Ha, arz qildi. Jinoyatni qilganlar ayshini surib yurishibdi. Siz bir sho‘rlikni qamab, adolat bo‘ldi, deb kerilib yuribsiz.
— Uni men qamaganim yo‘q shekilli?
— Siz bo‘lmasangiz boshqasi. Men siz deb idorangizni aytyapman, — dedi ayol so‘ziga aniqlik kiritib.
— Mening idoram ham qamamaydi. Siz jinoyatchilarning ayshini surib yurganlarini qaerdan bilasiz?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:37:11

— Qizimning o‘zi ko‘rgan ularni. Ko‘chada ko‘rgan. Bir sho‘rlik boyaqishning qamalib yotishiga mening vijdonim chidamaydi.
— Qizingizni ariza yozishga siz undadingizmi?
— Qizim ahmoq emas, unda ham vijdon bor. Sizdaqalarda... — Ayol gap kelganda otasini ayamaydigan toifadan edi. Xonaga kirganida «bu bola g‘idi-bidi desa bir boplay», deb ko‘ngliga tukkan edi. Zohidning muloyim muomalasi uni shashtidan qaytardi.
— Bizdaqalarda vijdon yo‘qmi? — dedi Zohid, uning chala qolgan gapini davom ettirib.
— Unaqa demoqchimasman... O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: qizim bilan katta idoraga bordik. Adolat qiling, bir boyaqishning umri zavol topmasin, dedik. Gaplarimizni eshakka aytsak tushunardi, u odam tushunmadi. Qizim shunda «agar adolat qilmasangiz o‘zimni yoqaman», dedi. U to‘nka nima deb javob qilganini bilasizmi?
— Siz aytsangiz bilaman.
— U to‘nka, qizimga gugurtini uzatdi. «Mang, yoqsangiz yoqing», dedi baloginaga uchragur. Keyin menga «Siz chiqib turing», dedi. Men merov bo‘lmasam chiqarmidim? Chiqdim. Insofga kirgandir, desam u qirchiningdan qiyilgur qizimga «Kechroq keling, sizni zo‘r joyga ishga kiritib qo‘yaman», debdi. He, idorang boshingdan ordona qolsin-a...
— Xolajon, bu gaplarni qo‘ying. Mening ishim boshqa. Mayli, menga ishonmasangiz o‘tiravering, — Zohid shunday deb bir oz sukut saqlagach, qizga qaradi:— Nuriddinova, bo‘lgan voqeani bir boshdan aytib bering.
— Anavi qog‘ozlaringizda bor-ku hamma gap? — dedi ayol.
— Men o‘zlaridan eshitmoqchiman. Siz aralashmay o‘tiring.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:37:21

Qiz xo‘rsinib qo‘ydi. Oradan yillar o‘tgan bo‘lsa-da, unga o‘sha sharmandali voqeani eslash og‘ir edi. O‘sha voqeadan so‘ng yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolsa mayli edi. O‘shandan beri bu holatni necha marta bayon etdi. Yigitning shirin so‘zlariga uchib, o‘smirlikning bevosh sururiga bandi bo‘lib, o‘sha mashinaga chiqmaganida, dugonasiga qo‘shilib uyiga ketaverganida, o‘sha imorat ichiga kirmaganida bu mashmashalar yo‘q edi. Imorat sari yurayotganida aql ko‘zi ko‘r edi. Birinchi yigit bilan rohat bahrida suzayotganida ham ojiz edi. Bu aql ko‘zi qurg‘ur ancha kech ochildi. Bilmayin bosilgan tikonning azoblarini bilganida edi bevoshlik ko‘chasiga qadam qo‘ymagan bo‘larmi edi...
Zohid uning qiynalayotganini sezib, dalda berish maqsadida:
— Demak, 1986 yil, 21 dekabr, — deb qog‘ozga shu sanani yozdi.
— Adamlarni ko‘rgani kasalxonaga boruvdik...
— Soat nechada? Kim bilan boruvdingiz?
— Soat to‘rtlarda... Dugonam Shahlo degan qiz bilan... Ko‘chada to‘rtta yigit turgan ekan. Moshinada aylantirib kelamiz, deyishdi. Shahlo uyiga ketdi. Men chiqdim.
— Mashina kimniki edi?
— Bilmadim.
— Taksi edi, — dedi ayol aniqlik kiritib.
— Xola, siz aralashmay turing, — dedi Zohid unga tanbeh berib. — Demak, mashina kimniki edi?
— Taksi edi...

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:39:07

— Taksiligini qaerdan bildingiz?
— Haligi... anaqasi bor edi.
— Nimasi?
— Ko‘k chirog‘i... Keyin tomida ham belgisi bor edi.
— O‘sha mashinada anhor bo‘yidagi imoratga bordinglarmi? Birinchi bo‘lib sizga kim yaqinlashdi? Botirovmi?
— Voy, u bola bo‘lmagan, — dedi ayol.
— Xola, siz menga xalaqit beryapsiz. Chiqib turing, — dedi Zohid qat’iy tarzda. Keyin fikri qat’iyligini anglatish uchun o‘rnidan turib, eshikni ochdi. Ayol endi baland kelolmasligini fahmlab, asta o‘rnidan turdi. Turish jarayonida qizining yelkasini chimchiladi.
— Ovsarmisan, muncha lalayasan? — U eshik ostonasiga yetganida Zohidga eshitilarli tarzda ming‘irladi: — Tergovlaring ham ordona qolsin. Meni adoyi tamom qilasanlar hali. To‘rttagina go‘rso‘xtani ushlab qamash qo‘llaringdan kelmasa, nimalaringga kerilasanlar?!
Zohid joyiga o‘tirgach, so‘roqni davom ettira olmadi.
So‘roqni yakunlab, qiz chiqib ketganidan so‘ng ham ancha paytgacha qo‘li ishga bormadi. «Menga qolsa, — deb o‘yladi u, — Botirov bu ishga aralashgan bo‘lsa ham qamamas edim. «Zo‘rlash»... deymiz. Bu qanaqasiga zo‘rlash bo‘lsin? Bitmagan imoratga o‘z oyog‘i bilan yurib borgan. Birov uni sudramagan. Qo‘l-oyoqlarini ushlab turmagan hech kim. U dod solib yordamga chaqirmagan. Nimasi zo‘rlash buning? «Nomusga tegish»... deymiz. O‘sha imoratga kirgunicha nomusi bo‘lganmi o‘zi? Zohid buni ham so‘radi qizdan. Qiz o‘shangacha hech kim bilan yaqin bo‘lmaganini aytdi. Lekin Zohid bu gapga uncha ishonmadi. Bu rohatni avval totib ko‘rmagan qizning ovloq joyga indamay kirib borishi mumkin emasday tuyuldi unga.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:39:36

                                                                                    4

Botirovning «Ish»i bahona bo‘lib, Zohid vujudiga egalik qilayotgan bekorchi xayollardan qutula bordi. Nazarida aynan shu «Ish» tufayli adolat manziliga yetib boradiganday edi. U hali «Botirov — gunohsiz» degan fikrdan uzoq. Biroq, ko‘p masalalarning huquq chegarasidan narida hal etilgani uni ajablantirardi. Zohid muammolarning chigal iplarini yechishga urinayotgan damlarida uning arznomasiga rad javobi berildi — Sunnatullaev «Ish»i rasman yopildi. Said Qodirov bundan xabardor qilib qo‘ygani uchun Zohid ko‘kka sapchimadi. Bu «yangilik»ni yuvosh bola kabi xotirjam tarzda qabul qildi. Shu voqeaning ertasiga uni Said Qodirov yo‘qladi.
Zohid yo‘qlovdan maqsad yana Sunnatullaev ishi bo‘lsa kerak, deb o‘ylab, gapni shu masaladan boshladi. Muovin ayolga uchrashgani, boshlig‘ining qo‘ng‘iroq qilganini... aytib berdi. Said Qodirov bu gaplarni ruhsiz holda eshitdi. Zohid buni sezib gapini qisqa qildi.
— Bu endi siz bilan men uchun o‘tmish. Lekin uni keraksiz matoxday ko‘chaga uloqtirmang. Taxmonga ko‘rpacha taxlaganday taxlab qo‘ying. — dedi Said Qodirov. — Vaqti keladi hali, o‘shanda olib ishlatasiz. Siz bir yangilikni eshitdingizmi-yo‘qmi, shuni bilish uchun yo‘qladim.
— Qanaqa yangilik?
— Hosilboyvachchaning yo‘qolganidan xabaringiz bormi?
— Hosilboyvachcha? Qanaqasiga yo‘qolarkan?
— Shunaqa... izsiz yo‘qolgan.
— Qiziq... Shunday odam ham izsiz yo‘qolarkanmi? Shotirlari-chi? Tirikmi hammasi?
— Tirik.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 14:39:46

Zohid Said Qodirovning ko‘zlariga qaradi. Bu ko‘zlarda zohir bo‘lgan quvlik uning Hosilboyvachcha taqdiridan voqif ekanini sezdirib qo‘ydi. «Meni sinamoqchimi? «O‘ylab ko‘r-chi, fahming nimaga yetar ekan?» demoqchimi? Bu jumboqning nimasi og‘ir ekan? Shotirlari tirik. O‘zi esa yo‘q... Demak...»
— Demak, bir-birlarini qirishni boshlabdilar-da? — dedi Zohid undan ko‘zlarini uzmagan holda.
— Shunaqaga o‘xshaydi. Mendagi ma’lumotlarga qaraganda Hosilboyvachcha o‘ldirilgan. Asadbekning eski shahardagi uyida o‘ldirilgan.
— Ma’lumot?... — Zohid «kimning ma’lumoti?» deb so‘ramoqchi bo‘ldi-yu bunday savol javobsiz qolmog‘i mumkinligini anglab, gapni burdi: — Ma’lumotga ishonsa bo‘ladimi?
— Ma’lumot aniq. Hovlida ikki kishi otilgan. Bittasi Asadbekning kuyovi. U hozir kasalxonada. Ko‘chada ketayotganida noma’lum shaxslar allaqanday mashinada yaqinlashib, otishganmish. Jabrlanuvchining mashinasi ko‘chada turibdi. Ammo bir tomchi qon yo‘q unda. Vrachlarning xulosasiga qaraganda esa u ko‘p qon yo‘qotgan. Vaqtida ulgurib qon quyishmaganida o‘lib qolishi hech gap emas ekan. Mana, ekspertiza xulosasi, — u shunday degach qog‘ozlar orasidan keraklisini tanlab, Zohidga uzatdi. Unda o‘qning yo‘nalishini aniqlagan ekspertning xulosasi yozilgan edi. Unga ko‘ra, o‘q ro‘paradan otilgan. Agar jabrlanuvchi mashinasida o‘tirgan bo‘lsa ro‘paradan o‘q yeyishi mutlaqo mumkin emas. O‘q biqingami, chakkagami, boring, ana o‘girilib qaragan taqdirda peshanasigami sanchilishi mumkin. Lekin ro‘paradan?.. Sira mumkin emas. Agar mashina peshaynasi sindirib otilgan bo‘lsa?..

Qayd etilgan