Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129678 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 ... 31 B


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:39:03

Men buni bir lahzalik sirli tushday ko‘rdim va shu sovuq zindonda nega hayotim yakun topganini yaxshi bilardim. Garchi bu xalq orasida o‘ttiz yildan ortiq umr kechirgan esam-da, bundan ortiq hech narsa deyolmayman. Bir narsani aniq bilaman: bu ancha avval boshlangan, lekin juda uzoq davom etajak. Aytadilar-ku: «Hamma narsa Tangrining irodasiga bog‘liq. Omin!»
May kunlarining birida, kechqurun Ponte Rialto yaqinida Luk bilan g‘aroyib shirinlikni «Muscato Siciliano» bilan qo‘shib yeb o‘tirarkanmiz, o‘sha asirga tushgan sayyohning aniq nimani nazarda tutganini muhokama qilardik. Uning har bir so‘ziga urg‘u berishga intilsak-da, lekin ular «betartib yo‘lakli boqqa» o‘xshar, bu esa ikki yil asirlikda yolg‘iz yashashni va o‘sha qadimgi uyg‘ur tilida yozilgan venetsiyalik kishi maktubining asl ma'nosini bilib olishni talab etdi...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:39:52

116

Yo‘q, adashmadim, bugun asirligimning roppa-rosa bir yuzu o‘n oltinchi kuni.
Li qishloqqa qaytganidan keyin jangarilar soni ortganini sezdim. Ular o‘rtasida nima sodir bo‘lgandi? Shuni aytishim kerakki, ishonchsizlik asirlikdagi eng yomon narsadir. O'z shubhalaringga g‘arq bo‘larkansan, keyingi lahzada yuqoriga suzib chiqasanmi-yo‘qmi bilolmaysan. Bu men uchun xavflimi yo xavfsiz? Liga nisbatan qanday munosabatda bo‘lmog‘im kerak?
Avvalgi kuni u tolibonlar haqida so‘raganida, ularning bolsheviklarga o‘xshab bir kechada o‘z jamiyatlarini o‘zgartirishni istashganini aytganimda, xoxolab kulib yuborgandi. Bundan ruhlanib, aytdimki, afg‘on jamiyati qashshoqlashib boryapti, bu qaymog‘i olingan sutga o‘shaydiki, u qaymoqning ham yupqaligiga shubha yo‘q. Li bu fikrni ham ma'qulladi. Men gapimni davom ettirib, tolibonlarning o‘zlariga ishonchlari haminqadarligi sabab aldanganliklarini aytdim. Lekin ular yosh bo‘lib, shuning uchun ham radikal edilar, hatto eronlik Oyatullohlar ular oldida tish-tirnoqsiz sherga o‘xshaydi; ikkinchidan ular yangi kelganlardi va kelgusi yigirma yilda hukmronlik qilishlari mumkin; uchinchidan, noan'anaviy tarzda hamma narsaga qiziquvchan va ruhoniylik nuqtai nazaridan istalgan muammoni muhokama qilishga tayyordirlar ular; to‘rtinchidan, intiluvchandirlar va shu bois ishontirish qiyin va hokazo...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:40:03

Munday olib qarasa, bu sifatlarning aralashmasi qaysidir darajada Lida ham aks etgandi. Chunki oxiri u yuz qiyofasini o‘zgartirmasdan «Bilasanmi, Tolibon hududlarida ularning tayyorlov bazalari mavjud», dedi va davom etdi: «Lekin sen qaydlaringda o‘z kuzatishlaringdan foydalansang bo‘lardi».
Bu nima degani: qo‘rquvmi yo shunchaki bir maslahat? Bunga o‘xshash arzimas bayonotni o‘nlab boshqa millat va jamiyatlar to‘g‘risida ayta olgan bo‘lardim. Masalan: «bo‘lmoq»dan ko‘ra «tuyulmoq» muhimroq bo‘lgan frantsuzlarning ichi bo‘shligi, hech qachon ko‘rsatmaydigan, lekin bajaradigan nemislarning mustahkam ichki dunyosi, o‘nta imkoniyatdan biri tavakkalli bo‘lsa ham hech narsa qilmaydigan inglizlarning ehtiyotkorligi, Ellin ilohiyotini Semitik pravoslaviega aylantirgan greklar, arablarning takabburligi, janjalkash ruslar, o‘zini kamtar ozchilikday ko‘rsatadigan bir yarim milliard xitoyliklar...Bas! Yetar endi. Lekin ularning birortasini o‘z o‘rnimda ko‘rishni istardim, ha menga g‘amxo‘rlik qilmaydigan, aksincha o‘sha adashgan Li va uning shaykasi bilan bir yuzu o‘n olti kunim ustidan bosim o‘tkazadigan aqalli birortasini...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:40:18

117

Nihoyat Venetsiyada (ko‘nglimning yolg‘iz yupanchi!) o‘zimning «bella ragazza»mni topdim. U provintsiyalik italyan qiz bo‘lib, davrlar va yo‘llar tutashgan chorraha - Iosif Brodskiy qatnashgan Xalqaro anjuman ishtirokchisi edi. Garchi she'riyatning katta shaydosi bo‘lmasam ham, ayol ko‘nglining nozik torlarini chertish yo‘lida undan qanday foydalanishni bilaman. Qolaversa, bir gal Brodskiyga Nyu-Yorkdagi adabiy simpoziumda tarjimonlik ham qilganman.
Men o‘zimni ilhom og‘ushiga olgan damlarda juda yoqtiraman. Dabdabali qayiqda o‘tirarkanman, bu dunyoda har kim o‘z ismining sehrli merosini ko‘tarib yurishga mahkum, deya badiiy o‘qishga berilib ketaman, shunga o‘xshab, Brodskiyning hayotida o‘z Vatanining turmasidagi quduqqa tashlangan Sohibjamol Iosifning aksini ko‘rish mumkin, keyinchalik u o‘z mamlakatidan tashqarida shuhrat topdi va avval dushman bo‘lgan birodarlari uning kuch-qudratini tan olishga kelishdi. Gertsoglar saroyi va turma o‘rtasidagi «Chuqur Nafas Ko‘prigi»dan o‘tganimizda, aytganimday, dengiz yuzasiga chiqdik. Men Saltanatlar mavzusiga batafsil to‘xtala boshladim va qolgan boshqa barcha imperiyalarga qarshi o‘laroq, sovet imperiyasi bo‘sh hokimiyat ustiga qurilgan mafkuraviy va quruq imperiya ekanini aytdim. Bu xayoliy bir imperiya edi. Shuning uchun ham yozuvchilarning roli unda g‘oyat buyuk edi. O'sha buyuk kuch ustidan g‘alaba qilishning ko‘pgina yo‘llari bor edi va ularning birini Brodskiy topgan: uning erkin xayollari rus she'riyatining an'anaviy shakliga qarshi qo‘yilgan. «O'z xohishiga qarshi borish»dan xolilik uning she'riyatiga xos asosiy qoida edi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:40:28

Bular chindan ham men Nyu-Yorkda tarjima qilganim Brodskiyning g‘oyalari edi, lekin Marsellam uchun ular qandaydir yangilik bo‘ldi. U bularning barini xalqaro anjumanda hamkasblari bilan o‘rtoqlashish uchun yozib oldi. Qayiqchi bizni suratga tushishga taklif qilganida, u jon deb tezroq undan qutulish uchun fotoapparatini tutqazdi va DNK tuzilishi haqidagi so‘zlarimni boshlagancha, Grand Kanal tomonga burilib ketdik. Bilasiz, kasbim tufayli keraksiz bilimlarga to‘lib toshganman: masalan, DNK chizig‘i to‘rt unsurdan tashkil topganligini bilaman, bular DNK zanjirini yuzaga keltiradigan sulfonatlar, spiral hosil qiladigan ikkita bir-biri bilan bog‘langan zanjir va bu spirallar o‘zaro bog‘lanib hayot asosi uchun to‘rtinchi bosqichni tashkil qiladi. Brodskiy she'riyati ham shunga o‘xshaydi...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:40:35

Marsella mendan DNK tuzilishini chizib berishni so‘radi. Men uning rasmini hech qachon ko‘rmagandim, chunki faqat so‘zlarni tarjima qilaman xolos, shu bois oldindan tayyorgarliksiz, Venetsiya daryo va kanallari sxemasini chiza boshladim, biroq Marsella bundan bexabar, naqadar o‘zini baxtiyor sezardi...
Shu orada mayin shabada suhbatimizga qo‘shilishni istagan ko‘yi sochlarimizni tortqilay boshladi.
Qayta eslayotganim uchun ma'zur tutgaysiz, xullas o‘sha kuni gaplarimiz bir-biriga ulanib-ulanib, suyukligim Venetsiyada hozir ham suv uzra uchib borayotgan qayiqdagi ajoyib hayotimizdan esdalik suratlarni va fotoapparatni unutib qoldirgandik... So‘zlar, so‘zlar, so‘zlar...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:40:49

118

Bilga-Hoqon o‘ldi, lekin qo‘shni hukmdorlarning birontasi ham o‘z elchilarini uning janozasiga yubormadi. Aslida uning o‘limi hatto ochiq e'lon ham qilinmagandi va hokimiyat to‘g‘ridan-to‘g‘ri Pobeka boshchiligidagi o‘g‘il Yo‘lluk qo‘liga o‘tgan, shunga qaramay, Dono Tongyuquq saltanatda sodir bo‘ladigan hamma narsaga javobgar edi. Saltanat cho‘kib borar, Tongyuquq buni bilsa-da, lekin to‘xtatolmasdi: bosh bo‘lmagan joyda hech narsani boshqarib bo‘lmaydi...
Necha kunki chodirida o‘tirib, Katta Qaytishning strategiyasi haqida xayol qilar, aslida buni allaqachon boshlab qo‘ygandi: boshqa bir kun Berke-tilmoch So‘g‘dning manixean shahzodasi bilan bo‘lgan bahsning o‘rtasida o‘ladi, haqiqatda esa o‘lgan kishi Berke emas, balki Shahzodaning o‘zi edi va Tongyuquq va Berkedan boshqa hech kim buni bilmasdi. Endi, Yorug‘lik Shahzodasi zindonga tashlandi, unda o‘z e'tiqodini o‘zgartirishi mumkin, dinni yangi qabul qilayotganlarga oddiy og‘riq va azobdan-da kuchliroq boshqa narsa da'vat qilmaydi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:40:54

Berke o‘zini bag‘ishlaganlarning ichki jamoasini tuzish kerakligini yaxshi bilardi va unga bo‘ysunganlarning barchasi o‘zlarining besh kishilik ibodatxonalarini tashkil etishga kirishishadi va ularning ham har biri boshqa beshtani o‘z qo‘l ostiga olgan bo‘lardi. Faqat yuqori qismigina pastigacha bo‘lgan hamma narsani biladigan piramida...
Birgina Ichi Lyang Saltanat yuz tutayotgan tartibsizlikka qarshi majburiy fan sifatida yaqinda e'lon qilingan harbiy san'atlar bilan mashg‘ul...
Sobiq Saltanatning har bir sobiq asiri buni qo‘llab-quvvatlashi kerak edi...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:41:04

119

Balki siz Ko‘k Turklari to‘g‘risida batafsil ma'lumotni qaerdan olganligimni o‘ylayotgandirsiz? Asosan, shu yerda va mana shu dushmanlik holatimda. Shinjonga qilgan birinchi safarimdan keyingi ikki yil davomida o‘qiganlarimni eslayapman xolosmi? Qisman, ha, lekin bu faqat shundan iborat emas. Li bilan bo‘lgan uzundan-uzoq suhbatlar va uning xitoy manbalari bilan tanishligi menga qo‘shimcha bilim berdi. Lekin sizga hali eng asosiy narsani aytganim yo‘q: to‘rt yarim oycha burun axiri Shinjonga qaytib keldim va agar esingizda bo‘lsa, O'lik Shahardagi toshlarning nafaqat suratini oldim, balki yana boshqa narsalarga ham ega bo‘ldim. Va bu hozir yonimda turibdi...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:41:14

120

Tugallanmaganlik belgisi har qaerda bo‘ladi: hayot ramkaga solingan rasmga mos keladigan adabiyot emas. Haqiqiy hayotni gapirib bersang, u moybo‘yoq bilan ishlangan suratdagi haykal bo‘lagiga o‘xshab qoladi: yo oyoq yuzadan sug‘urib olinadi, yo marmar bo‘lagi ramkaga kelib uriladi. Lekin aslida hayot bundan ham battar: u qahramonlar sonini hisoblab o‘tirmaydi, yoxud uyg‘un holatlarni poylab yurmaydi, hech narsaga e'tibor qilmay davom etaveradi: Luk qamoqxona osudaligida g‘oyib bo‘ladi, Fiona ishqiy hikoyamning qoq o‘rtasida yo‘qolib qoladi, Zev o‘zining Shia Changiga yetisholmay halak, siz bilan mening atrofimdagi yana qanchadan-qancha ismli va ismsiz odamlarni hisobga olsakmi... Hatto Li so‘nggi bir necha kun ichida meni tashlab ketdi va faqat yog‘ bosgan qariya yaqinlashib kelayotgan o‘lim qiyofasida kibru havo bilan kezinarkan, o‘z devorini tiklay boradi: tosh ustiga tosh...
Eski hayotimga qaytarmikanman va yo bu kampir bilan qorong‘ilikka qamalib qolib ketamanmi? Hayotim hamma narsa va har kimniki kabi dunyodagi eng bo‘lmagur joyda yakun topadimi?

Qayd etilgan