— Bo‘ldi, bo‘ldi. Siz menga ko‘rgan voqeangizni gapirib bering!
— Iya, eshitmagandan keyin qanday qilib ko‘raman, kapitan uka?
— Ko‘zingiz bor-ku, ana-ku.
— To‘g‘ri, ko‘zim bor. Yaratganning o‘zi bizgayam ko‘z bergan, ko‘rib turibsiz. Lekin bilasizmi, kapitan uka, choyxonamizning bir piyola choyi nasib etganda ko‘zingiz tushgandir, samovar choyxonaning ichida, ha! Maydagina tuynugi bor. Mana shuncha! Shu tuynikdan choy beraman. Tuynuk ko‘kragim baravar keladi. Mana shunday enkayib qaramasam, tashqarini ko‘rmayman. Egila berib-egila berib, bellarim og‘rib ketdi, kapitan uka.
— Xo‘sh, shu voqeadan sal bo‘lsayam xaba¬ringiz bordir?
— Bor, kapitan uka, bor. Bir egilib qarab, ko‘cha yuzida odamlar to‘dalashib turganini ko‘rdim. Boshqa hech nimani ko‘rmadim.
— Bo‘pti, boring. Zaril bo‘lsa, yana chaqiramiz. Hamrohingizga ayting, kirsin.