Otxona tomondan «hozi-ir» degan ovoz keldi. Bir ozdan so‘ng egniga paxtalik, boshiga telpak, oyog‘iga kirza etik kiygan qora soqolli bir kishi chiqib kelib, ular bilan salomlashdi.
— Rahmon aka sizmisiz? — dedi Kesakpolvon, unga boshdan-oyoq razm solib. U tabib cholni farishta ko‘rinishida, oppoq libos kiyib yuruvchi oqsoqol bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edi.
— Yo‘q, men hamsoyalariman. Usta otga qarayatuvdilar. Bugun Aravonda katta uloq, deng, ashaqqa borish kerak. Endiyla jo‘naymiz, deb turuvdik.
— Biz shahardan keldik. Kasalimiz bor, — dedi Kesakpolvon.
— Picha kutib turallar, taqsir. Qani, ichkariga kirsinlar, bu yer shabadaroq, ustingiz yupun ekan.
Kesakpolvon sovqota boshlagan edi, noz qilib o‘tirmay, chap tomondagi birinchi xonaga kirdi. Yigitlar chekishni bahona qilib, tashqarida qolishdi. Kesakpolvon kirib o‘tirgach, mezbon fotiha o‘qib, uzr so‘radi-da, chiqdi. Dam o‘tmay qirra burunli bir o‘spirin salom berib kirib, dasturxon yozdi. Kesakpolvon bir piyola choyni ichib ulgurmay eshik ochilib, baland bo‘yli, qirra burunli, ko‘zlari dumaloq, qoshlari qalin, kalta soqolli odam ko‘rinib salom berdi. Kesakpolvon bilan so‘rashib o‘tirgach, fotiha o‘qidi. So‘ng o‘rnidan turib yengil ta’zim qilganicha «xush keldingiz», deb kalta soqolini silab qo‘ydi.
— Rahmon aka sizmisiz? — deb so‘radi Kesakpolvon.