Tog'ay Murod. Ot kishnagan oqshom (qissa)  ( 123973 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 25 B


shoir  05 Noyabr 2007, 10:29:38

To‘dani yorib, uloqqa keldim. Uloqqa har alvonda uzaldim. Qo‘lim yetmadi. Yana-da uzalgani, otlar qo‘ymadi.
Quyuq changda ko‘rib turdim, bir qo‘l uloqni ushladi. Shunda, Tarlon uloqni o‘ng tuyog‘i bilan tappa bosib qoldi. Tarlon buni ilkisdan qilmadi. Yo‘q, bilib-ko‘rib qildi. Uloqni bergisi kelmadi!
Uloqqa havoyilarcha yopisha berish Tarlonimiz joniga tegdi. Tarlon uloqqa tashna bo‘ldi!
Men qamchi sopidan tishladim. Tarlon qop¬qog‘iga shapatiladim. Tarlon boshini sarak-sarak etdi. Tevaragidagi otlar boshini o‘zidan xolislatdi. O‘ziga kenglik yaratdi, erkinlik yaratdi.
Keyin, Tarlon old tizzalarini bukdi. Uloq oldida cho‘k tushdi! Tarlon uloq oldida cho‘kkaladi!
Quyuq changda ko‘zlarimni arang ochdim. Tarlon ko‘kragi oldida yotgan uloqni qo‘shqo‘llab ushladim. Panjalarimni botirib ushladim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:29:45

Tarlon ko‘z qiri bilan qarab turdi. Barini ko‘rib turdi, bilib turdi. Uloqni mahkamlab ushlaganimga amin bo‘ldi.
Shundan keyin, bir silkinib, tizzalaridan turdi. Sonsiz otlar poylab turgan oldiga emas, yo‘q, ketiga tisarildi. Ketiga tis bo‘lib, to‘dadan sug‘urildi. Ochiqlikka chiqib olib, birdan oldiga burildi. Joyidan zarb bilan uchdi, yelday uchdi! Ko‘rganlar ko‘rib qoldi, ko‘rmaganlar armonda qoldi!
Tarlon qoralik chuqurchani yonlab keldi. Uloqni taqimimdan tashlab yubordim. Qo‘llarimni ko‘tarib chopib ketdim.
Ammo bakovul ovozidan darak bo‘lmadi. Hayron bo‘ldim.
Qoralik joyga qaytib keldim. Chuqurchaga qarab... tars etkazib tizzamga urdim. Uloq chuqur ichiga emas... labiga tushibdi!
Alamimdan, arazlagim keldi!
Barchaga, inchunun, bakovulga eshittirib aytdim:
— Biz ketdik! Bizga qachon haq berilib edi-da, endi beriladi! — dedim o‘zimcha, ko‘pkariga qo‘l siltab jo‘nadim. Tarlonni tars-tars qamchiladim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:29:53

— Ketdik, Tarlon, ketdik, odamlar biz sag‘ir¬larga qayishmaydi! — dedim.
To‘dadan olislab bordim. Tarlonni tag‘in tars-tars qamchiladim.
— Ketdik, Tarlon, ketdik, bizning kallamiz kal! Biz kallarga haq yo‘q! — dedim.
Ketimga qayrilib qaradim. Uzangi yo‘ldoshlarim yo‘ldan qayirar, deya umidlandim. Tarlonni imillatdim. Tag‘in o‘girilib qaradim. Izimdan birov-da kelmadi!
Devorda tizilib o‘tirgan tomoshago‘ylarni yonlab yurdim. Birovi yo‘ldan qayirar, deya o‘yladim. Shuncha odam oldidan o‘tdim, qani endi birovginasi miq etsa! Aqalli, yo‘l bo‘lsin, Ziyodulla chavandoz demadi! Shular ham odam bo‘ldi-yu! Suf-e!..
Endi tomoshago‘ylardan arazladim!
— Ko‘r bo‘lib ko‘pkarini tomosha qilib o‘tira beringlar, men uyga borib, maza qilib yotaman, — deya pichirladim.
Qishloqqa olib boradigan yo‘ldan yurdim. Yo‘lni kesib o‘tadigan ariq bo‘yida oyoq ildim.
Tarlon suvga talpindi. Suv ichirmadim. Shokirqulning tomidan chiqib turgan dastak uchiga bog‘ladim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:30:01

Ust-boshlarimni qoqdim. Yuzlarimni yuvdim. Qo‘shhovuchlab-qo‘shhovuchlab suv ichdim. Enti¬kib-entikib suvga termuldim.
Shunda, ariq bo‘yida suvga kucha botirib yeb o‘tirgan bolaga ko‘zim tushdi. E’tibor berib qaradim. ishtoni ho‘l.
— Kimning uli bo‘lasan? — dedim.
— Otamning.
— Otang kim?
— Shokirqul.
— Ha-a, oting nima? Karim? O‘lma! Bu, ishton ho‘l-ku, Karimboy?
— Enam to‘yda.
— Ha-a, o‘zim kiyolmayman deng. Bizdan so‘rasangiz, Karimboy, biz ko‘pkaridan qaytdik, ha! Ko‘pkarida adolat qolmadi, Karimboy. Bari oshna-og‘aynigarchilik bo‘lib ketdi!
— Ko‘pkari tamom bo‘ldimi?
— Yo‘q, hali bo‘layapti.
— Unda, boring-da.
Men sergak bo‘ldim. Bolaga e’tibor berib qaradim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:30:12

— Bir nima deganday bo‘ldingizmi, Karimboy?
— Suv ichib bo‘ldingiz-ku.
— Ha, suv ichib bo‘ldim, Karimboy. Endi nima qil deysiz, Karimboy?
— Ko‘pkariga boring.
— Borsam degan edim, Karimboy. Bizga haq yo‘q!
— Bormasangiz ado bo‘ladi.
— Ko‘p qo‘ymadingiz-qo‘ymadingiz-da, Karim¬boy. Borsam-borayin, sadqayi suxaningiz.
Tarlonni yechib, tag‘in otlandim.
— Karimboy, sizning so‘zingizdan o‘tolmay qaytayapman. Bo‘lmasa qaytmas edim, — dedim.
Qaytishimda tomoshago‘ylarni qoralab yurdim. Tomoshago‘ylarga xo‘mrayib-xo‘mrayib qaradim.
— Senlar ham odam bo‘lding-u, ana, haqiqiy odam Karimboy ekan, — deya pichirladim.
To‘da chetiga borib turdim. Bakovul menga ajablanib qaradi. Bildim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:30:18

Bakovul menga qarab-qarab qo‘ydi. Keyin, yonida turgan chavandozga bir nima dedi.
— Itga o‘xshab, o‘zi ketib, o‘zi keldi. — Bildim, shunday dedi. Boshqalar-da shunday dedi.
Endi, men nima desam ekan?
Karimboy qaytardi desam, qaysi Karimboy desalar-a? Shokirqulning ishtoni ho‘l o‘g‘li deymanmi? Ha yo‘g‘-e... surishtirib borayaptimi. Bordi-yu, surishtirsalar, Karim muallim, deyman...
Samad chavandoz uzangi yo‘ldoshimga aytdim, barcha-barchaga eshittirib aytdim:
— Yo‘lda Karimboy jilovni ushladi! Qayting-chi qayting, deb qo‘ymadi! Odamning yuzi issiq-da, yuzidan o‘tolmadim!..

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:30:27

55

Otar adirda yoyilib o‘tladi.
To‘dalagunimcha kech bo‘ldi. Uyga qosh qorayganda keldim.
Uchastka militsionerimiz bir parcha qog‘oz tashlab ketibdi. Ayolimizga qayta-qayta tayinlabdi.
— Ertaga soat o‘nda organda bo‘lsin, — debdi. Sherigimiznikiga borib uzrimni aytdim.
— Ertaga qo‘yni sen boq, zaril ishim chiqib qoldi, biror kun qaytararman, — dedim.
Sahar-mardonda Tarlon bilan shahar jo‘nadim.
Eshik oldida o‘tirgan militsionerga qo‘ynimdagi qog‘ozni olib ko‘rsatdim. Militsioner meni eshigi g‘ilofli xonaga kiritib bordi.
To‘rda o‘tirgan yigit o‘rnidan turdi.
— Keling, keling, — dedi.
Men bilan qo‘l berib ko‘rishdi. O‘zini kapitan Ro‘ziyev, dedi.
Kapitan katta baxmal pardani tushirib qo‘ydi, ko‘rsatdi. Men kapitan katta ko‘rsatgan joyga o‘tirdim.
— Xo‘sh, familiyangiz Qurbonov-a? Nega kechikib yuribsiz, aka? Soat o‘n ikki bo‘ldi-yu? — dedi kapitan katta.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:30:34

— Men sizga aytsam, kapitan katta, Tarlonning oyog‘iga qaradim.
— Xo‘sh, Tarloningiz kim?
— Bizning otimiz-da, kapitan katta.
— Xo‘sh, hali otda keldingizmi? Shuncha texnika turib-a!
— Esa-chi, kapitan katta. Texnika bizga bo‘lmaydi, kapitan katta. Benzin isini xush ko‘rmayman, kapitan katta.
— Xo‘sh, banditlarni izlayapmiz, aka. Shubhali tiplarni jabrlanuvchiga yuzma-yuz qildik. Bular emas, dedi. Siz esa kelmadingiz. Endi boshqa kun chaqiramiz.
Tarlon bilan qishloqqa qaytdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:30:42

56

Kechqurun televizorga qarab o‘tirib edim, Rixsiyev keldi. Bolishni buklab yonboshladi, damini uzun oldi.
— Radiouzel orqali o‘qigan dokladimni eshitdingizmi, o‘rtoq Qurbonov? — dedi.
— Yo‘q, qachon o‘qidingiz?
— Ana xolos, hozirgina o‘qidim-ku. Yigirma minut, qirq sekund!
— Men televizorga qarab qolibman. Nima deb o‘qidingiz?
— Xalqaro ahvol xususida!
— Ha-a, olamda nima gap ekan?
— Aha, xalqaro ahvol chatoq, o‘rtoq Qurbonov, juda chatoq. Vaziyat tobora keskinlashib borayapti. NATO mamlakatlari Yevropada qanotli raketa joylashtirayapti. Salvadorda qonli jang bo‘layapti, Nikaraguada vaziyat tobora murakkablashayapti, Falastin xalqining ahvoli ayanchli. Aha, hammasiga AQSH imperialistlari aybdor, o‘rtoq Qurbonov. Imperializm provokatsiya bilan shug‘ullanayapti. Aha, masalan, AQSH imperialistlari Polsha dav¬latida diversiya-provakatsiya tashkil qildi. Xalqni mafkuraviy zaharladi, aha. Polshada sotsialistik jamiyatni qo‘porib tashlamoqchi bo‘ldi. Lekin imperialistlarning yovuz planlari fosh bo‘ldi. Polsha Birlashgan Ishchi partiyasi sotsializmni himoya qildi...
Gapning biroviga-da tushunmadim. Televizorga qarab, ha-ha, deb o‘tirdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:30:54

57

Ikki kun deganda uchastka militsonerimiz tag‘in qog‘oz olib keldi.
Tarlon bilan azonda yo‘l oldim. Bu safar Tarlonni qichab haydadim. Vaqtida yetib keldim.
Kapitan katta to‘rtta bo‘zbolnani ro‘para qildi.
— Yo‘q, bular emas edi, — dedim. — Ularning sochi uzun-uzun edi, — dedim. Kapitan katta kuldi.
— Xo‘sh, eslay olmaysizmi, aka, ularning yuzida biron jarohat izi yo‘qmidi?
— Esa-chi, kapitan katta. Iziyam gapmi, yara¬ning o‘zi bor edi, kapitan katta.
— Xo‘sh, qanaqa jarohat?
— Ikkovining yuzidan qon oqdi. Beqasam choponlik kalla qilib edi-da.
— E-e-e, shuni ertaroq aytmaysizmi, aka. Ana bu boshqa gap!
— Keyin, bir maydarog‘ining ust-boshi loy bo‘ldi, kapitan katta.
Kapitan katta yoza-yoza, bosh chayqab kuldi. Nimaga kuldi — farosatim yetmadi.
— Xo‘sh, ayting-chi, aka, shu voqeani ko‘rganlardan aqalli birontasini taniysizmi?
— Men sizga aytsam, kapitan katta, lof bo‘lsada, yuzdan oshiq odam bor edi. Qaysi birini taniyman. Hatto ikkita melisa-da bor edi.

Qayd etilgan