Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129672 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 ... 31 B


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:37:25

U o‘z xonasida ekan, betoqatligimni ko‘rsatmagan holda uni pastki qavatdagi qahvaxonaga taklif etdim. U zavqimga zavq qo‘shib, suhbatga jon deb rozi bo‘ldi. «Aytadigan gap ko‘p»,-dedi u va men u nimani nazarda tutganini tasavvur qildim. Shunday qilib, o‘n daqiqadan keyin pastda ko‘rishishga kelishdik. Shu daqiqalar ichida turli holatlarni o‘ylagan holda nafsimni tinchlantirib turdim. Qisqasi, o‘n daqiqa o‘n yil, o‘n asrga cho‘zilganday bo‘ldi.
Axiri Irma ortimda paydo bo‘ldi. Avval uning qo‘ng‘iroqday ovozi eshitildi, so‘ng unga qaragan edim, xoh ishoning, xoh ishonmang, u rohibalarning kiyimida kulib turardi. «Bunisi yanada qiziq», deb o‘yladim men.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:37:34

Biz qahvaxonaga kirib o‘tirdik, men uning ro‘moliga qarab: «Tishingizga biror nima bo‘ldimi?» deb so‘radim. «Yo‘q». Men jinni bo‘lib qolay dedim, chunki u: «Biz bu yerga umumjahon universal dini delegatsiyasining bir qismi sifatida keldik», dedi. «Sen ularning tarjimonimisan?»- umid bilan so‘radim men. «Yo‘q, men delegatsiya rahbariman. Biz...aniqlayapmiz... o‘z maqsadlarimiz bor... universal ishonch... e'tiqodimizga ko‘ra... mo‘ljallayapmiz..., qisqasi shunga o‘xshagan gaplar. Men uning so‘zlarini bo‘lmasdan, diqqatini ja'm qilgan o‘quvchiday berilib eshitdim, u esa bundan zavqlanib so‘zlardi.
O'sha yerda va o‘sha payt ko‘p narsaga chiday olishimni angladim. Aslida bu na Blavatskizm, na Gurjizm yo Oshoizm va yoxud boshqa «izm»lar, balki haddan ortiq notabiiy ayollar ta'limotizmi haqida ediki, barcha boshqa narsalarni qo‘shib hisoblaganda ham mening uchun qo‘rqinchliroq edi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:37:45

112
 
Nafsilamrini aytganda, bu men ko‘rsatishga uringanimchalik keskin emasdi. Ba'zi o‘rinlarda uning nasihatomuz gaplariga chek qo‘yib, suhbatimizni yakunlagim, yumshoq o‘rinda emas, masalan, qahvaxona hojatxonasida bo‘lsa-da, mazza qilgim keldi. Biroq, uning g‘azablanishi emas, balki qandaydir bir horg‘inlik hayvoniy va shahvoniy istagimni tiyib turishga sabr va kuch berdi. Avval uning da'vatlari ko‘nglimga xush yoqayotgani, u yuz yillar avval bo‘lgan bosqichda turganimni bildirishga tirishdim. Xudo Irmadan rozi bo‘lsin, lekin bu juda og‘ir bir hol edi. Harqalay bu ishlardan oyog‘imni uzganimdan xursandman...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:37:59

113

Men Afg‘onistondagi mashhur tolibonlar ham bechora Irma bilan solishtirganda, ob'ektiv va erkin o‘ylaydigan kishilar bo‘lganini esladim.
Oxirgi gap Lini qiziqtirib qo‘ydi. Irma haqidagi hikoyamning ma'nisini so‘ramadi, garchi men uni xulosa o‘rnida aytgandim, u faqat mening bunchalik g‘azabnok ekanimni bilmaganini aytib, tolibonlar to‘g‘risida gapirib berishimni qattiq talab qildi.
Ba'zan nega ikki yildan beri shular bilan sizning ustingizga bomba yog‘dirib yurganimdan taajjubga tushaman. Davom ettirishga nima to‘sqinlik qiladi? Bu yolg‘izlikni chetlab o‘tishning yagona yo‘limi yoki o‘lim qo‘rquvi bilan shug‘ullanishmi? Bilasiz: men ham siz kabi ma'nisiz hayotni yashab o‘tdim, lekin endi uning ma'nisizligi qaysidir bir kun keladigan o‘limning mumkinligi bilan ko‘paytirildi. Yo‘q, unday emas, aniqrog‘i, o‘limning har kun kelishi mumkinligi uning har doim biz bilan va bizning atrofimizda ekanida, lekin men boshqacha vaziyatdaman, chunki men Xudoning emas, balki odamlarning qo‘lidaman.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:38:06

O'zimni jangarilar qo‘lida deb hisoblayman. Xo‘rozlardan qo‘rqqan telba haqidagi hazilni bilasizmi? Xo‘rozlar go‘yoki telbani donga o‘xshatib, uni qo‘rqitayotganga o‘xshaydi. Fizioterapevt uni davolab, don emasligiga ishontiradi va kasalxonadan chiqarib yuboradi. Besh daqiqadan keyin u qo‘rquv ichra orqasiga qaytib keladi va «Huv anavi yerda bir xo‘roz bor ekan, u meni cho‘qib yeb qo‘yishi mumkin». «Lekin sen don emassan-ku, shundaymi?» - «To‘g‘ri, lekin xo‘roz buni qayoqdan bilsin?»
Men ham shunaqa: jangarilarga tegishli va ularning yaxshi-yomon xohish-istagiga bog‘liq edim. Qo‘qqisdan keladigan va qattiq o‘lim tuyg‘usining nechog‘li qo‘rqinchli ekanini yaxshi bilardim. Men o‘lishni istamayman, chunki kimdir taqdirimni hal qilib qo‘ydi va har zamon O'lim Farishtasi meni dunyodagi nima bilandir chalg‘itib turarkan, g‘azablanganim va vaysaqi bo‘lganim joyda yana mo‘ralab turadi, lekin o‘sha chidab bo‘lmas qo‘rquv...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:38:15

114

Ba'zan o‘limdan qo‘rqib yurishdan charchab ketaman va nega bunchalik cho‘zilmasa, deya o‘ylayman. Mard bo‘lsang kel va bu g‘amlarni ko‘tar...
Lekin Venetsiyaga o‘xshagan joylar bor ekan, nega odamlar o‘ladi? Ko‘chalar o‘rnida dengiz mavj urib oqadigan shahar, shunday shaharki, san'at degan tushuncha ma'nisiz, chunki undagi hamma narsa san'at, zamonaviylikni quvib o‘tgan shahar, chunki u mangu... Men uchun hamma narsa qayta boshlangan shahardir bu.
Hayotda tasavvur va haqqoniylik mavjud. Men ularning o‘rtasida bo‘lmoq istayman. Haqqoniylik hech qachon tasavvurga teng bo‘lolmaydi, avval istalgan markaga qarang, so‘ngra Venetsiyaning o‘ziga. Yaltiroq kam, ko‘proq haqqoniyat: devorlarning to‘kilib tushayotgan ohaklari, sho‘rxok va zax yerlaru tor yo‘laklar va million-million turistlar ichida inson zoti o‘zini ham yo‘qotib qo‘yadigan boshi berk ko‘chalar... Yolg‘izligingiz Qirol Saroyida ham sizni tark etmaydi. Galereyaning chap qanotiga o‘ting yoki xohlasangiz, o‘ng tomoniga - o‘zingizni qamoqxonaning biror xonasiga yashiring...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:38:25

Hozir Tog‘li Badaxshondagi telba qariyaning tosh qafasida shunday hisga berildim. U goh ichkariga kiradi, goh tashqariga chiqadi, Li qarshimda mixlangan, lekin men o‘zimni yanada yolg‘iz sezmoqdamanki... Tasavvur va haqqoniylik bilan bo‘lgan o‘yinlarim o‘z hosilini berdi: Men o‘zimdan ham farqli edim, hech kim haqiqatda kim ekanimni bilmasdi. Li meni josus, deya shubhalanadi, qariya bosqinchi deb, o‘zim esa, bir qurbon, deya sanayman o‘zni. Xo‘sh, kim haqu kim nohaq?
Umrimning ko‘p qismini tarjimonlik qilib behuda o‘tkazdim: ikki tentaklik o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lganing va ularga o‘zingni kupaytirganing zamon bundan-da bo‘shroq kasb bo‘lishi mumkinmi? Bir bo‘shliqdan ikkinchi vakuumga quyilasan, hech narsa haqqi o‘zingning barcha sifating va mavjudligingni unutasan. Zamonaviy deya ataluvchi hayotning deyarli barcha tomonlarini ko‘rdim. Ularning bari menga talabgor edi: sartaroshlar og‘zaki tasavvurlarini o‘z qo‘g‘irchoqlariga ifodalab berishimni so‘rashdi, tish do‘xtirlari tishdagi murakkabliklarni bechora mijozlariga tushuntirib berishim uchun taklif qilishdi; kema izidan tushgan dengizchilarga, o‘zlarini birinchi duch kelgan chuqurga ko‘mishga tayyor shoirlarga, besoqolbozlar bilan gaplashgan kommunistlarga, narkotik bilan shug‘ullanuvchilarga, opera qo‘shiqchilariga, bir gal hatto birinchi televidenie orqali ginekologga, rohiba va kosmonavtga va yana allakimlarga tilmochlik qildim. Amakim aytganiday: «Bu mamlakatdagi eng mashhur qizlar bilan birga bo‘ldim, lekin ularning birortasi bitta sichqon bo‘lsin tug‘ib bermadi.» Men ham shunday...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:38:31

Berke tilmoch So‘g‘dning Manixean Shahzodasi bilan shuncha ko‘p vaqt birga yashadiki, natijada uning barcha urf va odatlarini qabul qildi. Endilikda u kunni Yorug‘lik Xudosiga ibodat qilish bilan boshlaydi, so‘ng Buyuk Xabarchining Muqaddas Kitobini o‘qiydi, keyin peshonasidan chiqadigan ichki bir nur ichra tafakkurga cho‘madi, undan keyin kunduzgi ibodatga o‘tiradi, so‘ng...
Ularga hech kim halaqit bermaydi, chunki ular barcha Manixean kitoblarini tarjima qilishgan va endilikda bu ish nihoyasiga yetib, uni Hukmdorga uzatilgach, Berke tilmoch tarjima jarayonida tashlab ketgan ba'zi tushunmovchiliklarning asl ma'nosini anglay boshlaydi, lekin ularni to‘g‘rilashning imkoni yo‘q. Haqiqatda hech kim uni ochib berolmagan, chunki matnni o‘qish boshqa, uni hayotga tadbiq etish boshqa bir ishdir.
U hozir So‘g‘d Shahzodasiga o‘xshab qolgan: juftliklar hayotlarining so‘nggida bir xil bo‘lib qolishadi - umumiy ish, umumiy ehtiyoj, umumiy farzandlar ularni bir xil qilib qo‘yadi. U nurga to‘lgan ko‘yi o‘zining Berke tilmochligini ham unutib qo‘yadi ba'zan, o‘zini ibtidoiy odamlar orasidagi notanish Shahzoda kabi ko‘radi. Faqat Hukmdori - Dono Tongyuquq bu tuyg‘ularni qo‘llab quvvatlab, unga zavq bag‘ishlaydi... «Hamma narsa Tangrining irodasi bilan bo‘ladi», deydi u.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:38:43

115

Men buni hali hammasi boshlanmasidan burun Venetsiyadaligimda «Quaderni di Studi Euroasiatici» da o‘qigandim. U kasbimning o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ham hisobga olib qo‘ygandim. O'sha paytda gap nima haqda ekanini bilganimda edi! Afsus, u payt g‘uborsiz kunlar bo‘lgan, o‘shanda men Markaziy Osiyoni tadqiq etish bo‘yicha Yevropa Seminarida tarjimonlik qilar, shu orada bunday yig‘inlarga bajonidil qatnashib turadigan yosh va kelishgan bir olimani axtarardim.
Biroq, shiringina ayolning o‘rniga, meni Shinjon safariga ishga taklif etgan Luk bilan ko‘rishdim.
U global geopolitikaga yoxud mahalliy chegara muammolariga oid zerikarli ma'ruzalarni tinglagani emas, balki Venetsiyadagi shaxsiy kutubxonalarda ma'lum va noma'lum venetsiyalik sayyohlarning Dashtga bog‘liq qadimiy qo‘lyozmalarini o‘rganish maqsadida kelgandi. Sharqqa oid biror ilovaga duch kelgan chog‘larda mendan tarjima qilishda yordam so‘rardi. Bu munosabatlarimizning muqaddimasi bo‘ldi. Afsuski, o‘sha ilovalarning mazmunini aniq-tiniq eslolmayman, chunki ularning ko‘pchiligida Mo‘g‘ul xonlarini ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan va ularning sayyoh ruhoniylarini va aksincha, ruhoniy sayyohlarini xafa qildirib qo‘ymasliklari to‘g‘risidagi va'dalari bitilgandi. Biroq ulardan biri miyamga qattiq o‘rnashib qolgan va endilikda buning ma'nisini tushunib yetgandayman.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:38:56

Bu qadimgi uyg‘ur tilidagi bir maktub bo‘lib, sahifaning to‘rtdan birida egri harflar yuqoridan pastga qarab tizilgan, go‘yoki harflar osmondan yerga uchib tushayotganga o‘xshardi. 13-asrda daraksiz ketgan, deb sanalgan venetsiyalik sayyoh bu maktubni uyg‘ur qamoqxonasida yozgan va 18-asrning o‘rtalarida yana bir italiyalik sayyoh uni boshqa qo‘lyozmalar bilan birga Ho‘tan bozoridan sotib olgan. Asirga tushgan sayyoh mahalliy xalq haqida yozib qoldirgandi:
«Hayotimda birinchi bo‘lib dunyodagi barcha ma'lum dinlarga e'tiqod qiladigan xalqni ko‘rdim. Bunda manixean va saratsinlarni, olovga sig‘inuvchilar va nestorianlarni, buddist va lamaistlarni, shomon va iudaistlarni uchratish mumkin. Ularning bari bir xil tilda so‘zlashadi, bir xil turmush tarziga ega, faqat e'tiqodi bo‘lak. Bunga qanday qilib erishildi? Umuman, bu mumkinmi? Men bu hodisaning ildizlarini o‘rganishga kirishdim: bu haddan tashqari chidamlilik, bee'tiborlilikmi yo adashgan sir-sinoatmi? Ularning fikrlash yo‘siniga kirib borish uchun bu xalqning tilini o‘rgana boshladim va tez orada uning so‘z o‘zagiga o‘xshagan bir necha asosiy elementlardan iboratligi va bir qancha funktsional qo‘shimchalar yordamida birgina asosiy elementdan ko‘plab turli ma'nolarni yasab olish mumkinligini aniqladim. Bu mantiq va tartib meni qo‘rqitib yubordi. U Dashtdagi yagona qora dog‘dan kattalashib-kattalashib paydo bo‘lgan minglab kishilar o‘rdasiga o‘xshardi. Bu sizga otilayotgan sonsiz o‘q-yoylar demakdir. Bu Dashtning o‘zi kabi milliard qum zarralarining bu dunyoning ishonchsiz bog‘lariga tomon surilishiga o‘xshardi... Go‘yoki osmon jangchilari boshimizga yog‘ilib tushayotganday.

Qayd etilgan