Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129691 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 31 B


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:18:14

54
       
Bu Bilga-Xoqonnning Kul-Tegin vafotidan so‘ng ikkinchi bor barcha mehmonlarni o‘zining shohona chodirida yig‘ishi edi. O'tgan tun u g‘alati bir tush ko‘rgandi. Oq samoviy qushlar uning ustida charx urar va asta-sekin pastlar ekan, temir tumshuqli qushlarga aylanib, yon atrofdagi hamma narsani cho‘qiy va birdan Bilga-xoqonnnig o‘tovini mayda-mayda bo‘laklarga ajrata boshladi. Qushlarning biri uning o‘g‘li Yo‘llik-Teginga chang soldi, Bilga esa unga tomon otilgan edi, shu paytning o‘zida boshqa bir qush uning xotini Pobekaga tashlandi, Bilga o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, lekin ustiga bostirib kelayotgan temir panjali qushga ko‘zi tushar ekan, uning changaliga tushmasdan avval dahshatdan uyg‘onib ketadi...
U ana shu qo‘rqinchli tushning ta'birini bilishni istardi. Mehmonlar bir-biri bilan pichirlashib turishardi. Bilga ularning har birini alohida-alohida so‘roqqa tuta boshladi. Nestorialik general Udar-sengun haliyam armani rohibni kutar (Kul-Teginnnig xotini Ko‘rk-xotin va'da qilgan), o‘zi tush ta'birini aytishda no‘noqroq edi, biroq harbiy bo‘lgani uchun birinchi hamlaning ma'nosini anglaganday shunday dedi: «Mening nazarimda, harbiy qo‘shin sizning ustingizga bostirib kelayapti va siz uch jabhadan turib jangga kirishasiz...»

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:18:28

O'n-o‘q qabilasidan bo‘lgan Makrach Udar-sengunning fikriga qo‘shilmadi va bunga nasroniylarning uchlik bilan bog‘lanib qolganlarini sabab qilib ko‘rsatdi. U Bilga-Xoqon ustida necha qush uchib yurganini so‘ragan edi, Xo‘jayin «to‘qqiz-o‘nta» deb javob berdi va Makrach hayajonini yashira olmadi. U: «O'nta qush Tangrining o‘n buyrug‘i va ularning ba'zisini Bilganing xotini, o‘g‘li va o‘zi amalga oshirishi kerak» dedi. Lekin uning so‘zini Qirg‘iz Xonining elchisi Tardush Inonchi chor bo‘lib qo‘ydi. U do‘mbirasini olib kuylay boshladi:

Biri ikkinchisin qo‘shiqlariga
Quloq tutgan qushday tinglayman seni
O'zgalar ustiga tashlangan qushday
Haqiqatdan hamla bor menda.
Chang solingan qahramon va ahlining boshi
Samo uchun juda katta o‘lja bo‘lgusi...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:18:35

So‘g‘d Shahzodasi shohona qadr-qimmatsiz o‘z Manixean ko‘rinishini ochmoqchi bo‘lganida, u hali qo‘shig‘ini tugatmagan edi. U ovozini chiqarib o‘qidi: «Yaralmishning besh turiga taalluqli - birinchidan, ikki oyoqli odamlar, ikkinchidan to‘rt oyoqli hayvonlar, uchinchidan, uchib yuruvchi jonivorlar, to‘rtinchidan, suv ostidagi barcha narsalar, beshinchidan, sudralib yuruvchilar; biz, yer yuzida gunohlarimizga o‘ralashib yurganlar, ey Xudoyim, biz ularni qo‘rqitib yurdik, biz ularni sarosimaga soldik, to‘ntarib tashladik, do‘pposlab o‘ldirdik; biz shu qadar gunohkor va ayblimizki, hozir bir urinishda o‘zimizni gunohning changalidan qutqazish uchun sendan o‘tinib so‘raymiz: gunohlarimizni mag‘firat qil, Ollohim...
Uning oraga kirishi avvalgi Tardush Inonchi Cho‘r kabi shu qadar kuchli bo‘ldiki, hamma jim qoldi: ba'zilar ilhombaxsh g‘oyadan, ba'zilar kuchli ta'sirdan, boshqalar nafasi ichiga tushib ketganidan. Bir lahza o‘tib, Bilga Xoqon bu tinchlikni buzib, tibetlik Bulenga murojaat qildi...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:18:49

55
 
«Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir shahar va uning sobiq qotil hukmdori bo‘lgan ekan, - dedi Bulen xalq uslubida. Lekin u o‘zini o‘zgartirgan bo‘lib, kunlarning birida qizining balog‘atga yetganligi munosabati bilan ziyofat beradi. Buning uchun ko‘plab mol, qo‘y, cho‘chqa, tovuq va o‘rdak so‘ydiradi. Ziyofatdan o‘n kun o‘tgach, hukmdor birdan holsizlanib, asta-sekin so‘la boshladi. Alal-oqibat uning umri o‘z nihoyasiga yetadi. Eshitgan kishi borki, ko‘z yosh qilib, qattiq iztirobga tushadi. Biroq ko‘mish marosimida hukmdor birdan tobutdan qo‘zg‘alib, o‘rnidan turadi va yeyish uchun ovqat so‘raydi. Yig‘ilganlar dahshat ichra qolishadi va qochishga tushadilar, lekin hukmdor ularni qo‘rqmaslikka va unga quloq solishga chaqirib, shunday deydi: «Mendan qo‘rqmangiz, men narigi dunyoga borib qaytib keldim, xolos, va endi sizga o‘sha yoqdagi sarguzashtlarimni aytib beraman». Shundan so‘ng odamlar ortga qaytishadi. U gap boshlaydi: Qachonki umrim tugab o‘la boshlaganimda, to‘rt shayton oldimga keldi. Birining qo‘lida qamchi, ikkinchisida arqon, uchinchisida qisqich bo‘lib, to‘rtinchisi otda o‘tirgan qo‘mondon edi. Shaytonlar meni qo‘mondon aytgan joyga keltirishdi. Unga yaqinlashganimda bir hujjatni o‘qib eshittirdi. Bu ziyofat kuni so‘ydirganim hayvonlarning shikoyati edi. Ularning aytishicha, avvalgi hayotlarida inson bo‘lib tug‘ilishgan, lekin gunohlari sababli hayvon kabi qayta dunyoga kelishgan. Ular hayvon bo‘lib o‘z gunohlarini yuvayotgan paytlarida men ularni so‘yishga buyurib, inson kabi yana qayta tug‘ilishlariga emas, balki o‘limga mahkum etganman.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:18:57

«Shularning shikoyati sababli biz seni oldik», - dedi qo‘mondon va qolgan uch shaytonni ham huzuriga chaqirdi. Biri bo‘ynimga arqon soldi, ikkinchisi bo‘g‘ib, nafasimni qisdi, uchinchisi bo‘lsa qo‘liga qamchi ushlab, ta'qib qilaverdi. Ular: «Kun, oy va yillarning hali tugamay turib, nima uchun seni olganimizni bilasanmi?» deb so‘rashdi. Men dedim: «Ey hurmatli janoblar, nechun endi kelib-kelib meni, axir atrofimda qanchadan-qancha kishi hayvonlarni so‘yib, qurbonlik qilayotganligi uchun hech bir jazo olmayapti-ku? Soddaligimni kechirgaysiz!» Shularni eshitarkan, shaytonlar deyishdi: «Shohimizning saroyida seni o‘ttiz turli yaralmish kutmoqda. Ular seni temir ko‘z va temir yuz bilan kutib olgay. Qochib qutulishning hech imkoni yo‘q.» Ular meni urib-niqtab ta'qib qilishga tushdilar. Qo‘rquvdan yalinib yolvora boshladim: «Ey, mehribonlar, modomiki, qutulishning iloji yo‘q ekan, boyagi aytganingiz yaralmishlarsiz shohning o‘zini qanday ko‘rsam bo‘ladi?» Ular deyishdi: «Ey inson farzandi, agar sen ularning qotili sifatida afsus cheksang va shu nadomat va pokiza qalbing bilan Buddamizning koinot ro‘parasida turgan yaltiroq, dunyolarga nur taratib turgan shohona kitobini to‘laligicha qayta yozib chiqishga va'da bersang, bu azob-uqubatlardan qutulishing mumkin.»

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:19:06

Bu so‘zlarni eshitgan zahoti qilgan xatolarimga afsus-nadomat chekdim va darhol hamma narsaning oldida turgan nurli kitobga amal qilishga va'da berdim. Men bu ishim bilan o‘ldirgan hayvonlarimning keyingi hayotlarini saqlab qolishimga qattiq ishondim. Men baland ovozda xizmatimni o‘tashga tayyorligimni bildirdim va shundan so‘ng biz shaharga kirdik. U yerda hamma narsadan yuqorida Ozodlik Qiroliga ko‘zim tushdi. Uning qarshisidagi yalanglikda behisob tutqunlar xuddi men kabi qilgan gunohlari uchun baqirib-chaqirib turishar, vodiyni bezovtalik va urush-janjal tutib ketgandi.
Shaytonlar meni keltirishganini Shohga bildirishdi. Ozodlik Qiroli shunday dedi: «Uning aybi g‘oyat katta, u nihoyatda gunohkordir. Nega uni buncha kech olib keldingiz? Hoziroq borib uning o‘rtachisini keltiring!» Shaytonlarim tashqariga chiqib mening himoyachilarimni axtarib baqira boshlashdi. Hech kimdan sado bo‘lmadi. Ular Shohning oldiga qaytib kelib, meni himoya qila oladigan hech kim yo‘qligini aytishdi. Ozodlik Qiroli ularni ikkinchi va uchinchi bor ortlariga jo‘natdi. Lekin ular bir kishini ham topisholmadi. Men eng yomon narsaga ham tayyor turganimda, Besh Yo‘lning Egasi Shohga noma yo‘lladi. Unda mening aybimga iqror bo‘lib, tavba-tazarru qilganim, so‘yilgan va azoblangan hayvonlarni asrab qolish va hayotga qaytarish maqsadida nurli kitobga amal qilishga va'da berganim bayon etilgandi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:19:11

Ozodlik Qiroli uni o‘qib chiqqach, baland ovoz bilan dedi: «Garchi shu qadar ko‘p hayotga zomin bo‘lgan esang-da, ularni asrab qolish va ozod etish vositasini uddalay olding. Mayli, seni qo‘yib yuboraman, lekin bundan buyon yer yuzida o‘ldirish, zulm qilish, buzg‘unchiliklar qilish senga yot bo‘lsin va faqat savobli ishlar bilan shug‘ullan!» Shu tariqa yangi hayot qurish uchun uyg‘onib, o‘rnimdan turib ketdim, - dedi hukmdor».
Bu g‘aroyib hikoyani eshitgach, janozada hozir bo‘lganlarning barchasi Nurli Shohona Kitobning qo‘lyozmasini izlashga tushishdi va u eski bir ibodatxonadan topildi. Shundan so‘ng bu kitobdan nusxalar ko‘chirib, ko‘ngillarini tozartirishga va ruhlarini asrashga kirishdilar.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:19:21

56

Mutlaqo kutilmaganda, og‘aynilarimdan biri - Li bilanmi, Luk yo Zev bilanmi yoxud boshqa birov bilanmi yurganim tushimga kiribdi. Bir to‘da shaytonlar oldimizga kelganda, har kungi ishimizni qilayotgan ekanmiz. Tushimning birinchi qismini eslolmasam-da, ikkinchisini aniq-tiniq eslayman. Men chigitning farqiga bora olaman. Og‘aynim mendan shuni so‘raganida, uni odamlar urug‘larni vagonlarga ortayotgan ombor tomonga temir yo‘l yoqalab boshlab bordim. U yerga kelganimizda mashina qo‘zg‘alishga tayyor turgan edi, haydovchi esa savolimizga javob ham bermay o‘zi bilan birga yurishimizni taklif qildi va u bilan dalalarni oralab yelib ketdik. Mashina tezlikni oshirganida, yo qarshi tomondan kelayotgan shamolni yo tezlikni deb, uning qismlari oshqovoqning po‘sti kabi bir-bir yerga tushib qola boshladi. Bu juda qo‘rqinchli hol edi, biroq temir yo‘l yoqasidagi paxta dalasiga yetib kelganimizda, bir ayol yig‘lab chiqib, hayotidan noliy boshladi, u oilasining kuni chigitdan ham battar bo‘lgan kunjutga qolgani haqida so‘zlardi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:19:28

Ayoldan uzoqlashib, ortdagi stantsiyaga piyoda qaytarkanmiz, birdan yer qimirlab, temir yo‘llarda qattiq portlashga o‘xshash nimadir gumburladi, kelayotgan aniq Shayton edi. Uning odamlari allaqachon bizning oramizda bo‘lib, ularning biridan «kelayotgan chindan ham Iblismi?» deb so‘ragandim, u «ha» deya tasdiqladi. U o‘rta yoshlardagi qora sochli, suzik qorako‘zli, g‘aroyib yuzli va qop-qora kiyimdagi kishi ekan. U bizga bir qarab qo‘ydi. O'sha yerda bu kishining Iblis ekaninin biladigan boshqa bir yigit ham bor ediki, hayratlanarli tomoni, u qo‘rqib turgan ikkinchi gruhga qo‘shilib ketdi. Biz o‘sha tomonga qaray-qaray, xayrlashmasdan ko‘cha, mahalla va shaharni tashlab, tez-tez yurib ketdik. So‘nggi tekshiruv joyi - bozordan o‘tganimizda, qovun sotayotganday o‘tirgan tarozibonga ko‘zimiz tushdi va ular ortimizdan ta'qib qilib kelayotganday, yana temir yo‘l tarafga qocha boshladik. Tilla jingalak sochli yigit boya Iblismi yo‘qmi deb so‘raganim kishi ekanini sezib qoldim, yo tavba, turgan joyini va ishini shunchalik tez o‘zgartiradimi ular, deya taajjubga tushdim...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:19:35

Temir yo‘l bo‘ylab qochib bordik. Iblis tarozisini tashlab ortimizdan quva boshladi. Ikki yuz metrdan keyin u bizga yaqinlashib keldi, lekin biz urushishga tayyor turdik. Garchi Iblisning yengilmasligini bilsak ham, unga qarata o‘q uzdik, bu o‘zimizni keng bo‘shliqqa chiqib olishimizga yetarli fursat berdi. Bu osmon bilan yer orasidagi bir joy edi. Men Allohdan yordam berishini so‘rab yolvordim, ikki-uch soniya ichida bulutli osmon ko‘rindi. Iltijo qilar ekanman, birdan osmon to‘ntarilib, chakalokzorga tushib qolganimni angladim. Ular orasidagi so‘qmoq trubasimon bo‘lib, temir yo‘l ufqqa tomon torayib ketgani uchun, so‘qmoq ham tor va qorong‘ilashib borardi. Iblis boshliq guruh ortimizdan bir qiyalikka qadar ta'qib qilib keldi. Ular shundoq ketimizda o‘tirishardi. Tikanaklar ko‘krak qafasimizni qisib kelaverdi. Yo‘l qorong‘ilashgandan qorong‘ilashaverdi va changalzor butunlay o‘tishga yo‘l bermay qo‘ydi. Men arang, inqillab-sinqillab ularni chetlab o‘tishga urinar, oldinda jinday bo‘lsa-da yordam qo‘lini cho‘zadigan biror narsadan umidvor intilardim. Qorong‘ilik va qo‘rqinch, umidsizlik va tushkunlik ichra bir joyda qotib qolganimda, birdan oldimdagi eshik yorug‘ bir kunga ochilganini sezib qoldim... men uyg‘onib ketgandim...

Qayd etilgan