Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282989 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 ... 52 B


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:47:05

Oradan qancha vaqt o‘tdi, bilmaydi. Tun kirdimi, yo‘qmi — buni ham bilmaydi. Ko‘zlari o‘ngida hammayoq xira. Bu xona ichra emas, go‘yo dunyo ichra yolg‘iz. Hech kimdan nido yo‘q. Faqat tor ko‘kragiga bandi yuragi behalovat tepadi. Tepib-tepib ko‘krak qafasini sindirib qochib ketgisi keladi. O‘zini himoya etolmaydigan bu vujudni tark etgisi keladi.
Eti junjikdi. Daraxtlarni ko‘rgisi keldi. Beg‘ubor osmonni, quyoshni qo‘msadi. Xuddi ularni ming yillardan beri ko‘rmayotganday sog‘indi.
«Oy bo‘lishni xohlaysanmi yo quyoshmi?»
Bu ovoz qaydan keldi?
Akasining ovozi. Bolalikdagi beg‘ubor, mas’um ovozi...
Zohid gangib turgan paytda ovoz takrorlandi:
«Oy bo‘lishni xohlaysanmi yo quyoshmi?»
— Quyosh bo‘lishni... — Bu kichkina Zohidning ovozi.
— Qara, oy chiroyli-ku?
— Quyosh esa issiq. Siz oy bo‘la qoling.
— Men qush bo‘lgim keladi.
— Nega?
— Maza qilib uchaman. Uchaveraman.
— Men ham uchaman.
— Yo‘q, sen quyosh bo‘la qol. Men sening atrofingda uchaman. Osmonda ikkalamiz bo‘lamiz...
«— Osmonda quzg‘unlar ham bor.»
«— Osmonda qora bulutlar ham bor...»
Bu kimning ovozi?
Bolalik xotiralariga muhrlangan o‘sha suhbatda «quzg‘unlar, qora bulutlar» yo‘q edi. Buni keyinroq anglashgan. Ayniqsa o‘sha ayriliqdan keyin...
O‘sha mash’um voqeadan so‘ng Zohid akasi bilan g‘oyibona ko‘p gaplashdi. Jisman yolg‘iz qolgan kechalarda ruhan akasi bilan birga edi. Faqat... uylanganidan so‘ng bu jarayon kamaydi.
Sudda o‘rtoqlari yolg‘on gapirishganda akasi bilan tun bo‘yi suhbat qurgan edi. O‘g‘lining yolg‘iz holda qotib o‘tirishini sezgan onasi xavotirlandi. Unga bildirmay o‘zicha choy, qand olib borib domlaga o‘qitib kelib, shirin choylar qilib ichirdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:47:29

O‘sha kecha yuragi siqilib o‘tirganida birinchi marta akasining ovozini eshitgan edi:
— Sen ulardan ranjima. Ular meni o‘ldirganlari bilan, ular... do‘stlarim edi. Yolg‘on gapirishmasa, og‘irroq jazo olardilar.
— Ular do‘st emas... Bobom kitobdan o‘qib bergan edilar, esingizdami: «Do‘stingni yengilroq sevginki, kuni kelib, dushman bo‘lib qolishi ham mumkin». Do‘stlaringiz shunday bo‘lib chiqdi.
— Unday dema. Vaqti kelganda ular bilan bitta mayizni bo‘lishib yeganman. Bu... tasodif bo‘ldi. O‘ldirish niyatlari yo‘q edi. Bobomning o‘qib berganlari — Hadis, uning davomi ham bor edi: «Dushmaningga ham yengilroq adovat qilginki, kuni kelib, do‘st bo‘lib qolishi ham mumkin...»
— Ular do‘st bo‘lmaydilar.
— Vaqti kelib senga yaqin bo‘lishadi.
— Hech qachon! Men ularni o‘la-o‘lgunimcha kechirmayman.
— Bobomning gaplarini unutma: musulmon kechirimli bo‘lishi kerak.
— Yo‘q! Ular musulmonning ishini qildilarmi? Ular musulmonmi? Yo‘q, kechirmayman!
Akasi o‘shanda xo‘rsingan edi...
Keyin...
Keyin o‘qishni tashlaganida ham tun bo‘yi suhbat qurgan edi.
— Sen o‘zingcha adolat topmoqchimisan? — deb so‘ragan edi akasi.
— Topaman, aka.
— Yo‘q narsani topish mumkinmi?
— Dunyoni faqat zulmat qoplamagan-ku, yorug‘lik ham bor-ku?
— Sen o‘zingni o‘zing nobud qilasan.
— Hamma o‘zini olib qochaversa nima bo‘ladi?
— Sen tanlagan yo‘lda yuholar bor. Ilonni yutib, dumini ko‘rsatishmaydi. Sen shunday bo‘la olasanmi?
— Mening yo‘lim boshqa.
— Qo‘y ham, bo‘ri ham bolaligida ona sutini emadi. So‘ng... ulg‘aygach, biri o‘t yeydi, biri esa uning go‘shtini... Bo‘ri qo‘yxonada ulg‘aysa o‘t yeydimi? Zinhor!
— Men... bo‘rimanmi?
— Yo‘q, qo‘ysan. Bo‘rilarga maysaning ta’mi yaxshiligini o‘rgatmoqchisan... Ehtiyot bo‘l...
Dil dog‘langan, bardosh bog‘langan damlar. Turmaning bir kishilik zax xonasi. O‘limtik chiroq xira nur taratadi. Tunmi, kunmi, bilib bo‘lmaydi.
Yolg‘izlik saltanatining asiri — Zohidning ruhlari kishanlangan.
O‘zining bu yerga kelib qolishi sabablarini axtaradi.
Akasi bilan bo‘lgan xayoliy suhbatlari yodiga tushadi, tushaveradi.
So‘ng...
Tashqarida sharpa eshitildi.
Keyin eshik sharaqlab ochiladi. Ana shu sharpa, ana shu sharaqlash yolg‘izlik saltanatini mahv etadi. So‘ng ovoz:
— Sharipov, chiqing.
Chiqing... qayoqqa chiqadi? So‘roqqami? Kim so‘roq qiladi, o‘sha ajinami?
So‘roq xonalarini chetlab o‘tishdi. Buyumlarini qaytarishdi.
— Ozodsiz.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:47:57

Buncha sovuq ohangda aytdi bu shirin so‘zni...
Tashqariga chiqdi: oftob bulut bilan hanuz olishadi. Kechasi bir sidra yoqqan qorni ushlab qolgan daraxt shoxlari vazmin chayqaladi. Oftob mo‘ralagan paytda qor zumrad kabi yaltiraydi.
Osmondagi yulduzlar Yer yuzini charog‘on etolmagani kabi bu manzara uning ko‘ngliga chirog‘ yoqa olmadi. O‘zi bunda, ozodlikda bo‘lsa ham ruhi hali ham bir kishilik qamoqda edi...
U ko‘chada turib, qayoqqa borishni o‘yladi. Bir ko‘ngli prokurorga kirib «Xodimlaringizni shunday xor qilib qo‘yasizlarmi?» deb janjallashmoqchi ham bo‘ldi. Keyin bu fikrdan qaytib, Said Qodirovning huzuriga yo‘l oldi. «Har qalay meni ogohlantirgan edi, bir narsani biladi u», deb o‘yladi.
— Keling, sizni kutib turgan edim, — dedi Said Qodirov uni qarshilab. — Hozir safarga ketishim kerak. Men hammasidan xabardorman. Siz mendan «Nega bunday bo‘ldi?» deb so‘ramang. Men deyarli bilmayman. Bilganim: Namozov Krasnoyarskga qonunsiz ravishda vagonda vino yuborgan. Moskva buni qanday ilintirdi — xabarim yo‘q. Farazimcha, to‘dalarning ichki nizolari aks-sadosi bo‘lsa ehtimol. Balki Hosilboyvachchaning o‘limi ham shu bilan bog‘liqdir.
— Xo‘p, endi nima qil deysiz?
— Ishingizni davom ettiravering. Sizni hech kim ishdan chetlatgani yo‘q. Xo‘jayinlaringizga qovoq-tumshuq qilmang. Bu ishlarda ularning qo‘llari yo‘q.
— Men bir fursat topib Elchin bilan suhbatlashsam, devdim.
— Nega?
— Uni taniyman. U menga yaqinroq bir odamning oshnasi edi.
— Hozircha bu ishga aralashmang. O‘rtoqlar o‘rganishyapti.
— Unda voqeaga guvoh bo‘lgan odamingiz bilan ikki og‘iz gaplashsam.
— Hozir emas.
— Unda mening nima keragim bor o‘zi?
— Siz prokuratura tergovchisisiz. O‘z ishingiz bilan shug‘ullaning. Vaqti kelganda bizga faol ravishda qo‘shilasiz. Hozircha kuzating, tahlil qiling.
Said Qodirov «gap tamom» deganday o‘rnidan turdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:48:18

U «Ishingizni qilavering», degani bilan, ishxonasiga borishga oyog‘i tortmadi. Taksi to‘xtatdi-da, Hamdam Tolipovni qoralab ketdi. Baxtiga Hamdam ishxonasida ekan. Sigaret burqsitib, yozuv mashinkasiga muk tushganicha bittalab harf terardi.
— Ie, kel, prokuror. Kecha tushimga kiruvding. Buni qara, o‘zing kelib turibsan. Tushimda senga orden berishibdi. Asadbekni o‘tqazib qo‘ygan bo‘lsang kerak-a?
— Piching qilmang, aka, o‘zi yurak siqilib turibdi.
— Pichingmas, rostdan ko‘rdim. Nima bo‘ldi, o‘tir.
— Hamdam aka, shu ishingizni hozir qilishingiz shartmi?
— Dardingni aytaver.
— Ichmoqchiman.
— Gap yo‘q. Ketdik, — u shunday deb kurtkasini kiydi.
Hamdam «Prokuror qittak-qittak otib dardini aytmoqchi», deb yanglishdi. Zohid bo‘kib ichdi. Oqibat Hamdam uni uyigacha opichib chiqib, yotqizdi. Ertalab shampan vinosi olib kelib sabuhiy qildirib, o‘ziga keltirdi. Zohid bu kun ishga bormadi, yerparchin bo‘lib yotdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:49:36

                                                                                      2

Prokuratura tergovchisi Zohid Sharipov bugun ham ko‘chaga chiqqisi kelmadi. Shartta qishloqqa jo‘navormoqchi bo‘ldi. Lekin Botirov taqdiri yodiga tushib, fikridan qaytdi. «Bir kun beayb o‘tirganimda ko‘zimga dunyo teskari bo‘lib ketdi. U bechora shuncha yildan beri — azobda», deb o‘ylab, yuvinib-tarandi-da, qo‘shni tuman milisaxonasiga qarab ketdi. Ikki qavatli milisaxona binosi oldi baland temir panjara bilan o‘ralgan, beton ariqqa qalin tunukadan qoplama qilingan edi. Bu hol nodon kimsaning sog‘lom tishlari ustidan jez qoplama qildirishiga o‘xshardi.
Zohid bu yerga Hamdam Tolipov «Ishkal» deb atagan tergovchini izlab kelgan edi. «Ishkal» laqabli bu odam xonasida ekan. U baland bo‘yli, ozg‘in, qirra burunli, og‘zi katta odam edi. Og‘zi kattaligidanmi gapirganda tupuk sachratardi. U Zohidning maqsadini eshitib, dabdurustdan sansirashga o‘tdi:
— Xo‘p, nima demoqchisan?
— Ayrim narsalarni so‘rab bilmoqchiman.
— Men jinoyatchini tutib berganman. Uni sud qamagan, men emas. Qo‘lingdan kelsa sud bilan gaplash. Boshimni og‘ritma.
— Men prokurorning topshirig‘ini bajaryapman,— dedi Zohid ovozini sal balandlatib, so‘ng bu «Ishkal» bilan yaxshilikcha gaplashish qiyinligini bilib, ohangni o‘zgartirdi: — Men shahar prokuraturasining tergovchisiman. Ko‘chadan kelgan mishiqi bola emasman. Marhamat qilib, meni sensiramang. Savollarimga esa to‘la va aniq javob bering. Agar bu yerda gaplashishni istamasangiz, marhamat prokuraturada gaplashaylik.
— Endi uka, mendan ranjima, shu yoshga chiqib, o‘zimdan kichiklarni sizlamaganman. Sizlay olmayman, xafa bo‘lma, — deb bir oz pasaydi «Ishkal».— Endi bu ishni topshiribdi, deb hovliqaverma. Qamalganlarning hammasi «begunohman» deb ariza yozadi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 11:50:11

— Qizig‘i shundaki, u ariza yozmagan.
— Unda nega boshni qotirasan?
— Arizani jabrlanuvchi yozgan. Zo‘rlagan u emas edi, deyapti.
— Gapiraveradi. Qilar ishni qilib qo‘yib, endi qiliq qiladimi? Menga qolsa, Botirovni qamamasdim. To‘g‘ri, zo‘rlamagan. Qizning o‘zi xohish bildirgan. Lekin baribir qonun degan narsa bor. Sovet hokimiyatida yashayotganiga shukr qilsin. Ilgarigi zamonlar bo‘lganda toshbo‘ronda o‘lib ketardi.
— Toshbo‘ronga ham qozi hukm qilardi. Guvohlar tasdiq etsa, hukm qilinardi. Mirshabning aytgani bilan o‘ldirilmas edi.
— Xo‘p, nima demoqchisan? So‘raydiganingni so‘ra, falsafa so‘qma menga.
— Jinoyatchini tanish marosimida qoidani buzgansiz.
— Nima qilib buzibman?
— Uchta yigitning o‘rtadagisi, kurtka kiygani, deb qizni ogohlantirgansiz.
— Adashib ketib boshqa bir bechorani ko‘rsatmasin, dedim.
— Botirovning qo‘liga kishan solib ularning oldidan olib o‘tgansiz. Tanish marosimida ham kishanni yechib qo‘ymagansiz. O‘sha kuni qiz siz aytganday qilib, Botirovni ko‘rsatgan. Keyin fikridan qaytgan.
— Uni qo‘rqitishgan yoki katta pul berishgan.
— Unisi ham, bunisi ham bo‘lmasa-chi? Vijdoni yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa-chi?
— Vijdon? U behayoda vijdon nima qiladi?
— Unday demang, qizingiz tengi...
— Sen qizimni oraga qo‘shma! — «Ishkal» shunday deb so‘kinib yubordi-da, titroq barmoqlari bilan sigaretni labiga qistirib, tutatdi.
Nikohning ertasiga uyiga qaytarilgan, shundan beri uchinchi er bilan yashayotgan qizini Zohid tilga olib, uning yarasini yangiladi. Bundan bexabar Zohid uzr so‘radi. «Ishkal» sigaretni burqsitib tutatgan holda asabiy ohangda dedi:
— Senga o‘g‘il bola gapni aytaymi: qo‘lingdan hech narsa kelmaydi. Botirov qamalishi kerak edi, qamaldi. Yuqoridan topshiriq bo‘lgan.
— Qanaqa topshiriq?
— Ular jinoiy guruh tashkil qilishgan. Boshlig‘i avariyada o‘ldi. Bular qamaldi. O‘shanda boshqa chora yo‘q edi. Balki hozir... zamon o‘zgardi. Eplasang, chiqarib yuborarsan.
— Demak, u aybsiz?
— Men unday demadim. Senga... hazillashdim. Bor endi, boshimni og‘ritma.
Ikki odam yerga baravar qaraganda biri ko‘lmakni, ikkinchisi esa o‘sha ko‘lmakdagi quyosh aksini ko‘radi. Hozir «Ishkal» bilan Zohid shunday holda edilar.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 13:50:16

                                                                               3

Zohid Botirovni yana so‘roqqa chaqirishdan oldin Ne’matilloh allomaning yurtiga borib kelishni lozim topdi. Avval Botirov tasvirlab bergan yo‘l bo‘yicha qabristonni topdi. Botirov yo‘lni shu darajada aniq tasvirlagan ediki, Zohid shaharda ilk bor bo‘lishiga qaramay birovdan «Qabriston qaerda?» deb so‘ramasdanoq topdi. Keyin keng yo‘l, so‘ng o‘ngga burilgan tor yo‘l. Nihoyat... taxtasi olib tashlangan o‘rindiq.
«O‘tirib Qur’on o‘qishmasin, deb sug‘irib tashlashgan...»
Botirovning gapini eslab g‘ashlandi. Masjid, mozorlarga hujum boshlangan paytni yaxshi biladi.
Paytavafahm rahbarlardan chiqqan «aql»ni maydaroq rahbarlar bayroq qildilar. Kommunist farzandlar ota-onalarining janozalaridan qochdilar. Umri ibodat bilan o‘tgan ota-onalar qizil qutiga solib ko‘mildilar. «Olloh» deydigan tillar qirqilish darajasiga yetdi. Qariyalar «Voy tavba, Stalin ham bunday qilmagan edi», deb ajablandilar. Zohid eslaydi: bir kuni ustozi Habib Sattorov ham zorlanib qoldi. «Qanaqa zamon o‘zi bu, otamning qabriga borib gul qo‘ya olmasam? Arafa kuni kechqurun borsam ham poylab yurishibdi». Shunda Zohid bir oz achchiqlanib: «Siz nimadan qo‘rqasiz? Kommunist bo‘lmasangiz, boshliq bo‘lmasangiz», degan edi.
O‘sha yaqin o‘tmishdan taxtalari sug‘urib olingan o‘rindiqning temir oyoqlari yodgorlik bo‘lib turibdi. «Ajoyib yodgorlik, — deb o‘yladi Zohid. — Faqat bitta lavha yozib qo‘yish kerak: «Bu o‘rindiq falonchi raykomning ahmoqligi tufayli buzib tashlangan...»
Zohid qabr toshlaridagi yozuvlardan «Ne’matulloh» nomini izladi. Atrofda somonsuvoq qilingan qabrlar ham ko‘p edi. Botirovning gapi bo‘yicha shularning birida Ne’matulloh alloma yotibdi. Zohid go‘rkovni topib o‘zini tanishtirdi-da, daftarini olib chiqishini iltimos qildi. So‘ng o‘sha temir oyoq — yodgorlik yoniga qaytib bu qabrlarda kim yotganini surishtirdi. Go‘rkov bir daftardagi, bir qabr tepasidagi raqamlarga qarab ayta boshladi. To‘rtinchi qabrni esa daftarga qaramayoq aytdi:
— Bunda rahmatli Ne’matulloh alloma madfunlar.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 13:51:38

— Aniq bilasizmi?
— Shunday odamni bilmay bo‘ladimi?
— Qabrni siz qaziganmisiz?

— Ha, men.
— O‘sha kun esingizdami? Quyosh charaqlab turganmidi yo shamolmidi?
— Qishda edi... Avval rosa yomg‘ir yog‘di. Yerning atalasi chiqib ketdi. Lekin Xudoning qudratini qarangki, go‘r qaziyotganimizda devor uvalanmadi. Devori xuddi suvoq qilinganday silliq chiqdi. Lahad kavlayotganimda tepadan bitta kesakcha ham tushmadi. Bunaqasini men hech uchratmaganman. Mayitni olib kelishlaridan oldin maydalab qor yog‘di. «Taborak» o‘qilayotganda oftob charaqlab ketdi. Bu  ham Xudoning qudrati.
Go‘rkov Botirov aytgan gaplarni takrorlar edi. Bilmagan odam bular avvaldan kelishib olishgan deyishi ham mumkin edi.
— Allomaning Shokir Botirov degan shogirdi bormidi?
— Rahmatlining shogirdlari ko‘p edi. Men ularni tanimayman. O‘zlarini ham lahadga qo‘ygach, kafanni ochganda ko‘rganman. Yuzlaridan nur  chaqnaganday bo‘lib, hatto cho‘chib tushgan edim.
— Mendan oldin ham birov shu gaplarni surishtirganmidi?
— Yo‘q... Shunga hayron bo‘lib turibman-da.
«Ishkalning gapi to‘g‘riga o‘xshaydi, — deb o‘yladi Zohid. — Maqsad har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, qamash bo‘lgan...»
Zohid go‘rkovning aytgan gaplarini yozdirib, imzo chekdirib oldi. Go‘rkov cho‘chinqiragan edi, Zohid «Bu ko‘rsatmangiz allomaning bir begunoh shogirdini qamoqdan chiqarishda asqotadi», deb tinchlantirdi. Keyin: «Zamon o‘zgardi, endi o‘rindiqlarni tuzatib qo‘ymaysizlarmi?» deb tanbeh berdi.
Abdunabi qorini topa olmadi. U ham o‘sha kunlari hibsga olinib, uyidan «nasha chiqqani uchun» qamab yuborilgan ekan. «Ishkalning gapi to‘g‘ri, — deb yana qayta iqror bo‘ldi Zohid. — Birvarakayiga olishgan. Lekin... Topshiriqni bajarishga shoshishganmi?.. Biri qizni zino qilgan, birida nasha... Namozxon odam qiladigan ish emas-ku bu? Ular uchun dindorlarni qamash ham, qabristondagi o‘rindiqlarni buzish ham bir xil vazifa edi. Hammasini bir xilda uddalaganlar...»
Zohid Botirovning ko‘rsatmalariga kafil bo‘luvchi yana ikki odam bilan uchrashgach, Ne’matulloh allomaning uyiga bordi.
Sochlariga oq oralagan, qaddi biroz cho‘kkan, qalin qora qoshli, oltmish-oltmish uchlardagi kishi o‘zini «Ne’matullohning otasiman», deb tanitganda Zohid ajablandi. Chunki Ne’matulloh alloma haqidagi gaplarni eshitib, uni kamida ellik-oltmish yoshlardagi donishmand, deb o‘ylagan edi.
— O‘g‘lingiz necha yoshda edilar? — deb Zohid ajablanganini yashirmadi.
— O‘ttiz beshda edi, rahmatli, — dedi ota armon bilan. — O‘lim-ku hammaning boshida bor-a, ammo mening armonim — bolamdan zurriyod qolmadi. Uylanadigan damlarida oramiz buzildi.
— Nega?
— Bu ham tergovga kerakmi, aytaymi?
— Men sizni tergov qilmayman. O‘zingiz so‘z boshlaganingiz uchun qiziqib so‘radim.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 13:54:22

— Ha, mayli, aytsam aytay, zora dardim yengillashsa. «Arpa-bug‘doy osh bo‘ldi, oltin-kumush tosh bo‘ldi», deydigan zamonlar edi. Topar-tutarim, maishatim yaxshi edi. Lekin o‘shanda «halol topyapmanmi?» degan savol xayolimga kelmas edi. Ne’matjon maktabda a’lo o‘qir edi. Maktabdan keyin hujraga qatnab, A’loxon to‘ramdan dars olar ekan, men buni bilmas ekanman. Men maishatda yurganimda o‘g‘lim oxirat saroyiga g‘isht qo‘yar ekan. Men uni Toshkentga olib borib, moliya institutiga bermoqchi bo‘ldim. Odam topib, haqini berdim. Shunday qilmasam ham bo‘lardi, o‘z aqli bilan kira olardi. Ne’matjon masalalarini birpasda yechib qo‘yibdi. Darrov topshirmay, bir oz o‘tirganda domla tushmagur «ishlay olmayapti» deb o‘ylab, yechilgan tayyor masalani berib, «ko‘chirib oling», debdi. O‘g‘lim oraga pul aralashganini bilib, masalani xato ishlab tashlab chiqibdi. Domla hayron, men hayron. Men pulga kuyishni istamayman, domla puldan quruq qolishni xohlamaydi. San-manga borib turganimizda Ne’matjon «Dada, bu pulni qaytarib olmang, u harom pul» dedi! Og‘zim lang ochilib qoldi, deng. O‘g‘limning qanday odam bo‘lganini o‘shanda bilibman. Uyga borgach, ota-bola orasida anchagina gap qochdi. Oxiri o‘g‘lim farzandlik odobi chegarasida chidab turolmadi. U yerga qarab turib, «Dada, siz bizga harom yediryapsiz, bu ishdan keting!» dedi. Bu gapni men hozir xotirjam aytyapman. O‘shandagi holimni tasavvur qilib ko‘ring: ko‘zimga qon to‘ldi. Es-hushimni yo‘qotdim. «Ko‘zimdan yo‘qol!» deb baqirdim. Bitta ko‘ylak-shimda chiqib ketdi bolam, boyaqish. — Ota shu yerga kelganda bosib kelayotgan yig‘ini qaytarish uchun yutindi. — O‘shanda men bir narsani bilmasdim. O‘g‘lim Ollohga, men esam shaytonga imon keltirgan ekanman. — U yana tin oldi. So‘ng armon ummonida suzib, gapini davom ettirdi. Zohid uning so‘zlarini bo‘lmay, jimgina tingladi. — Luqmoni Hakimdan so‘ragan ekanlar: «Odam zotiga qaysi illatlar ziyon keltiradi?» Luqmoni Hakim javob beribdilar: «Odam zotiga yarashmaydigan illatlarning eng birinchisi — manmanlikdir, uning oqibati — zavol bilan tugaydi. Ikkinchisi — nodonlik. Bunday kishilarni hech kim odam qatoriga qo‘shmaydi. Uchinchisi — ta’magirlik. Bu illat inson zotini xoru zorlikka olib boradi». Menda shu uch illatning baridan bor. Bilasizmi, janoza kuni ko‘chaga emas, mahallaga odam sig‘may ketdi. Bo‘lmasa o‘shanda odamlar janozadan qochadigan vaqtlar edi. Turnaqator odamlarga qarab men uyaldim. Bitta ko‘ylak-shimda chiqib ketgan o‘g‘lim odamlar orasida shu darajadagi e’tiborga erishgan ekan.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 13:55:32

— O‘sha bo‘yi ko‘rishmagan edingizmi?
— Yo‘q, ko‘rishardik. Uyga tez-tez kelib turardi. Farzandlik odobi chegarasida turardi. Lekin... uyda ovqat yemasdi. Bundan achchiqlanardim. Bizni onasi murosaga keltirib turardi. Bolam dunyodan o‘tguncha peshonam bir marta sajdaga tegmadi. Hech bo‘lmasa oxirgi kelishida yonida turib namoz o‘qisam edi... ko‘ngli tog‘day ko‘tarilarmidi? Mendan rozi bo‘lib ketarmidi... To‘g‘ri, jon berish oldidan «Ota-onamdan roziman», debdi. Lekin behisob armonim bor... Qiyomatda ko‘rishamiz, u jannatga, men esa do‘zaxga ketar chog‘imizda ko‘rishamiz, ana o‘shanda men uning ko‘ziga qanday qarayman? Men bolamni uydan haydaganimda o‘zimni do‘zaxga hukm qilgan edim...
Shu yerga kelganda ota chidab turolmadi. Kipriklari yosh selini to‘sa olmadi. u uzr so‘rab o‘rnidan turib, hovliga chiqib ketdi. O‘n-o‘n besh daqiqadan so‘ng qaytib, yana uzr so‘radi.
— Prokurorman deysiz-u, hech unaqa odamga o‘xshamaysiz. Nima uchundir sizga yorilgim keldi. Bir nima so‘ramoqchi bo‘lsangiz, tortinmay so‘rang.
Zohid maqsadini aytgan edi, otaning yuzlari yorishdi. «O‘g‘limning eng sodiq, eng iqtidorli shogirdi edi. G‘assolning yonida o‘zi bo‘lgan», deb gapirib, aytganlarini yozib ham berdi.
Zohid safari unumli bo‘lganidan quvonib, iziga qaytdi.

Qayd etilgan