Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 351008 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 ... 73 B


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:42:37

Polkovnikda bir oz karaxtlik sezilsa ham, tundagi ahvoliga nisbatan ancha tetik edi. Bitta olma bilan, yarim shisha aroq ko‘tarib kirgan Selim qadahlarni to‘ldirib, bittasini so‘zsiz, iltifotsiz tarzda ko‘tardi. Polkovnik esa qadahni afsun qilayotganday tikilib turgach, u ham bir ko‘tarishda bo‘shatdi. Selim tungi chorlovdan gap ochmadi. Aksincha, bu yerdagi maroqli kunlarni ta’riflab o‘tirdi-da, polkovnik uchun sira kutilmaganda gapni qoradoriga burib yubordi:
— Polkovnik, afg‘ondagi ko‘p yigitlar nashavand, giyohvand bo‘lib qolarkan, shu rostmi? — deb so‘radi.
Polkovnik «rost, mening ahvolimni ko‘rmayapsanmi», deganday unga so‘zsiz qarab turgach, asta ochila boshladi. Selim polkovnikning qitiq patini to‘g‘ri topgan edi. U afg‘ondagi zobitlarning ayrimlari hech tap tortmasdan qoradori olib o‘tishayotganini bilardi. Uning mo‘ljalicha, bu polkovnik ham shundaylardan edi. Chunki polkovnikning maishati uchun o‘nta zobitning maoshi ham kamlik qilardi. Selimning mo‘ljalicha, polkovnik bu yerga qoradori bilan kelgan, bir qismini sotganu pulini sovurib yuborgan. O‘ziga olib qo‘yganining tugab qolganiga ahamiyat bermay, tunda xumorning jazavasidan uyg‘ongan...

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:43:02

Polkovnikdan sir olish uchun uni yana ikki kun mehmon qilishga to‘g‘ri keldi. Ular bir-birlaridan hadiksiragan holda asta-sekin bir-birlariga yaqinlashdilar. Oqibat shu bo‘ldiki, polkovnik Selim yashaydigan joyga yaqin bir qishloqdagi qabrda katta boyligi borligini bildirdi. Jangda halok bo‘lgan yigitning jasadini temir tobutga solishdan oldin uning qorniga o‘n kilodan mo‘lroq qoradori joylaganini ayt-di. Marhumning ismi-nasabini, qabrning tartib raqamini ham yashirmadi. Bu boylikka teng sherik bo‘lish haqidagi og‘zaki ahdnomaga qo‘l tashlashdi.
Hosil boyvachcha Selimni qayirib olmoqchi bo‘lganida «Sen mayda baqqolsan, katta ishlarga fahming yetmaydi», deb yanglishmagan edi. Polkovnikdan sir olgach, befahmligi tufayli shoshib qoldi. Ahdnomadagi boylikning yarmiga qanoat qilmay, barchasiga ega chiqqisi keldi. Bu ishni osongina uddalash mumkinday tuyulib, polkovnikning jomadoniga qoradori solib qo‘ydi-yu, o‘sha zahoti militsiyaga qo‘ng‘iroq qildi. Qo‘llari kishanlangan polkovnikning olib ketilishini eshik tirqishidan kuzatib, «Xudoga shukr», deb qo‘ydi.
Xonasiga militsiya bostirib kirib, jomadondan qoradori topgach, polkovnik kim tomonidan xoinlik bo‘lganini darrov angladi. Shu bois ham qo‘li kishanlangan holda dahlizga chiqqanida Selimning tirqishdan mo‘ralab turganini sezganday, ayanchli ravishda kulimsirab qo‘ygan edi.
Selim bu kulimsirashning ma’nosini keyinroq tushundi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:43:22

U shoshqinch ravishda uyiga qaytib, aytilgan mozoristonga bordi, aytilgan qabrni topib, quvonchdan yuragi toshib ketay dedi. U katta boylikdan bir quloch yuqorida turardi, temir tobut qazib olinsa bas... Boylikdan emas, o‘limdan sal nari turganini u keyinroq bildi.
Qo‘shni shaharga borib bir mayxo‘r payvandchini topdi. Avval hovlisidagi tok so‘rilarini yangilatdi. Ishdan keyin saxiy to‘ra kabi payvandchini obdon siyladi. Payvandchi galdirab qolgan paytda katta pul va’da qilib, mozoristonga boshlab bordi. Qabr ochilib, belkurak temirga «taq» etib urilganda hovuch-hovuch tillalar cho‘ntagini to‘ldirib qo‘yganday quvondi. Temir tobut usti tuproqdan tozalangach, uni yuqoriga ko‘tarish muammosi tug‘ildi. Shunda payvandchi «tepaga chiqarib nima qilamiz, joyida ochaman, keyin ko‘mib qo‘yaveramiz», deb pastga tushdi. Mayitning qornini mo‘l, temir tobutning o‘rtasini kavsharlagichning o‘tli tili bilan doira shaklida kesa boshladi.
Qishloqning kimsasiz mozoristonida, yulduz to‘la osmon ostida vahshiylik deyilsa vahshiylikdan-da yuksakroq, hayvonlik deyilsa undan-da ustunroq, haromilik deyilsa undan-da tubanroq bir yumush bilan band edilar. Temir tobut bilan olovli til orasida sachrayotgan uchqunlar shaytonlar shodiyonasida otilayotgan mushak kabi edi...
Payvandchi bir oz ishlagach, yuqoriga qaradi:
— Xo‘jayin, yuzta otib olmasam bo‘lmaydi, qo‘lansa hid tomog‘imni g‘ip bo‘g‘di, — dedi u.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:44:16

— Ozgina chida, oldingga yuz shishani terib qo‘yaman, ichaverasan, — dedi Selim.
Payvandchi yana ozgina ishlagan bo‘ldi-yu, yana zorlandi. Uchinchi marta yalingach, Selim ko‘chada qoldirib kelgan mashinasi sari yurdi. Mozoristondan chiqishga ulgurmay, kuchli portlashdan esxonasi chiqib ketdi. Qo‘rquvdan o‘tirib qolganini o‘zi ham sezmadi. Bir necha daqiqa hushsiz o‘tirdi, keyin nima voqea yuz berganini anglab, shoshilganicha mashinasiga o‘tirdi-yu, qishloqni katta tezlikda tark etdi.
Qabristondagi portlash haqida turli mish-mishlar tarqaldi. Militsiya bir qancha vaqt jinoyat izini qidirganday bo‘ldi. Ashyoviy dalil sifatida yig‘ib olingan odamning bo‘lak-bo‘lak a’zolaridan biron-bir xulosa chiqarish imkoni bo‘lmadi.
Oradan kunlar o‘tib, Selimning vahimasi bosildi. Jonini saqlab qolgani uchun bir qo‘y so‘ydirib, xudoyi qildi. Bu dunyoda polkovnikning turqini ko‘rmasam kerak, deb yurardi. Polkovnik bilan Gamletning bir qamoqxonada uchrashib, til topishib qolishlarini u qaerdan bilsin? Qoradori bilan qo‘lga tushib qamalgan zobitda gap ko‘pligini sezgan Gamletning muddaoga yetishini Selim o‘ylab ham ko‘rmagan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:44:37

Alhol, «Lebedinaya pesnya» restoranidagi dasturxonning narigi betida garangsib o‘tirgan polkovnikka tikilib qolgan Selim uning bu yerda paydo bo‘lishi tafsilotlarini bilmas edi. Oralarida noz-ne’matga to‘la dasturxon emas, balki o‘lim jari ustiga tortilgan qil ko‘prik mavjudligini, bu qil ko‘prikdan avval kim qulashi Xongireyning marhamatiga bog‘liq ekanini uning kalta fahmi idrok etolmasdi.
Selim polkovnikning bema’no boqayotgan ko‘zlariga tikila turib, unga la’nat o‘qlarini yog‘dirdi. Boshiga tushgan ko‘rgulik uchun uni aybladi. Tobut portlagan paytda ham shu fikrda edi. O‘shandan beri «bu ko‘rgulikka polkovnik emas, o‘z nafsim aybdor», degan haq fikr xayolini yoritmadi. Agar birov, aytaylik, Xongireymi yoki Mamatbeymi shunday desa ham bu haqiqatni tan olmagan bo‘lardi. «O‘liming oldidan bir so‘z ayt», deb so‘nggi imkon berilsa, o‘shanda ham nafsini emas, polkovnikni la’natlay-la’natlay jon bergan bo‘lardi.
Mamatbey «sog‘inib qolgan bo‘lsa maza qilib tikilib to‘yib olsin», deganday indamasdan turdi. So‘ng bu manzara g‘ashini keltirib, eshik og‘zidagi yigitga ishora qilgan edi, u polkovnikni boshlab chiqib ketdi. Shundan keyin Mamatbey Selimning qadahini yana aroqqa to‘ldirdi.
— Ich, qorningni to‘yg‘azib ol.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:45:03

Selim bir-ikki qultum ichdi-yu, qadahni yana jo-yiga qo‘yib, Mamatbeyga qaradi:
— Mamatbey, axir... u paytda sizlarni yaxshi bilmasdim... Men yolg‘iz ishlardim. O‘tgan ish o‘tib ketdi... Men sizlarga xiyonat qilmadim-ku?
— Senga birov «xiyonat qilding?» dedimi? Ol, ichib qo‘y.
— Men...
— Dovdirama. Shunchalik quyonyurak ekansan, nima qilarding katta ovga osilib. Seni o‘ldirmaymiz. Seni bizga Hosil sovg‘a qilib ketgan. Biz sovg‘ani bekordan bekorga tashlab yubormaymiz. Bundan bu yog‘iga qada-mingni bilib bos.
— Men.. bolalarimdan xabar olib kelay.
— Ahmoq ekansan! Knyaz sening joningni qaytib berdi. Bu mukofot uchun xizmat qilishni o‘ylamay, bolalarim, deysan, a? Sen bolalaringni unut. Hozir izingga qaytasan.
— Bir o‘zimmi?
— Agar yo‘q demasang birga borardim.
Bu piching zamirida «endi sen yolg‘iz yurmaysan, shunga aqling yetmadimi?» degan ma’no yotardi.
Moskvadan qaytishgan kunning ertasiga Mamatbey xo‘jayiniga qo‘ng‘iroq qilib, undan topshiriq oldi-da, go‘shakni joyiga qo‘ygach, bosh chayqaganicha, afsus bilan:
— Knyaz xunuk xabar yetkazdi — polkovniging o‘libdi. Yuragi chatoq ekan-da, a? Aytmoqchi, sening yuraging ham bezovtalanib turadimi? — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:45:53

Selim bu aytilmish gapning yopinchig‘i ostida qanday ma’no yashirinib yotganini anglasa-da, biron nima demoqqa chorasizligi tufayli tilini tiyishga majbur bo‘ldi. Selim Moskvaga chorlanib, uchib borayotgan mahalidayoq, Xongirey tomonidan taqdiri hal etilib qo‘yilganini bilmasdi. Iziga qaytilib, Haydar yo‘qlangach, Xongireyning biron topshirig‘i aytilar, deb o‘ylab, yanglishmadi.
Kesakpolvon kelgach, Mamatbey undan hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi-da, Asadbekning aytgan gapiga zid ravishda, Xongireyning undan norozi ekanini bayon qildi. Narkokurer tanlashda asosan Kesakpolvon adashgani, Mamatbey bilan Selim unga to‘la ishonib, xatoga yo‘l qo‘ygani uchun Xongirey tomonidan tanbehga loyiq ko‘rilgani ham bildirildi.
Norasmiy xo‘jayinning shoshqich ravishda Moskvaga chorlanganidan xavotirda yurgan Kesakpolvon «Selim shu maqsadda chaqirilgan ekan-da?» degan o‘yda tashvishini bosdi. Mamatbey xo‘jayinining marhamati tufayli bu safar hech kim jazolanmasligini aytgach, yangi narkokurer tanlashda adashish qimmatga tushajagidan ogohlantirdi. «Qani, bular o‘ylashsin-chi, kimni taklif etisharkin», degan fikrda ulardan javob talab qilib, shoshirmadi. Ulardan sado chiqavermagach, ikkovini hayrat dengiziga uloqtirib:
— Xongireyning fikricha bu safar tavakkal qilmay, ikkovlaringdan birlaring borishlaring kerak,— dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:46:15

Bu kutilmagan taklif Selimni ham, Kesakpolvonni ham dovdiratib qo‘ydi. Ayniqsa o‘zini bu tomonlarning xo‘jayini deb yurgan Kesakpolvon dastyorlikka tushib qolishini hazm qila olmadi. Ichida «Xongireyingni ham, o‘zingni ham...» deb so‘kindi-da, «Bu senbop ish ekan», degan ma’noda Selimga qaradi. Selim ham o‘z navbatida «Men Xongireyning bu yerdagi vakiliman, demak, bu ishni senga yuklayman», degan ma’noda unga tikilib oldi.
Mamatbey ichki talvasadagi bu ikki odamning holatidan o‘zicha kulib qo‘ydi-da, ajrim chiqardi:
— Haydar bu sohani yaxshi bilmaydi. Selim, sen bunaqa ishda har qanaqa itni tiriklayin yutvoradigan bo‘lib qolgansan. Knyazga bir xizmat qilib, o‘zingni oqlab olmaysanmi? Haydar ishonchli yigitlaridan birini senga dastyorlikka beradi.
Mamatbey muloyim ohangda gapirgan bo‘lsa ham, Selim taklif emas, buyruq berilganini, itoat etishga majburligini anglab, bu fikr Kesakpolvondan chiqqanday unga o‘qrayib qarab qo‘ydi. Kesakpolvon beradigan yigit dastyor emas, uni bir qadam nari-beriga yurishga yo‘l qo‘ymaydigan qo‘riqchi ekanini angladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:47:39

3

Selimning yonida kim borishi o‘ylanayotgan paytda Jamshid Tarzanni Asadbekka ro‘para qilib, uchrashuv natijasini ko‘chada kutib turgan edi. Xojasi atrofiga ishonchli yigitlarni to‘plash niyati borligini aytmasa-da, Jamshid uning maqsadini uqib, Tarzanni ham, uning yigitlarini ham avval o‘zi chig‘iriqdan o‘tkazib ko‘rgan edi. Tarzanning Asadbekka ma’qul kelishiga ishonib, yanglishmagan ekan. Asadbek Tarzanga ijozat bergach, Jamshidni chaqirib «bu bollardan o‘zing ko‘z-quloq bo‘lib tur, hozircha jim yurishsin. Xarajatlari mening bo‘ynimda», deb tayinladi.
Jamshid otasining ahvolidan xavotirlangani uchun ruxsat so‘rab uyga barvaqtroq qaytgan edi. O‘gay onasi bilan ikki-uch og‘iz so‘zlashishga ulgurmay, Kesakpolvondan chopar keldi.
Jamshid Mamatbeyni Asadbekning to‘yida ko‘rganida u tanimaganday o‘tib ketgan edi. Hozir esa Jamshidni o‘rnidan turib qarshiladi. Uzoq vaqt ko‘rmay, sog‘inib qolgan ukasining diydoriga yetgan baxtiyor akaday so‘rashdi. Zarur topshiriq berish uchun emas, shunchaki so‘rab qo‘yish uchun chaqirganday gaplashib o‘tirdi. So‘ng soatiga qarab oldi-da:
— Ikki soatdan so‘ng Krasnoyarga uchasan, — deb unga sinovchan tikildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:47:56

Asadbek tomonidan ogohlantirilgan Jamshid bu amrni xotirjam ravishda qabul qildi.
— «Nimaga?» deb so‘ramaysanmi?
— Haydar akam «nimaga?» degan savolni yomon ko‘radilar. «Xo‘p», deyishni yoqtiradilar, — dedi Jamshid Kesakpolvonga qaramay.
— Bolaning tarbiyasi menga yoqdi, — dedi Mamatbey kulimsirab, so‘ng o‘rnidan turib, Jamshidni yon tomondagi eshik tomon boshladi-da, pardani sal tortib, qo‘shni xonaga ishora qilib: «qara», dedi. Jamshid oromkursida yastanib o‘tirgan Selimni ko‘rdi-yu, Mamatbeyga «qaradim, endi bu yog‘i nima bo‘ladi, aytavering», deganday boqdi.
— Taniysanmi?
— Sal-pal.
— Yaxshi. Yo‘lda durustroq tanishib olarsan. Sen shu akangni Krasnoyarga kuzatib borasan. Kiprik qoqmay kuzatasan, sal nari-beri bo‘lsa, ayab o‘tirmay yo‘qotasan. Krasnoyarga borib, «Sibir» mehmonxonasiga joylashasanlar. Uning qo‘lidagi molga ehtiyot bo‘lasan. Kechasi u uxlasa uxlasin, sen uxlamaysan. Tongda ko‘chaga chiqasan-da manavi raqamga telefon qilib Nikita Varshavskiyni so‘raysan, — Mamatbey shunday deb unga bir parcha qog‘oz berdi. — Unga «molni olib keldim, sizni qiziqtiradigan qog‘oz aeroportdagi avtomat yukxonaning qirq oltinchi katagida» desang bas. O‘sha zahoti temiryo‘l bekatiga borasanu Novosibirga jo‘naysan. U yerdan bu yoqqa uchasan. Qolgan gapni keyin gaplashamiz.

Qayd etilgan