Tog'ay Murod. Ot kishnagan oqshom (qissa)  ( 123983 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 25 B


shoir  05 Noyabr 2007, 10:27:07

Bir chavandoz Tarlon o‘ktamligidan g‘ashlandi. Tarlon sag‘risiga qamchi urdi.
Tarlon bir seskandi. Lekin joyidan qimirlamadi. Ikki ko‘zi uloqda bo‘ldi.
Men uloqqa teskari yoqdagi tovonimni uzangidan olmay, egar korsoniga ildirdim. Uloq taraf uzangidagi oyog‘imni bukdim. Tizzamni Tarlon biqiniga bosdim.
Tarlon menga kift berdi, kift!
Men enkaydim, uloqni bir qo‘llab ushladim. Qomatimni ko‘tarayotib, bukilgan oyog‘imni uzan¬giga tik tiradim. Bor qiyinchilik, shu oyog‘imga tushdi. Busiz uloqni ko‘tarib bo‘lmaydi.
Shunda, bir mug‘ambir ot uloqni tuyoqlari bilan bosib qoldi.
Men tag‘in uloq butidan ushladim. Tag‘in ot tizzasi baravar ko‘tardim.
Tarlon uloqqa qarab-qarab olg‘a yurdi.
Uloqni atayin yerda sudrab bordim. Birdan ko‘tarsam bo‘lmaydi, poylab turganlar yopishadi.
— Uloq ko‘tarilayapti, uloq ko‘tarilayapti!
Sag‘al ochiqqa keldim. Uloqni dast ko‘tarishga shaylandim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:27:13

— Uloq Tarlonda ketayapti, Tarlonda!
Uloqni zarb bilan ko‘tarib oldim. Ko‘tarayotganimda Tarlon sozlab bir silkindi. Madad berdi, ko‘tarishib yubordi!
Tarlon bilan olg‘a chopdim. Otlar keyinda qolib ketdi. Ammo bir to‘riq qolmadi. Chavandozi uloq butidan ushlab, biz bilan baravar chopdi.
— Yo‘q, uloq Tarlon bilan To‘riqda ketayapti! Uloq Tarlon bilan To‘riqda!
Uloqni taqimimga bosib oldim. Yonimga chal¬qay¬dim. Jilovni qo‘yib yubordim. Uloqni qo‘sh¬qo‘llab ushlab oldim.
Ko‘p otlar avval-avval asta-asta chopadi. Keyin-keyin tezlab chopadi.
Bizning Tarlon bo‘lsa turgan joyidan zabt oladi. Birinchi qadamidanoq shiddat bilan, birdan otilib chopadi. O‘zga otlar bundayin zabtli shiddatga hozirlanmagan bo‘ladi. Oqibat, o‘zga otlar o‘zlarini o‘nglab olgunlaricha, Tarlon o‘zib ketadi. Hozir-da shunday bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:27:18

Tarlonda yana bir fazilat bor. Bordi-yu, biror bir ot yetib olsa, Tarlon shu ot bilan baravar chopadi. O‘zib-da ketmaydi, keyin-da qolib-da ketmaydi. Go‘yo, oxirgi holi shunday, bir me’yorda chopadi. Qabatidagi ot shu me’yorga ko‘nikadi. Baravar chopib borayotgani bilan qanoatlanadi. Shunda, Tarlon birdan zabt oladi, shiddat oladi! Bunday bo‘lishini xayoliga-da keltirmagan qabatidagi ot keyinda qolib ketadi.
Ayni shu vaziyatda chopayapmiz! Mendan Tarlon uchun bir so‘z kifoya bo‘ldi.
— Ha-a!
Tarlon, tarlonligini qildi, horiqulodda yulqindi, zabtini birdan oshirdi.
Qabatida kelayotgan to‘riq chavandozning qo‘li uloqdan uzildi. To‘riq keyinda qolib ketdi.
Men jo‘shib ketdim:
— Hu-u-uy, hu-u-uy, hu-u-uy!..
Tarlon yulduz uchganday chopdi!
— Halo-o-ol. Tarlonniki halol! Tashla, Tarlon, tashla!
Ellik-oltmish kilolik uloqni yerdan qanday qilib ko‘tarib oldim? Belim barobar devorda o‘tirib, ellik kilo yukni yerdan bir qo‘llab ko‘tarib ololmayman. Ellik kilo yukni qo‘shqo‘llab ko‘tarib, otga ku¬chana-kuchana ortaman. Ko‘pkarida bo‘lsa, otda enkayib, ellik kilo uloqni bir qo‘llab ko‘tarib olaman! Buning siri nimada?

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:27:23

Birodarlar, otning shamoli bor! Uloqni ana shu shamol olib ketadi! E’tibor etgan bo‘lsangiz, ot uloq¬dan ko‘z uzmadi! Ot menga kift berdi! Atayin, men uchun qulaylik yaratdi! Uloqni ko‘tarayotga¬nimda esa, yelkasiga yuk olayotgan odamdayin bir silkindi! Ana shunda men uloqni yerga tashlab yubormasam bo‘ldi, birovga berib yubormasam bo‘ldi. Chavandozligimni qilsam bo‘ldi! Ot — otli¬gini qiladi!
Bilayapsiz, ko‘pkarining sakson-to‘qson foizi ot bo‘ynida bo‘layapti. Shu boisdan-da ko‘pkarida chavandoz emas, ot nomi aytiladi! Ko‘pkari boshidan-adog‘igacha ot nomi jaranglaydi! Ot nomi sharaflanadi! Ot nomi ulug‘lanadi!
Tarlon ellik-oltmish kilolik uloq bilan, yana tag‘in men bilan qanday qilib chopdi? Atayin, otga oltmish kilo bug‘doy ortib oldim, deyin. Yana tag‘in, o‘zim-da minib oldim, deyin. Ana shundan keyin ot ana shunday shiddat bilan chopoladimi? Chopolmaydi! Uloqqa kelganda esa, quyunday uchadi!
Birodarlar, uloqning havosi bor! Otga ana shu havo quvvat beradi, qanot beradi!
Tarlon g‘ayrat qildi. Yana ikki marta uloq ayirdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:27:29

Shunda, g‘uj odamlar orasidan kimdir birov ovoz berdi.
— Tarlon, buyoqqa bir qarang! — dedi.
Bordim, ovoz bergan kechagi chol bo‘ldi. Chol kaftini qoshiga qo‘yib qaradi. Boshini irg‘ab-irg‘ab qaradi. Kulimsib-kulimsib qaradi.
— Endi qandaysiz, el chavandozi? — dedi.
— Qulluq, qulluq.
— Endi menga qarang, el chavandozi, otga dam bering, ha. Bo‘lmasa, ko‘ziktirib qo‘yasiz...
Tarlon halollagan to‘nlar bilan pullarni cholga uzatdim.
— Olmayman, yo‘q, olmayman!.. — dedi chol.
Qo‘yarda-qo‘ymay berdim. Keyin, jabduqlar tarafga yurdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:27:39

49

Birodarlar, hamsoyamiz Qulmat polvon bozorlab keldi. Mayiz sotib keldi.
Devorimizdan avaylab bo‘yladim. Narx-navoni so‘radim.
— Qani, polvon, — dedim, — mayiz qanchadan bo‘ldi?
Polvon qo‘llarini ko‘ksi barobar qildi. Kaftlarini katta-katta ochdi. O‘nta barmog‘ini yoyib ko‘rsatdi. Og‘zini to‘ldirib:
— O‘n so‘m! — dedi.
— Yo‘g‘-e?
— Chinim, o‘n so‘mdan bo‘ldi. Mayizingiz bo‘l¬sa, armonda qolmang!
Mayiz bizda bor-da! Olti unxalta! Saratonday sariq mayiz!
Qo‘chqorday-qo‘chqorday o‘g‘illarim bor! Katta bo‘lsa otning Tarlonini minaman deyapti! Mayizni shularning to‘yiga bosib yotibman! Bu qish kuchim yetmaydi, kelasi qishda katta to‘y beraman! Nasib bo‘lsa!
Shanba oqshomi ombordan bir xalta mayiz sud¬rab chiqdim. Supadagi gilamga yoydim. G‘alvirda elab-elab, changdan pokiza etdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:27:48

Subhi sodiqda Tarlon bilan bozorladim.
Qizilsuvga doxil bo‘ldim. Daryodan kechib o‘tib, yuqoriladim.
Mol bozori oldida tevaragi sim bilan o‘ralgan yer bo‘ladi. Bozorlab keluvchilar ot-ulovlarini ana shu yerga bog‘lab qo‘yadi. Tarlonni-da shu yerga bog‘lab qo‘ydim.
Mayizimni orqalab, bozor oraladim.
Dimog‘im manti hidini tuydi.
Bukilib-bukilib yurdim.
— Po‘sht-po‘sht! — deb yurdim.
Bozorchilar qatoridan joy oldim. Mayiz xaltamni ochdim. Mayizimni maqtab-maqtab o‘tirdim. O‘n so‘mdan pastga tushmadim!
Chipor gulstukli bir odam mayizimni kaftiga olib ko‘rdi. Salmoqlab-salmoqlab ko‘rdi.
— Sal tushing, dehqonsiz-ku! — dedi.
— Nima, dehqon mayizni ko‘chadan topib oladimi? — dedim.
— Tok tuggan noz-ne’matni o‘n so‘m deb o‘tiribsiz-a!
— Noz-ne’mat degani dehqonning peshona teri degani!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:27:55

— Ko‘p minnat qilmang! Shusiz ham oy bitsayam, kun bitsayam, dehqonga bitib yotibdi!
— Bitadi-da! Ust-boshlaringdan tortib, yegan-ichganlaringgacha dehqonning peshona teridan kelayapti! Idorada o‘tirib qog‘oz qoralaganlaring bilan osmondan yeydigan, yo, kiyadigan biror nima tushmaydi! Dehqon topganining to‘qson foizini sizlarga jo‘natib, qolgan o‘n foizinigina o‘zi yeydi!..
Chipor galstukli odam unday desa, bunday dedim, bunday desa, unday dedim. Ishqilib, galstuklidan qolishmadim!
Birodarlar, sochim bo‘lmasa-da tarog‘im tillodan!
Qaradim-qaradim, savdoning ma’quli bo‘lmadi.
— Bor-ye, yetti so‘mdan bo‘ldi! — deb yubordim.
Shu zahotiyoq bir mayizjallob dikonglab keldi. Ko‘tarasavdo qilib olib ketdi.
Xaltamni tizzamga urib qoqdim. Buklab-buklab qo‘ltig‘imga qisdim.
Bozor oralab, bozorlik qildim. Noz-ne’matlar oldim. Jiydaga boshqorong‘i ayolimizga Xorazm jiydasi oldim. O‘g‘illarimizga xo‘rozqand, qog‘o¬zida kuchugi bor qand, teshikkulcha oldim. Barini xaltamga solib, choyxonaga yo‘l oldim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:28:03

50

Ostonadan ichkari mo‘raladim.
Choyxona to‘la odam bo‘ldi.
Choyxona havosi dim bo‘ldi. Nafasim qaytib ketdi.
Tashqari so‘rilarda-da odam mo‘l bo‘ldi. Birovlab sanasa yuzlar bo‘ldi.
Xaltamni so‘ri ustuniga suyab qo‘ydim. Bo‘sh joy izladim. Bir odam turib ketdi, joyi bo‘shab qoldi. Xaltamni oldim. Yaqinimdagi odamga:
— So‘raganlarga bu joy egalik deng, — dedim.
Choy bilan kulcha olib keldim. Ko‘chaning narigi yuzida bir sermo‘ylov odam katta qozonda baliq qovurdi. Ana shu mo‘ylovdan ikki kilo baliq olib keldim.
Chordona qurib, baliq tushirdim. Baliq serqiltiq bo‘ldi, xo‘p xunob qildi.
Shunda, burchak so‘rida ikkita militsioner paydo bo‘ldi.
Og‘zimdagi og‘zimda, bo‘g‘zimdagi bo‘g‘zimda qoldi. Ko‘nglim aynidi, ishtaham buzildi.
Ko‘rmayin-da, kuymayin-da, dedim. Chappa burilib o‘tirib oldim. Tag‘in, o‘shalar bo‘lsa-ya, deya hadiksiradim. Ko‘z qirim bilan qarab-qarab oldim. Yo‘q, ular emas, boshqalar bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:28:12

51

Shu vaqt, bozor darvozasi tarafdan ovozlar keldi.
— Ushla, o‘g‘rini, ushla! — dedi ovozlar.
G‘uj-g‘uj odamlar orasidan bir bola chopib chiqdi. Ketidan bir beqasam choponlik odam quvib keldi.
Bola ko‘chani kesib chopdi. Yuqoridan kelayotgan qizil mashinaga bel bo‘ldi. Mashina «shig‘g‘» etib, toyib kelib to‘xtadi. Bola o‘zini yo‘lning berigi betiga otdi. Qop-qora suvli ariqqa shaloplab tushdi. Loy bo‘lmagan yeri qolmadi.
Quvib kelayotgan odam mashina ketidan o‘tdi. Bolaning loy yoqasidan juftlab ushladi. Bola tipirchiladi, ammo beqasam choponlik changalidan chiqolmadi. Beqasam choponlik, bolaning oyoqlariga qo‘shib, qoqib, yerga yumalatdi.
— Pulni chiqar! Qani pul?! — dedi beqasam chopnlik.
— Men emas! — dedi bola.
— Sen! Qo‘lingni kissamda ushladim-ku! Yaxshilikcha chiqar, bo‘lmasa enangni Uchqo‘r¬g‘ondan ko‘rsataman!
— Men emas deyapman-ku!

Qayd etilgan