Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129671 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 B


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:45:14

«O'g‘uz-Bilga tamg‘achi Makrach solingan tobutni yelkasiga olib, O'n Xushxabarning ko‘plab bilimdonlari bilan ortga qaytib keldi. O'g‘uz-Bilganing o‘zi juda azob chekkandi: uning yuziga chuqur chandiq tushgan, tili kesilgandi va dinni yangi qabul qilganlar dashtning o‘rtasidagi zindondan qanday qilib qochishgani to‘g‘risidagi fojeiy hikoyani aytib berishdi. Lekin tamg‘achi Makrachning jasadi yuvilganda, uning xotini bu eri emasligini bilib, yig‘lay boshladi. Kattalar jasadni tezroq ko‘mishga buyurib, xotinning qilig‘ini g‘am va uzoq judolikning natijasiga yo‘yishdi, lekin bu voqea baribir shubha tug‘dirdi. Afsuski tili kesik Bilga-O'g‘uz o‘zicha bir nimalar deb gapirmoqchi va tushuntirmoqchi bo‘lar, lekin uni hech kim tushunmasdi. «Elchiga o‘lim yo‘q» - bu hatto dushmanlar o‘rtasida ham mangu qoida edi, biroq ana shu qoida buzildi, shunday qilib, O'n-O'q qabilasi Iloh nomi bilan ko‘k turklariga qarshi urush e'lon qildi...
Lekin na Zev, na Valaamov va na noma'lum manba dasht o‘rtasidagi O'n-O'q qabilasiga kelgan dinni yangi qabul qilganlar to‘g‘risida hech nima demagan.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:45:25

126

Afg‘onistondagi Mozori Sharifga yetib kelganimda, bu qo‘rqinchli tush boshlangan joyga borgan sari yaqinlashib kelayotganimni tasavvur qilolmasdim. Mashhur ziyoratgoh yaqinidagi bozor yonida BMT xodimi bo‘lgan mahalliy yigitni uchratib qoldik, u bu yerdan Shinjondagi eng mashhur shahar - Qoshg‘arga bormoqchi ekanliklarini aytdi. Rumiyning taqdir haqidagi rivoyatini bilasizmi? Uning aytishicha, kunlarning birida boyning xizmatkori bozordan hafsalasi pir bo‘lib qaytib keladi. «Senga nima bo‘ldi?», - so‘raydi undan xo‘jayin. «Men bozorda Ajalni ko‘rdim, u meni qo‘rqitdi. Men undan qochib, to‘g‘ri uyga keldim. Shuncha yil chin dildan xizmatingizda bo‘ldim, agar mumkin bo‘lsa, otingizni berib tursangiz, men Hindistonga qochib ketsam.» - «Albatta!», degan javob bo‘ladi. Shundan keyin xizmatkor otni olib, u mamlakatdan chiqib ketadi. Keyinroq, xo‘jayin bozorga borib, u ham Ajalni ko‘radi. «Nega mennig xizmatkorimni qo‘rqitding? Sal muloyimroq bo‘lsang bo‘lmaydimi?», - so‘rabdi Ajaldan. «Bilasanmi, - debdi Ajal, - bugun kechasi uning jonini Hindistonda olishim kerak edi, u bo‘lsa hanuz shunda...»
Bu rivoyatni BMT xodimi bo‘lgan o‘sha yigit bilan uchrashuvni o‘ylaganimda esga olaman. Buni hech kimga, hatto Afg‘onistonda tarjimonlikka yollagan nodavlat tashkilotining vakiliga ham aytmadim. Erta azonda mahalliy koordinatorga ikki yuz dollar to‘ladim va u bir fojeiy hikoya «o‘ylab topdi», unga ko‘ra, u Qashg‘arga bora olmadi, lekin o‘z o‘rniga xo‘jayiniga mening borishimni taklif qildi va u uchinchi yo‘lovchi sifatida oq-ko‘kish «Toyota» jipida meni olib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:45:39

127

Sizga qo‘rqinchli yo‘llar haqida aytib o‘tirmayman, ularni «o‘lim talvasasi»da aytib o‘tganman, lekin chindan ham butun yo‘l rasvo edi. Bunaqa yo‘llarda siz o‘zingizniki bo‘lmay qolasiz, hatto yashayotganingizga shubhalanasiz, chunki istagan kishi hech bir sababsiz sizni to‘xtatishi, tintuv o‘tkazishi, urishi va o‘ldirib yuborishi mumkin. Tog‘ dovonlari undan ham battar: arang turgan tor yo‘laklar, to‘satdan yog‘adigan qor va tumanlik, na yuqorida va na jardaligingni bilmasliging, tekis yerga chiqamanmi-yo‘qmi deya umidsizlikka tushish... Bunaqa yo‘llar odatda faqat ertaklarda aks ettiriladi. Lekin bu bo‘sh yupanchdir, chunki haqiqatda u yakun emas, balki qo‘rqinchli tushning boshlanishidir.
Lekin ular yo‘l tugadi deyishsa ham, sayohat hanuz davom etardi. Biz Qoshg‘arda avval Rossiya elchixonasi bo‘lgan, bir kechalik tunash bahosi 500 dollarlik (BMT ning cho‘ntagidan ketadi-ku) mehmonxonada to‘xtadik. Bu dabdabali binoda «Yirik O'lja», polkovnik MakKartni, josuslar ari uyasi va romantizm hanuz saqlanib qolgandi. Ajoyib suratlar, g‘aroyib mebel va ipak devorlar... Mening bu mamlakatga kirish uchun vizam yo‘q edi, xo‘jayin buni bilar, dam-badam «Biz BMT himoyasidamiz» deb qo‘yardi. Chindan ham xo‘jayin mehmonxonaga to‘lagan bahoni ko‘zdan kechirarkan, hech kim mendan bu haqda so‘ramasdi. Xo‘jayin esa pasportini umuman ko‘rsatmas, uning o‘rniga hamma joyda BMT guvohnomasini ko‘rsatar, faqat bir gal kanadalik qizining rasmini pasportining ichidan olib ko‘rsatganda, unga ko‘zim tushdi. U pasportni boshqa qog‘ozlarining ustiga tashlab, kelgusi rejalarni muhokama qilishga tushdi.
Men esa rejamni allaqachon pishitib qo‘ygandim...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:45:49

128

Jan-Per Balpening soxta pasporti bilan Qoshg‘ardan Urumchiga yo‘lga chiqqan avtobusda ikki kun vaqt o‘tkazdim. Bu men chiqqan avtobuslar ichida eng antiqasi edi. Avval haydovchi qo‘zg‘alish vaqti o‘tib ketsa ham, odam to‘lguncha kutib o‘tirdi. So‘ng u avtobusni Qoshg‘arning narigi bir chetidagi garaj tomonga haydab, mexanik bilan nimadir to‘g‘risida gaplashdi, keyin yaqinroqdagi qassobxona tomonga burildi, u yerda baland ovozda chaqirgandi, bir bolakay ikki kilocha go‘sht keltirib berdi. U go‘shtni uyiga tashlagandan so‘nggina Urumchiga qarab yo‘lga tushishimizni e'lon qildi. Bu shunchaki gap ekan, chunki avtobus Qoshg‘ardan chiqishi hamono odamlar u yoqqa-buyoqqa olib borib qo‘ying, deya so‘ray boshlashdi. Shu tariqa avtobus goh o‘ngga, goh chapga, hatto bir yo‘lovchi uxlab qolgan ekan, bekati o‘tib ketgani uchun, uni orqaga ham tashlab keldi. Siz nechog‘li g‘azab va xavotirga to‘lganimni tasavvur qilyapsizmi? Chunki birinchi qayrilishdayoq haydovchi meni politsiyaga topshiradi va unda meni qattiq jazolashadi deb o‘ylagandim. Lekin eng sharmandalisi, har tun uchun 500 dollar to‘lagan Jan-Per menga xuddi mayda o‘g‘riga tikiladigan ko‘z bilan qaragan bo‘lardi!..

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:45:56

Avtobuslar orqasidan kelayotgan harakatdagi kuch qayrilib ketayotganini ko‘rgach, ancha xotirjam bo‘ldim, garchi BMT vakili janob Balpe barcha politsiya kuchlari va nazorat punktlarini oyoqqa turg‘izishi mumkin edi. Lekin agar shunday qilsa, vizasiz shubhali bir kishiga boshpana bergani uning ba'zi qoidalarni buzganini ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘ygan bo‘lardi. Har holda u bunday qilmadi, BMT haqida ijobiy fikrim yana bir karra oqlandi. Lekin sahroning o‘rtasiga kelganda, niyat-maqsadim xotirimdan ko‘tarildi - qayoqqa buncha shoshilib ketayotgan edim? Nega? Qachon? Nimaning ortidan? Nihoyat ikki (balki uch) kundan keyin Urumchiga yetib keldim.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:46:05

129
 
Dono Tongyuquq haliyam chodirda yakka o‘zi Bilga-Hoqon to‘plagan Universal Aqlu-zakovatni varaqlab o‘tirardi. Mana molxonada bir yulduz ostida mo‘‘jiza tufayli otasiz tug‘ilgan bola haqidagi hikoya. Mo‘‘jizani ko‘rishga kelishadi, lekin podshoh ona va bolani o‘ldirishga buyruq berdi...
Yoki Xonning daryo yoqasida yettita bola tug‘ib, o‘lim talvasasida yotgan urg‘ochi sherni uchratgan uch o‘g‘li haqidagi hikoya bor unda. Eng kichik shahzoda ona sherni hayotga qaytarish uchun ozroq go‘sht va qon kerak deb o‘ylaydi va shu onda yangi tug‘ilgan bolalar va ona sher uchun o‘zini qurbon qilishga qaror qiladi. Uzoq tafakkurga cho‘mgach, o‘zini ona sherga yediradi. Hikoyaning davomi uning akalari va ota-onasining bu voqeadan g‘am-anduhga botganligi to‘g‘risida...
Bunday hikoyalar odamni kuchsiz va bo‘sh-bayov, ta'sirchan va vayron qilib ko‘rsatadi. Tongyuquq bir gal Bilga-Hoqonga shunga o‘xshash gap aytgan, lekin u e'tiborga olinmagan. Endi nima bo‘ldi? Bilga-Hoqon oxirgi vasiyatini qoldirdi:

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:46:13

«Ey, turk qo‘mondonlari va xalqi, quloq tuting! Ustingizdagi osmon qulab tushib, ostingizdagi yer o‘pirilib ketmasa, ey turklar, kim sizning Saltanatingizni va hayotingizni barbod qila olardi? Ey turklar, afsus va nadomat cheking! Qat'iyatsizligingiz uchun doimo oshqozoningizni va miyangizni to‘ydirib turgan o‘z dono Hoqoningizni sotib qo‘ydingiz, o‘zingiz dunyoning To‘rt Burchiga qadar cho‘zilgan davlatga xoinlik qildingiz va o‘zingiz g‘alayon ko‘tarilishiga sababchi bo‘ldingiz. Mana endi qoningiz daryo bo‘lib oqadi, suyaklaringiz uyumidan tog‘lar barpo etiladi va o‘zi qul bo‘lgan xo‘jayinlar o‘g‘il farzand ko‘radilar...»
Hukmdor o‘ldi, Qahramon endi yo‘q, birgina Tongyuquq dunyo aqlu zakovatini anglagan, lekin o‘z yo‘lidan adashgan xalqi haqida qayg‘urishi lozim...
Ana shu o‘zim qo‘lda ko‘chirib yozgan va kundaligimdan yirtib olganim parchani atayin o‘tirg‘ichim ustiga Li ko‘rsin deb tashlab ketdim.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:46:23

130

Urumchi vokzaliga yetmay turib, atrofni kuzatganim holda, bu vokzaldan oldingi oxirgi bekatmi-yo‘qmi, aniq bilmasdan avtobusdan tushib oldim. Urumchiga qilgan bu safarim avvalgisidan katta farq qilardi. Tarjimonning ko‘chmanchi hayotini yashab o‘tib, bir kun josuslikda qo‘l keladigan ajoyib texnikalarni o‘rganib olganman. Masalan, siz Robiya Qodir supermarketi qaerda joylashganini juda yaxshi bilasiz, lekin o‘sha tomonga qarab ketayotgan yo‘lovchidan «Kechirasiz, Robiya Qodir supermarketi qaerda joylashgan?» deya so‘raysiz. U sizga tushuntira boshlaydi va «Men ham o‘sha yoqqa ketyapman, albatta ko‘rsatib qo‘yaman», deydi. Shu nuqtadan o‘zaro suhbatingiz boshlanadi. Agar yaxshi niyat qilsangiz, suhbatingiz natijasida do‘stlashib qolishingiz mumkin.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:46:37

Ayolning ismi Maryam bo‘lib, yolg‘iz ona edi. Uning o‘g‘liga supermarketdan telepuzikmi va yo dangasapolvonningmi rasmi tushirilgan futbolka sotib olgandim. Ayol meni uyg‘urcha lag‘monga taklif etdi. Ikki kunni uning Urumchi atrofidagi loyshuvoq uyida o‘tkazdim. Maryam ikki kun «Xangshian Bingua» mehmonxonasi qarshisidagi suratxonadan mening chiqarib qo‘yilgan rasmlarimni olib kelish uchun yugurdi. Axiri ularni keltirib berdi - ikki yoshli rasmlar: sahro o‘rtasidagi eshak, mashhur so‘fi Ofoq-xo‘ja ziyoratgohi, «Ikki ot bir-birini tepgan mahal ularning o‘rtasidagi eshak o‘ladi» degan buyuk shoir Yusuf Hos Hojib ziyoratgohi, Urumchi tepaligidagi Xitoy ibodatxonasi, bir juft Manixean qo‘lyozma va ... va... yuragim Urumchidan Turfonga qadar qattiq urib turgandi... bir, ikki, uch, to‘rt... bir necha mutlaqo oppoq suratlar. Yo‘q, ular tamoman oq emasdi: bir necha ovalsimon nur to‘rt tomondagi chang burchakdan taralib turardi... O'lik Shahardagi tosh...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:46:49

131
 
Li ikki yarim yil avval Turfonda meni kuzatib yurgan odamning ayni o‘zi edi. Li yo Jon deb ataladi yo Jonni Li. Bu tushuncha miyamni teshib o‘tib, meni qo‘rqitib yubordi. Nega oldinroq buni sezmadim-a? Bu shunchalik aniq ediki! Mayin soqolini qirtishlab, katta qora ko‘zoynak taqib, inglizcha gapirtirib qo‘ysangiz bas, qarshingizdagi yo orqangizdagi Lidan ko‘ra, ustingizdagi Jonni yasaysiz-qo‘yasiz. Bu uning xavfsizlik kuchlari xodimi ekanini bildiradimi? Shunga qaramay, u jangarilar orasida ularning ishonchini qozonib yuribdimi? Qanday qilib? Qachon? Qaerda? Nega?
Voy Xudo, jinni bo‘lib qolyapmanmi?
Katta qora ko‘zoynak taqib Turfonga ketayotgan avtobus orqasidagi o‘rindiqda o‘tirib ketardim, ko‘zoynaklar qiyofamni o‘zgartirish uchun taqilgan, qolavresa, bu o‘lkalarda ko‘zga yaqqol tashlanadigan birinchi belgi bo‘lib, mening turistligimga ishora edi. Ayniqsa, mening ikki yildan ziyod vaqtdan beri qidiruvdagi portlatuvchi sifatidagi har bir nazorat punktiga osig‘liq turgan suratimni xayolga keltirsam... Harqalay xavfsizlik xodimining qo‘liga tushmasligim kerak edi, hayotimning birgina umidi - Jan-Perning pasportini qo‘rquv ichra olib yurardim. Shukurki, manzilga yetib keldim. Dunyoning eng chuqur inqirozi.

Qayd etilgan