Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282995 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 ... 52 B


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:41:04

Jalil qarasaki, bu yigit gap uqmaydigan. Noiloj iziga qayta boshladi. Sal nari yurgach, yigit chaqirdi:
— Ako, hov ako!
Jalil «Xudoga shukr, insof kirib qoldi shekilli», deb o‘girildi.
— Ako, pulingiz yoningizgame? — deb so‘radi yigit u yaqinlashgach.
— Sen avval tangani top. Pul naqd.
— Erta keling.
Jalil unga bir bobillab bermoqchi bo‘ldi-yu, ishni buzmay deb tilini tiydi. U yamoqchi aytganday bekatga bormay, masjidni izlab topib, o‘sha yerdan qo‘noq topdi. Masjid imomi safarga ketgan, noibi ayni Jalilbop — chala mulla ekan. Ikkita chala mulla suhbat qurganda ilmning yanada sayozlashib ketishi o‘sha kuni yana bir karra isbotlandi.
Ertasiga ham ish pishmadi. Yigit yana «Erta keling», deb turib oldi. Jalil qaytmoqchi bo‘lganda yana «Pul yoningizgame?» deb so‘radi.
Uchinchi borishda ustaxonada beliga eski charm peshband bog‘lab, chaqaloqning mushtini eslatuvchi burniga dumaloq ko‘zoynak qo‘ndirgan qariyani ko‘rdi.
— Kecha bir yigit o‘tiruvdi? — dedi Jalil u bilan salomlashgach.
— Sizga yigit kerakme? — deb savolga savol bilan javob berdi chol.
— Aslida menga Hayim aka kerak.
— Haym akangiz men-ku? — deb kuldi qariya. — Nabiram sizga nima dedi, ketdi, dedime?
— Ketdi desa ham mayli, o‘ldi, dedi.
Hayim kuldi:
— Nabiram hazilga moyil. Ammo u ketdi, degan, siz o‘ldimi, degansiz, haymi?
— Shundoq-ku... lekin...
— Aka Abdurahmon amonme? Nima deydi?
Jalil tabibning gapini so‘zma-so‘z takrorladi.
— Hay, pulingiz kissangizgame?
— Ha.
— Oling.
— Qancha?
Hayim aytdi. Jalil qo‘yin cho‘ntagidan gazitga o‘rog‘liq pulni olib sanamoqchi edi, yamoqchi urishib berdi:
— He, esingizga bir narsa, sizning. Bu yerga sanamang pulni. Boshqa joyga sanab keling.
Jalil xoliroq ko‘chaga borib pulni sanab yana gazeta parchasiga o‘radi-da, ustaxonaga kelib, yamoqchiga uzatdi.
— Erta keling, — dedi yamoqchi.
— Yana ertami?
— Ha, sizga osonme, bu. Xohlamasangiz boshqa yerga izlang.
— Xo‘p, xo‘p...
Jalil uni ichida so‘ka-so‘ka masjidga qaytdi.
Ertasiga yamoqchi unga balchiq surilgan tanga uzatdi. Jalil loyni artmoqchi edi. Hayim uni to‘xtatdi:
— He, esingizga bir narsa sizning. Tegmang. Bu kriminal ish, tushunmaysizmi? Boring, Haym aldamaydi. Haym chestniy grajdanin.
Uch kunlik xunobgarchilikdan so‘ng Jalilning bag‘riga oftob tekkanday bo‘ldi.


Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:41:59

3

Tong qilichi g‘olib kelib, tunning ikki qoshi orasini poraladi.
Ikki qariya namozni o‘qiyotganida Asadbekda ham ibodat qilmoqqa mayl uyg‘ondi. Uyda yolg‘iz qolganida, azon tovshini eshitganida shunday his uyg‘onardi. Hozir uning vujudida g‘alati kuch qo‘zg‘olib, turishga majbur etdi. U tahorati bo‘lmasa-da, namoz o‘qishni bilmasa-da, Abdurahmon tabibning orqasida namoz o‘qiyotgan Muhiddin otaning yonidan joy oldi. Namozxonlar tursa turdi, rukuga borsa, ruku qildi, sajdaga bosh qo‘yishganda u ham joynamozga bosh qo‘ydi. Ana shunda ko‘kragida bir o‘ksik uyg‘ondi. Zoe ketgan umriga aza ochib, yig‘lagisi keldi.
Sajdaga bosh qo‘yguncha boshqa odam edi.
Sajdadan bosh ko‘targanida u bo‘lak inson bolasiga aylandi.
Har bir narsada zang bor, qalb nurining zanglashi— to‘qlikdir, deydilar. Hozir xolis ixlos bilan sajdaga bosh qo‘yganida o‘sha zang to‘kildimi — Xudo biladi.
«Dillardagi kibr-havoni ketkazishga qaraganda tog‘ni igna bilan ag‘darish osonroq», deydilar. Ammo Olloh istasa bu mushkulotni osonlik bilan hal etadi.
Namoz o‘qib bo‘lingach, avval Muhiddin ota, so‘ng Asadbek turdilar-da, ko‘rpachalar to‘shalgan xonaga o‘tdilar.
Abdurahmon tabib esa o‘rnidan jilmadi. Uning odati shu: Yaratgan bilan xayolan gaplashadi. U bu odatini hech qachon kanda qilmagan. Bugun ham munojotini boshlab, mehmonlarning turib ketganlarini hatto sezmadi ham. Vujud qarigani sayin aql kuchga kirib boradi, deb bejiz aytishmagan. Abdurahmon tabibning munojotini tinglagan har bir kimsa bu haqiqatga yana bir karra amin bo‘ladi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:42:40

Avvallari, yoshlik chog‘larida dushmanlarga, ularni qaqshatgan qizil zolimlarga jazo berishini so‘rab iltijo qildi. «Al qasosul min-al Haq». Qasos — Haqdandir. Abdurahmon tabib avvaliga nima uchun kofirlar qo‘li baland kelayotganidan ajablandi. Hatto ba’zan shayton alayhila’na vasvasasiga uchib, «Agar kofirlarni jazolay olmasang qanday qodir Xudosan!» (Astag‘firulloh!) degan vaqtlari ham bo‘ldi. Keyinchalik oyati karimada zikr etilmish «Kufr yo‘lini tutgan kimsalar ularni tek qo‘yganimizni o‘zlari uchun zinhor yaxshilik deb hisoblamasinlar. Biz ularni faqat gunohlari ko‘payishi uchungina muhlat beramiz. Ular uchun xor qilguvchi azob bordir», degan Haqiqatni anglab yetdi. Yana eng muhim bir narsaga — «Olloh nima sababdan bu yurtni kofirlar zulmi ostida ezilishiga qo‘yib berdi?» degan savolga javob topdi. Javob oddiy edi — qavm Ollohdan uzoqlasha boshladi. Shayton g‘olib mamlakatda kofirlar o‘zlarini daryo suvidagi baliqdek his qilib, yayradilar. Kofirlar zulmidan qutulmoqning yo‘li bir — Ollohga yaqinlashish, Ollohga qaytish!
Keyinroq g‘animlarga insof tiladi.
Har insof tilaganida bir voqea esiga tushadi.
Qishloqni qizillar bosdi. Ular qishloq ahlining tarixini kimdandir bilibdilar. Tarix shuki, ularning qabilasi yuz yillar muqaddam urushdan bezib, tog‘ oshib kelishgan. Bu qabilaning g‘oyat katta boylikka ega ekani haqida rivoyatlar yuradi. Aslida bu rivoyat emas, haqiqat edi. Chindan ham ularning katta boyliklari mavjud, lekin uning qaerga yashiringani qattiq sir saqlanardi. Qabila o‘troq bo‘lib, qishloq vujudga kelgandan so‘ng ham boylik sarf qilinmadi. Ayrimlar «Ezilib ishlayveramizmi, ota-bobolardan qolgan boylikni ulashing», deyishganda oqsoqol vazmin turib «Agar mehnat bilan yashashni chumolidan o‘rganing, desam sizlarga uyatdir. Agar bu nasihatga amal qilmasangiz ikki karra uyatdir», deb mojaroga yakun yasagan ekan. Boylik yurtga qaytib borilgandagina sarf etilsin, degan vasiyatga barcha avlod sodiq keldi. Ana shu boylikning isini olgan sho‘rolar keksalarni siquvga oldilar. Ana shu onda Islom lashkarlari hujum qilib, ular Oqsoqolning qo‘rg‘onida qurshovda qoldilar. Islom lashkarlari keksalarni asrab qolish maqsadida «ularni ozod qilinglaru ketinglar» deb shart qo‘ydilar. Qizillar «kechasi ketamiz» deyishdi. Ketishgandan so‘ng qarashsaki, boylik qaerdaligini aytmagan qariyalarning boshlarini jodida bir-bir uzishibdi... 

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:43:53

...O‘shanda qariyalar Xudoga nola qilib zolimlarga insof tilashgandir...
Dev akaning onasi ham tilagandir.
Tillani deb qancha jonlar qurbon bo‘ldi.
Hamma mamlakatlarda, hamma zamonlarda bunga o‘xshash voqealar yuz bergan.
Aslida oltinning rangi sariq emas, to‘kilgan qonlarga mos — qizil bo‘lishi kerak.
Abdurahmon tabib har subhi sodiqda Ollohdan bandalariga imon tilaydi, hidoyat tilaydi, dil qulflarini ochmoqlikni so‘raydi...
Tashqarida ayol kishining ovozi kelib Abdurahmon tabibning xayoli bo‘lindi. Munojotini nihoyasiga yetkazib, yuziga fotiha tortdi-da, tashqariga chiqdi. Egniga qora duxoba kamzul kiygan kampirga qarab:
— Yana keldingizmi, singlim? — dedi norozi ohangda.
— Bergan doringizni ichib bo‘ldim, —dedi kampir aybdor odam ovozida.
— Ichib bo‘libsiz, yaxshi. Endi dam oling.
— Tabib og‘ajon, siz hamma narsani bilasiz, ayting, bir oy ichida o‘lib qolmaymanmi?
— Buni Xudo biladi.
— Siz ham bilasiz. Ayting bir oy...
— Bir oyda nima qilmoqchisiz?
— Men hech narsa qilmayman. Menga qolsa, vaqtim bitgan bo‘lsa, hozir ham tayyorman. Lekin... o‘g‘lim to‘y qilmoqchi. Men o‘lib qolsam, to‘yga ataganini azaga ishlatib, sovuradi. Nima bo‘lsa ham to‘ydan keyin o‘lay.
— «Kulli nafsin zoyiqatul-mavta»*, — dedi tabib. Oyati karimaning ma’nosini tushunmagan kampir «Tabib duo qildi», deb unga minnatdorchilik bildirdi.
Abdurahmon tabib xos xonasiga kirib qog‘ozga bir siqim quritilgan ko‘kat solib chiqdi-da kampirga uzatib:
— Qaynatib iching. Xudo xohlasa o‘g‘lingizning hamma to‘ylarini ko‘rasiz, —dedi.
— O‘rigimizga ola hakka qo‘nib qaqillayapti-da, — dedi kampir xavotiri boisini bayon qilib.
— Bid’atlarga ishonmang, odamlar aytaveradi.
— Ota-onam ham tushimga kiryaptilar.
— Bid’atga ishonmang, dedim-ku! — dedi tabib jahl bilan. — Boring, yana ikki yil yashaysiz.
Kampir «Hazillashyapsizmi?» deganday qarab turdi. Tabibning qarashi jiddiyligini ko‘rib, uni duo qila-qila ketdi.
— Odamlar qiziq-da, — deb o‘yladi Abdurahmon tabib, uning izidan qarab. — Ikki kundan keyin o‘lasan, desam ishonmaydi, qarg‘ab-qarg‘ab ketadi. Ikki yil yashaysan desam ishonadi, duo qiladi. Janob Rasululloh «O‘ng tomonimga salom berib chap tomonimga salom berishga ulguramanmi-yo‘qmi, bilmayman», deganlar. Payg‘ambar bilmagan narsani tabib qanday bilsin...

_________________
* M a z m u n i  b u d i r: Har bir tirik jon o‘lim mazasini totib ko‘ruvchidir.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:44:34

                                                                                        4

Jalil tilla tangaga ketgach, Abdurahmon tabib muolaja boshladi. Avval eski qonni eslatuvchi qo‘lansa dorini ichirdi. So‘ng bir kosa qaynatma sho‘rva keltirdi. Sho‘rvani ichib bo‘lgach, Asadbekni po‘stinga o‘rab qo‘ydi. Asadbek shu darajada terladiki, umri bo‘yi bunaqa holga tushganini eslolmaydi. U yettita ilonni yeb semirgan ilon sho‘rvasini ichganini bilmadi. Sho‘rvaga ilon solinganini bilsa, balki icholmas yoki qayt qilib tashlagan bo‘lardi. Muhiddin ota bilan ochilib gaplashayotgan, Asadbekka qaragani hamon tundlashadigan tabib «ich», dedi, tamom — bajardi.
Tongda yengillashib turdi. Xuddi darddan butkul forig‘ bo‘lganday tuyuldi. Namozdan keyin esa ruhi ham tetiklashdi.
Abdurahmon tabib kampirni kuzatib kirgach, o‘rnidan turib salom berdi.
— Ko‘rinishingiz, Xudoga shukr, durust, — dedi Abdurahmon tabib, salomga alik olib.
— Tuzalib qolganga o‘xshayman.
— Olloh shifo bersin. Ammo tuzalishingizga fursat bor. Bu xastalik xiyla o‘jar.
— O‘g‘lingizning to‘yigacha tuzalib ketasiz, inshoolloh, — deb gapga qo‘shildi Muhiddin ota. So‘ng qo‘shib qo‘ydi. — Odamzotning farzandi to‘yini ko‘rish umidida yashamog‘i go‘zal hol-da!
Uning keyingi gapi ohangida farzandsiz o‘tayotganidan bir afsus, bir armon bor edi. Tabib buni sezib gapni burdi:
— Hozirgi kampirni aytasizmi?
— U chindan ham ikki yil yashaydimi? O‘g‘lining to‘yini ko‘radimi? — deb qiziqdi Asadbek.
Abdurahmon tabib jilmaydi. Uning bu jilmayishida xursandlik yoki quvlik emas, iztirob bor edi.
— Buni Ollohgina biladi. Xasta hali tirik ekan, tuzalishiga Ollohdan umid bor. Ba’zan birovning ko‘nglini ko‘taraman, deb gunohga botaman. Shunda hazrat Navoiyni yodlayman:

Ey g‘ofilu g‘aflatqa vujuding mag‘lub,
Majmui yomonlig‘ nazaringda marg‘ub.
Bording dag‘i kelmading bu erdi matlub,
Yolg‘onlaring ichra yo‘q edi mundin xo‘b...

Odam bu dunyoga o‘lish uchun keladi. Xarobaga aylantirish uchun quradi. Shu haqiqatni tushuntirishim qiyin.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:44:54

Nonushtadan oldin Asadbekka yana kechagi qo‘lansa doridan berdi. Nonushtadan so‘ng esa yumushlari borligini aytib, uzr so‘radi. Shu ketganicha peshinda bir ko‘rindi. Mehmonlarni chog‘roq, oynavand xonaga taklif qildi. Bu xonada tancha hozirlab qo‘yilgan edi.
Asadbek tanchaga o‘tirib, bolaligini esladi.
Tancha sovub qolgan kunni ham yodiga oldi.
Otasini olib ketgan kunlari.
So‘ng tancha chetidagi Samandarning murdasi...
«Tashqariga chiqmay turing», degani uchun shu uyda o‘tirdilar. Ertalab Asadbekning namozga turganidan quvongan Muhiddin ota unga ibodat qoidalarini o‘rgata boshladi. Qo‘l bog‘lab turishni o‘rgatayotganda tabib kirib, uning harakatlarini kuzatdi. So‘ng tanchaga omonat o‘tirib, Asadbekka qaradi.
— Xudoga shukrki, dilingiz qulfini ocha boshlabdi,— dedi u mamnunlik bilan. — Agar kecha bu birodarimning uzrlari aytilmaganda sizni boqmas edim. Men sizning ko‘zingizda zulm ko‘rdim. Zulmkor odamlar hayotdan bir kun kech ketganidan ko‘ra, ikki kun avvalroq o‘tgani durust. Shunda kamroq odamga zulm  o‘tkazadi.
— Bo‘tamni zamon yo‘ldan chiqardi.
— Unday demang, inim, o‘sha zamon nima uchun siz bilan meni yo‘ldan chiqarmadi? Qush qaerga in qurishni biladi,a? Demak, yashashdan maqsadini ham biladi. Nahotki, jonzotlar orasidagi eng oliyi hisoblanmish insonning qush bilgan narsaga fahmi yetmaydi?
— Taqsir, — dedi Muhiddin ota. — Sizga uchratgani uchun Ollohga shukr. Xudo xohlasa ham tan xastaligi, ham ruh xastaligiga shifo topajakmiz.
— Bir narsani aniq fahm eting, inim, — dedi tabib Asadbekka. — Kimki hiylai tadbirni tashlasa, yaxshi ham tinch yashaydi.
Tabib shunday deb yana hovliga chiqib ketdi.
Jalil ertasi kun ham kelmagach, Muhiddin ota xavotirlandi.
— Xavotirlanmang, inim, — dedi tabib kulimsirab. — Hayim osonlik bilan ishonmaydi. Kamida uch kun ovora qiladi.
Shundan keyin Jalilning kelishini sabr bilan kutdilar.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:45:15

Tabib Jalil keltirgan tilla tangani yuvib, artib chiroqqa tutdi. Oltin tovlanib ko‘zni oldi. Abdurahmon tabib katta kosada tayyorlab qo‘ygan dori bilan kichik egovni olib kelib, tangani ularning ko‘zi oldida egovladi. Yetarli miqdorda egovlagach, oltin zarralarini doriga aralashtirib chetga olib qo‘ydi-da, tangani Asadbekka uzatdi:
— Olib qo‘ying, inim.
— Sizda qolaversin, rozimiz, — dedi Asadbek.
— Yo‘q, inim, bu yerda qolmasin.
— Yana birorta kasalga ishlatarsiz?
— Agar lozim bo‘lsa odam jo‘nataman.
— Buni sotib, masjidga ishlata qolinglar, — dedi Jalil.
— Masjidga peshona teridan topilgan mablag‘ bo‘lsa, tashlab ketarsiz...
Xullas, Abdurahmon tabib tangani ham olmadi, «Xudo yuborgan mehmonlardan pul olsam, qiyomatda Ollohimning ko‘ziga qanday qarayman?» deb «qo‘l haqi», «nazir» deyilguvchi pulni ham olmadi.
Tabibning maslahati bilan Asadbek yana biron hafta qoladigan bo‘lgach, Jalil uyiga qaytdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:45:36

                                                                                        5

Muhiddin ota Asadbeknikida uzoq qolmadi. Asadbek uning yoniga ikki yigitni qo‘shib, «Kozlovni olib kelinglar», deb tayinladi. Muhiddin ota qabriston chekkasining yonib kul bo‘lganini uzoqdan ko‘rib, yuragi ezilib ketdi. Bu yerda qanday voqea sodir bo‘lganini o‘zicha taxmin etdi.
Mashinadan tushdi-da, bir to‘p kulga aylangan uyi oldida g‘aribona turib qoldi.
Yaxshi-yomon kunlari o‘tgan edi bu uyda.
«Qamoqda halok bo‘lgan birodarlarim ruhi kezib yuradi», deb ko‘ngli taskin topardi.
Birodarlarining ruhlari chirqiradimi endi?
Charxpalakning chelakchalari anhordan suv olib novga to‘kkani kabi falak gardishi zulmkorlarni zamin yuziga to‘kaveradi, to‘kaveradi. Zulm daryosi esa tuganmas, qurimas...
Kozlovdan ham nom-nishon qolmagan. U kuyib kul bo‘lganmi yo qochib qolganmi — Xudo biladi.
Muhiddin ota bir oz turgach, qorda izlar qoldirib qabrlar oralab yurdi. Asadbekning otasi yotgan qabrga yaqinlashib, tiz cho‘kdi. Tilovat qildi. Xayolan u bilan suhbatlashdi.
So‘ng iziga qaytdi. Arobaga o‘tirib, qishloqqa bordilar. U yerdagilar uychaning yonganidan bexabar edilar. Yigitlar Muhiddin otani qishloqda qoldirib, qaytishdi. Bir haftacha turib Muhiddin ota ham qishloqqa sig‘may qoldimi, u ham yurtiga qaytdi.


Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:46:23

                                                                                         XV  b o b

                                                                                               1 

Bir kishilik tor, zax, nimqorong‘i qamoq. Quyosh nuri oqib kelishi mumkin bo‘lgan tirqish ham yo‘q.
Bu zax xonada sog‘lom odam xastalikka chalinishi, xastaning esa o‘limi aniq bo‘lishi ham hech gapmas. Zohid bunday xonani endi ko‘rayotgani yo‘q. Lekin avvalgi ko‘rishlari boshqa, bunisi boshqa. Avvallari tergovchi sifatida, majoz bilan aytilganda «mehmon» sifatida ko‘rar edi. Endi esa o‘zi mahbus, ya’ni «mezbon». Bu yerda bir kun bo‘ladimi yo bir yilmi, yoki undan ko‘pmi — bilmaydi. O‘zidan oldin bu xona mezbonlari ham shunday edi.
Bu sovuq beton devorlar necha o‘nlab yoki yuzlab odamlarning ohu faryodini o‘ziga singdirgan. Bu yerda qancha begunohlar nola qildi ekan? Devor-ku tosh, nolalarga parvo qilmaydi. Devor ortidagi odamlar-chi? Ular «Shu xonada begunoh odam yotibdi», deb o‘ylashganmi, achinganmi? Zohidning o‘zi-chi? Shunday xonalar yonidan o‘tayotganda nimalarni his qilgan. Eshik tirqishidan mo‘ralayotgan ko‘zlarni ko‘rardi-ku?..
Mana hozir u xona o‘rtasida qo‘llarini orqaga qilib turibdi.
Shu devor ortida hovli bor, uning ortida esa ko‘cha, daraxtlar... Bulutlar bilan olishayotgan oftob. Ming turli qayg‘u yoki ming turli baxt bilan yurayotgan odamlar. Qayg‘udagilar ham, baxtiyorlar ham yurayotgan yo‘llaridan sal naridagi yerto‘lada mahbuslar yotganini bilmaydi. Bilsa ham e’tibor bermaydi. Balki hozir shu ko‘chadan Zohidning qishloqdan kelgan otasi yoki onasi o‘tib borayotgandir, balki xotini kechki ovqatga kechikmay deb shoshilib ketayotgandir...
Kechki ovqatga Zohid bormaydi. Nonushtaga ham... Xotini dastlab xavotir olmaydi... Keyin...
Keyin nima qiladi? Qayga boradi?

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:46:41

Ishxonasiga keladi. Birov «Bilmayman», deydi, birov «Falonchiga uchrang», deydi. Falonchi pistonchiga yuboradi. Pistonchi esa «Ering poraxo‘r», deydi. Xotini ishonadimi? Yo‘q, ishonmaydi. Maoshdan maoshga arang yetib borishadi-ku, axir. Balki... Xotini boshqa narsani o‘ylar? Poralarni olib, o‘ynashiga ishlatar, der?.. «E, yo‘q, bunaqa o‘ylamaydi, menga ishonadi...»
Xayollariga erk bergan Zohid adashayotgan edi. Uning ahvolidan xabar topgan Said Qodirov «Eringiz shoshilinch safarga ketdi, qishloqqa borib turar ekansiz», deb xotini bilan bolasini jo‘natishga ulgurgan edi. Berger esa egasiz uyning qulfini buzdirib ochib, tintib chiqib ketgan edi.
Dil dog‘langan, bardosh bog‘langan.
Bu dunyoda qahramonlik ko‘rsatish zarur emas, ammo ablahlik qilmaslik shart, degan aqida asosida ulg‘aygan, shu aqida bilan yashayotgan Zohid tamoman gangib qoldi. Yorug‘lik bilan qorong‘ulik chegarasini aniq belgilash mumkin bo‘lmaganidek, u adolat bilan adolatsizlikning chegarasini tamoman yo‘qotdi. Bunday chegara bormi, bo‘lganmi — bilmay ham qoldi.
«Sharif Namozovni qamash, qamoqdan chiqarish haqidagi qog‘ozlarda mening imzom yo‘q edi. Uni faqat so‘roq qilganman. Nima uchun menga ayb qo‘yishyapti? Namozov nima gunoh qilgan? Moskvadan kelishgan bo‘lsa — ish jiddiy. Vinzavod masalasi bo‘lsa kerak. Vinzavod titilsa — Asadbekning tagiga suv ketadi. Maqsad vinzavod bo‘lsa, meni nima uchun tiqishtirishadi? Bu kimning ishi? Asadbeklarnikimi? Men ularga xalaqit bermay qo‘ydim-ku? Yo bir odamni yemish qilish kerak bo‘lsa prokuraturadagilar meni ro‘para qilishdimi? Men ular uchun kimman? Hech kimman! Hali bir ishni qoyillatganim yo‘q...»

Qayd etilgan