Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282956 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 ... 52 B


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 10:57:13

Bu gapni eshitib, Noila kula boshladi. Zaynabning ovozi bilan kuldi. Xoxolab kuldi. Ko‘zlaridan yosh quyilib, o‘ksib-o‘ksib yig‘lab kuldi. Elchin bunaqangi holatni sira uchratmagan edi. Shu bois «Kulma», deyishni ham, «Yig‘lama», deyishni ham bilolmay kalovlandi. Ovutish uchun qo‘llarini uzatgan edi, Noila uzoqlashdi. Uzoqlasha-uzoqlasha, oxiri bir nuqtaga aylanib, so‘ng yo‘q bo‘ldi. Yig‘i aralash kulgisi esa eshitilib turaverdi.
Xonada bir narsa taraqlab, Elchin cho‘chib tushdi. Ko‘zini ochdi. Xona g‘ira-shira yorug‘. Kimsasiz. Jim-jit. Elchin biqinida uyg‘ongan og‘riqqa chidolmay, ingrab qo‘ydi. Ichi kuyib, lablari qurib chanqadi. Najot tilab, «Suv», deb pichirladi. Najotkor topilmadi. «O‘layotgan odamning yonida bir odam o‘tirib, suv tomizardi, — deb o‘yladi Elchin. — Menga... shu ham nasib etmadi. Anvar tirik bo‘lganida yonimda o‘tirardi. Hech kimim yo‘q... Atrofim to‘la odam edi. Qo‘l qovushtirib turishardi. Qani ular?.. Hech bo‘lmasa bittasi kelib, labimga bir tomchi... bir tomchigina suv tomizsa-chi...»
Odamlar ko‘p edi, rost. Ammo ular pastda, Elchin esa yuqorida edi. Elchin ularga, ayniqsa qamalishidan avval yettinchi osmondan turib qarardi. Har bir odamning bolaligida orttirgan do‘stlari og‘ir damlarida suyanishi mumkin bo‘lgan tog‘dir. Elchinning «tog‘»larini to‘ylari yemirib, ado qildi. Ayrim do‘stlarini o‘zi nazarga ilmadi. Ayrimlarinikiga esa Asadbekka tegishli odamlarning to‘ylari bilan bir vaqtda bo‘lgani sababli borolmadi. Do‘st tog‘lari yemirildi. Farzand tog‘i-chi?
O‘shanda... nodonlik qildi.
Noila homiladorligini aytdi-yu, ma’yuslandi.
— Nega xafasan? — deb so‘radi Elchin.
— Agar... mastlik holatida bo‘lsa... bola nogiron tug‘ilarkan. O‘ylab qarasam, mast bo‘lmagan kuningiz yo‘q...
— Unda oldirib tashla...
Osongina hukm chiqardi.
Noila osongina ko‘ndi. So‘ng... yana...
O‘z farzandlariga o‘zlari o‘lim hukmini yozdilar.
«Nogiron bo‘lib tug‘ilavermaydimi, hech bo‘lmasa labimga bir tomchi suv tomizishga yarardi-ku...»

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 10:57:38

Elchin ingradi. Bu safar ruh azobidan ingradi. Bu azob o‘q teshgan, tig‘ tekkan badanining og‘rig‘idan ming karra kuchliroq edi. Bu azob uning hushini o‘g‘irladi.
Endi u parvoz qilmadi. Oyoqlariga botmon-botmon tosh osilganday qiynalib yurdi.
— Ha, qiynalib ketdingmi?
Elchin Anvarning ovozini tanib, atrofiga alangladi.
— Men senga nima deganman? Jinnixonaga kelganingda dunyo formulasini ko‘rsatganman. Esingdami? Haqiqat nimaga barobar edi? Esla: haqiqatning nimaga barobar ekanini topish uchun xiyonatni riyoga qo‘shamiz, hasad bilan ochko‘zlik qavs ichida qo‘shiladi. Adovat, g‘iybat, nifoq, shuhratparastlik, mansabparastlik esa ildiz ostida qo‘shiladi. Bularning hosilasidan vijdon, iymon, hayoning qo‘shilmasini ayirsak, barobar nol! Haqiqat — nol, deganimda sen meni jinniga chiqaruvding.
— Bo‘lmagan gap! Seni hech qachon jinni deb hisoblamaganman. Sen o‘zingni jinnilikka solib yurarding. Dunyo formulasini yaratib, dunyoni osongina tashlab ketding. Sen dunyoga xiyonat qilding.
— O‘zing sodiq qolaver dunyoyingga.
— Men qasoskor odamman. Qasos olish uchun ham yashashim kerak. Endi sen uchun ham qasos olaman!
— Men uchun?.. Nima qilmoqchisan?
— Xolidiy sen osilgan joyga osiladi.
Anvar kuldi, xoxolab kuldi.
— Kulma, men ont ichganman.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 10:57:59

— Qachon?
— Senga janoza o‘qilgan kuni. Hamxonang menga aytib bergan hammasini.
— Hammasini? Nimaning hammasini?
O‘sha kuni, Anvar lahadga qo‘yilib, qabriga tuproq tortilgach, barcha tarqalib, Elchin do‘stini yolg‘iz tashlab ketgisi kelmay o‘tirganida «Eng kichik ilmiy xodim» unga yaqinlashib, bilganlarini aytgan edi. Anvarning Xolidiy bilan to‘qnashuvlari, gazetadagi maqola, Hikmat O‘rolovning o‘limi, qabristondagi ma’ruza... hammasini aytdi. Ana o‘shanda Elchinning qalbida yovuz bir fikr uyg‘ondi. Xolidiy aynan o‘sha jinnixonaga, aynan o‘sha hojatxonaga osilishi kerak, deb hukm qildi. Faqat... hukm ijrosi kechikdi... Elchin Anvar ishlagan institutga borib, Xolidiyni ko‘rib ham keldi. Uning ko‘zlari olayib, tilini tishlagan holda hojatxonada osilib turishini istadi. Juda-juda istadi. Faqat... kechikdi.
...Hushsiz yotgan Elchinning xayolidagi Anvar kulardi, to‘xtovsiz kulardi.
— Kulaverma hadeb, — deb ranjidi Elchin. — O‘ldirishimga ishonmayapsanmi?
— Ishonyapman. Lekin sen osganing bilan u o‘lmaydi. U ko‘p boshli ajdaho. Bitta boshini osganing bilan boshqalari omon qolaveradi. Bog‘bonlarning ishlarini kuzatganmisan? Bitta shoxning uchini kessa, o‘sha yerdan ikki-uchta surhcha chiqadi. Sen bitta Xolidiyni o‘ldirsang, yonidan ikki-uchta Xolidiy o‘sib chiqaveradi. Ularni osishga hojatxona yetmaydi.
Shunday deb yana kuldi. Xoxolab kuldi.
— Senda qasoc tuyg‘usi yo‘q edi, — dedi Elchin o‘ychan tarzda.
— Senda bormi? Bekor gap! Sendagi tuyg‘u — puch bir narsa!
— Bekor aytibsan!
— Sening qasosing kimga kerak? Faqat o‘zingga. Ko‘ngil xumorini bosish uchun kerak. Sening qasosing — kashandaning chilim chekishidek bir gap. Xumor tutganda bir chekadi, tamom.
— Sen... ket... boshqa kelma... Istamayman sen bilan gaplashishni. Noila bilan tillaring bir.
— Noila nima deydi?
— Zaynabga achinyapti.
— To‘g‘ri qiladi.
— Bu qasos emas edimi?
— Qasos emas edi, to‘g‘ri.
— Bunday dema! Bu— qasos! Men Asadbekni qiynab o‘ldiraman! Keyin hammaga aytaman: bunday ifloslar jazosiz qolmasligi kerak, deyman!

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 10:58:30

— Qo‘lingdan kelmaydi.
— Keladi!
— Yo‘q... endi yoningda Zelixon yo‘q...
— Usiz ham eplayman!
Anvar kuldi, xaxolab kuldi... So‘ng...
So‘ng ovozi uzoqlashib, oqibatda o‘chdi. Keyin qarg‘a qag‘illadi. «Ovozing o‘chsin», deb o‘yladi Elchin. Qamoqda ekanida, Rusiyaning sovuq o‘rmonlarida yurgan kezlarida «Qarg‘aning qag‘illashida xosiyat yo‘q», deb eshitib, shu aqidaga amal qilishga odatlangan edi. Shu bois «Kisht!» deb haydamoqchi bo‘ldi. Qarg‘a uning po‘pisasini nazarga ilmadi. Qag‘illayverdi. Shunda Elchin tush ko‘rmayotganini anglab, ko‘zlarini ochdi. Ovoz kelgan deraza tomonga qaradi. Boshi aylanib deraza, deraza orqali ko‘rinib turgan daraxt shoxlari ayqash-uyqash bo‘lib ketdi. Ko‘zlarini chirt yumib, chuqur nafas olgan edi, biqinidagi og‘riq zo‘raydi.
Qarg‘a yana qag‘illadi. U ko‘zlarini ochib qaradi. Bu safar boshi aylanmadi. Tashqarida daraxt shoxiga qo‘nib, shu xonaga qaraganicha qag‘illayotgan qarg‘a qanotlarini patillatib qo‘ydi-yu, uchmadi.
«Senga nima kerak?» deb pichirladi Elchin.
Qarg‘a «gapingga tushunmadim», deganday boshini qiyshaytirdi, so‘ng shoxni cho‘qilab qo‘ydi.
«Qanday ahmoq maxluqsan o‘zing?! — deb o‘yladi Elchin. — Senga nima bor bu yerda? Menga qanday xabar olib kelding? O‘lim xabarimi yo hayot umidimi?.. Yo‘q... Senga hayot umidini yetkazish vazifasi berilmagan. Sen bor joyda yaxshilik urug‘i quriydi. Sen kelsang birov quvonmaydi, ketsang — ranjimaydi. Sen... Xudo qarg‘agan qushsan... Qiziq... Qarg‘a — Xudo qarg‘agan qush... Qiziq... «Qarg‘ish» degan so‘z «Qarg‘a»dan olinganmi? Xudo qarg‘agan bandasiga qarg‘ani ro‘para qiladimi?..»
Bu fikr Elchinning tovonidan bo‘g‘zigacha o‘tmas pichoqda tilib, tuz sepganday bo‘ldi. Bu og‘riqqa toqat qilolmay, qaddini ko‘tarib, «Kisht!» dedi. Qarg‘a uning ojiz sasini eshitganday, boshini burib qaradi. So‘ngra esa «Vazifamni bajarib bo‘ldim», deganday bir qag‘illadi-yu, uchib ketdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:08:07

                                                                                      2

Professor Habib Sattorov Londondan qaytgach, Moskvada yana ikki-uch oy qolmoqchi edi. Uyiga qo‘ng‘iroq qilib, xotinidan «Tezroq kelsangiz yaxshi bo‘lardi» degan mujmal gapni eshitgach, fikri o‘zgardi. «Hoynahoy onam betobdirlar. «Eringni chaqirtir», deb siquvga olgandirlar», degan o‘yda yo‘lga hozirlandi.
Uyiga kirib kelishi bilan so‘ragan birinchi savoli shu bo‘ldi:
— Oyim tuzukmilar? Nega lanj gapirding?
— Oyim... tuzuklar. Birpas damingizni oling. Sog‘indik-da... — dedi xotini jilmayib. Habib Sattorov sezgir odamlar toifasidan emas. Inson ruhiyatidagi, chehrasidagi o‘zgarishlarga yetarli ahamiyat bermas edi. Sezgirroq bo‘lganida xotinining jilmayishi ortida bir dard yashiringanini, tashvishli xabar aytishga tili aylanmay qiynalayotganini fahmlagan bo‘lardi.
Qizlari o‘qishda, uyda er-xotin yolg‘iz edilar. Shu bois «sog‘inish» so‘zi Habibga o‘zgacha ohangda eshitilib, xotinining beliga qo‘l yubordi.
— Voy o‘lay, kuppa-kunduz kuni-ya! — dedi xotini nozlanib.
Bu nozlanishdan so‘ng u o‘zini erining bag‘rida ko‘rdi.
Telefon jiringlamaganida sog‘inch degan tuyg‘u ularni noqulay ahvolga solib qo‘yishi mumkin edi. Chunki telefon qo‘ng‘irog‘idan ko‘p o‘tmay kichik qizi o‘qishdan qaytdi...
Habib Sattorov choy ichib bo‘lgach, kiyimini almashtirdi.
— Bi-ir ishxonaga o‘tib kelay, — dedi u xotinining savol nazariga javoban.
— Hovliga-chi? Oyimlarni ko‘rgani bormaysizmi?
— Boraman, boraman... Avval institutga o‘taman. Hovliga keyin. Fanlar akademiyasidan bir xalta qog‘oz berishgan. Direktorga topshirib qo‘yay, balki zarur hujjatlardir...
Xotini labini tishladi, ammo gapini ayta olmadi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:08:55

Habib Sattorov institutga kiraverishdagi dahlizga osilgan, atrofi qora hoshiya bilan o‘ralgan suratni ko‘rib, to‘xtadi. Shu dargohda uzoq yillar ishlagan, lekin ilmga zarracha foyda bermagan, keyingi yillarda «keksa olim» sifatida yoshlarga pand-nasihat qilib yuruvchi ilmiy xodimning olamdan o‘tgani haqidagi xabarni o‘qib, «Xudo rahmat qilsin», deb qo‘ydi. Habib Sattorov Londonga ketmasidan ilgari bu odam uning xonasiga kirib: «O‘ylab qarasam, shuncha ishlabman-u, bitta otning taqasini ham berishmabdi. Hatto bitta medalim ham yo‘q-a?! O‘lib qolsam, yostiqchaga nimani tikib olib chiqishadi. Bolalarimdan uyalaman. Xo‘jayinga siz ayting. Qirq yildan oshiqroq ishladim. Hech bo‘lmasa «Mehnat veterani» medalini olib bersin», degan edi. Habib Sattorov «Katta» bilan yaxshi munosabatda bo‘lmasa-da, uning iltimosini aytgan edi. «Medalni olishga ulgurdimikin? — deb o‘yladi Habib Sattorov. — Bechora olgan mukofotlarini yostiqchaga qadab, tobutining oldida ko‘tarib borishlarini orzu qilgan ekan-da? Bu mukofotlar u dunyoda ish berarmikin? Mukofotlari yo‘qlar nima qilarkin?..»
Shu fikrlarda ketib borayotganida hamkasblari yo‘liqib, uni eson-omon qaytgani bilan qutlab, so‘ngra «Bandalik», deb qo‘yishdi. Habib Sattorov buni keksa ilmiy xodimga nisbatan aytiluvchi so‘z deb o‘ylab, «Ha, endi, umr degani shu-da» deb qo‘yaverdi. Bildirilgan hamdardlikka bu holda loqaydlik bilan javob berilishidan ajablandilar. Ammo hech biri «Ukasi o‘lgan odam ham shunaqa bo‘ladimi?!» demadi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:09:14

Habib Sattorov qabulxonaga kirib, rahbar o‘tirgan xona eshigini ochmoqchi edi, kotiba to‘xtatdi:
— Sohib Po‘latovich bandlar.
— Majlismi? — dedi Habib Sattorov to‘xtab.
— Bandlar, — dedi kotiba labini burib.
— Meni taniyapsizmi? — deb ajablandi Habib Sattorov. U rahbar bilan yaxshi munosabatda bo‘lmasa-da, boshqalarga nisbatan bu xonaga bemalol kirib-chiqaverar edi.
— Taniyapman, — dedi kotiba, keyin tortmasidan bir varaq qog‘oz chiqarib uzatdi: Habib Sattorov uning bu qilig‘idan ajablanib, qog‘ozni olib o‘qidi: «Buyruq â„–... Mehnat intizomini surunkali buzgani uchun Habib Sattorov vazifasidan ozod etilsin...»
Habib Sattorov buyruqni qayta-qayta o‘qib, kotibaga «Eslaring joyidami?!» deganday qaradi. Bunday tushunmovchiliklarga, ajablanishu hayratlanishlarga ko‘nikib qolgan kotiba «Menga nima, buyruqni men chiqarmayman», deganday kichkina egovchasi bilan tirnog‘ini egovlayverdi.
— Kim bor oldida? — dedi Habib Sattorov ovozini balandlatib.
— Mumkin emas, bandlar, — dedi kotiba yana labini burib.
Habib Sattorov yana bir oz chidab turdi-da, keyin kotibaning hay-haylashiga qaramay, eshikni shart ochib, ichkari kirdi. Asosiy xona kimsasiz, biroq, orqa tomondagi dam olish xonasidan ayol kishining nozli kulgilari eshitilardi. Habib Sattorov «Nima qilsam ekan?» deb o‘ylab turmadi. Dam olish xonasiga bostirib bordi. Chala yarim yechingan holicha baqaloqdan kelgan Sohib Po‘latovga karashmalar qilayotgan yigirma uch-yigirma besh yoshlardagi juvon eshikdan kirib kelgan Habib Sattorovga ko‘zi tushib, qichqirib yubordi. Bu qichqiriqdan cho‘chib tushgan Sohib Po‘latov orqasiga o‘girilib, kutilmagan mehmonni ko‘rdi-yu, avvaliga bir oz dovdiradi. So‘ng o‘zini qo‘lga olib, jilmayganicha o‘rnidan turdi-da, hech narsa bo‘lmaganday Habib Sattorovga qo‘l uzatib, ko‘rishmoqchi bo‘ldi:
— Habib Sattorovich, salom, salom, yaxshi keldingizmi?
Habib Sattorov unga qo‘l cho‘zmadi, ko‘rishmadi. Sohib Po‘latov bunga ham e’tibor bermaganday, qizga qaradi-da:
— Siz boravering, ishingizni qilavering. Hammasi yaxshi bo‘ladi, — dedi. So‘ng Habib Sattorovni katta xonasiga boshlab, o‘z o‘rniga o‘tirdi. U qisqagina fursatda dovdirash, o‘ng‘aysizlanishdan butunlay qutulgan, jiddiy, mulohazali rahbar qiyofasiga kirib olgan edi. U qo‘ng‘iroq chalib, kotibasini chaqirdi-da, ikki kishilik qahva buyurgach, Habib Sattorovdan:
— Safaringiz yaxshi o‘tdimi? — deb so‘radi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:10:00

— Safar-ku, yaxshi o‘tdi, ammo mana bunga tushunmadim, — dedi Habib Sattorov qo‘lidagi qog‘ozni unga uzatib.
— Nima bu? — dedi Sohib Po‘latov hech narsadan xabari yo‘q odamday. Keyin buyruqqa ko‘z yugurtirgach, qog‘ozni nari surdi: — Ha, bumi, arzimagan bir gap. Rasmiyatchilik. Davlatning mehnat intizomi haqidagi qonuni bor, azizim. Unga barchamiz bo‘ysunamiz.
— Men Angliyaga ish bilan ketgan edim, ammamning to‘yiga emas. O‘z hisobimdan...
— Xabarim bor. Ammo o‘z hisobingizdan olgan ta’tilingiz sakkiz kun oldin tugagan. Lekin, azizim, siz tashvishlanmang. Bu bir rasmiyatchilik. Siz menga tushuntirish xati yozib bering. Sizni ishsiz qoldirmaymiz. Faqat mudirlikda emas... ilmiy xodim bo‘lib ishlab tura turasiz. Mudirlikka odam tayinlab qo‘yuvdim. Akademiya ham tasdiqlagan.
Habib Sattorov uning gaplarini eshita turib «Tupurdim sening marhamatingga! Men Moskvagami, Angliyagami ketib ishlashim ham mumkin. Ammo sen shu shilta yeringdan bir qarich jila olmaysan!» demoqchi bo‘ldi-yu, tilini tiydi. Joy talashib, past ketishni istamadi. Buyruqni ko‘ra solib, bostirib kirishining zaiflik alomati bo‘lganini fahmlab, o‘zini o‘zi koyidi. «Shu badbaxtning huzuridan boshimni egib chiqsam, bir umrli sharmandalik bo‘ladi», degan fikrga kelib, qaddini g‘oz tutdi.
Uning bir oz jim qolganini Sohib Po‘latov o‘zicha tushunib, qo‘li baland kelganiga ishongan holda gapini davom ettirdi:
— Yana ham men sizni hurmat qilaman, azizim, Sizday olimlar ko‘chada qalashib yotgani yo‘q. Ba’zi o‘rtoqlar buni tushunishmaydi. Hatto partbiletni stolga qo‘ysin, deydiganlar ham topildi. Men ularga qat’iy qarshi chiqdim.
— Bekor qilibsiz, — dedi Habib Sattorov istehzo bilan kulib.
— Nega bekor bo‘larkan? Men kadrlarni qadrlashni bilaman. Siz esa men haqimda noto‘g‘ri fikrlarda yurasiz. Partbilet, azizim, siyosiy masala. Siyosiy masala esa — hazil gap emas! Uchib ketishingiz hech gap emas!

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:11:17

— Baribir bekor qilibsiz. Men partbiletni stolga qo‘ymasdim, — Habib Sattorov shunday deb mug‘ombirlarcha kuldi-da, yana qo‘shib qo‘ydi: — ikki dunyoda ham qo‘ymasdim.
— Siz... katta ketyapsiz. Siz ularni bilmaysiz. Ular shundayki... qo‘yishga majbur bo‘lardingiz baribir.
— Qo‘ymasdim, — dedi Habib Sattorov o‘jarlik bilan.
— Nega?
— Chunki menda partbiletning o‘zi  yo‘q. Partiyasizman.
Sohib Po‘latov joyida bir qimirlab oldi.
— Bo‘lar ish bo‘libdi, — dedi Habib Sattorov g‘olib odamning ovozi bilan. — O‘zim ham «Bo‘shasammikin», deb yuruvdim. Buyruq uchun rahmat. Endi men kompyuterimni olib ketsam.
— Qanaqa kompyuter?
— Bilmaysizmi? Nahotki? Buyuk Britaniya qirollik akademiyasi Habib Sattorovga beshta kompyuter sovg‘a qilgan edi. Bittasi shaxsan o‘zimga sovg‘a, qirolichaning dastxati ham bor. Bilishimcha, kompyuterning uchtasi Moskvada qolgan. Ikkitasi shu yerda. Mayli, men faqat dastxat bitilganini olay. Bittasi institutda qolsin.
—E, yo‘q, azizim, — Sohib Po‘latov shunday deb jilmaydi. — Sizga berolmaymiz uni. Bular institutning mulki. Siz esa bizda ishlamaysiz. Sizga faqat bir yaxshilik qilishim mumkin: istagan paytingizda kelib foydalanishga ijozat etaman.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:12:44

Shunisi ortiqcha bo‘ldi. Habib Sattorov shunisiga chiday olmasdan chapanichasiga so‘kib yubordi. Shu so‘kish bahonasida har ikki tomon aytadiganini aytib, yuragini g‘uborday bosib turgan alamlardan forig‘ bo‘ldi. G‘azab toshlari tugagach, Sohib Po‘latov:
— Akademik Xolidiy domla ukangni jinni, devdilar. To‘g‘ri aytgan ekanlar. O‘zi urug‘laringda bor ekan jinnilik, — deb bahsga yakun yasadi.
Habib Sattorov bu yakunga qarshi bir gap aytmadi. Sohib Po‘latovning fikrini ma’qullaganidan emas, aksincha, aytilgan gapning naqadar tuban, naqadar puch ekani sababli unga javob qaytarishni lozim topmadi. U o‘z ko‘nglida sukut saqlab, harifidan baland keldi, g‘oliblik shohsupasini egalladi. Sohib Po‘latov esa so‘nggi gapi bilan uni «tamoman majaqlab tashlaganiga» amin edi.
Habib Sattorov ko‘chaga chiqib bir oz yurgach, to‘xtadi. «Yana bir-ikki og‘iz gapni aytsam bo‘lar ekan», degan fikrda afsuslandi. So‘ng «Shu odamga gap ta’sir qilarmidi», degan fikr bilan o‘zini o‘zi ovutdi. Agar uning yonida Sobitxonga o‘xshash ilm sohiblaridan biri bo‘lganida, ayni bir haqiqatni aytib, ko‘ngliga taskin berardi. Afsus shuki, yonida bunday aqli rasolardan yo‘q. Yana bir afsus shuki, o‘zi shu yoshga yetib ahli donishlar suhbatiga intilmadi. Xudo bergan aql xazinasini karra jadvaldan tortib, turli formulalar bilan to‘ldirdi. Agar ruhoniy ilmga ozginagina joy bergandami edi «As-sinatuhum ahla minal asal va qulubahum qulubuz-ziaab»*  — hadisi sharifining neni anglatishini bilgan bo‘lardi. Sohib Po‘latovning qiliqlarini shunda tushunib yetardi. Bo‘ri qo‘yxonaga oralasa, bir necha jonivorni bo‘g‘izlaydi. Holbuki, bittagina qo‘yni olib ketadi. Sohib Po‘latov ham shunday. U hozircha Habib Sattorovni ishdan bo‘shatdi. Hali shogirdlar, tarafdorlar... turishibdi. Habib Sattorov hozircha bu haqda o‘ylamaydi...
U avtobus bekatiga qadar bo‘lgan yarim chaqirimlik yo‘lda xayolini hozirgi noxushliklardan tozalamoqchi bo‘ldi. Bu — uning hamishalik odati. Biron nohaqlikka duch kelsa, ko‘ngli g‘ashlansa, janjalli holatda o‘zini tutib, hatto buni uzoq o‘ylamay, xayolidan chiqarishga harakat qiladi. Buning uchun u ko‘ngliga huzur baxsh etuvchi yaxshi damlarni eslab, ko‘z oldiga keltiradi. Hozir ham shunday qildi. Angliyadagi dorilfununda kechgan mas’ud damlarini, ma’ruzalaridan keyingi olqishlarni, qirolicha huzuridagi qabulni esladi. Esladi-da, «Men kim-u, u kim? Ertaga ishdan olinsa, tuflab tashlagan tupugimga arzimaydi», deb o‘ziga-o‘zi tasalli berdi. Sohib Po‘latovlarning ertaga ham, indinga ham ishdan olinmasliklarini esa, o‘ylab ko‘rmadi.

Qayd etilgan