Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282991 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 ... 52 B


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:13:24

Bolaligi o‘tgan uyga kelgandan keyingina hamkasblarining nima sababdan ta’ziya bildirganlarini angladi. Shum xabarni eshitib, bir oz garangsidi. Onasining fig‘onli yig‘isi yuragini o‘rtab yubordi. Mashoyixlar «Otamlatsang otamlatgin, bo‘tamlatmagin», deb bejiz aytmaganlar. Farzandi dardida ezilib-ezilib yig‘layotgan onaning dardini yana qanday dard bilan qiyoslash mumkin? Bundan ulug‘roq dard yo‘qdir... Ehtimol... Yana kim biladi... Risolat kampirning aytib yig‘lashiga agar tog‘ qoyalari tushunishsa, alamdan balki tars-tars yorilib ketarmi edilar. Ajab yeri shundaki, Habib Sattorov onasining yig‘isidan o‘rtandi... Ammo... o‘zi yig‘lamadi. Yig‘i kelmadi. Bundan o‘zi ham ajablandi. Keyin o‘zidan-o‘zi nafratlandi.
Onasi bir oz yupangach, ko‘cha eshik og‘zida hassaga tayangan Sobitxon ko‘rinib, «Opoqi!» deb chaqirdi. Risolat kampir uni ovozidan tanib, o‘rnidan turdi-da, uy ostonasiga bordi:
— Keling, Qori bolam, kelavering, — dedi u yig‘lamsiragan ovozda.
Habib Sattorov hovliga chiqib mehmonni kutib oldi. Risolat kampir Sobitxon bilan yig‘lab ko‘rishdi.
Sobitxon ko‘rpachaga o‘tirishga qiynalgani sababli, stulga cho‘kdi-da, shirali ovozda tilovat qildi. Fotihadan so‘ng Risolat kampir odati bo‘yicha «Xudoning irodasi shu ekan-da», deb qo‘ydi. Sobitxon «Onajon, bu Xudoning irodasi emas, Xudo bandalariga jonlaringga qasd qilinglar deb buyurmagan. Jonga qasd qilish — shayton irodasiga bo‘ysunishdir. Afsuslar bo‘lsinkim, birodarimiz shayton qavmida ketibdilar», demoqchi bo‘ldi-yu, ilmdan bexabar bu ayolning alamli yarasiga tuz sepmay, deb tilini tiydi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:13:57

— Qo‘qondan keliboq shu shumxabarni eshitdim. Olloh sizga sabr bersin. Barchalarimizni o‘zi hidoyat yo‘liga boshlasin, — dedi Sobitxon.
— Yurishingiz sal bejoroqqa o‘xshaydi. Hali ham yaxshi tuzalib ketmadingizmi? — deb so‘radi Risolat kampir mehribonlik bilan.
— Shunisiga shukr. Do‘xtirlar yurolmaydi, deb bashorat qilishuvdi. Ularning emas, Ollohning aytgani bo‘lyapti.
Sobitxon uzoq o‘tira olmas edi. Shu sababli kampirdan ijozat so‘rab, o‘rnidan turdi. Habib Sattorov uni kuzatib qo‘ydi. Iziga qaytayotganida oshxonadan chiqayotgan kelini — Xonzodaga to‘qnash keldi. Xonzoda qayin og‘asiga salom berib ko‘rishib, oshxonaga kirganicha endi chiqib kelayotgani edi. Habib Sattorov keliniga bir qaradi-yu, uning bir necha oy orasida bir necha yilga qariganini sezdi. Turmush ikir-chikirlariga uncha e’tibor bermaydigan bu olim keyingi o‘tgan oylar kelini uchun naqadar mashaqqat bo‘lganini bilmaydi. Xonzodaning kechalari to‘kkan ko‘zyoshlari jamlansami, dengiz bo‘lmaganda ham ko‘l bo‘lar.
Bevaning, ayniqsa, tirnoqqa zor bevaning zorli, g‘amli ohlariga tun qanday chidar ekan, zaminu samo qanday chidar ekan? Yerning ohlari to‘planib, so‘ng vulqon kabi portlasa kerak. Beva faryod qila olsa edi, bu faryodlar jamlansa edi... Vulqon nima ekan, Yer koinotdagi yo‘lidan adasharmi edi... Lekin Habib Sattorov bularni his qila olmaydi. Xonzodaning otasinikiga ketishini yo ko‘zi ojiz qaynonasini boqib shu yerda o‘tiraverishini bilmay garangsishi ham unga begona. Agar Habib Sattorovga birov «Idda o‘tibdi, endi keliningiz boshqa turmush qurishi kerak», desa hayratlanishi turgan gap.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:14:36

Kelinining ma’yus boqishini ko‘rgan Habib Sattorov unga nimadir deyishi lozimligini sezdi. Ammo o‘sha «nimadir» kallasiga kela qolmadi, tiliga tusha qolmadi. Avvaliga ukasining so‘nggi kunlarini so‘ramoqchi edi, lekin «Yarasini tirnamay, vaqti bilan aytar», degan o‘yda fikridan qaytdi. U ayni damda yo uydagi, yo ishxonadagi ahvoldan so‘z ochishi mumkin edi. Birinchisi o‘ziga ma’qul kelmagach:
— Institutda nima gaplar o‘zi? — deb so‘radi.
Bu savol Xonzodaga g‘alati tuyuldi. Qaynog‘asidan tasalli kutgan bu beva unga yer ostidan yashirincha bir qarab qo‘ydi-da:
— Tinchlik, — dedi xasta ovozda.
— Tinchlik bo‘lsa yaxshi... — dedi Habib Sattorov, so‘ng keliniga sinovchan boqib qo‘shib qo‘ydi: — Direktorlaring ham tinchmi? Boshqalarga... g‘alamislik qilmayaptimi?
Xonzoda «Institutga boribsiz, bilgandirsiz?» degandek savol nazari bilan bir qarab olib, yerga tikildi:
— Kayfiyatlari yomonroqmikin... Bir majlis bo‘luvdi..
«Majlis» degan so‘zni eshitib Habib Sattorov sergaklandi:
— Xo‘sh, xo‘sh, xo‘sh, davom eting-chi, nima gap bo‘ldi o‘sha majlisda?
— Majlisda... sizning chet ellardagi ishlaringizni gapirishdi. Xullas... aytishdiki... siz...
— Tortinmay gapiravering, nima deyishdi?
— Siz... kapitalizmga xizmat qilibsiz.
— O‘, shunday deyishdimi? Bag‘oyat go‘zal aytilibdi. Kapitalizmga xizmat qilish... — Habib Sattorov shunaqa degach peshonasiga asta shapatilab qo‘ydi. — Voy, xomkallalar, voy xomkallalar! Axir bu fan, siyosat emas! Fan kapitalizmga ham, sotsializmgayu boshqa «izm»lariga ham xizmat qilmaydi. Fan — fanligicha, olim esa olimligicha qoladi. Siyosatdonlar yo u «izm»ga, yo bu «izm»ga bo‘ysinadi. Ikkita-uchta «izm»ni o‘ylab topib, dunyoni bo‘lib hammani garang qilishadi. Fan olami bunday «izm»larga bo‘linmagan, bo‘linmaydi ham! U qovoq kallalar qachon tushunib yetishadi buni?!

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:15:00

Xonzoda qaynog‘asining gaplariga tushunmaganday qarab turaverdi. Bu gaplarni keliniga aytishning foydasi yo‘qligiga aqli yetgan Habib Sattorov kaftlarini bir-biriga urib qo‘ydi-da:
— Ha, mayli, qo‘yavering. Ular itga o‘xshab huraverishadi, — dedi. — Nima bo‘lsa bo‘ldi! Kunimiz shunday to‘nkalarga qolganidan keyin nima qilardik.
Xonzoda qaynog‘asi bilan gaplashib turishdan iymanib, orqasiga asta tislandi. Buni sezgan Habib Sattorov ham eshik og‘zidan o‘zini chetroqqa oldi.
— Hali institutga boruvdim... Ovsiningiz menga bu xabarni aytmovdi-da, — deb o‘zini oqladi. — Yangilikdan xabarlaring bormi?
— Qaysi yangilik?
— Meni ishdan bo‘shatishibdi-ku?
— Eshitdik. Akademiyaga xat yozdik.
— Bekor qilibsizlar. Ertagayoq xatni qaytarib olinglar. Uning odati ma’lum, xatga kim qo‘l qo‘ygan bo‘lsa, bitta-bitta bo‘shatadi. Men... aslida o‘zim ariza yozmoqchi edim. Birato‘la Moskvaga ketaman. Bu yerdagi nohaqliklar jonimga tegdi.
— Maskovda... — dedi o‘ychan tarzda Xonzoda. — Maskovda haqiqat bor deb o‘ylaysizmi?
«Maskovda haqiqat bor deb o‘ylaysizmi?..»
Xasta, o‘ychan tarzda emas, Anvarning kinoyali ovozida aytilganday bo‘ldi bu gap.
«Maskovda haqiqat bor deb o‘ylaysizmi?»
«...haqiqat bor deb o‘ylaysizmi?»
«...o‘ylaysizmi?..»
Oshxona ichkarisida xasta ovozda aytilgan bu gap Habib Sattorovning nazarida butun mahallani zirillatguday bo‘lib jarangladi, aks-sado berdi.
So‘nggi uchrashuvlarida Anvar shunday deb edi.
— Maskovda haqiqat bor deb o‘ylaysizmi?
— Menga haqiqat emas, ilmiy ish uchun sharoit kerak.
— Haqiqat yo‘q yerda sharoit ham bo‘lmaydi. Domlangiz boshingizni silagani bilan «qora-quralar nasibamizni yeb ketyapti», deydiganlar ko‘p u yerda...»

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:15:42

Qiziq, yo‘l ustida aytilgan gapni o‘shandayoq unutgan edi. Kelini esga soldi... Unda Anvar bilan picha bahslashgan edi, nasihat ham qilib edi. Endi keliniga nima desin?
Bu gap a’zoi badaniga titroq yubordi. Keliniga norozi qiyofada qaradi-da:
— Siz oyim bilan o‘tira turing, men Anvarning xonasiga kiray, — deb uy tomon yurdi. Anvar uchun ham darsxona, ham mehmonxona vazifasini o‘tagan uyga qadam bosib kirib, o‘rtada to‘xtadi. O‘zining kuyovlik onlari kechgan bu uy deyarli o‘zgarishsiz. Faqat... ranglar unniqqan. Qaysi bir yili chakka o‘tganidan shiftdagi fanerning ayrim joylari tirishgan. Uyni qaytadan bo‘yoqdan chiqarishga Anvarda qunt ham, toqat ham, muhimi — mablag‘ ham yo‘q edi.
«O‘zim qarab tursam bo‘larkan», deb o‘yladi Habib Sattorov.
Qaysi bir yili onasi «Ukangning topish-tutishida baraka yo‘q, sen qarashib tur», deganda «Ukam yosh bola emas. Harakat qilsin. Har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak», deb uni ranjitgan edi. Mana endi afsuslanib turibdi. Endi bu afsusdan ne foyda? «Hayitgacha uyini moylatib beraman», deb ham o‘yladi. Endi uyning moyi yangilandi nima-yu, yangilanmadi nima? Hayitgacha Anvar tirilib kelib o‘tirarmidi? Yo Xonzodaga kerakmi? U erining yili o‘tguncha o‘tirar, keyin ketar... Keyin Habib Sattorovning o‘zi ko‘chib kelar...
Bir oyog‘i singani tufayli kanop bilan bog‘lab qo‘yilgan, deraza tokchasiga qadalib turgan stol hozirgina hovliga chiqqan egasini kutayotganday mung‘ayib ko‘rindi. Xonzodaning kelinligida tortiq etilgan bu stol mehmonlar uchun ham, dars uchun ham xizmat qilardi. Dam o‘rtaga sudralib, dam deraza tomonga qo‘yilaverib oyog‘i singan bu stolning «tabibi» Anvar o‘limidan uch kun oldin «vaqtincha» bog‘lab qo‘ygan edi.
Stol ustida uch-to‘rt kitob, taxlam qog‘oz, bir necha turli qalinlikdagi daftar turardi. Anvar so‘nggi marta bu uydan chiqqanida bular sochilgan holda edi. Keyin... Xonzoda titroq qo‘llari bilan batartib holga keltirdi.
Stol ustida qalam yotibdi... xuddi hozirgina ishdan horib yonboshlaganday... Yoki yetim qolganidan bo‘zlab, bag‘rini yerga berib yotganday. Shunisi to‘g‘ridir... qalam yetim... kitob-daftarlar yetim, siniq oyog‘i kanop bilan bog‘langan stol, hatto uy yetim... Faqat yetim bola yo‘q. Otani sog‘inuvchi, «voy otam»lab yig‘laguvchi farzand yo‘q.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:16:17

Xayoliga shu fikr kelganda ko‘zlariga yosh quyildi. Bag‘ri kuyib yig‘ladi. Nima uchun yig‘ladi? Ukasidan zuryod qolmaganidanmi? Yoki o‘zining yolg‘izligidanmi? O‘z ta’biri bilan aytganda, «ahmoq bo‘lsa ham» ukasi bor edi. Endi... ko‘zi ojiz onasi, xotini, ikki qizi... «Moskvaga yoki Angliyaga borib ishlayman», dedi. O‘zi-ku, borib kelar. Onasiga kim qaraydi? Xotinimi? Qaynona-kelin munosabati aniq-ku?
Ha... u o‘zining qismatiga ham yig‘ladi. U olimligini unutib, odam ekanini esladi.
Shunisiga ham shukr...
Habib Sattorov unsiz yig‘lagan holida bir oz turgach, stol yonidagi stulga o‘tirdi. Bir necha daqiqa harakatsiz o‘tirdi. Kitob-daftarlariga qo‘l tekkizishga botinmadi. Kitob-daftarlar qo‘l tegishi bilan «Voy, egam!»lab dod soladiganday tuyuldi. Bir oz harakatsiz o‘tirgach, qo‘liga qalamni oldi. Qalamning badanida tishlarning izi...
Xayolga berilib, beixtiyor qalamni tishlagan holda nimalarni o‘yladi ekan? Balki o‘zini qachon, qaerda, qanday osishni o‘ylagandir?
Shu fikr xayoliga urilishi bilan, qo‘li titrab, qalamni joyiga tashladi. So‘ng daftarni olib, varaqladi. Ayrim satrlariga ko‘z tashladi. Anvar husnixat egasi emasdi. Ayrim satrlari o‘layotgan odamning kardiogrammasini eslatardi: dastlabki harflarni o‘qish mumkin edi, satr oxirida harf degani to‘g‘ri chiziqqa aylanardi.
Habib Sattorovga bu daftar ilmiy ishning qoralamasi kabi tuyulib, ayrim satrlar diqqatini tortdi. Birinchi sinf bolasiday hij o‘qiy boshladi:
«...Bir xalq o‘z ixtiyori bilan boshqa xalqqa qanday qilib qo‘shilsin? Xo‘p, nomuhtaram, noakademik, nojanob, balki bu dunyoda sizning ahmoq kallangiz bilan fikr yuritadigan galvarslarga ergashib kattaroq yoki kichikroq xalqlar qo‘shilar. Lekin qanday qilib bir millat o‘z ixtiyori bilan boshqa millatga qo‘shilsin? Bu holda qo‘shilguvchida or-nomus bo‘larmi? Millat — bir dinga mansublikmi? Bir millat o‘z ixtiyori bilan boshqa millatga qo‘shilibdimi, demak u o‘z dinidan, o‘z imonidan, vijdonidan yuz o‘giribdi. Alqissa: «O‘rta Osiyo Rossiyaga o‘z ixtiyori bilan qo‘shildi», degan gap o‘rta osiyolik musulmon dinidan chiqib nasroniylikni qabul etdi, degani emasmi? Shu yolg‘onni chinga aylantirib berayotganlari uchun valine’matlaridan mukofotlar oladilar. Biroq, tentakona bu gapga kim ishonadi, kimlarni ishontirmoqchi bo‘lishadi. Omilarnimi? Omilarga bari bir — kim non bersa, kayfini xushlasa o‘shanga qulluq qilaveradi. Qornini to‘yg‘azib qo‘yib, qamchilasa ham g‘ing demaydi. Bunaqa omi odam nima — mol nima — farqsiz. Ammo... (Ammo!) ongli odamlar ko‘p-ku? Ularni chalg‘itish mumkinmi?

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:16:29

Odamning o‘ng yelkasida Rahmon farishtasi, chap yelkasida Shayton bolasi turadi, deyishadi. Balki shundaydir. Lekin mening nazarimda (buning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini Sobitxondan so‘rab olishim kerak!!!) odam o‘ngga qarasa haqiqatni, chapga qarasa — aldovni ko‘radi. Odam o‘ng tomoniga boshini bursa, yuziga shapaloq (balki mushtdir, Xudo ularga insof bersin) bilan uradilar. Chap tomonga bursa, peshonasini silaydilar. Uning ko‘zi ajoyib narsalarga, «imtiyozlar» deb ataluvchi bu dunyo jannatiga tushib rohat topadi...»
Fikr shu yerga yetganida satrlar uzilib, arab harflarida bir nimalar yozib qo‘yilgan edi. Agar Habib Sattorov arab alifbosini bilgandami, beadad ulug‘ hikmatni o‘qir edi. Daftardagi:
«Izo, kaanam turobu dalila qovmin, Sayahdihum ila arzil jiyafi»* degan arabiy baytning Sohib Po‘latovga ham tegishli ekanini anglardi.
Habib Sattorov daftarni yana varaqlab «jinnixona» degan so‘zga ko‘zi tushib jumla boshini izladi.
«...Meni jinnixonga keltirishdi. Na izzat, na-da ikrom, na poyondoz, na-da gullar bor. Obro‘ ham shunchalar bo‘lar-da. Ishonchim komilki, agar Nortojiev (ya’ni Gorbachev) jinnixonaga yotqizilsa, bundan ortiq obro‘ ololmaydi. Demak, men obro‘ jihatdan Nortojiev bilan tengman. Oramizdagi farqimiz, u — professional, men esa kelajagi porloq havaskor jinniman! Qanday yaxshi! Kelajagi yo‘q yosh olim bo‘lgan durustmi yoki kelajagi porloq yosh jinni a’loroqmi? Albatta keyingisi — muddaoning o‘zi! Darvoza tepasiga «Lenin biz bilan», deb yozib qo‘yishibdi. Endi «Butun dunyo jinnilari, birlashingiz!» deb yozdiramiz. Qiziq... jinnilar nima uchun birlashishmas ekan? Balki birlashishgandir?.. Ha, birlashganlar! Faqat ularga «jinni» degan unvon berilmagan. Ular — aqlli jinnilar. Biz esa... men esa... ahmoq jinniman. Yo‘q, ular jinnilarmi? Men jinnixonadaman. Demak, men ularning mehmoniman. Bunisi qoyil! Lekin... bir kunmas bir kun, biz havaskor jinnilar ham birlashamiz. So‘ng... Xo‘sh, so‘ngra nima qilamiz? Ha, eng avvali o‘zimizni «Aqlli jinni» deb e’lon qilamiz. Keyin erkakni xotin, xotinni esa erkak deymiz. «Falonchining eri tug‘di» yoki «Falonchining eri bolasini emizmayotgan emish...» yoki «Falonchining eri boshqadan ikkiqat emish». Zo‘r-a! Bolalar-chi? Tug‘ilgan bolalarni «buvasi», «buvisi» deymiz... Qarabsizki, qiyomat! Eng qiyomati — televizorning hamma kanallarida faqat «O‘zbekfilm» tomoshalarini ko‘rsatamiz. Qarabmizki, ertalab nahorga bosmachi, nonushtaga bosmachi, tushlikka ham, kechlikka ham. Zahartang qilib yoki uyqusi qochib tursa ham — «O‘zbekfilm»...

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:16:45

Shu yerga kelganda Habib Sattorovning toqati toq bo‘lib daftarni yopdi-da, nari surdi.
«Maynavozchilik! — deb o‘yladi u. — Umrini shunaqa maynavozchilik bilan o‘tkazdi. Jinnixonaga ham maynavozchiligi tufayli tushgan. O‘sha yerda yotib ham shu qilig‘ini qo‘ymagan. Hayotga shunaqa yengil qaragan. Yengil qaragani uchun ham hayotdan osongina keta qoldi. Uning yashashdan maqsadi yo‘q edi. Hamma fojia shunda!»
Hayotni oddiy odam sifatida emas, olim dunyoqarashi bilan tushunuvchi Habib Sattorovning ukasi haqidagi fikri shunday edi.
«Yengil qaragani uchun ham hayotdan osongina keta qoldi...»
Vo ajab! O‘zini osdi, degani hayotdan osongina ketdi, degani emas-ku? To‘g‘ri, bir necha nafasda jon chiqadi. Lekin bo‘yniga sirtmoq solguncha qiynalmaydimi? Sirtmoqqacha bo‘lgan soatlar, kunlar, oylar, balki yillar azobini kim hisob-kitob qiladi?
«Uning yashashdan maqsadi yo‘q edi...»
Naqadar xato fikr! Anvarning maqsadi unikidan ulug‘roq edi. Habib Sattorov bu olamda «Vatan ozodligi, hurligi» degan tushuncha mavjudligini o‘ylab ham ko‘rmagan. Shu sababli ham hurlik xususida satrlar bitilgan stolga tirsagini tiragan holda o‘tirib, ukasini nojo‘ya aybladi.

_________________
* M a z m u n i  b u d i r: «Tillari asaldan ham shirin, qalblari esa bo‘rilarning qalbidir».
* Mazmun budir: Agar quzg‘un qavmning yo‘lboshlovchisi bo‘lsa, Tezda ularni o‘laksazorga olib boradi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:17:04


XIII  b o b

1

Asadbek keyingi paytlarda puxta o‘ylamay turib qarorlar qabul qilayotgan bo‘lsa-da, Chuvrindi uning holatini bilgani uchun qarshilik bildirmadi. «G‘ilayni olib, Maskovga jo‘na», deganida «O‘sha yoqqa borish shartmi? Agar shart bo‘lsa, keyinroq borilsa-chi», deb e’tiroz bildirishga og‘iz juftladi-yu, hojasini g‘azabga solmaslik uchun tilini tiydi. Asadbekka bo‘ysinib yo‘lga otlandi.
Ular safarga «deputatlar xonasi» orqali chiqishardi. Bu gal ham odat kanda bo‘lmadi. Xona bekasi Chuvrindini yaxshi tanirdi. Aniqroq aytilsa, bu go‘zal juvonning xona bekasi bo‘lishida uning xizmati bor edi. Xona bekasi ularni qarshilab, uchoq bir oz kechikishini aytdi-da, qahvaxonaga boshladi.
Chuvrindi qahvaxonada Orzubekni ko‘rib quvondi.
— Birga uchamiz shekilli? — dedi Chuvrindi u bilan ko‘rishgach.
— Agar Moskvaga bo‘lsa, birga uchamiz. «Vatanimiz yuragi»ga, — dedi Orzubek keyingi so‘zlarga kinoya ohangi berib.
Ikkita qahva keltirgan bekachaga G‘ilay aroq buyurgan edi, Chuvrindi «Maskovga borib kelguncha chidaysan», deb jerkib berdi. G‘ilay bundan arazladimi yo tor xonada o‘tirib siqildimi, chekib olish bahonasida tashqariga chiqdi.
— Bu ham o‘zlaringizdanmi? — deb so‘radi Orzubek.— Ko‘rinishidan jallodga o‘xshaydi.
— Jallodlik uning ikkinchi iste’dodi, — deb kuldi Chuvrindi.
— Moskvaga malaka oshirishga olib ketyapsizmi yo Butunittifoq yosh jallodlarining ko‘rik konkursi bormi? — Orzubek shunday deb kuldi. Uning kayfiyati yaxshi edi, shu sababli hazilini davom ettirdi: — Shunaqa o‘tkazilsa yaxshi bo‘larkan. Mana, eshiting-a: «Allo, biz kallakesarlarni izlayapmiz!» Oradan bir oy o‘tgach bu yerda yangi ko‘rsatuv paydo bo‘ladi: «Marhabo, kallakesarlar!»
Chuvrindi deputatning beg‘araz hazilidan kuldi. Aslida bu hazil emas, potos bog‘lagan pichinglardan biri edi. Doimo qovoq uyub yuruvchi deputatdan hazil gapning chiqishi shimolda lola undirish kabi edi. Uning hazilini yon-atrofidagilargina tushunishi mumkin edi. Chuvrindi uning qiliqlarini yaxshi bilgani uchun ham kulib qo‘ya qoldi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:17:48

— Mahmudbek, ko‘rinmay ketdingiz? — dedi Orzubek jiddiylik bilan.
— Yuribmiz, aka, tirikchilik.
Orzubek undan «O‘zingiz ham ko‘rinmaysiz», degan lutf kutdi, bunday savolni eshitmagach, o‘zi muddaoga yaqinlashdi:
— Men ham yo‘qlamay qo‘ydim, — dedi hamsuhbatiga sinovchan tikilib. — Bek akangiz «qorasini o‘chirsin», degan bo‘lsalar kerak, a?
— Yo‘q, unday emas, bilasiz-ku...
— Bilaman. O‘sha oxirgi uchrashuvda sizlar meni noto‘g‘ri tushundinglar. Meni amalparast deb o‘yladinglar. Mahmud, aqalli siz ham meni tushunmadingiz-a? Axir men mansabparast emas, millatparastman! Men millatim uchun jonimni tikkanman. Menda millatim uchun jondan boshqa hech narsa yo‘q. Molim ham, kuchim ham yo‘q. Kuch, boylik sizlarda bor. Men sizlarda ham millat tuyg‘usi, hurriyat tuyg‘usi uyg‘onsa edi, deb umid qiluvdim. Sizda shunday tuyg‘uning uchqunini ko‘rgandim. Afsus, adashibman.
— Adashmagansiz. Millat uchun biz ham jon berishimiz mumkin, — Chuvrindi shunday deyishga dedi-yu, gap ohangidagi soxtalikni sezib, o‘ng‘aysizlandi.
Deputat bu gapni eshitib, boshini egdi. Qahvadan bir-ikki ho‘pladi.
— Mahmudbek, odam boshqalarni aldagan taqdirda ham o‘zini o‘zi aldamasligi kerak. Men endi tushunib yetyapman. Odamni o‘ttiz-qirq yoshida Vatanni sevishga o‘rgatish mumkin emas ekan. Agar odamning o‘zida zo‘r istak bo‘lsa o‘rganar-u, ammo bu tuyg‘uni mukammal deyish mumkinmas. Vatan tuyg‘usi ona suti bilan singishi kerak ekan. Xafa bo‘lmang-u, sizlarda ona suti bilan boshqa tuyg‘u kirgan.
Bu gap Chuvrindining hamiyatiga tegdi. O‘z onasini, bolasiga ko‘krak sutini bermagan onasini eslab, g‘azablandi. Qo‘lidagi piyolani stol ustiga jahl bilan «taq» etib qo‘ydi-da:
— Onalarimizni tinch qo‘ying, — dedi zarda bilan.
— Meni avf eting, Mahmudbek. Men ramziy ma’noda gapirdim.
— Ramziy ma’noda ham gapirmang!
— Xo‘p-xo‘p, — dedi deputat tobelik bilan.
— Vatanning boshiga bir ish tushsa bilinadi, siz avval jon berasizmi yo boshqalarmi? Sizga o‘xshagan gapdonlarni yaxshi bilamiz. Qo‘lingizga qurol berib, «Vatanni himoya qil», desa, «Hozir vaqtim yo‘q, majlisga kirib chiqay», deb cichqonning inini ijaraga olasiz.

Qayd etilgan