Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129694 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 31 B


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:21:41

65

Agar shu yerda sargardon bo‘lishimni bilganimda, bir bog‘ somon g‘amlab qo‘ygan bo‘lardim. O'n kechayu o‘n kunduz Xudo urgan Tog‘li Badaxshonga qarab safarga chiqishimizni kim bilibdi, deysiz. Kunduzi hujumlardan himoya qiladi, deya g‘or va tog‘ yoriqlarida yashirindik, tunlar sang‘ib yurgan och tulkiday yo‘l yurdik. Hamma bir-biriga bog‘langan edi, faqat biz - men, Li va telba yigit boshqa zanjirda edik, arqonnning uchi bo‘lsa, qo‘riqchimizning qo‘lida. Telba tixirlik qilib, osilishga tushgan edi, qo‘riqchi uni arqonning uchi bilan savalab tashladi va bola paqir ingrab, o‘z qilig‘idan pushaymon bo‘ldi...
Inson qalbi eng oxiri muzlaydigan narsa va boshqa hech narsa qolmaganda uni ichingda olib yurish shu qadar azobki... Oyoqlarga kunda ikki bora araq surtasan, lekin araqni ham, bosgan qadamingni ham his qilmaysan, barmoqlaringdagi tirnoqlar og‘riqqa mixlangandek, shamolda qovurilgan yuzing endi seniki emas, ammo qalb... U aslo muzlamaydi, u borgan sayin sovuqdan qisilib boradi, kim biladi nega, shuning uchun uni tashqariga tortib chiqarolmaysan va u o‘rtanib, azob chekaveradi...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:21:46

Barcha voqealarni kunma-kun eslab qolmaganman, bu xotirda yorqin dog‘ qoldirgan, esda ko‘p ham turmaydigan bema'ni narsa xolos o‘zi. Bo‘shliq qorong‘i va qovog‘i soliqday: qor tun qo‘yniga osmondan tushib keladi, qo‘mondonning ho‘l qor tagida yo‘qolgan chirog‘i: hech kim xavfsizroq joy yoki jarlikning qaerdaligini bilmaydi, faqat arqonni bo‘shroq ushlagan holda xavfsirab yurishdan o‘zga iloj yo‘q, mabodo biror kishi qulab, halok bo‘lsa, zum o‘tmay sening ham bor-yo‘qligingga kafolat yo‘q...
Yumshayotgan tonna-tonna qorga, muzning metalsimon qatlamlariga qaramay, daryoning shovqini bir zum ham to‘xtamaydiganga o‘xshaydi. Yo bu shunchaki boshdan oxirigacha bizni ta'qib qilib kelgan sarobmikin? Yo boshqa narsami?

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:21:52

Men yurishimizning eng so‘nggi kunini yaxshi eslayman, lekin oxirgi kun bo‘lmaganda, eslab qolgan bo‘larmidim-yo‘qmi, ishonchim komil emas. Tunda ketar ekanmiz, birdan tog‘ tugab, qorlar o‘rniga oldimizda uzun kenglik ko‘rindi va hammamizning ko‘zimiz yaqindagina izillatib turgan shamoldan keyingi issiq havoning ufurishiga o‘xshagan shaytoniy olovlarga tushdi. Qo‘mondon to‘xtashimizni va yo‘l sumkalarimizni qo‘yishni buyurdi. Biz arqonlarimizdan bo‘shalgandik, telba yigit haligi olovga qarab zorlana boshladi. Qo‘riqchi unga e'tibor bermadi, balki uning ham ko‘nglida xuddi shunday his g‘imirlagandir. Qo‘mondon bizni sanab chiqdi va oxirgi marta olov yoqib, so‘nggi kartoshkalarni pishirishimizni aytdi. Araqlarimizning ko‘p miqdordagisi ichimiz va tashimizni qizitish o‘rniga, olov yoqish uchun sarflandi. Olovni tanalarimiz bilan o‘rab olib, oxirgi burdani yeb tugatganimizda, qo‘mondon shunday dedi: «Biz ularni uxlab yotgan paytlarida qo‘lga tushiramiz!»
Tog‘ qishlog‘ini erta azonda ishg‘ol qildik. Hatto Li bilan menga ham pulemyot berib, qo‘riqchimiz bilan birga tog‘ chetidagi eng kichik uyni olishga jo‘natishgandi. Garchi otish haqida ogohlantirilgan bo‘lsak ham, hayajon va qo‘rquvdan qurolimni u yoq-bu yoqqa burib, so‘kinardim xolos. Uyga kirganimizda, unda qari bir kampir o‘tirar, bizni chaqirilmagan ajinaga o‘xshatib, bir yondan ikkinchi yonga o‘girilib oldi. Kampirning yuzi ko‘pib, achib ketgan xamirga o‘xshardi...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:22:01

66
     
«Xuddi shunaqa narsa tabg‘achlar, o‘n-o‘q qabilasi, Qitanlar va boshqalarda ham sodir bo‘ldi. Tongyuquq va Elturish-xonning donoligi, keyinroq Kul-Teginnning kuchi ularning popugini pasaytirmaganda, Ko‘k Turklari bundan-da battar, bundan-da past va kuchsiz bo‘lgan bo‘lur edilar. Hozir Bilga-Hoqon ularning o‘z tushi haqidagi ta'biriga go‘yoki dunyodagi bor aqlu zakovatni aytib berishayotganday quloq tutardi. Ishdan bo‘shaganidan beri ichishga mukkasidan ketgan shu yerlik shomon Udeganing o‘zini taklif qilsa yetmasmidi? U o‘zimizning Bashorat Kitobidan quyidagilarni o‘qigan bo‘lardi:
«Men oltin qanotli qora yirtqich qushman. Tanamdagi ranglarning sanog‘i ham yo‘q. Dengiz uzra uchar ekanman, ko‘nglim tusagan narsani tutaman va xohlagan narsamni yeyman. Ana shunaqa kuchliman men! Bilingki, bu yaxshi alomatdir!
Men ola-bula va uchqur lochinman! Daraxt ustida o‘tirganimdan behad mamnunman. Eshityapsizmi?

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:22:07

Lekin «Quyon!» deya qichqirib, lochin osmondan o‘qday uchib tushdi va quyonni tutib oldi. U o‘tkir tirnoqlarini ko‘rsatdi va yana yashirib oldi. Lochin quyonni changallab yuqoriga ko‘tarildi. Quyonning terisi tushib qoldi. Bilingki, bu yomonlik alomatidir!»
«O'zimizning Bashorat Kitobida ana shunday deyiladi, - deya o‘yladi dono Tongyuquq, - agar o‘zingni quyonga o‘xshab tutsang, istagan qushga o‘lja bo‘lishga mahkumsan va ayniqsa, agar bu qushlar bizning temir tumshuqli qushlarday bo‘lsa!»
Lekin u buni eshittirib aytgani yo‘q, birinchidan, undan hech kim so‘ramadi, ikkinchidan, Bilga-Hoqonning elchilar bilan uchrashuvini yana boshqa bir narsa buzib yubordi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:22:16

67

Isroilni tark etish Eronga kirishday gap bo‘ldi. Har ikki sharoitda ham mana bunday savollarga duch keldim: kim edim, qaerlikman, nima qildim, qanday ish qilyapman, bu yerda nima qilishni niyat qilgandim, nimadan xabarim bor, kim bilan uchrashdimu, kim bilan uchrashmoqchiman, kelgusi rejalarim qanaqa va hokazo. Hozir bu savollarga yuzaki va o‘ylamasdan javob berganligimni o‘ylayapman, yo‘qsa, metafizikaga berilib ketib, kim bilsin, balki hozirda yo‘liqqanim ba'zi javobsiz savollarni yechish imkoniyatidan foydalangan bo‘larmidim? Anglaganim shu bo‘ldiki, biz kutilmagan voqealarni achchiq xotiralar tufayli qo‘ldan boy berar ekanmiz. Men faqat ikkita misol aytaman. Yoshligimda butunlay turlicha bo‘lgan ikki qiz bola do‘stim bo‘lardi. Yaqinda ularning familiyalari turli tilda bir xil ma'noni anglatishini aniqladim. Bu shunchaki uyg‘unlik va tushuntirib bo‘lmaydigan hodisami edi? Dorilfunundagi o‘rtoqlarimdan biri o‘sha qizlardan biriga oshiqu beqaror bo‘lib qolgandi, shunga qaramay, natijada hech narsa sodir bo‘lgani yo‘q. U boshqa kishiga turmushga chiqdi. O'shandan beri uning qorasini ko‘rmadim. Lekin ikki yil avval bu ayol o‘zi sevishib yurgan kishining ismi bilan bir xil bo‘lgan hamkasbim orqali men bilan topishdi. Yo bu ham tasodifmi?
Balki siz endi nima uchun Isroil va Eronni birgalikda esga olganimni tushungandirsiz?

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:22:31

68

Biz amerikalik ikkinchi liga klubininig komandasi bilan Tehron stadionida o‘yin boshladik. Bizga qarshi kim o‘ynayotganini bilmasdim, ularning tayyorgarligi juda sirli kechdi, lekin bu kabi futbolni umrimda ko‘rmaganman: u mahoratga qarshi mahorat emas, aksincha, qo‘pollikka qarshi qo‘pollik o‘yini bo‘ldi. Bu kimning mahoratsizligi yaxshiroq yo yomonroq, kim o‘zining qobiliyatsizligi ustidan g‘alaba qiladi, degan so‘roq gap bo‘ldi. Tasavvur qiling, o‘z oyog‘iga qoqilib yurgan o‘yinchilar, yetim to‘pning ulardan biri yetib kelguncha kutib turgani va shu bechora to‘pni yog‘och oyoq bilan tepilganiyu boshga oshirilgani va hokazo. Bu shamollatilgan bo‘m-bo‘sh xonadagi shishirilgan sharga o‘xshar va darvozabonlar sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavfni befoyda kutishdan charchab ketishgandi. Yodimga saksonchi yillarda sho‘ro komandasini Jahon Chempionatida kuzatganim va ukrainalik futbolchining barcha erkin zarbalarni tepgani yodimga tushdi. Odatda, u to‘pni gruzin o‘yindoshininig kallasiga mo‘l oshirardi. Gruzinning vazifasi esa harakat qilishmas, balki bir joyda turishdan iborat bo‘lardi. Natijada to‘p uchib kelib uning boshiga tegardi-da, darvozaga kirib ketardi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:22:41

Baxtga qarshi bizning o‘yinimizda o‘shanaqa mohir o‘yinchilar yo‘q edi-da. Oxir oqibat darvozabonimiz bor umidsizligini to‘plab, to‘pni bir tepgandi, u o‘qday uchib borib, eronlik hujumchining boshi orqasiga kelib urildi, tabiiy, u buni hech kutmagandi, so‘ngra to‘p xuddi o‘sha mashhur gruzin hujumchisining boshidan  uchgan kabi orqaga qaytib, darvoza ustuniga tegdi va darvozabonimiz yelkasini yalab o‘tib, oxiri darvozaga kirib ketdi.
O'sha mahal maydonda, nafaqat maydonda, balki, shaharda va butun mamlakatda nima sodir bo‘lganini xayolingizga keltirib ko‘ring-a!  Xuddi yangi bir inqilob ro‘y berdi: olomon ibodat qilishni ham unutib, kecha-yu kunduz qo‘shiq aytar, biz masxara va achinish sababchisiga aylangandik. O'yinda yutqazib qo‘yib, shu qadar katta shuhratga erishdikki, bizdan keyingi o‘yin g‘oliblari ham mashhurligimizga to‘siq bo‘la olmadi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:22:52

69

Nega Erondagi futbolni esga oldim? Yo‘q, faqat e'lon qilingan o‘limimni kutib yotganim, uning Isroilda sodir bo‘lmagani uchun emas. Erondagi voqealarni eslashga uringanimga sabab, uch kun avval Tog‘li Badaxshondagi qor bilan qoplangan qiyalikda futbol o‘ynaganimiz va to‘p o‘rnida paytava tiqib to‘ldirilgan mo‘ynali telpakdan foydalanganimiz edi. Qishloqni zabt etgan komandamiz, qilgan dushmanligimizga qaramay, yaxshi qabul qilgan mahalliy aholiga qarshi to‘p surdi. Darhaqiqat, keyinroq Erondagi nemis komandasiga o‘xshab, ularni zerikishdan saqlab turgan katta yangilikka aylandik, lekin bizning o‘yinimiz no‘noqlikka qarshi no‘noqlik o‘yini bo‘lmadi. Mahalliy aholi qishloqlarini tunda ishg‘ol qilgan biz qo‘rqoqlardan kuchli ekanliklarini isbotlash uchun kurashishdi. Biz ham bo‘sh kelmadik. Lekin hayot uchinchi bir narsani isbotladi. Sirpanib, surilib muzlab qolgan oyoqlarimiz bilan to‘pni tepishga chiranib turganimiz mahalda, bizga ovqat tayyorlashga unnaymiz degan uch jangari yo‘qolib qolsa bo‘ladimi. Biz o‘yinda yutqazib qo‘ydik, buning ustiga, o‘lganning ustiga tepganday qilib, butun lager trevogadan oyoqqa turdi. O'lguday ochiqqan va charchagan boshqa jangarilar qochoqlarni izlashga yuborildi. To‘rttamiz - men, Li, telba yigit va qo‘riqchimiz ovqat tayyorlashga qoldik.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:22:59

Hali o‘lganning ustiga tepki, degan iborani eslatdim, bu esa murdaning ustida raqs tushganga o‘xshadi. Jangarilar qishloqni tark etishlari hamono, sakkiz kishi qurol ko‘tarib oshxonamizga kirishdi va hech bir ikkilanmay, qo‘l-oyog‘imizni bog‘lashdi. Bir asirlikdan ikkinchisiga tushdik. Bu biz o‘ylaganchalik emasdi, men chindan ham qo‘rqib ketgan, qishloqni ishg‘ol qilayotib, qari kampirga qanday qilib baqirganimni esga olardim. Bunisi endi so‘nggisi, deya o‘yladim. Agar avalgi asirligimda har qalay tushunishlariga va kechirishlariga umid qilgan aybsiz bo‘lgan bo‘lsam, bu gal ancha aybli va nafratga loyiq edim. Endi bular ham boshimizga qop kiygizishadi, deb qo‘rqib turuvdim, yo‘q, unday bo‘lmadi, baxtimizga ular bizni qorong‘i yerto‘laga tashlab, bir nechta un va gurunchli qoplarni uning qopqasi ustiga bostirib, tezda g‘oyib bo‘lishdi. Bir-birimizga qapishgan holda zimiston va noaniq qo‘rquv ichra qolaverdik...

Qayd etilgan