Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282990 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 ... 52 B


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:27:43

Xongirey «Men gumon qilmayman, ishonaman», deganida katta ketmagan edi. Uning ko‘ngli har nima balolarni sezib turardi. Shunday bo‘lsa ham gumonini tasdiq etish uchun har bir narsani obdon tekshirtiradi. U Hosilning yo‘qolganini eshitiboq, birinchi Asadbekdan gumonsiradi. Hosilning Asadbekni qarmoqqa ilintirgani haqidagi gaplarini esladi. Xongirey videokassetani tomosha qilgach, Hosilga «Uni hozircha Asadga ko‘rsatma», deb tayinlagan edi. «U ahmoq ko‘rsatgan. Buni ko‘rgan qaysi ota tinch yuradi. Agar Asad tinch yursa, u — hezalak!» — deb o‘yladi.
Vakili qaytib, uning gumoni asosan tasdiqlangach, Chuvrindi qo‘ngan mehmonxonaga bordi. Xongirey vakili bilan kirib kelgandan keyingina Chuvrindi uning kimni kutganini angladi.
Xongirey Chuvrindi tomonidan lutf kutmay divanga o‘tirib, oyoqlarini chalishtirdi-da, ayyorona ko‘z qisib, kulimsiradi:
— Ustingdan «SK KPSS»ga shikoyat tushibdi, «partiya»dan o‘chirilasan endi.
— Gunohim nima ekan? — dedi Chuvrindi uning yaxshi kayfiyatiga monand jilmayib.
— «Sovet fohishalari»ni nazarga ilmabsan. Sen ulardan irgangansan. Shu ishing bilan meni ranjitding. Xongirey sen o‘ylaganday past emas, bilib qo‘y. Ular fohisha bo‘lgani bilan «ekologik toza» edi.
Xongireyning ohangida zarda bo‘lmagani uchun, Chuvrindi ham asabiylashmay, tavoze bilan javob qildi:
— Ular uchun alohida kelaman. Ayniqsa uchinchi bo‘lib kelganini sovg‘a qilsangiz olib ketardim.
— E, yo‘q, qardosh, endi tushingni suvga ayt. Uni «yuqori»dagi o‘zimning odamlarimga ham bermaganman. Shu nomardliging uchun menga yigirma beshta o‘n besh yoshli buzilmaganni berasan.
— Yigirma besh donami yoki yigirma besh ming donami?
— Sen hazillashma, bu bo‘yningdagi qarz, unutma! Xo‘p, mening valaqlashishga vaqtim yo‘q. Ishga o‘taylik. Vakilimning hisobotini eshitasanmi?
Chuvrindi mug‘ombirona jilmayib turgan «vakil»ga qarab oldi-da:
— Yo‘q, — dedi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:28:12

— Nega? — dedi Xongirey ajablanib.
— Men sizga to‘g‘risini aytganman.
— Demak, yolg‘on gaplaringdan tonmaysan?
— Yolg‘on gapim yo‘q.
— Unda mana buni eshit.
Xongirey ishora qilgan edi, vakil kaftdek diktofonni chiqarib, tugmani bosdi. G‘ilay Shomilning so‘roqlarga bergan javoblarini, kaltak zarblarini Chuvrindi indamay o‘tirib eshitdi. U endi G‘ilayning iqrorini emas, yana o‘z taqdirini o‘ylardi.
Yozuv tugagach, vakil Xongireyning ishorasi bilan chiqib ketdi.
— G‘ilaying yolg‘on gapiryaptimi? — dedi Xongirey unga sinovchan tikilib.
Chuvrindi yelkasini qisib, xotirjam javob berdi:
— O‘zingiz tunov kuni aytdingiz: u xo‘jayiniga xiyonat qilgan. Nima uchun? O‘zining joni o‘ziga shirin ko‘ringan. Shunday odam joni qiynalganda nimalarni valdiramaydi.
— Durust, aqling joyida, qardoshim.
Xongirey shunday deb jilmayib qo‘ydi. «Kayfiyati yaxshi shekilli, jahli chiqmayapti, yo boshqa gap bormi?» deb o‘yladi Chuvrindi. Shuncha tekshirib, hamma haqiqatning tagiga yetgan odamdan marhamat kutish — fohishadan hayo kutish ila barobar bo‘lsa-da, Chuvrindi uning marhamatiga asos bo‘lguvchi bir nima borligini his qilib turar edi. Osmonni bulut qoplashidan murod — yog‘in yog‘mog‘i bo‘lgani kabi Xongireyning chehrasida marhamat nuri ko‘ringanidan murod ne ekani bir necha nafaslik sukutdan so‘ng aniq bo‘ldi.
— Doktorlar Asadga necha oy umr va’da qilishdi?
Xongireyning bu savoli Chuvrindi uchun kutilmagan bo‘ldi. Shu sababli qoshlarini bir oz chimirgan holda javob qildi:
— Buni Xudo biladi.
— Bunaqa kasalni doktor ham biladi. Axir u o‘ladi-ku, to‘g‘rimi?
— Hammamiz o‘lamiz.
— Lekin uniki — naqdroq. Biz e-he, yashayverib, zerikib ketsak ham kerak.
Xongirey xuddi taqdir yozug‘ini o‘qiy olgan odamday katta gapirdi. To‘g‘ri, uning yoshida o‘lim haqligi kam o‘ylanadi. Ammo shu yoshda, hatto undan kamroq umr ko‘rib o‘tganlar mavjudligi esa xayolga kelmaydi. Chuvrindi «Hammamiz o‘lamiz», deganida yaqin bir-ikki oyni yoki yilni emas, aql bovar qilmas uzoq davrni nazarda tutgan edi. Shunday bo‘lsa-da, Xongireyning katta ketishi g‘ashini keltirdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:28:33

— Xo‘p, masalaga boshqa tomondan qaraylik, — dedi Xongirey mo‘ylabini oliftanamo silab qo‘yib. — Hosil ketdi, orada yo‘q. Uning mulki ham senlarning qo‘llaringda. Hozir Asad bor. U o‘lganidan keyin nima qilmoqchisanlar? Bilishimcha, Asadning ikkita qanoti bor ekan. Bittasi sen, ikkinchisi... — Xongirey ismini eslamoqchi bo‘lib o‘ylandi. — Ha, Gaydarmidi?
— Haydar aka, — deb tuzatdi Chuvrindi.
— Xo‘sh, mulkni qanday bo‘lishasanlar?
— Bizda odam tirikligida mulki bo‘linmaydi.
— Sen chiroyli gaplaringni yig‘ishtir. Men senlarni bilaman. «Menga o‘lja kerakmas», deb noz qilib turasanlar-u, payt kelganda tashlanasanlar. O‘g‘il bola gapni ayt: Asadning o‘rnini egallashni xohlamaysanmi?
— Mendan yoshi kattalar bor.
— Shunday deysan-u, yuragingning bir chekkasida ozgina bo‘lsa ham istak cho‘g‘i bor. Bilib qo‘y: bu cho‘g‘ seni tinch qo‘ymaydi. Baribir yondiradi. Bu — birinchidan. Ikkinchidan: yoshi katta bo‘lishning nima nafi bor? Men uchun katta yoshdagi ahmoqdan, kichikroq yoshdagi aqlli odam muhim. Gap shu: Asadning o‘rnini sen egallashing kerak.
— Buni men hal qilmayman.
— To‘g‘ri aytding, buni sen emas, men hal qilaman!
Bu hukm Chuvrindiga malol keldi. Qoshi uchdi. O‘rnidan bir qo‘zg‘olib oldi, so‘ng og‘ir turdi. Uning vajohatidagi o‘zgarishni sezgan Xongirey «Mamatbey!» deb chaqirdi. Shu nafasning o‘zidayoq eshik ochilib, vakil kirib keldi. Dahlizda yana ikki yigit ko‘rindi. Xongirey unga:
— Choy olib kelmaysanmi? — deb baqirdi-da, Chuvrindiga sinovchan qarab oldi. — Qardoshim, yo viski ichasanmi?
— Hech narsa ichmayman, — dedi Chuvrindi norozi kayfiyatini yashirmay. Shu onda u Orzubekning hurlik haqidagi gaplarini esladi. «U xomxayolmi yo men ahmoqmanmi, — deb o‘yladi. — SSSRning changalidan yulqinib chiqmoqchi. SSSR degani faqat KPSS degani emasligini, mana bunaqa xo‘jayinlar ham borligini biladimi? Biz birgina Hosilni yo‘qotdik. Hosilga o‘xshaganlar yuz mingmi yoki millionmi? Deputat shularni biladimi? KPSS degani-ku, chiriy-chiriy deb turibdi. Lekin mana bu kuchayyapti. U nima qilmoqchi. «SSSRdan ajralib chiqsalaring ham senlar menga bo‘ysunasanlar» demoqchimi? Maskovga odam sifatida kelib, qo‘g‘irchoqqa aylanib qaytamanmi? Bek aka... ko‘p yanglish ishlar qilyaptilar. Bu yerga kelish kerakmas edi...»

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:29:09

— Ha, qardosh, gapim yoqmadi, shekilli? — dedi Xongirey ham o‘rnidan turib.
— Gapingiz emas, maqsadingiz yoqmay turibdi.
— Nega? O‘zing bosh bo‘lsang yomonmi?
— Buni nazarda tutayotganim yo‘q. Agar to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, siz bizni qulga aylantirmoqchisiz.
— E, qardosh, men bunday deganim yo‘q.
— Lekin shuning isi kelib turibdi. Siz bugun mening bosh bo‘lishimni istadingiz. Ertaga boshqasini xohlaysiz. Biz u tomonda qo‘g‘irchoqlarmiz, o‘ynatadigan iplar esa bu yerda, sizning qo‘lingizda. Qo‘g‘irchoqmi, qulmi — nima farqi bor?
— O‘, qardosh, sen faylasuf ekansan. Qo‘y, bu gaplaringni.
— Bu falsafa emas, bu haqiqat! — dedi Chuvrindi haqoratlangan odamning ovozida. — Avvalgi kuni, idorangizda bizni ancha masalalarda aybladingiz. Mehmoningiz edim, chidab eshitdim. Bizni o‘zbek (!) deydilar. Mayli, qaysilarimiz noahildirmiz, boshqadirmiz, lekin o‘zbekmiz, «o‘z»imizga «bek»miz. Qullikni hazm qila olmaymiz.
— Qardoshim, sen xafa bo‘lma, o‘sha kuni men seni haqorat qilganim yo‘q. Kamchiliklaringni aytdim.
— Agar men chechenlarning kamchiligini aytsam, sizga yoqadimi?
— Qani, ayt-chi?
— Yoqmaydi, — dedi Chuvrindi fikrini davom ettirib. — Hech kimga yoqmaydi. Men o‘zbekman, shu bilan g‘ururlanaman. O‘zbeklarni barcha kamu ko‘stlari bilan yaxshi ko‘raman. Jon berish lozim bo‘lsa, faqat o‘zbek uchun jon beraman. O‘zbek bo‘lib tug‘ildim, o‘zbek bo‘lib o‘laman. Qullikdan hazar qiluvchi xalqning farzandi siz aytgan shartga ko‘nolmaydi.
— Chiroyli gapirding, o‘zbek qardosh, lekin senlar xalta ko‘chaga qamalgansanlar. Oldilaringda ham, orqalaringda ham yo‘l yo‘q. Hosilni o‘ldirib katta xato qildilaring. Hosilga otgan o‘qlaring o‘zlaringga qaytishi kerak. Hosil o‘lgan kuni senlar ham o‘lgansanlar. Lekin men senlarga urush ochmayman. Senlarni o‘ldirmayman. Sababini aytganman, esingda, a?
— Esimda, — dedi Chuvrindi e’tiborsizlik bilan.
— Senga Jamshidni beraman. Mamatbeyni beraman. Ular senga ikki qanot. Gaydarni o‘zingdan chetlat, ammo uzoqlashtirma. Har bir harakati ko‘z          ostingda bo‘lsin. U bir kissavur. Katta ishlardan uzoqda tursin.
— U — mening ustozim.
— Bu endi o‘tmish. Mening gapim tamom. Bugun bir qanotingni olib yurtingga uch. Ha, aytmoqchi, Kozlovning oilasi senlarnikiga panoh izlab ketibdi.         Yaxshi, panohingga olaver. Ularning qaerdaligini faqat o‘zing bil. Asad ham, Gaydar ham bilmasin. Kozlovning oilasi uchun boshing bilan javob berasan. Kozlovni qo‘lga olganimizdan keyin ularni nima qilsang qil, ixtiyor o‘zingda. Tushunyapsanmi, ixtiyor o‘zingda. Sen — qul emassan, qardoshim!

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:29:23

Xongirey shunday deb yon cho‘ntagidan uchoq pattasini chiqardi-da, stol ustiga tashladi.
— Bugun kechasi uchasan, — deb xayrlashgach, chiqib ketdi.
Chuvrindi uyga qaytgunicha ham bo‘lib o‘tgan suhbatlar mag‘zini chaqishga harakat qilib, «Qanoti bor har qanday maxluq ham erkin hamda baland parvoz qila olmaydi», degan haqiqatga ishondi.

________________
* Moskvadagi qamoqxona.
* Sobiq KGB nazarda tutilyapti.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:30:11

                                                                           XIV  b o b
           
                                                                                   1

Oftobsiz rangpar kun. Umrini yashab qo‘ygan yaproqlarga xazon nuqsi urgan.
Asadbek Chuvrindi ketganidan beri uydan chiqqisi kelmaydi. Kesakpolvon ham shu yerda. Oshnasining kundan-kun so‘lib borayotganini ko‘rib eziladi. Ammo oshnasi so‘lib tamom bo‘lganidan so‘ng egallaydigan taxti ko‘z oldiga kelganda esa yuragi shoshadi.
Kasallik xususida so‘z ochishga bir necha marta og‘iz juftladi. Ammo Jalilning «Sen indama, o‘zim gaplashaman», degan amriga amal qildi. Jalil esa ikki marta kelib, boshqa gaplarni valdirab-valdirab ketaverdi. Kesakpolvon nigohi bilan imlab «ayting», deb ishora qilsa ham asosiy gapdan bo‘yin tovlayverdi. Kesakpolvon Jalilning ahvolini tushunmadi. «Kasalingni mendan nima uchun yashirding?» deyish Jalilga qiyin emas. Shu bahonada g‘ijillashib olish ham uni tashvishga solmaydi. Uning tashvishi boshqa — Asadbekning qaysarligi tutsa, «Tabibingni pishirib ye!» deb turib olishi mumkin. Jalil qishloqqa borib kelgunicha ham, keyingi kunlar ham o‘sha badjahl tabib haqida so‘rab-surishtirdi. Kimki uni bilsa yoki u haqda eshitgan bo‘lsa bir xil javob beradi: bu dunyoda o‘lim-ning ilojini qila oladigan tabib bo‘lsa, faqat o‘sha. Lekin... hammani ham boqavermaydi...
Kesakpolvon nonushtaga yangi xabar bilan keldi.
— Prokuror bolani chiqarishibdi. Ish to‘xtaydiganga o‘xshaydi, degan gap bor. Sharif ham chiqib qolar balki, — dedi Kesakpolvon kosadagi qaymoqqa non ushatib.
— Ishni nega to‘xtatar ekan? Vajohati yomon, devdilaring-ku?
— Vajohatidan it ham hurkardi. Lekin Maskovdan bir xabar kelibdi, shekilli. Prokuraturadagi bolalar aniq bilishmaydi.
— Sharifga ehtiyot bo‘llaring. Chiqsa, biron yoqqa dam olishga jo‘nat. Mahmuddan yana darak bo‘lmadi, a? Bunaqa odati yo‘q edi. Xavotirlanyapman.
— Xavotir olma. U mening maktabimda o‘qigan. Tegirmonga tushsa omon chiqadi.
— Aslida o‘zim borsam bo‘larkan. Fe’li yomon u chechen zang‘arning.
— Sen shu safar bir past ketding. Zo‘r bilan zo‘rchasiga gaplashish kerak. Buncha qo‘rqasan undan? Zo‘r bo‘lsa zo‘rligini ko‘rsatsin, yuborsin zo‘rlarini! Biz ham hezalak emasdirmiz, erkakchasiga gaplashish qo‘limizdan kelar. Yo erkakligimizning boshqacha isboti ham kerakmi?!

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:31:22

— Oliftagarchilik qilma. U senga Hosil emas. Hosil ahmoq bola emas edi. Kimga suyanishni bilgan. Agar murosa qilmasak, ko‘p bolalar qiriladi. Men o‘zimdan qo‘rqmayman. Bir boshga — bir o‘lim. Yigitlar bekorga uvol bo‘lib ketadi.
— Bek, sen qimorboz eding. Yo chikka, yo pukka! Dangalchiliging qayoqda qoldi. Men-ku, mayli, mayda kissavurdan chiqqanman.
— Dangalchilikni zamon ko‘tarmaydi.
— Sen charchagansan. Duch kelganni it bo‘lib qopyapsan. Bi-ir dam olsang yaxshi bo‘lardi. O‘g‘illaringning to‘yiga borsang yuragingning chigillari bi-ir yozilardi. Ha, aytmoqchi, to‘y hali ham aniq bo‘lmabdimi? Tezroq borib kela qolmaysanmi?
Kesakpolvon shunday deb ayyorona boqdi. Asadbek undan nigohini olib qochdi. Gap xastalikka borib taqalishi mumkinligini sezib, javob bermadi.
Ular nonushtani boshlashga ulgurishmay, boloxonadagi yigitlardan biri eshikni qiya ochib:
— Samatoxun aka keldilar. Zarur gaplari bor ekan, — dedi.
Bu xabarni eshitib, Kesakpolvon bezovtalandi. Hojasiga bir qarab olib «keyinroq kelsin», demoqchi edi, Asadbek:
— Kirsin, — deb ijozat berdi. So‘ngra Kesakpolvondan so‘radi: — To‘yi qachon edi, esdan chiqibdi?
— Mening ham aniq esimda yo‘q. Bugun-erta shekilli?
— Xayoldan ko‘tarilgani chakki bo‘libdi. Har qalay, eski qadrdonlardan.
Bashang kiyingan, o‘zidan farangi atrini taratayotgan Samatoxun kirib, ularning suhbati uzildi. Samatoxun deganlarining do‘koni Asadbekning homiyligida. Shaharning gavjum joyida joylashgan bu do‘kon mudiri yigirma yilning nari-berisida ularga sariq chaqalik ham xiyonat qilmadi. O‘z ishini bilib bajargani uchun Asadbek uni hurmat qilardi.
Fotiha o‘qilgach, Samatoxun Kesakpolvonga g‘alati qarab oldi. Kesakpolvon undan ko‘zini olib qochib, choy quyib uzatdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:31:45

— Oxun, to‘y harakatlari bilan charchamay yuribsizmi? — deb so‘radi Asadbek mehribonlik bilan.— Muborak bo‘lsinga o‘tamiz, deb o‘tolmadik, ranjimang.
— Xafagarchilik yo‘q, aka. O‘zingiz sog‘ayib qoldingizmi? Bizga sizning sog‘lig‘ingiz kerak. Sizning tovoningizga kiradigan tikan bizning ko‘zimizga kirsin. Xudo xohlasa bugun nikoh, borsangiz boshimiz ko‘kka yetadi.
Samatoxun «Xudo xohlasa» degan so‘zga bo‘lakcha urg‘u berib, yana Kesakpolvonga qaradi. Asadbek undagi o‘zgarishni sezib so‘radi:
— Ha, Oxun, mashqingiz pastroqmi? Nima gap, tinchlikmi?
— Xudo xohlasa, tinchlik, — dedi Samatoxun. — Bek aka, orada bir tashvish chiqib qoldi: o‘g‘limni o‘g‘irlab ketishibdi.
— Qaysi o‘g‘lingizni?
— Shu... uylanayotgan kuyov bolani...
— Birontadan gumoningiz bormi?
— Gumonim-ku yo‘q. Ammo...
— Chaynalmay aytavering.
— Kecha ZAGS edi. Bir birodarimiz «Mersedes» va’da qilgan edi. «Mersedes» o‘rniga «GAZ-31» yuboribdi. «Qo‘lingdan kelsa va’da bergin-da, erkak» deganday qilib, qattiqroq gap aytuvdim. Shuni og‘ir oldilarmikin? Unday bo‘lsa, tavba qildik. «Bu ahmoq tilni chaynab tashla», desalar chaynab tashlay. Ammo oshga zahar tushmasin. Men yomonman, bo‘yin egib keldim.
Bu gaplarni eshitib Asadbek Kesakpolvonga qa-radi.
— Menga qarama, mening ishim emas bu, — dedi Kesakpolvon «qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar» qabilida jerkib.
— «Mersedes»ni to‘g‘rilab bermadingmi?
— O‘sha kuni buzilib qolgan bo‘lsa men nima qilay? Shaharda «Mersedes» ikkita bo‘lsa ham boshqa gap edi. O‘n beshta oq «o‘ttiz bir»ni yubordim. Bu akamning hamiyatlariga tegibdi. O‘sha sassiq gapni o‘zimga aytmaysizmi, tirrancha sho‘pirga aytib nima qilardingiz?
— Tilim qursin, men — ahmoq, tavba qildim, — dedi Samatoxun.
— O‘g‘li qaerda?
— Ie, men qayoqdan bilay? Men «Mersedes» to‘g‘rilab beraman, deb va’da qilganman, o‘g‘li yo‘qolsa topishning kafilini olmaganman.
— Bir soatning ichida topasan.
— Asad?!
— Boshqa gap yo‘q. Oxun, siz boravering. Bazmga o‘zim bosh bo‘laman.
Samatoxun har ikkovini duo qila-qila chiqib ketgach, Asadbek Kesakpolvonga qahrini sochdi:
— O‘zimizning odamlarga ham shunaqa qiliq qilasanmi, so‘tak?
— Kimga qanaqa gap aytishni o‘rgansin. Sen bunaqalarni o‘zingga yaqin olib yelkangni tutsang, bular boshingga chiqib, bizga qarab choptirishadi. Izzatini bilsin-da.
— Bir soat vaqting bor.
Kesakpolvon qaymoqqa non bo‘ktirilgan kosani qo‘liga oldi.
— O‘n minutda uyida bo‘ladi. Mening qornim och. Sen bo‘g‘ilaverma. Sochining kepagi ham to‘kilmagan bolaning.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:32:33

Asadbek og‘ziga kelganni qaytarmay so‘kdi. Bunaqangi so‘kishlarni eshitaverib beti chandirlashib ketgan Kesakpolvon qaymoqqa bo‘ktirilgan non burdalarini chapillatib yeb, xo‘rillatib choyini ichaverdi. Asadbek sal hovridan tushgach:
— Bugungi qaymoq bu dunyoniki bo‘lmabdi. Olsang-chi, egnimga shim kiyib, hali bunaqasini yemovdim, — dedi.
— Sening chapillatib chaynashingni ko‘rsa, itning ham ko‘ngli ayniydi. Odamga o‘xshab yeyishni qachon o‘rganasan?
— Odam bo‘lganimda, — dedi Kesakpolvon ishshayib.
— Sen odam bo‘lmaysan.
Shu xildagi g‘azab, kinoya, masxara toshlari aralashiga otilaverdi, bu toshlar temir qoyaga tegib uvalangan kesak holiga tushaverdi. Boloxonadagi yigitlardan biri mastava keltirganda Kesakpolvon kosani yalayotgan edi. U mastavadan bir-ikki qoshiq ichdi-yu, hojasining topshirig‘ini bajarish uchun o‘rnidan turdi. U chiqib ketishi bilan uy huvillab qoldi. Asadbekning tomog‘idan ovqat o‘tmadi. U yana o‘zining kirlangan, badbin xayollari bilan yolg‘iz qoldi. Yuragi siqilib, «Ahmoq bo‘lsa ham Haydarning o‘tirgani yaxshi edi. Jalilni toptirib kelmasam bo‘lmaydi», degan xayolda qo‘ng‘iroq tugmasiga qo‘l yuborganida boloxonadagi yigit eshikni ochdi.
— Muhiddin aka degan odam so‘rayapti, — dedi u. — Zarur gapi bor emish.
Asadbek «Muhiddin aka kim bo‘ldi ekan?» deb o‘ylangan damda hovlida Jalilning ovozi eshitildi:
— To‘g‘ri bostirib kiravermaysizmi? Sizday odamning kutib turishi uyat-ku? Bu oshqovoqlarda kalla yo‘q.
— Meni tanimaydi-da bular...
Ovozidan tanidi — Krasnoyardagi ovloq o‘rmonda qaror topgan otasining birodari!
Asadbek o‘rnidan turib, tashqariga yo‘naldi. Muhiddin otani ayvonda bag‘riga bosdi. Otasi tirilib qaytib kelganday, quchog‘idan bo‘shatgisi kelmadi. Hatto ko‘ziga yosh, bo‘g‘ziga yig‘i keldi. Yig‘ini iziga qaytarmoq maqsadida yutinganida yo‘tali tutdi. Shundan keyingina qariyani bag‘ridan bo‘shatdi. Muhiddin ota yo‘talning xunukligidan bosh chayqab, «Hali ham tuzalmabdi-da?» degan ma’noda Jalilga qaradi. Jalil ham ko‘z qarash bilan javob qildi: «Shunaqa... oshnamning ahvoli og‘ir».
Ichkari kirib o‘tirishgach, yigitlar qayta dasturxon tuzashdi. Asadbek xos mehmonxonadagi hasham Muhiddin ota ruhini ezib qo‘yishini fahmlab, u yoqqa boshlamadi. Fotihadan so‘ng Muhiddin ota:
— Ota yurtimga yo‘lim tushib edi, sizni yo‘qlamay ketolmadim. Poezdim oqshom jilar ekan, ungacha diydoringizga bir to‘yay, — deb kelishdan maqsadini aytdi.
— Hali poezdga patta ham oldingizmi? — dedi Jalil.
— Ha, endi, safar qaridi-da.
— Jalil, xabaring bormi, uch-to‘rt kun poezdlar yurmasmishmi? Temiryo‘lchilar ish tashlashganmishmi?
— Eshitmay bo‘ladimi? Kechadan beri Maskovdan aytib yotishibdi. Poezd bir oy yurmas ekan.
Hazil aralash bu lutfdan mamnun bo‘lgan mehmon minnatdorlik bildirdi.
— Siz qaytganingizdan so‘ng oshnangiz keldilar. Rahmatli dadangizning qabrlariga marmartosh qo‘ydirmoqchi bo‘ldilar. Siz aytgan ekansiz. Picha pul ham tashlab ketgan ekansiz. Bo‘tam, sizni injitmoq niyatim yo‘q, ammo bu ish durust bo‘lmagani bois ijozat bermadim. Ularga tushuntirmoq mumkin bo‘lmagani sababli «Toshni o‘zim qo‘ydiraman», deb pulni oldim. Mana, — u shunday deb qo‘yin cho‘ntagidan gazeta qog‘oziga o‘ralgan pulni olib, uzatdi. — Hozir kelayotib qurdirayotgan masjidingizni ko‘rdim, Olloh sizdan rozi bo‘lsin. Bu pulni shu xayrli ishga ishlating.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:32:59

Asadbek shu maqsadda pul qoldirmoqchi bo‘lganda Kozlov «Bitta toshga qurbimiz yetar», deb olmagan edi. Hozir shuni aytib, qariyaning qo‘lini qaytarmoqchi ham bo‘ldi. Lekin orada uni xijolat qilib qo‘yishi mumkinligi sababli fikridan qaytdi. Uning o‘ylanib qolganini ko‘rgan Jalil chaqqonlik qilib, Muhiddin otaning qo‘lidan pul o‘ramini oldi.
— Juda to‘g‘ri qilibsiz, boplabsiz! — dedi u qariyaga dalda berib. — Tosh qo‘yishi nimasi? Islomda yo‘q bunaqasi. Men bolalarimga aytib qo‘ydim. «Mabodo o‘lib qolsam tosh-posh qo‘yib yurmalaring», dedim. Xuddi o‘lik chiqib ketmasin deganday tosh bostirib qo‘yishadi-ya! Odam tuproqdan bo‘lganidan keyin tuproqqa qorishib yotaveradi-da, to‘g‘rimi, taqsir?
Jalilning «chala mullaligi» tutib, mehmonni gapga soldi. Ayollarning qabristonga borishlari haqida o‘zicha bahs ham yuritdi.
— Mana, siz, ayollar ham ziyorat qilsalar bo‘ladi, deyapsiz. Axir «Qabristonga borgan ayollarga Ollohning la’nati bo‘lsin» degan hadis bor-ku?
— Bo‘tam, men Yaratganning ilmi sayoz bir bandasiman, — dedi Muhiddin ota vazmin ohangda. — Shu kunlarda aytilayotgan qaysi bir hadisi sharif sahih, qaysi biri gumonli — mening ojiz fikrim farq eta olmaydi. Siz aytgan hadisi sharifda balki ko‘mish marosimiga borish nazarda tutilgandir, vallohi a’lam? Rivoyat qilishlaricha, arab ayollari qabristonga borgunlaricha hamma yoqlarini yulib, qonatib tashlar ekanlar. Yana Olloh biladi, balki shu holat nazarda tutilgandir. Yana bir fikr shuki, qabristonga faqat tahorat bilan kiriladi. Ayollar ba’zan bu holda bo‘lmaydilar. Bo‘tam, yana bir hadisi sharif borki, unda qabristonni ziyorat qilishga da’vat etiladi. Mozoriston qiyomatni yodga solib turadi, deyiladi. Mazkur hadisi sharifda «faqat erkaklar borsin», deyilmaydi. Mening bilganim shu, bo‘tam, yana ulamolardan so‘rab, o‘rganmoq joizdir.
Muhiddin ota Jalil bilan suhbatlasha turib Asadbekka bir-ikki ma’noli qarab oldi. Asadbek bu qarashlardan qariyaning yolg‘iz o‘ziga aytmoqchi bo‘lgan gapi borligini sezdi. Qarasaki, oshnasining gaplari hali-beri tugamaydigan, shu sababli so‘zini shartta uzdi-da:
— Jalil, og‘ayni, otamga o‘z qo‘ling bilan bir palov damlab bergin. Sening oshingni ham yemaganimizga ancha bo‘ldi, — dedi.
Jalil «Men qachon osh damlagan edim?» degan savol nazari bilan Asadbekka qaradi. So‘zi bekorga bo‘linmagani, tashqariga chiqib turishi lozimligini anglab, noiloj o‘rnidan turdi.
Jalil chiqib ketgach, Asadbek «Endi bemalol gapiravering», deganday mehmonga qaradi. Muhiddin ota bir ozgina taraddudlanib, so‘ng vazminlik bilan so‘z boshladi:
— Bir hafta bo‘ldimikin, oshnangiz keldi. Bir xavotir bilan boshpana izlab kelgan ekan. Kimlardir izlariga tushibdilar ekan. Kimlar ekanini o‘zingiz bilar ekansiz.
«Kimligini bilaman, Xongirey!» deb o‘yladi Asadbek.

Qayd etilgan