Tavallo
To’ra Sulaymon
Nelardandir ko’ngil bo’lib g’ash,
Ham egilib, bu egilmas bosh,
Ko’zlarimda qalqib tursa yosh,
Bu holimga berolmay bardosh,
Bir mushtipar Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.
Qaytar bo’lsam quruq qo’l ovdan,
Qora qozon qolsa qynovdan,
Ham ayrilib o’lja, ulovdan,
Qarzga botar bo’lsam birovdan,
Taskin berib Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.
Birda haqdin, birda nohaqdin,
Jabr ko’rsam bir betafiqdin,
Ortda tursam qalbi quroqdin,
Qabrim harob bo’lsa tuproqdin,
Ohlar urib Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.
Og’a-ini o’rtasida gap"¦
Alhol, kelib chiqsa ixtilof,
Biri izzat, bir mulk talab,
- Bu oq sutim, mehrimga hilof,-
Deya sho’rlik Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.
Sinalmoqning gali kelganda,
Nogoh mag’lub bo’lsam maydonda,
Nomim qolmas bo’lsa jahonda,
Kim do’st-dushman bilinear onda
Ahvolimga Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.
G’anim bir yon, men bir yon bo’lsam,
U ustuvor men uryon bo’lsam,
Bu ham kamday nogiron bo’lsam,
Yog’och ot(tobut)ga yonma-yon bo’lsam,
Oy tutilib, Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.
Bo’lsam gumroh, bo’lsa gunohim,
Vujudimga solmasdan vahm,
Qabul aylab tavallo — ohim,
Darig’ tutma mehring, Ilohim,
Yig’latmagin mushfiq Onamni,
Volidayi muhtaramamni.