Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129698 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 31 B


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:20:03

57

Shunday qilib tibetlik Byulen o‘z sharhini tugatdi va tasbeh o‘gira boshladi. Aslida Bilga-Xoqon allaqachon Tabg‘ach-xondan kelgan Ichi Lyangga qarab turardi. O'g‘li Yo‘lluk-Tegin yonida shogird o‘z ustozi bilan o‘tirganday o‘tirardi. Xitoylik general o‘z sharhini shunchalik past tovushda boshladiki, shundoqqina o‘tov yonida otning kishnashi uning ovozini bosib tushdi. «Xitoylar qanday qilib o‘zlariga e'tibor qaratishni yaxshi bilishadi» - o‘yladi Tongyuquq jahlini ichiga yutib. Ichi Lyang tush ta'birlash o‘rniga, soddagina qilib marhum akasidan hokimiyatni meros qilib olgan Xitoy Imperatorining holi ne kechganini aytib berdi. Temir qushlar yoxud ajdodlar ruhi - «shanlar» unga hamla qilgani kelgan va u hokimiyatni boshqarishdan avval Falak bilan munosabatini aniqlashtirib olishi lozimligini anglab yetgan. U yerda bir general bo‘lib, garchi u tirik bo‘lsa ham, «shanlar» darajasiga yetgan va bu kabi ruhiy holatlarni yaxshi bilardi. Shuning uchun Imperatorga akasininig xotirasidan qutulish uchun bir gulxan yoqishni va shundan keyin yashayotganlar va ruhlar o‘rtasida yangi qonun va tartiblar ishlab chiqishni aytadi. Olov saroyni va u bilan birga marhum akaninig xotirasini o‘chirib tashlagach, Imperator o‘z generalini tiriklar va o‘liklar uchun yozilgan qonunlarning ikki kitobini saqlayotgan adirdagi bir ustoz oldiga yuboradi. Kunlarning birida maxsus marosimdan keyin Imperator kitoblarning birinchisini ochib o‘qiydi. Odamlarning baxtiga barcha qonunlar bir xil edi. Shundan keyin u ikkinchi kitobni olib, qo‘rqinch ichra Imperatorligini o‘z o‘g‘liga qoldirishini o‘qiydi va shu tariqa «shanlar» ierarxiyasini boshqarib boradi... Mana shu narsa Falak qonuni edi...
Ichi Lyang jim qoldi, lekin ot yana bir kishnadi-yu, Tongyuquq sokinlikni buzib yubordi...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:20:09

58

Noam gapimni bo‘lib, uyalmasdan akasi unga g‘amxo‘rlik qilmayotganini aytdi. U menga qarab kuldi va men bu qarashdan titrab ketdim. Rostini aytsam, men bu kabi aka-ukalarni juda yaxshi bilaman, ularning marhumlarni ko‘rarga ko‘zi yo‘q, janozaga esa qalin kitoblarni ko‘tarib kelib, marosim davomida jamoatchilik ichida ko‘zbo‘yamachilik qilib, balandparvoz parchalarni o‘qib o‘tirishadi. Bundaylar tobut ichida yotgan marhum birodarlaridan ko‘ra, ularning soyalariga ko‘proq marhamat ko‘rsatishadi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:20:19

59

Barcha dinlar anjumani bir tekisda davom etayotgandi. Biroq, bir safar Oltoy Shomon an'anasining asosan «chuqur tomoq ovozi» bilan kuylayotgan va qolgan vaqtda beo‘xshov gaplarni gapiradigan g‘alati bir vakiliga tarjima qilib turganimda, Lama sektasi noiblari namoyishkorona anjuman zalini tark etishdi. Sessiyani boshqarib turgan yahudiy ravvin kuylashni va tarjimani to‘xtatib, poplar, mullalar, yepiskoplar, presviterianlar, kvakerlar va boshqa mormon va ruhoniylar orasidagi qizil kiyimli «birodarlar» sektasiga murojaat qildi. Lekin ular e'tibor bermay chiqib ketaverishdi, vaholanki ularning tarjimoni prezidium tomonga yurib, menga bayonotnomani topshirdi, bu bizga o‘xshagan intellktual proletarlar birligining belgisi edi. Men bayonotni ochib, undagi «...ning Muqaddas Nomi bilan... - Norozilik nomasi» degan sarlavhani ko‘rishim bilan darhol uni rais janoblariga uzatdim. O'rtamizdagi Shomon esa kuylashdan to‘xtab, jimgina kutib turardi. Ravvin qog‘ozni duo kabi ochib o‘qidi va hech bir ikkilanmasdan tanaffus e'lon qildi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:20:26

Keyin nima bo‘lganini bilib oldim. Lama sektasining aniqlashicha, pravoslav bo‘lmagan mustaqil ruhoniylardan biri bu yerda Budda rohiblaridan birining qiyofasi xunuk va haqoratli tarzda tasvirlangan kitobni tarqatib yurgan va go‘yoki u kuniga ikki marta Shaytonga ibodat qilarmish. Bu kitobni hech kim o‘qimadi, chuni u  niderland yo dat tilida edi, lekin birdan bu masala e'tiqodlar o‘rtasidagi qaynoq tortishuvga sabab bo‘ldi, faqat kimning qaysi tomondaligini hech kim bilmasdi. Rais janoblari maxsus trans-e'tiqodiy komissiya tuzdi va men tilmochlik qilib ancha pul ishlab oldim. Ushbu komissiya barcha ishtirokchilar va qiziquvchilarning dalillariga quloq tutib, ularni tahlil qilish bilan shug‘ullandi. Garchi pravoslav bo‘lmagan mustaqil ruhoniy haligi kitobi va haqoratlangan sektaning katta-kichik rohiblari bilan ko‘rinmay qolgan bo‘lsa ham, qolganlar ulardan juda xafa bo‘lishdi. Anjumanda Salmon Rushdiy va Usoma bin Laden haqida ham gapirildi. Rais janoblari fatvo Payg‘ambar (s.a.v.)ni deb bo‘lmaganligini, balki chet elda yashayotgan Imomning o‘z tasviri tufayli bo‘lganini zimmasiga oldi. Deobandilar komissiyani ham, anjumanni ham tark etishdi. Rais janoblari darhol o‘z raislik lavozimidan bo‘shashini e'lon qildi. Tarafdorlari unga va uning bo‘shangligiga qarshi chiqishdi. Pravoslavlar ularni anjumanga qarshi chiqishda aybladi va hokazo va hokazo. Hech kim, hatto g‘oyib bo‘lgan Noam ham bu to‘qnashuv va janjalni, global e'tiqodlararo munosabatning sinishini bostira olmadi, alal-oqibat, qolgan-qutgan mablag‘, oliyjanoblik bilan, haliyam shu yerda qolgan tashkilotchilar bilan mening o‘rtamda taqsimlandi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:20:41

60
 
Ha, aytgancha, bir gal men oddiy Lamani (Mongoliya va Tibetdagi buddist rohiblar) emas, balki buyuk Dalay-Lamani uchratganman. Bu Moskvada ro‘y bergan bo‘lib, tarjimon va boshlovchi sifatida Boltiqbo‘yi yozuvchilari delegatsiyasini bu yerga olib kelgandim. O'shanda qayta qurish davri edi. Garchi Dalay-Lama tibet tilida gapirayotgan bo‘lsa ham, men uning gaplarini tushunib turardim: «qurolsizlanish», «zulm qilmaslik», «yangi era» va «yangi global tartib» kabilar. Kulgili odam. Men uni gipnoz qilishga uringandim, aqalli sirli aloqa o‘rnatishga intildim, yo‘q, bari befoyda bo‘ldi, u haddan ortiq siyosiy tus bergandi o‘ziga. Hafsalam pir bo‘lgandi o‘shanda. Ma'ruzadan so‘ng, mezbonlar o‘zlarini aqlliroq ko‘rsatishga urinishganda, Dalay-Lama buning aksini qilgan va yozuvchilar uni tavof qilishga tushishgandi. Hanuz esimda, dinni yangi qabul qilgan Boltiqbo‘yi delegatsiyamizdagi xonimlardan biri Hazratning oldiga yaqinlashgan, bir qadam - jilmayish, yana bir qadam - yana jilmayish, uchinchi qadam - jilmayish va egilish, shu tariqa Dalay-Lamaning muqaddas qo‘liga yetguncha, ayolning ichidan suv kelib, bo‘lari bo‘lib bo‘lgandi... O'sha uchrashuvdan qolgan xotira mana shundan iborat.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:20:52

61

Men Lining aslida juda ko‘p narsadan xabardorligiga shubha qilardim. Misol uchun, ushbu bobga kelganimda, u qalin daftarimga ishora qilib «Mana endi bu mustahkamroq bo‘la boshladi» dedi. Bu bilan nimani nazarda tutgan? Oltmish birinchi bo‘lakda jangarilarimiz harakatining tayyor bayonidan qochgan bo‘larmidik? Ha, chindan ham «tarjima» deb ataluvchi ikki-uch turdagi oltmish bayonotdan so‘ng, endi yangi bayonotni tarjima qilyapman, deya olmayman, chunki boshqa yangisininig o‘zi yo‘q. Xo‘sh, nima qilmoqchiman? Avvalgi bobga sayqal beryapman deb o‘tirishim kerakmi? Yo shaxsiy masalalarni yozyapman, deyinmi? Ular meni o‘ldirishgan bo‘lardi. Lekin agar yozishni tugatsam, shu meni o‘ldiradi. Shu o‘ylar bilan chalg‘ib o‘tirganimda, Li taklif kiritib qoldi: «Menga inglizcha o‘rgatsang bo‘lmaydimi, men esa senga xitoychani...» Bu bir bahona bo‘lishi mumkin edi... Aslida Li oxirgi gapni baland ovozda aytgani yo‘q, men buni sezdim va bu gap aytilmagan, deb hisobladim. 

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:21:06

62

Bir hafta ichida hayotimizda keskin o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Jangarilar tog‘ni kesib o‘tib, Afg‘onistonning Badaxshon viloyatiga o‘tishga qaror qilishdi. Nazarimda, bu uzoq yo‘l edi. Li ularning yapon asirlari uchun katta o‘lpon olganliklarini aytdi, biroq biz bilan hech kimning qiziqmayotganini ko‘rgan qo‘mondon, vodiyga borib mahalliy hukumatga sotilamizmi yo shu boshpanamizda qolib, qishni o‘tkazamizmi va yoinki Badaxshonga boramizmi, shu haqda bizdan so‘radi. Bu menga ertakdagi uch yo‘lni, ya'ni borsa kelar, borsa yo kelar, yo kelmas va borsa kelmasni eslatdi. Afsuski, ayni holatimizda qaysi yo‘l qanaqa ekanini bilolmasdim. Li bo‘lsa aqalli o‘z Vataniga yaqinroq bo‘lishni o‘ylab, ular bilan birga borishga qaror qildi va shu bilan tanlash imkoniyatini ham yo‘qqa chiqardi. Agar vodiyga borsam, yoki shu yerning o‘zida qolsam, ular meni keraksiz guvoh deya o‘ldirib yubormasliklariga kim kafolat beradi? Shuning uchun ham ularga qo‘shilishga mahkum edim...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:21:14

63

Tog‘li Badaxshonga ketishimizdan avval qo‘mondon qaerdadir oxirgi marta eski elchi bilan uchrashdi va biz bilan birga qoldirilgan yigitga xat olib keldi. Qo‘mondonga sodiq qolish uchun u maktubni o‘zi ochmadi, shunga qaramay, men uning xat mazmunidan shubhalanayotganini sezdim. Balki u mana bunday o‘ylayotgandi: «Sening vazifang tugadi, bazaga qayt». Sabrimiz chidamasdi, lekin maktub mazmunini bilgach... Yigit xatni o‘qir ekan, ko‘karib ketdi va kutilmaganda, telbalarcha kula boshladi yoki xiqillab qoldi...
Maktubni uning xolasi yozgan bo‘lib, unda yigitning ota-onasi u ketgandan bir hafta o‘tib o‘zlarini osib qo‘yishgani yozilgandi. Yigit aqldan ozib qoldi, lekin harbiy qism uni o‘zi bilan olib ketdi va shundan beri u biz bilan birga turadigan bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:21:23

64

Oqil va keksa Tongyuquq «Bilga ularning bari bizning dushmanimiz bo‘lgani, hozirda shunday ekani va kelgusida ham dushman bo‘lishini yodda tutarmikin?» deya o‘ylardi. Bilga Xitoy Imperatori, O'n-o‘q qabilasi va Qirg‘iz xonning yog‘iyimizligini unutgani yo‘qmi? Ular birlashib bizga qarshi urush ochishgan edi-ku. Ular shunday deyishgan: «Agar biz ularga qarshi jang qilmasak, ularning jasur xoqonlari va dono vazirlari bor ekan, bizga hech omonlik yo‘q va bir kunmas bir kun albatta barchamizni qirib tashlaydilar». Shu gaplarni bilganimdan so‘ng, tunlari na ko‘zimga uyqu keldi, kunlari na bir zavq olishni istadim. Axiri qaror qildimki: «Agar biz birinchi bo‘lib qirg‘izlarga qarshi yurish boshlasak, to‘satdan ularni esankiratib qo‘yishimiz va qo‘lga olishimiz mumkin». Yurish uchun Kogman orqali o‘tadigan birgina tor yo‘l bor edi, u ham bo‘lsa butkul qor bilan qoplangan. Agar shu yo‘ldan borganimizda, yaxshilikka olib kelmasligi aniq edi. Men bu yerlarni yaxshi biladigan biror kishini axtarib, uni Az qabilasi orasidan topdim. U shunday dedi: «Ani daryosi yoqasida bir so‘qmoq yo‘l bor, kengligi bitta ot siqqulik xolos». U bir gal shu yerdan yurganini aytdi. «Agar bu chavandoz o‘sha joylarda bo‘lgan bo‘lsa, biz ham undan o‘ta olamiz», deya qaror qildim.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:21:30

Bilga bu haqda eshitganmi-yo‘qmi, bilmadim, lekin bobosi Eltarish-hoqondan izn olib, qo‘shinimga yurish boshlashni buyurdim. «Daryoga otda tushavering», dedim ularga va Oq-Termel daryosini kechib o‘tdik. Shundan so‘ng ot ustida turgan holda qorni yorib kirishga buyurdim. Men va boshqalar otlarimizni oldinroqqa qo‘yib yuborib, o‘zimiz daraxtlarga tirmashdik. Oldindagi qo‘shin qorni surib, yo‘lni ochib bordi va shu tariqa tog‘dan o‘tib oldik hamda pastga asta sirg‘alib tusha boshladik. O'n kecha kunduz piyoda qor ichida yo‘l bosdik. Yo‘lboshlovchimiz yo‘ldan adashdi va boshidan judo bo‘ldi. Shuning uchun Hoqon shunday dedi: «Shoshilingiz! Ani daryosi yoqalab yuramiz!» Shunday qilib daryo bo‘ylab yurdik va otlarimizdan tushib, necha kishi qolganini hisobladik. Otlarimizni daraxtlarga bog‘lab, kunu tunni unutib, qirg‘izlar ichiga yurdik.
Ularning ustiga uxlab yotgan paytlarida hujum qildik. Qurollarimiz bilan so‘qmoq yo‘lni ochdik. Ularning Xoni va qo‘shini to‘plandi. Biz ularga o‘q otib, ilma-teshik qildik va xonlarini o‘ldirdik. Qirg‘izlar tor-mor etildi va bo‘ysundirildi. Shundan so‘ng Kogman yo‘li orqali ortimizga qaytdik».
Ko‘rinadiki, hech kim bu haqda eslamaydi. Bugun yashayotgan har bir kishi mudrayotgan dunyoda yashaydi va birgina yetim ot dono Tongyuquqning xayolini bo‘lib, o‘tmishdgi urushlarni eslab kishnaydi xolos...

Qayd etilgan