Tog'ay Murod. Ot kishnagan oqshom (qissa)  ( 123990 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 25 B


shoir  05 Noyabr 2007, 10:25:40

— Kim? Eb-ey, Gagarining kim bo‘pti! Osmonga lip etib uchgan-da, qaytib tushgan. Men to‘rt osh pishirimdan-da ko‘p uchdim!
— Eh-e-e! Yoril-e, bachchag‘ar-e, yoril-e!
— Ko‘rib turibsan, chakana odam emasman! Endi men bilan o‘ylab gapirish!
— Bo‘ldi, bo‘ldi, taraf yo‘q.
— Yana bir gap. Samolyot osmonda varrakka o‘xshagan bilan mayda emas ekan, ha! Ichi Obshirning kamariday keladi!
— Kir uyga, choy ichamiz.
— Yo‘q, ishim zaril. Shunday o‘tayotib, bir hol-ahvol so‘rashib ketayin dedim...
Jilovni bo‘shatdim. Tarlon yo‘l oldi.
Birodarlar, parday yengil bo‘ldim!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:25:48

43

Birodarlar, Moskvadan odam kelibdi. Shlyapasi bor emish!
Shlyapali odam rayon kattalarini yig‘ibdi. Kal kattani o‘rtaga olibdi. Ana shunda masala oydin bo‘libdi.
Oydin bo‘lishicha, hukumat, hamma o‘z imko¬niyatiga yarasha go‘sht topshirsin, debdi. Buyruq rayonga kelibdi. Rayon kattalari kal kattani bizga vakil etib yuboribdi.
Kal katta bir zina yuqori o‘smoqchi bo‘libdi. O‘sish uchun go‘sht topshirishdan foydalanmoqchi bo‘libdi. Qaysi yo‘l bilan bo‘lsa-da, go‘sht topshirishni muddatidan oldin, oshirib bajarib, kattalarga yaxshi ko‘rinmoqchi bo‘libdi, yelkasiga qoqtirmoqchi bo‘libdi. Shu yo‘l bilan ko‘zlagan amaliga minmoqchi bo‘libdi.
Birodarlar, bir kalning hiylasi — qirq kishini charchatadi!
Kal katta o‘z niyatiga elni talab erishmoqchi bo‘libdi, elni xo‘rlab erishmoqchi bo‘libdi.
Shlyapali katta kal kattani urishib-urishib, amalidan olibdi. Partiyadan o‘chirmoqchi bo‘libdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:25:54

Shunda, kal katta ho‘ng-ho‘ng yig‘lab qo‘ya beribdi. Shafqat qilibdi.
— Erkak odamning yig‘lagani — o‘lgani, — debdi.
Birodarlar, haq saqlasa balo yo‘q, haq qarg‘asa davo yo‘q!
Ayni kunlarda kal katta choyxonada yonboshlab yotar emish.
— Haqiqat yo‘q, bu dunyoda haqiqat yo‘q... — der emish.
Birodarlar, o‘zing yaxshi — olam yaxshi, o‘zing yomon — olam yomon!
Choynagidagi choyi oq emish! O‘zi quyib, o‘zi ichar emish.
Elga ermak, xalqqa shaloq emish!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:26:07

44

Birodarlar, shukur-shukur, arizabozlarning boriga shukur!
Arizabozlar nohaqlikka yo‘l qo‘ymaydi. Harom-tomoqlarga kun bermaydi. Elning haqini birovga yedirmaydi.
Arizabozlar bo‘lmasa, kattalar biz avom elni bozorda sotib yeydi! Arizabozlar bo‘lmasa, kattalar biz avom el og‘zidagi oshni yulib oladi!
Arizabozlarga mehrim tushib qoldi!
Bozor oqshomi barcha arizabozlarni uyimga aytib keldim. Boqib yotgan bir qo‘yimni so‘yib berdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:26:15

45

Qishloq tag‘in otlarga to‘ldi.
Chavandozlar otlarini boylovga tashladi.
Tarlonni-da boylab boqdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:26:24

46

Qarluqda to‘y bo‘ldi.
Shu to‘yga yo‘l oldim. Yo‘lda Tarlon tezak tashlab-tashlab bordi. Ajabo, bundaychikin qilig‘i yo‘q edi...
Bir muallimnikiga tushdim. Qoziqni molxona yoniga qoqdim.
Tarlon quloqlari shalpaydi. Boshi egildi. Devor kavagiga munis termilib qoldi. Yem yemadi. Irimiga labini-da tegizmadi.
Ko‘nglim hadiksiradi. Tomog‘imdan tuz o‘tmadi. Tarlondan ko‘z uzmadim.
Uzangi yo‘ldoshlarim-da oromini yo‘qotdi. Qarluqda otni zo‘r biladigan bir sinchi chol bo‘ldi. Ana shu cholni aytib keldi.
Chol Tarlonni aylanib ko‘rdi. Enkayib, ko‘zlariga qarab ko‘rdi. O‘zicha, bosh irg‘adi. Keyin, tirsagimdan ushladi. Meni mehmonxonaga ergashtirib bordi. Yelkamga qo‘lini qo‘ydi.
— Menga qara, el chavandozi, — dedi. — Shu otni menga sotmaysanmi? Yigirma qo‘y beraman. Gapning erkagini ayt.
Zardam qaynadi. Men nima g‘amda-yu, chol nima g‘amda!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:26:32

— Bova, — dedim, — erta birov aytgan ekan, men o‘z g‘amim bilan, mulla mening... deb! O‘zi nima gap, avval ayting-da!
Chol mujmaltob bo‘ldi.
— Sen bo‘larini ayt, el chavandozi. Keyin men aytaman, — dedi.
— Yo‘q! Qiyomatda-da sotmayman! Bo‘ldimi?
— Ha, mayli. Unda eshit, el chavandozi. Oting, zo‘r ot. Ko‘rgandan besh ketdim. Adashmasam, yaqinda og‘ir bir dardni boshidan kechirgan deyman-ov!
Tarlon kamarda o‘n kun och yotdi, ana shu xa¬yolimdan o‘tdi. Ammo cholga sir bermadim.
— Ha, dardga chalinib edi. Keyin, forig‘ bo‘lib edi.
Chol mahobat qildi.
— Bali, el chavandozi, — dedi. — Ot hozir shuni eslayapti, ertaga bo‘ladigan ko‘pkarini o‘ylayapti. Darddan avvalgiday chopolamanmi, yo‘qmi, degan g‘am otni o‘yga solayapti. Men buni ko‘zlaridan bildim. Meniyam aytdi dersan, el chavandozi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:26:40

Chol ketdi.
Men bemahalgacha gurunglashib o‘tirdim. Tarlonning qayg‘usi ko‘nglimdan ko‘tarilmadi. Qayg‘u yuzimga-da urdi shekilli, uy xo‘jasi ko‘nglimni ko‘tardi.
— Ko‘p qayg‘ura bermang, chol sinchi, bilong‘ich, — dedi. Keyin, chol kimligini aytib berdi.
Emishki, otlar bir yilda bir marta kavsh qaytaradi. Ot kavsh qaytarganda yonadi! Badanlari tovlanadi, ko‘zni qamashtiradi! Ayniqsa, ko‘zlari porlab yonadi! Ot — dev-da! Ot kavsh qaytarishi horiqulodda* yerda, horiqulodda vaqtda kechadi. Ko‘z ochib, ko‘z yumguncha bo‘lib o‘tadi! Ot kavsh qaytarishini ko‘rgan odam, yo telbanamo bo‘ladi, yo sho‘rpeshona bo‘ladi, yo baxtli, yo dono, yo nuktadon bo‘ladi!
Emishki, chol ot kavsh qaytarganini ko‘rgan emish...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:26:48

47

Ko‘pkari ekinsiz qisirpoyada bo‘ldi.
Men Tarlonni qizitdim. Qisirpoyani aylantirib chopdim. Tarlon xiyol o‘zgardi. Boshini tik tutdi, dirk-dirk o‘ynadi. Suvlig‘ini shiqirlatib-shiqirlatib chaynadi. Tarlon to‘daga talpindi, Tarlon meni uloq¬qa chorladi!
Ayni qishning ilk ko‘pkarisi-da, ot mo‘l yig‘ildi.
Demak, ko‘pkari yaxshi bo‘ladi. Boisi, oz otli ko‘pkarida yerdan uloq olish mushkul bo‘ladi. Sababi, bari ot o‘zini zo‘r deb biladi. Oqibat, yoppasiga uloqqa yopishadi. Talashib-tortishadi. Uloqni na o‘zi oladi, na birovga beradi. Bir-biriga xalaqit beradi, bir-biriga ziyon beradi. talashib yota beradi.
Ot mo‘l bo‘lsa, aksincha bo‘ladi. Bunda zo‘rlar zo‘ri, otlar oti uloqqa talpinadi. Bundayroq otlar to‘da chetida tomoshago‘y bo‘ladi. Bordi-yu, uloq¬qa intilsa, to‘dadagi o‘zr otlar yo‘l bermaydi, ketiga surib yuboradi.
Shu boisdan mo‘l otli ko‘pkarida to‘dadan uloq olib chiqish oson bo‘ladi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:26:56

48

Uloq keldi.
Tarlonni gijinglatib-gijinglatib bordim. Uloqni iskatib-iskatib oldim. Uloq butidan ko‘tarib-ko‘tarib ko‘rdim. Uloq bir tana bo‘ldi. Ellik-oltmish kilolar keldi. Uloq jiqqa ho‘l bo‘ldi. Boisi, kechasi bilan suvga pishib qo‘yilgan bo‘ldi. Buning nafi — uloq zilday og‘ir bo‘ldi. Ana endi torta-tortda uloq terisi ayrilmaydi, bo‘lak-bo‘lak bo‘lib ketmaydi. Bo‘lmasa, torta-torta uloq butun qoladi- mi?
Bakovul zotlarni aytdi:
— Bir juft kalish, o‘n so‘m puli bor! Ol!
To‘da uloqqa talpindi. Uloqni bir jiyron olib chiqib ketdi.
Keyingi zot qo‘yildi:
— Bunisida bir qo‘y, bir to‘n, o‘n so‘m puli bor! Zot kattardi, armonda qolma!
Tarlonni uloqqa soldim. Tarlon pishqirib-pishqirib qimtinadi. Uloqqa men o‘ylagan, men xohlagandan-da vaqtliroq, osonroq bordi. Odaticha uloqni bir aylandi. Uloq boshida oyoq ildi.

Qayd etilgan