Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129692 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 31 B


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:07:52

Qaytib kelganimda, qiz hududsiz va yovvoyi koinotda shu qadar yolg‘izday o‘tirardiki, uni bu bo‘m-bo‘sh mangu tundan himoya qilgan ko‘yi birdan so‘radim: sizning ham tashqariga chiqqingiz kelyaptimi? Bu mahalliy tilda hojatga chiqish deb tushunilardi. Bunday deyish juda qo‘pollik sanalardi, lekin imonim komilki, bu gap mening unga yaqinligimni isbotladi. U «yo‘q», deya yuzini ko‘ksimga yashirdi. Umrimda birinchi bor ayol kishini hirs bilan emas, do‘stlarcha o‘pdim. Garchi bu qiz bilan boshqa hech uchrashmasligimni, men unga va u menga kerak bo‘lmasligini bilsam ham, o‘sha tun bizni Xudo biladi qaerda uchrashtirdi, lekin, biroq, baribir, alaloqibat biz uyat bo‘ladigan ishni qildik. Qanday boylik va qanaqa begunohlikni yo‘qotdim men unda... xuddi tabarruk kishi oldidagi aybdor shoir misoli..

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:08:04

42

Na yo‘lboshchimiz va na uning sevgilisi oldida o‘zimni aybdor sanadim, chunki ertasiga ertalab ular bilan butunlay xayrlashib ketdim. Lekin noma'lum Fionaning (aslida Lukning noma'lum Fionasi) oldida o‘zimni aybdor his etdim. Haqiqiy gunohlar... men ularning ichiga botib ketdim.
Tibetlik Bulen binafsharang kuylagini uyida kiyardi. U kitoblarida yozilgan o‘tmish hikoyalaridan birini aytib berishga qaror qildi. Bu voqea tibetliklarning maymun va o‘rmon arvohidan, turklarning esa o‘n yoshli Hunnu shahzodasi va dasht bo‘risining nikohidan tug‘ilganidan keyin sodir bo‘lgan. Tibetlik ruhoniylar -  shaminlar butparastlikni turk shahzodasi Ashina podsholigiga keltirishdi. O'sha ko‘chmanchi xalqning bir necha shahzodasi darhol u dinni qabul qildiki, ularning azoblanishiga muhabbatlari emas, balki butparast rohibalarga uylanganlari sabab bo‘ldi. Nahot rohibalar o‘z dinlarini yoyish uchun ularga erga tegishgan bo‘lsa? Bu juda chigal masala bo‘lib, Bulen undan qanday qilib qutulish ustida o‘ylardi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:12:12

Yosh shomon ayollardan biri Shahzodaning qarorgohida yashar, uning ismi Dohun-devon bo‘lib, ertaklardagi parilarday go‘zal edi. U azob chekayotgan shahzoda va malikalarni ajdodlar ruhi bilan davolashga odat qilgandi. Lekin ko‘pchilik shahzodalar xudosiz rohiba ayollarga uylanib olgach, ajdodlar ruhi g‘alayon qilib, uni nafaqat mijozlaridan, balki mo‘‘jizali kuchidan ham mahrum qildi. Bu go‘zalning barcha urinishlari behuda ketdi: raqsga tushdi, baqirdi, do‘mbira chertdi, qilmagan narsasi qolmadi, magar ruhlar qaytib kelmadi.
Shahzodaning rohibasi ko‘zi yoriyotganda, Dohun-devon bir necha tibetlik shomin va rohiba ayollar bilan tezda uning chodiriga taklif qilinadi. Shominlar chodirga kiraverishda ibodat qilib turishardi: «Ishqsiz va hissiz yurak zaharga o‘xshaydi. Biroq kimki nafsni yengsa va nafssiz hayot qursa, u pokiza yerning tishlangan, lekin zaharlanmagan podshohiga o‘xshaydi...» Doxun-devon chodirga bir necha rohiba ayollar bilan birga kirib keldi. Shahzoda ham u yerda, volidai muhtaramasining oldida o‘tirardi. Uning xotini o‘layotgandi. Atrofdagi ayollar bezovtalanib turishardi. Nafratning kuchsizligi Doxun-devonning yuz qiyofasini o‘zgartirib yubordi va go‘yoki ovozi hayvonlarnikiday bo‘g‘iq yuz yoshli jodugar kampirga o‘xshab qoldi. Bo‘g‘zidan chiqqan tovushni eshitib, hamma birdan yalt etib unga qaradi va yana bir yosh va go‘zal Doxun-devonni ko‘rdi. Hech kutilmaganda uning o‘xshashi, aksi, ruhi tug‘ayotgan ayol ustiga tushdi. Ayolga yaqinlashar ekan, birdan haligi go‘zal va yosh qizdan kuchli urg‘ochi bo‘riga aylanib qoldi. Og‘zini katta ocharkan, uning qichqirig‘i o‘tovdagilarning yig‘isi bilan qo‘shilib ketdi. Chaqaloq o‘lik edi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:12:22

Doxun-devon terga botgan va qaltiragan ko‘yi chetda turar, chiroyli chehrasini to‘zg‘igan qora sochlari berkitgan edi. Boshqa bir Devon-doxun o‘tovni tashlab chiqar ekan, osmon bilan o‘tovni bog‘lab turgan «teshik» tomonga qiynalib chiqib borardi.
Ertasiga uni o‘limga mahkum qilishadi. Garchi Shahzoda bunga qarshi bo‘lsa-da, onasi Doxun-devonni zaharlab o‘ldirdi. Ana shundan keyin mamlakatda g‘alayon avj oldi. Shahzodaning onasi uni jujanlarga qarshi kurashga chorladi. Shahzoda jangu jadalda yurarkan, onasi kichik o‘g‘lini shoh qilib ko‘tarishga qaror qildi, lekin Shahzodaning tarafdorlari hokimiyatni o‘z qo‘llariga olib, ayolni va uning o‘g‘lini o‘ldirishdi. Qolganlar qochib qutuldi va Xitoyga sotilib, dushman qo‘shinini o‘z odamlari ustiga olib bordi.
Garchi turklar Doxun-devonni o‘ldirilgani bois ajdodlar ruhi bezovtalanib qoldi, deya ishonishsa-da, Bulenning tibetcha kitoblari yangi tug‘ilgan chaqaloqning shafqatsiz o‘limi bilan bog‘liq voqealarni tushuntirib bera olardi.  Shunday qilib, Bulen binafsharang kiyimda o‘tirar ekan, bu hikoyani Bilga-xoqonga qanday yetkazish to‘g‘risida o‘ylardi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:12:40

43

Teleguruh ham jonimga tegib ketdi, chunki Markaziy Osiyodagi eng katta shahar sanalmish Toshkentga kelar ekanmiz, mavristonlik prodyuser xonimning fikri birdan bir yuzu sakson gradusga o‘zgarib, qishloq va podachilar haqidagi filmni olmaslikka qaror qildi, faqat qaerda deng, a'lo kontinentning qoq o‘rtasidagi a'lo shaharlarga yetganda! U o‘sha mahallar faoliyatini Toshkentga kelishi kutilayotgan Boney-M degan pop-guruhdan boshlagan edi. Guruh nomi Money-B midi yo? Hay mayli, nima bo‘lganda ham guruh pul (money) haqida edi, pul bo‘lganda ham V (big) katta pul to‘g‘risida. Har holda men ularni kutib olgandan so‘ng, prodyuserim bilan ko‘rishgach, u guruhning ma'muri meni Markaziy Osiyo va Rossiya bo‘ylab gastrol safarlarida ko‘mak berishimni taklif etdi va katta oylik va'da qildi. Albatta, u mavristonlik prodyuserimga «o‘tkazish haqi»ni ham to‘ladi. Ular bilan prodyuserim berayotgan haqdan uch barobardan ziyodroq oylikli ishga djentelmenlarcha shartnoma tuzgan holda, bundan keyin shu guruhda ishlay boshladim.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:12:50

Guruh ichida qanday vazifa bajarishimni yaxshi tushunmaganim aniq: barcha safar tadbirlari, ya'ni kontsertlar, pul, taklif, prezidentlar va mashhur kishilar bilan uchrashuvlar avval boshdan tayyorgarlik ko‘rilgan holda yuqori darajada uyushtirildi. Mening vazifam, ma'murga ko‘ra, uni va uning ikki solistini jononlar (suyuqoyoqlar bilan emas) bilan ta'minlashdan iborat edi. U bunday jononlarni o‘zlari safar qilayotgan barcha mamlakatda yig‘ishgan. Uning tushuntirishicha, bu mamlakatlarda qandaydir qat'iy udumlar bor, deb eshitgan va shu bois men ularga kerak bo‘lgan ekanman. Asta-sekin o‘zimni qo‘shmachi sifatida sotib olishganini anglab, yuzim burisha boshlaganda, u darhol gapini «bu ular bilan aloqa qilish uchun emas, faqat ko‘ngilxushlik uchun» deya to‘g‘irladi.
Lekin Xudo yorlaqab, kontsertdan keyin ko‘rdimki, son-sanoqsiz jononlar atrofda aylanib yurishar, men esa va'da qilingan katta pulni ularni jalb qilganim uchun emas, balki tarqatib yuborganim uchun qurtday sanab oldim. Jononlarga bo‘lsa, estrada yulduzlari sizlar bilan ertaga uchrashadi deya va'da berdim. Biroq bechoralar yulduzlar faqat tunda chiqadi-ku, deya taajjublanishardi...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:13:49

44
   
Kuzning boshlarida kimdir axiri bizni ham esga oldi. Aniqrog‘i bizni emas (Li va meni), chunki qo‘shni darada yuqori mansabli asirlarning boshqa bir guruhi borligi ayon bo‘ldi. Yulduzlar bodrab chiqqan tunlarning birida qo‘mondonimiz bir kishini boshlab kirdi. Xira kerosin lampa yonib turgan boshpanamizda yo‘qolib qolgan bu kishining ko‘zlarini ishqalayotganini ko‘rdik, u yon atrofga jovdirab, kimga va qanday qilib murojaat etishni bilmay talmovsirardi. Men qo‘lda ruchka bilan meteorologik qurilma ustida o‘tirardim, u men tomonga yaqinlashdi. Chinovniklarga o‘xshab o‘tirganim uchun menga tomon yurdi shekil, biroq uning murojaatidan burun men uning orqasida turgan qo‘mondonga ishora qildim. Begona kishi juda uyalib ketdi. Qo‘mondonimiz o‘zini arang kulgidan ushlab turib, unga damini olishini va ertalab gaplashishini aytdi. Lekin u boshqalarni namozga chorlaganda, mehmon ikkilanib, qo‘mondondan boshqalarga qo‘shilish uchun ruxsat so‘radi. Qo‘mondon esa yana arang o‘zini kulgidan tiyib, qatorga turishga ruxsat berdi.
Tongda bu kishi hammadan erta uyg‘onib, navbatchi zobit boshqalarni uyg‘otgunicha, tahoratini olib tayyor turdi. Muzokaralar nima haqida bo‘lganidan xabarim yo‘q, lekin u bizni asirlar qatorida ko‘rmagani, umuman, boshqalardan mutlaqo ajratolmaganidan taajjublandim. Ochig‘i, u bu shafqatsiz haqiqatdan bexabar ediki, shaxsan mening o‘zim hayotimni unga ishonmagan bo‘lardim. Li ham shunday qilarmikin?

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:14:05

45

Eng oxirgi voqealar jarayoni Liga bo‘lgan yaqinligimni yanada mustahkamladi. Negaligini bilasizmi? Bir tasavvur qilib ko‘ring, bir yarim yil avval u o‘zining Xitoyida, Shinjon-Uyg‘uristonda asirga tushganini aytib berdi. Xitoyliklar boshqa sharqliklarga o‘xshab, juda sirli bo‘lishadi, shuning uchun men avval boshda unga ishonmaygina qaradim, lekin Li Yangi Hududlarni (Shinjonning tarjimasi shunday) o‘rganishga kelgan kishilarga tarjimonlik qilganini so‘zlaganda, ishonmay turolmadim. Ayniqsa, Frantsiyadan kelgan Farrah ismli mavristonlik prodyuser xonim boshchiligidagi teleguruh bilan ham birga bo‘lganmi-bo‘lmaganini so‘raganimda, u boshini qimirlatib ma'qulladi. Tasavvur qilyapsizmi, Li ayni men tarjima qilgan guruh bilan ishlagan. Lekin bu hammasi emas, chunki «qo‘poruvchilik maqsadi»da yurgan guruh bilan hamkorligi uchun qamalgan Li turmadaligida bir amerikalik diniy peshvo bilan uchrashadi, uning ismi... toping-chi, nima edi uning ismi, - ha, albatta, Luk! Boshida garchi Li inglizchani bilishini tan olmasa-da, u kundaliklarimni o‘qigan, deb o‘yladim. Biroq, Li o‘zi haqida men bila olmagan ba'zi tafsilotlarni gapirib berganda, unga ishonishga qaror qildim. Avvalo, Luk mansabdorlar undan xitoyliklarga qarshi qo‘lyozma topib olishganida qo‘lga olishganini Liga aytib bergan. Garchi u qo‘lyozmaning qadimiyligi va bugungi Xitoyga mutlaqo tegishli emasligini isbotlasa ham, uni tarixiy va diniy tadqiqot niqobi ostida aksil-Xitoy g‘oyalarni targ‘ib qilishda ayblashadi. Lukning hafsalasi ancha pir bo‘lgan chamasi, u qo‘lyozmaning zamonaviy Xitoy bilan aloqasi yo‘qligiga Lini ishontirishga uringan.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:14:35

Unga ko‘ra, qo‘lyozma Xitoy Hukmdori ko‘plab sovg‘a-salomlar bilan bir turk shahzodasining janozasiga yuborgan uch kishi to‘g‘risida bo‘lgan. Ulardan ikkitasi mohir usta bo‘lib, shahzoda uchun maqbara qurish va xitoycha hamda turkcha yozuvlar bilan bezash ishi shularga topshirilgan. Lekin uchchalovi ham Turk Xoni tomonidan qo‘lga olinib, Hukmdor nomiga yozilgan maktublarini uyg‘ur tiliga o‘girishadi, qo‘lyozmada Xitoy hamda dasht aloqalari bilan bog‘liq masalalar bayon etilgandi. Shularni hayajonda eshitar ekanman, voqealarning ajoyib bir tarzda bir-biriga mos tushayotganidan yana qayta shubha girdobi ichida qoldim, biroq Li birdan hikoyasini to‘xtatdi, chunki ikki kundan beri qorasi ko‘rinmayotgan tunov kungi kishi qo‘mondonimiz bilan boshpanamizga kirib keldi.
U bilan birga yana bir boshqa yigit bor edi, elchi uni o‘zining jangari emas, balki haqiqiy vakil ekanining isboti sifatida keltirgandi. Yigitning jangari bo‘lishni istashini, shu maqsadda tinch-totuvlikdagi hayotini qo‘yib, kurashish uchun bu yoqqa kelganini aytishdi. Biroq jangarilar qo‘mondoni uni yana bir asir kabi bizga qo‘shib qo‘ydi. Rostini aytsam, u bizdek bo‘lishga da'vogar ekanidan ko‘nglim xijil bo‘ldi va «haqiqiy» asir kabi unga qarshi yuragimda g‘alayon uyg‘ondi. Bechora yigit bo‘lsa, na bizga va na jangarilarga qo‘shilolmay, arosatda qoldi hamda elchiga boshqa ishonmay qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:15:27

46

Hozir u biz bilan do‘stlarcha suhbat qurardi. Men jangarilar va Li uchun tarjima qilarkanman, to‘g‘risi, terga botib ketardim, yo‘q, faqat Lining og‘zidan chiqqan ba'zi qaltis gaplarni tarjima qilish jarayonida emas, balki shugina oddiy xizmatimni deb e'tibordan mahrum bo‘lishni o‘ylasam shunday bo‘lardi. Hatto ziyrak jangarilarning shubhasini bir chetga qo‘yib turganda ham. Tasavvur qiling, Li frantsuzchada aytgan «Ular mening boshimga sumka qo‘yib qo‘yishsa ko‘rgani ko‘zim qolmaydi. Nafasim qisilib ketayotganga o‘xshayman. Har lahza ular meni do‘pposlab qolishlari mumkin deya o‘ylayman. Keyin esa muz qoplagan loyga tiqib qo‘yishadi va namlik suyak-suyagingga o‘tib ketgach, baqirib-chaqirib xo‘rlashadi...» Men buni shunday tarjima qilaman: «Hukumat kuchlari ustimizga bomba yog‘dirganda, undan himoya qilish uchun isyonchilar boshimiz ustiga chidab bo‘lmaydigan og‘ir sumkalarni qo‘yishga majburlar...» va hokazo. Bunda aytadigan so‘zlarimni taroziga solaman, Lidan nimani nazarda tutayotganini qayta-qayta so‘rayman... Qisqa qilib aytganda, bu mamlakatlarda shunday gap bor: six xam, kabob ham kuymasin...

Qayd etilgan