Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282975 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 ... 52 B


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:33:57

— Uning iziga tushganlar orasida sizda avval xizmat qilgan bir o‘zbek yigiti ham bor ekan.
— Kim ekan? — deb ajablandi Asadbek.
— Ismini aytmadilar. — Mehmon Asadbekning o‘yga tolganini ko‘rib, sukut saqladi.
«Kim bo‘lishi mumkin? Balki... Hosilning odamlaridandir?..» Asadbek Jamshidning tirikligini, Kozlov izidan tushgan chechen yigitlar qatorida yurgan bo‘lishi mumkinligini xayoliga ham keltirmadi.
— Men uni siz ko‘rgan kulbamda qoldirib keldim. O‘n besh kunlik oziq-ovqatini g‘amladim.
— Yaxshi qilibsiz, rahmat sizga.
— Xotini bilan qizchasini Kemerovo orqali bu yoqqa olib keldim. O‘zi kelishga unamadi. Bu yoqlarda qo‘lga tushsa, sizga yomon bo‘lar ekan. Xotini bilan qizchasini Marg‘ilondagi bir oshnamnikiga qo‘yib keldim. Erta-indin ularni atdan olish kerak.
— Olamiz, — dedi Asadbek o‘ychan, — shu bugunoq ishonchli joyga yetkazamiz.
— Bo‘tam, sizga aytmoqchi bo‘lgan omonat gapim shu. Endi, ijozat etsalar, bir-ikki so‘raydurgon gapimiz ham bor.
— So‘rang, ota.
— Bo‘tam, mening ojiz fikrim balki adashayotgandir. Lekin... sizlarning ishlaringizda bir yovuzlik ko‘ryapman.
Muhiddin ota «Bu savol bilan yurak yarasini tirnab qo‘ymadimmi», degan xavotirda Asadbekka qarab olib, boshini egdi.
Asadbekning ham boshi egik edi. Otasining birodariga, halol-haromning farqiga yaxshi boradigan odamga nima desin? Qanday tushuntirsin? Jahl g‘avg‘osi ila mag‘rur, aqldan begona onlarini qanday aytsin? Vujudi vahshat ichra tor-mor bo‘lgan odam pokiza insonga kirlangan yuragini ko‘rsata olarmi ekan?
Lekin... nimadir deyishi kerak.
Savol berildi.
Javob kutilmoqda.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:34:12

Asadbek boshini bir og‘irlik, bir azob bilan ko‘tardi.
— Ota, bizning ishimiz nozik. Bir-ikkita kooperativlar ochganmiz. Do‘st bor, dushman bor...
— Dushmanning biri ham xatar, — deb mezbon Asadbekning fikrini quvvatladi.
— Biz ba’zan hukumatni aldashga ham majburmiz. Hukumatning qoidalari chatoq, aldamaslikning iloji yo‘q. «Odamlar qing‘ir ish qilsin» deb qing‘ir qoidalarni o‘ylab chiqaradigan amaldorlar ham bor-da!
— Oshnangizni... hukumat ta’qib qilmadi, deyman?
— Nega bunday deyapsiz?
— Hukumat ta’qib qilsa, oilasiga tegmas, deyman.
— Ha... to‘g‘ri anglabsiz. Biz bilan kelisha olmaydigan boshqa kooperativlar bor.
Oraga sukut cho‘kdi. Muhiddin ota bir necha nafaslik sukutdan so‘ng boshini quyi egganicha, xuddi o‘ziga o‘zi gapirayotganday bir bayt o‘qidi:
— Hayotning tarbiyatsizlik to‘foniga nishon    aylab, Chunon majruh o‘lub ruhlar, yuraklar zohidon o‘lmish.
Asadbek baytning mazmunini anglamay qariyaga qarab oldi. Sukut yana davom etib, Asadbek o‘zining bolaligi haqida oz bo‘lsa-da aytishi lozimligini bildi. U maktabdagi, ko‘chadagi haqoratlarni, bir burda qora nonga zor kunlarni ko‘rganini aytmadi. Bu kunlarni ko‘rgan birgina u emas edi.
— Onam olamdan o‘tganlaridan keyin... qimorbozlarga aralashib qoldim. Meni o‘sha odamlar tarbiya qilishdi. Uylanganimdan keyin ko‘p o‘ynamadim. Ustozimning gapiga kirib, tashladim. Qimorbozlarga qozilik qildim. Keyin... kooperativlar ochdik. Men haqimda bo‘lar-bo‘lmas gaplar ko‘p. Men... namoz o‘qimasam ham Xudodan qo‘rqadigan insonman. O‘lganimdan so‘ng do‘zaxda kuyishimni bilaman.
— Xudo saqlasin, gunohlaringizni o‘zi kechirsin. Tavba qiling, bo‘tam.
Asadbek ko‘kragida alamli faryod bosh ko‘tarayotgan edi. Uni bo‘g‘ish uchun bir necha fursat sukut saqladi.
— Sizni bilmayman-u, ammo men sho‘ro hukumatidan butunlay noroziman. Do‘zaxda avval shu hukumat kuyishi kerak edi.
— Durust aytdingiz, bo‘tam.
— Ota, maslahat bering. Bolalarim o‘qishni bitirgach, o‘sha yerda qolishini xohlayapman. Bu yerga qaytmasin. Mendan keyin yomon bo‘ladi...

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:34:39

«Mendan keyin...» Shu ikki so‘z aytilayotganda ovozi titradi. Buni ziyrak qariya sezdi. Uning rang-ro‘yiga qarab, «Mendan keyin» yaqin kunlar ichi sodir bo‘lishi mumkinligini fahmlab ezildi.
Jalil osh damlashni yigitlarga topshirib, o‘zi boloxonada yigitlarga nasihat qilib o‘tirganida Asadbekning yo‘talini eshitdi. Yo‘tal bosilavermagach, shoshilib pastga tushdi. Xonaga kirganda Asadbek bukchaygancha yo‘talar, Muhiddin ota esa uning yelkalarini uqalar edi.
— Do‘xtir chaqiring, bo‘tam, — dedi qariya, kirib kelgan Jalilga xavotir bilan qarab.
Asadbekni har kuni yo‘qlab, boqib turuvchi tabib hayallamadi. Ostona hatlab, mijozining ahvoliga ko‘zi tushdi-yu, yanada shoshdi. Em ignasi bilan ketma-ket yuborilgan dorilar ta’sir etib, Asadbek bir oz orom olgach, tabib ham yengil xo‘rsinib qo‘ydi.
— Kasalxonaga yoting, desam ko‘nmayaptilar. Nur berilmasa bo‘lmaydi.
Yo‘tal azobidan holdan toygan Asadbek bu gapni eshitib, ko‘zini ochdi. Tabibga qarab barmoqlarini qimirlatdi-da, «Sen ketaver», degan ishora qildi. Jalil tabibni kuzatib chiqdi. Tabib xastaning ahvoli og‘ir ekanligini ta’kidlagach, xayrlashib ketdi. Jalil hovlida turib qoldi. Bu orada Muhiddin ota ham hovliga chiqdi-da:
— Uxladilar shekilli, bir oz orom olsinlar, — dedi.
Shunda Jalil oshnasining kasali nima ekani, kasalni hammadan yashirayotgani, o‘zining tabibga borib kelganini aytdi. Asadbekni u yoqqa olib borish muammosidan qiynalayotganini ham bildirdi. Ikkovlon hovlida turganlaricha reja tuzdilar. Rejaga ko‘ra ular Asadbekning kasalidan bexabar holda, «yo‘talni tuzatadigan» tabibga borib kelishga da’vat etadigan bo‘ldilar. Tabibning o‘jarligini bilgan Muhiddin ota ham birga borishga istak bildirdi.
Asadbek dorining kuchi bilan peshinga qadar uxladi. U uyg‘ongach, rejani amalga oshirish boshlandi. Muhiddin otaning birga borajagini bilgach, Asadbek ko‘ndi.
Qishloqqa yaqinlashganlarida yo‘l chetidagi «Zaporojets»ga ko‘zlari tushib, to‘xtadilar. Reja bo‘yicha Kesakpolvon bu yoqqa odam yuborib, eskiroq mashina tayyorlab qo‘yishi, ular qishloqqa shu arobada kirib borishlari lozim edi. Ish reja asosida bo‘ldi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:35:17


Qishning sovuq nafasi sezilib tursa-da, yerning iliq bag‘ri kechasi yoqqan qorni eritib yuborgan, toshloq yo‘ldan yurish bir oz qiyinlashgan edi. Urinib qolgan «Zaporojets» kuchanib bo‘lsa-da, manzilga eson-omon yetib keldi.
Abdurahmon tabibning darvozasi ochiq, loyda qolgan iz yaqin orada bu hovlidan uch g‘ildirakli traktor chiqqanidan ogoh qilib turardi. Darvozaga yetishganda Muhiddin ota «Men chaqiray», dedi-da, ostona hatladi. Ikki oshna beriroqda to‘xtab, kutishdi. O‘lim bilan yuzma-yuz bo‘lgach, takabburligi chekingan Asadbek misoli yuvosh bolaga aylangan edi.
Qariya hovli tomon uch-to‘rt qadam bosib:
— Mulla Abdurahmon aka! — deb chaqirdi. Javob bo‘lmagach, yana ikki karra, endi ovozini balandlatib chaqirdi. Shundan keyin ovoz berilib, dam o‘tmay Abdurahmon tabibning o‘zi ko‘rindi. Muhiddin ota qiroat bilan salom berdi. Shunga yarasha tabib ham:
— Vaalaykum assalom va rahmatullohi va barakotuhu, — deb alik oldi-da, quchoq ochib ko‘rishdi. Ular qadrdonlarday yuzlarini yuzlariga qo‘yib ko‘rishdilar. Islom odobini, xususan, bu olamdagi odamlar bir-birlariga birodar ekanliklarini bilmagan, tushunmaganlar bu holatdan ajablanishlari tabiiy.
— Yo‘limiz shu tomonga tushib edi, siz muhtaram zotni ziyorat qilmasdan o‘tib ketmoqni ayb deb bildik, — dedi Muhiddin ota.
— Xo‘b ajab ish qilibsiz, inim. Xonadonimga rizq beruvchi Tangrim mehmon yuborgan ekan, o‘ziga shukr qilaman. Qani, marhamat qilsinlar.
— Taqsirim, mening birodarlarim ham bor.
— Chaqiring ularni, qadamlariga hasanot. Tortinmay chaqiravering, uyimiz keng, uy torlik qilsa, Xudo xohlasa bag‘rimiz kengdir.
Muhiddin ota bu muruvvat uchun minnatdorlik bildirib, hamrohlarini chaqirdi. Haydovchi kirishga unamay, choyxonada bo‘lajagini bildirib, arobasini burdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:35:46

Gilam to‘shalgan katta xonada tezlikda dasturxon tuzaldi. Non sindirilib, «oling, oling» boshlangunga qadar deyarli gap-so‘z bo‘lmadi hisob. Abdurahmon tabib mehmonlarga zimdan qarab chiqdi. Nazari bir necha soniya Asadbekda to‘xtab, uning xastaligini fahmladi. Zotan, uning xastaligini tabib bo‘lmagan odam ham biluvi mumkin edi. Mehmonlarning kelishlaridan maqsadi kasal boqtirish ekanini sezsa-da, tabib «Kelinglar, xizmat» demadi. Shu paytgacha biron o‘zbek mehmonga «nima uchun uyimga kelding» demagani holda pok-nopokni durust ayira oluvchi, o‘ziga imon yo‘lini ma’qul deb tanigan Abdurahmon tabib aytarmidi.
Jalil ham, Asadbek ham suhbatga deyarli aralashmay jim o‘tirishdi. Ayniqsa, Jalilning jim o‘tirishi ulug‘ tahsinga loyiq buyuk jasorat edi.
Muhiddin ota birdaniga maqsadni aytmay, gapni uzoqdan boshladi.
— Taqsir, bir rivoyat yodimga tushdi, ijozat bering, aytay. Hoynahoy siz bu rivoyatdan xabardorsiz. Buni hamrohlarim uchun ayta qolay.
— Marhamat qiling, azizim...
— Roviylar deyarlarki, podshoh bir qizni, otasi hamda ikki akasini o‘limga hukm etibdi. Qiz o‘limi oldidan bir qultumdan suv berishlarini so‘rabdi. Podsho muruvvat qilibdi. Suvni ichib bo‘lgach, qiz debdiki: «Ey, muruvvatli podshoh, biz siz bergan suvni ichdik. Endi sizga mehmonmiz. Mehmonni o‘ldirish mumkin bo‘lsa, biz o‘limga tayyormiz». Podsho qizning aqliga tan berib hukmni bekor qilgan ekan. Alqissa, shulki, biz sizga mehmonmiz. Haqiqat shulki, siz o‘limga hukm qiluvchi shoh emas, xastalarga shifo beruvchi tabibsiz.
— Unday emas, inim, adashdingiz, astag‘firulloh. Dard beruvchi ham, shifo beruvchi ham yolg‘iz Ollohdir.
— Haq rost, — dedi Muhiddin ota, bosh egib.
— Inim, siz meni ko‘rinmas ip bilan bog‘lab oldingiz. Bilib turibman, bu inim, — u Asadbekka qaradi, — xastalar. Muolaja haqida so‘ngroq so‘z yuritamiz. Hozir mehmondorlik taomilini buzmaylik. Avval taom, deydilar. Haligi arobalaring sog‘lom odamni ham xasta etadi. Bir oz dam olinglar. Men esa, siz aytgan rivoyatga javob aytay: «Hazrat Luqmon hakimdan so‘rabdilar:
— To‘g‘ri va aniq so‘zlashni kimdan o‘rgandingiz?

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:36:53

— Ko‘r odamdan, — deb javob beribdilar hazrat. — Ular bir qadam bosishlaridan oldin avval hassalari bilan yerni paypaslab ko‘radilar. Men esa so‘z aytishdan avval o‘ylayman». Alqissa shulki, siz o‘ylab-o‘ylab durust so‘zlar aytdingiz. Mening ko‘nglim bundan tog‘dir.
Shu zaylda lutf almashilganidan so‘ng har ikki tomonni ajratib turuvchi noqulaylik pardasi chetga surildi. Suhbat erkin maqom kasb etib, hatto Jalil ham «mulla» sifatida qo‘shila boshladi. Krasnoyardagi suhbatlar chog‘ida Jalilning «mullalik» darajasini yaxshi fahm etgan Muhiddin ota vaqti-vaqti bilan uning so‘zini kesib turishga majbur bo‘ldi.
Hamonki ular aziz mehmonlar martabasiga ko‘tarilgan ekan, Muhiddin ota o‘zlarini tanishtirmoqni lozim ko‘rdi.
— Sizga bir qarashdayoq quvg‘indi ekaningizni yuragim sezgan, — dedi tabib. — Agar bilsangiz kamina ham quvg‘indilardan. O‘z shahrimni tashlab kelib, bu qishloqda makon tutganman. Bu inimning, — u Asadbekka qaradi, — ko‘p zulm ko‘rganlarini ko‘zlarining tubi aytib turibdi. Ammo, ishqilib adashayotgan bo‘lay, ko‘zlarining sirti, ayniqsa qorachiqlari o‘zgalarga zulm qilganlarini aytib turibdi.
Bu gapni eshitib, Muhiddin aka boshini egdi. Asadbek ham bosh egib bir oz jim o‘tirdi-da, so‘ng tan oldi:
— Ota, adashmadingiz...
— Zamon majbur qildi ularni. Bizlar quvg‘inlarda qolganda, bular qarovsiz bo‘ldi. Kechagi kuni Asadbek bo‘tam bilan shuni gaplashib edik. Hukumatni ko‘rarga ko‘zlari yo‘q. Bizlarni qamoqdan ozod qilishdi, taqsir, omma farzandlarimiz ruhlari shikastlanganicha qoldi.
— Bilaman, inim, bilaman, — dedi tabib og‘ir tin olib. — Bu gaplarga hojat yo‘q. Bilsangiz inim, men boshqa olamman. Sovet Ittifoqi degan badbaxt davlatni dunyo tan olgan, ammo men tan olmaganman. Sovet Ittifoqining chegarasi siz bosib o‘tgan darvoza ostonasida tugaydi. Ostonaning bu tomoni boshqa dunyo.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:37:59

— Bu davlat yuragimizdan joy ololmadi. Siz yaxshi aytdingiz, taqsir. Endi bu chegarani yanada uzoqroqqa uloqtirish zamoni kelarmikin? Bu haromilar qachon yo‘q bo‘larkin?
— «Al-birru la yubla, vaz-zanbu la yunsa ad-dayyanu la yamutu i’mal ma-shi’ta kama tadiynu tu‘danu»*,— dedi Abdurahmon tabib ma’noli ohangda.
Jalil hadisning ma’nosiga tushunmasa ham «qarang-a!» degan hayrat bilan bosh irg‘ab qo‘ydi. Muhiddin aka esa bir oz o‘yga tolib so‘ng tabibga qarab dedi:
— Astaiyhzu billah, «Va loqad karromna bani Adama», — Ulug‘ qilib yaratilgan odam zurriyodlari shayton yo‘liga kirsa shu ekan-da. Astaiyhzu billah, «Va inna alayka la’nati ilo yavmid-din»*.
Ular ikki alloma singari suhbat yuritardilar. Jalil ularning suhbatiga o‘z fikri bilan qo‘shilish uchun og‘iz juftlaganida Asadbek tirsagi bilan biqiniga turtib, ko‘z qarashi bilan «Jim o‘tir» deb tahdid qildi.
Suhbat chiroyli tarzda davom etayotganda, hovlida bir odamning «Abdi!» degan baqirig‘i eshitildi. Go‘yo jimirlab turgan ko‘lga tosh tushganday bo‘ldi.
— Dev akam keldilar, — dedi Abdurahmon tabib miyig‘ida kulib. — Aybsitmanglar, mehmonlar. U — Xudoning erka bandasi. Mening doimiy aziz mehmonim.
Tabib mehmonni qarshilashga turganida ostonada devning chala tug‘ilgan bolasini eslatuvchi, baland bo‘yli, to‘ladan kelgan, soch-soqoli oppoq oqargan, usti yupun odam ko‘rindi. U ostona hatlab ichkari kirib mehmonlarni ko‘rdi-yu, bir zum to‘xtadi. Ularga bir-bir qarab olgach, dadil yurib kelib Muhiddin ota bilan ko‘rishdi:
— Assomoykum, senga million so‘m beraman, — dedi jiddiy tikilib.
Bu gapni eshitgan Muhiddin ota nima deyishni bilmay, gangib qoldi.
Dev aka Jalil bilan ko‘rishayotib ham shunday dedi. Ammo barchani hayratda qoldirib Asadbekka bunday demadi.
Abdurahmon tabibga uning fe’li ma’lum: Dev aka birovni suymasa pul va’da qilmaydi. Boshqalarga milliondan «beraveradi». «Bu odamning nimasi yoqmadi? U ham ko‘zlarida zulm ko‘rdimi ekan?» deb o‘yladi tabib.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:38:53

Dev aka millionlarni «ulashib bo‘lgach», o‘tirib Abdurahmon tabib uzatgan choyni xo‘rillatib ichdi.
— Abdi, — dedi u tishsiz milklari bilan non chaynab. — Mix yo‘q. Hech yerda yo‘q. Iso Masixni mixlashga yetgan mix endi yo‘q. Hamma tilanib yuribdi. Rais ham tilanyapti. «Sotsializm qurish uchun ehson qiling», deydi. «Puli yo‘q odam qurilish boshlamaydi», dedim. — Dev aka hiringlab kulgan edi, og‘zidagi choy soqolidan oqib tushdi. — Pul yo‘q, mix yo‘q, u sotsializm quraman, deydi.
Muhiddin ota unga qarab turib ajablandi: ba’zi gaplari tuppa-tuzuk, ayrimlari almoyi-aljoyi. Uy egasi indamay o‘tirgani uchun, ular ham gapirmadilar. Dev aka choyni ichib bo‘lgach, piyolani to‘ntardi-da, o‘rnidan turdi.
— Abdi, mix yo‘q, sen sotsializm qurma, — deb chiqib ketdi.
Shundan so‘ng tabib Dev akaning kimligini aytib qo‘yishni lozim topdi.
— Biz bir qishloqdan edik. Qizillar kelib bizdan tilla talab qilishdi. Bularning uyini tit-pitini chiqarishibdi. Onasi yashirib qo‘ygan bitta tangani yutib yuboribdi. Haromilar ko‘rib qolib, ayolni homilador demasdan, qilichda qornini yorib olishgan o‘sha tangani. Dev aka to‘rt-besh yosh ekan. O‘shandan beri shunaqa bo‘lib qolgan.
— Astag‘firulloh, — dedi Muhiddin ota.
— Yo‘g‘-e, homilador xotinni-ya? — deb ajablandi Jalil.
— Bu sizlarga cho‘pchakka o‘xshaydi, — dedi tabib. — Men ertakchi emasman. Bilganimni gapiraman. Bizni bu yoqlarga ko‘chirishganda Dev aka ergashib keldilar. Avval biznikida yotib yurardilar. Keyin-keyin duch kelgan yerni makon tutadigan bo‘ldilar. Qishin-yozin yurishlari shu — sarpoychan.
Ovqat kirib taomlanishgandan so‘ng tabib Asadbekning yoniga o‘tdi.
— Qani, inim, qo‘llaringizni bering. Ismingiz nima, yoshingiz nechada?
Tabib Asadbekning kaftlariga boqdi, tirnoqlarini ezib ko‘rdi. So‘ng ikki bilagidagi tomirga bosh barmog‘ini qo‘yib, boshini egganicha ancha o‘tirdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:39:34

— Ichingizga sovuqlik in qurib olibdi, haydash kerak, — dedi u Asadbekning bilaklarini qo‘yib yuborgach. — Buning ilojini qilamiz. Lekin... yana bir xastalik ilashibdi sizga. Buning ishi qiyin. Shifo berguvchi Olloh. Ollohga tavakkul qilgumiz. Menda dori tayyorlash uchun bir narsa yetishmaydi. Eski arobada kelganingiz bilan topar-tutaringiz yaxshiga o‘xshaydi.
— Ayting, topamiz, — dedi Jalil.
— Topasizmi? — dedi tabib unga norozi qiyofada boqib. — Yaxshi, topib keling. Menga tilla tanga kerak.
— Tilla tanga? Nechta? — deb so‘radi Jalil, xuddi cho‘ntagi tilla tangaga to‘la odamday.
— Bir dona. Aslida undan ozgina kukun sidirib olaman. Qolgani o‘zinglarniki.
— Oshnam tuzalsa bo‘ldi, bu yog‘idan xotirjam bo‘ling, ota. Bir emas, yuzta tanga bo‘lsa ham topamiz.
— Inim, ikkinchi daf’a bunday deya ko‘rmang menga. Men u dunyoga mol-dunyo bilan bormayman. Yolg‘iz Ollohga va uning rasuliga muhabbatim bilan boraman. Shu bois bu dunyodagi boylikni, siz aytgan yuzta tangani sariq chaqaga ham olmayman.
Asadbek oshnasining biqiniga tirsagi bilan turtdi. Muhiddin ota «attang!» deganday bosh chayqadi.
— Uzr, otaxon, o‘ylamay gapirib yubordim, — deb bosh egdi Jalil.
— Siz menga yuzta emas, bitta topib keling. Sayyid Abdulahadxon tangalaridan bo‘lsin.
— Abdulahadxon? — dedi Jalil.
— Buxoroi Sharifda shunday amir o‘tgan.
— Sovetning tangalari bo‘lmaydimi? — dedi Jalil.
— Nikolayniki ham, boshqa zamonniki ham bo‘lmaydi. Menga kerakli narsa faqat Sayyid Abdulahadxon zarb etgan tillasida bor.
— Men uni qanday topaman?
— Topolmaysizmi? Unda sira oldindan katta ketmang. Men muolajani bugundan boshlayman. Uzoqdan kelibsiz, shu uy sizniki. Siz esa inim, poezdda bir yarim kunlik yo‘l, bir joyga borasiz. Hayim degan yamoqchini topasiz. «Abdurahmon tabibdan salom. Siz Sayyid Abdulahadxonning o‘n yettinchi jiyani ekansiz. Tabibga bitta tanga zarur bo‘lib qoldi», deysiz. Savdolashmaysiz. So‘ragan pulini berasiz.
Jalil ishning bu qadar oson ko‘chganiga, ayniqsa, Kesakpolvon ottirgan otlardan gap ochilmaganidan quvonib yo‘lga tushdi.

________________
* M a z m u n i  b u d i r: «Yaxshilik eskirmaydi, gunoh unutilmaydi, Olloh taolo o‘lmaydi. Endi nima qilsang qilaver. Amalingga yarasha jazo olasan (Hadisi sharifdan).

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:40:32

                                                                                     2

Jalil poezddan tushib, Abdurahmon tabib aytgan joyni qiynalmay topdi. Lekin ustaxonasida Abdurahmon tabib ta’riflagan keksa yamoqchini emas, yigirma besh yoshlardagi yigitni ko‘rdi.
— Hayim aka qaerda? — deb so‘radi Jalil.
— Haym akoni nima qilasiz? — deb savolga savol bilan javob berildi. Jalil:
— Men bir odamdan salom olib keldim, — dedi.
— Kimdan?
— Abdurahmon tabibdan. Sen bilmasang kerak uni. Sen o‘zing kimsan?
— Haym akoning nabirasi.
— Bobong qanilar?
— Ketganlar.
— Qachon keladilar.
— Kelmaydilar. Bobom ketgan joydan qaytishga yo‘l yo‘q.
— Isroilga ketdimi?
— Undan ham uzoq... Xudoning oldiga...
— O‘ldimi? Shuni ayta qolmaysanmi. Gapni cho‘zishingni qara.
— Ako, siz so‘radingiz, men javob berdim. Bobomda nima ishingiz bor edi?
Jalil tabib tayinlagan gaplarni dona-dona qilib aytdi.
— Ako, bu kriminal ish. Bizga unday tanga yo‘q.
— Sen mahmadonalik qilma. Uyingga borib buvingdanmi, ota-onangdanmi so‘ra. Men milisa emasman, qo‘rqma.
— Ako, menga qo‘rqish yo‘q. Tanga ham yo‘q.
— Men shu yerda o‘tirib turay, sen uyingga borib so‘rab kel.
— Erta keling, ako.
— Erta deganing nimasi? Men qaerda yotaman?
— Istansada yotsangiz mumkin.

Qayd etilgan