Tog'ay Murod. Ot kishnagan oqshom (qissa)  ( 124134 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 25 B


shoir  05 Noyabr 2007, 10:33:26

62

Nazir juvozkash ko‘pkariga Olmako‘z baytalini minib keldi.
O‘ziyam, baytali Olmako‘zmisan, Olmako‘z bo‘ldi-da! Ko‘zlari bo‘taloq ko‘zlariday katta-katta, dum-dumaloq, olmaday-olmaday keladi! Yana tag‘in, chuqur-chuqur, qop-qora! Sag‘rinlari enlik-enlik! Sag‘rinlari lo‘mbillaydi, biliq-biliq etadi!
Tarlonimiz ko‘zi ana shu Olmako‘zga tushdi! Tarlonimiz bir boshqa bo‘lib qoldi! Tarlonni uloqqa soldim — Tarlon Olmako‘z tarafga yurdi. Jilovni tortdim — Tarlon Olmako‘zga qarab talpindi. Tarlonni uloqchi ot ketidan qo‘ydim — Tarlon Olmako‘z tarafdan chopdi! Nima qilishimni bilmadim.
Nazir juvozkashga aytgichimni aytdim:
— Ay birodar, shu baytalingizni ko‘zdan pana qiling, baraka toping!
Chavandozlar hingir-hingir kuldi. Sho‘xchan-sho‘xchan gaplar otdi.
Nazir juvozkash ko‘pkaridan ketdi.
Shukur qilib, Tarlonni uloqqa soldim. Tarlon tag‘in taysalladi. Bo‘lmasa, kayfiyati binoyiday bo‘ldi.
Toqatim toq bo‘ldi. Zardam qaynadi. Qamchi dastasi bilan Tarlon boshiga soldim.
— Padaringga la’nat, mana senga, mana! — dedim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:33:32

Tarlon old oyoqlarini ko‘tarib-ko‘tarib falakka sapchidi. Bo‘g‘ilib-bo‘g‘ilib pishqirdi. Olislarni aylanib chopdi. G‘arq terga botdi. Peshonasidan terlar oqdi. Baliq og‘ziday kappa-kappa ochilib-yopilayotgan burniga sizib tushdi.
Choti aralash qamchi solib-solib, tag‘in uloqqa qo‘ydim. Tarlon tag‘in o‘zini keyiniga oldi!
Bu safar qamchi dastasi bilan quloqlari orasiga urdim, yuzlariga urdim...
— Hali kammi? Mana bo‘lmasa, mana! Yega¬ning burningdan chiqqur! — dedim.
Tarlondan egar-abzalini, yuganini shilib oldim. Kallasiga bir urdim.
— Ket, hayvon, ket! Qazisan, qartasan, asli naslingga tortasan! Tortding, aslingga! Ket! — dedim.
Tarlon yollari selkillab-selkillab qochib qo‘ya berdi.
Birodarlar jahl kelganda aql ketadi, deganlari shu-da!
Ko‘pkari oxirini qaramadim. Egar-abzallarni qo‘ltiqlab, uyimizga jo‘nadim.
Ayolimiz alag‘da bo‘lib, Tarlonni so‘radi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:33:41

— So‘rama ayol, so‘rama, — dedim. — Termizdan artistlar kelib, klubda teatr qo‘ygani esingdami? O‘sha teatrda Alisher Navoiy nima deb edi? Hayvonni qancha tarbiya qilma, it bo‘ladi, eshak bo‘ladi, aslo odam bo‘lmaydi, deb edi! Navoiy haq ekan, ayol! Bekorga Navoiy, Navoiy, demas ekanlar! Ko‘kayim qurib ot boqdim. O‘zim yemadim, Tarlonga yedirdim, o‘zim ichmadim, Tarlonga ichirdim. Bolalar rizqidan-da urib, Tarlonga yedirdim. Tarlon baribir odam bo‘lmadi! Urib-urib haydab yubordim! Bahridan o‘tdim! Tarlon ko‘r bo‘ladi, Tarlonni tuzim ko‘r qiladi...
— Bekor qilibsiz-da, ko‘p pullik mol edi, — dedi ayolimiz.
— E-e, puli boshimdan sadaqa! Ayol zoti boshdan adoq zarga o‘ralgan bilan, shoyi-shomilaga belangan bilan, o‘zi yomon bo‘lsa, unday ayolning kimga keragi bor? unday ayolni zari bilan qo‘shib, shoyi-shomilasi bilan qo‘shib, uch taloq qo‘ymoq lozim! Ot ham shu-da! Yomon ot — yomon ayolday gap! Erkakni el orasida sharmanda qiladi! Mana, Tarlon yuzlab chavandozlar oldida yuzimni yerga qaratdi!
Shunday deyishga dedim. Ana, dedim. Ammo ko‘nglim tub-tubida nimadir... nimadir bir nima mayda-mayda ushoq bo‘lib-bo‘lib ketdi. Tarlon uchun ich-ichimdan rahmim kelib-kelib ketdi...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:33:51

63

Kechasi bir mahalda katta darvoza do‘q-do‘q etdi.
Yelkamga choponimni tashlab, tashqariladim.
— Kim u bemahalda kelgan? — dedim.
Tashqaridan ovoz bo‘lmadi. Darvoza zanjiri shil¬dir-shildir etdi. Oshiq-moshig‘i g‘iyq-g‘iyq qildi.
— Hozir, mana hozir! — dedim.
Borib, darvoza tambasini oldim. Zanjirini yechdim. Darvozani lang ochdim.
— Eb-ey-eb-ey!
Ostonada o‘zimizning Tarlon turibdi! Bir o‘zi!
Kambag‘al iltijoli pishqirdi, kambag‘al tum¬shug‘ini cho‘zdi, kambag‘al mo‘ltayib qaradi.
Nima deyishimni bilmadim, nima qilishimni bilmadim.
— Kelibsan-da... Kelmasang, oq butum qora kuyarmidi... — deya to‘ng‘illadim.
Tarlon bilan gap qo‘shmadim. Yuziga-da qaramadim. Yuzimni teskari burdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:33:57

— Sen ham odam bo‘lding-u... — deya to‘ng‘il¬la¬dim.
Birodarlar, eshikdan kelgan odamni ket, deb bo‘ladimi? Bo‘lmaydi, bo‘lmaydi!
Shu bois, miq etmadim. Gapsiz-so‘zsiz ichkari yurdim.
Tarlon ketimdan ergashib keldi.
Borib, otxona eshigini ochib turdim.
Tarlon mo‘mingina bo‘lib kelib, otxonaga kirib oldi. Ichkari kirib olib, pishqirdi. Endigi pish¬qirishida ko‘ngli to‘qlik bo‘ldi.
Ustidan zanjirlab keldim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:34:06

64

Ertasi ertalab Nazir juvozkash keldi. Devordan bo‘ylab ovoz berdi.
— Ziyodulla chavandoz, berman bir qarang! — dedi. Bir-bir bosib bordim. Devordan qo‘l uzatdim. Ko‘rishib-so‘rashdim.
Nazir juvozkash bola-baqrani so‘radi, tomi toshni so‘radi. Keyin, mol-holga o‘tdi.
— Ha-a, — dedi. — Bizning kuyov qanday? Xo‘p damliginami?
O‘ylab turdim-turdim. Nazir juvozkash nima dedi, tushunmadim.
— Qanday kuyov? — dedim.
— Qanday kuyov bo‘lardi, Tarlon kuyovimiz-da.
— E, ha, Tarlonmi? Shukur, shukur.
— O‘zi, kuyov keldimi?
— Keldi, ha, keldi. Nima edi?
— Shunday, alag‘da bo‘lib so‘rayapman-da.
Nazir juvozkash bo‘lib o‘tmish gapni bir boshidan aytib berdi.
Emishki, bizning Tarlon o‘sha ketishida to‘g‘ri Nazir juvozkashnikiga boribdi. Darvozadan kish¬nab-kishnab kiribdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:34:12

Bu vaqtda Nazir juvozkash Olmako‘zini yalan¬g‘ochlayotgan bo‘libdi. Tarlonni ko‘rib, hayrondan hayron qolibdi. Nima qilishini bilmabdi, nima deyi¬shini bilmabdi.
Nazir juvozkash nima-da qiladi, nima-da deydi? Kuyov o‘z oyog‘i bilan o‘zi kirib keldi. Eshikdan egilib kelib turgan kuyovga bir nima deb bo‘ladimi? Bo‘lmaydi, bo‘lmaydi!
Nazir juvozkash o‘ylab qolibdi. Kuyov-ku uyalmadi, kuyov-ku, or qilmadi. Endi men uyalayin debdi, endi men or qilayin, debdi. Chaponi yoqasi bilan yuzlarini berkitibdi, yerga qarab-qarab, uyiga kirib ketibdi.
Birodarlar, kuyovni payg‘ambarlar-da siylagan! Ahay-ahay!
Men devorga tirsaklarim bilan suyanib eshitdim. Boshimni sarak-sarak etib eshitdim.
Tarlon Olmako‘zga bo‘y berib-bo‘y berib bo¬ribdi.
Olmako‘z hurpayibdi, quloqlarini dikkaytiribdi, yollarini hurpaytiribdi, dumlarini tikraytiribdi. To‘l¬¬g‘onib-to‘lg‘onib kishnabdi. Orqa oyoqlarini ser¬¬mabdi. Tepib yuboraman-tepib yuboraman, debdi.
Tarlon bir sapchib chetlanibdi. Olmako‘zni aylanib chopibdi. Dirk-dirk o‘ynabdi. Olmako‘z te¬va¬ragida doira yasabdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:34:18

Tarlon Olmako‘zga kift berib-kift berib boribdi.
Olmako‘z zinkiyib-zinkiyib pishqiribdi. Tishla¬rini irjaytirib-irjaytirib g‘ijirlatibdi. Tishlab olaman-tishlab olaman, debdi.
Tarlon epchillik bilan chetlanibdi. Olmako‘zni aylanib chopibdi. Dirk-dirk o‘ynabdi. Olmako‘z tevaragida doira yasabdi.
Tarlon Olmako‘z bilan yuzma-yuz boribdi. Yuzlarini yuzlariga tekkizibdi.
Olmako‘z pishqirib-pishqirib, yuzlarini chetga buribdi. Yuzlarini olib qochibdi.
Tarlon Olmako‘zni aylanib chopibdi. Dirk-dirk o‘ynabdi. Olmako‘z tevaragida doira yasabdi.
Tarlon Olmako‘z bilan tumshuqma-tumshuq kelibdi. Olmako‘z bilan tumshuqlarini tekkizib-tekkizib iskashibdi. Pishqirib-pishqirib iskashibdi. Olmako‘zining og‘ziga pishqirib iskashibdi, burniga pishqirib iskashibdi. Olmako‘zga bir nimalar debdi, bir nimalar aytibdi. Nimalar debdi, nimalar aytibdi — unisini yolg‘iz o‘zi bilibdi, yolg‘iz Olmako‘z bilibdi...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:34:24

Tarlon ko‘ngil beribdi, Olmako‘z ko‘ngil olibdi! Ahay-ahay!
Oxir-oqibat... Olmako‘z dildorlik beribdi!..
— Yo‘g‘-e? — dedim.
— Ha-da! — Endi quda bo‘ldik, Ziyodulla chavandoz, quda-qudag‘ay bo‘ldik!
— Hazillashmang-e, juvozkash, hazillash¬mang-e!
— Behazil, quda, behazil! O‘ziyam qayliq o‘yini¬misan, qayliq o‘yini bo‘ldi-da... O-o-o!.. Kuyovni nima berib boqqansiz, Ziyodulla chavandoz?
Boshimni chayqab-chayqab kuldim. Qo‘limni siltab-siltab kuldim.
— Gapingiz qursin-e, juvozkash-e, gapingiz qursin-e!
— Ebo-e, ana qayliq o‘yini, mana qayliq o‘yini... O-o-o!..
Yuzlarimni ushlab-ushlab kuldim, yuzlarimni berkitib-berkitib kuldim.
— Bo‘ldi-e, juvozkash-e, bo‘ldi-e!
— Ebo-e... Qarang-a! Ebo-e... qarang-a!
— Astarog‘-e, ayol eshitadi-e!
— Ebo-e... Qarang-a! Biz ham yurgan ekanmiz-da... O-o-o, ana mana!..
— Qanday-qanday?.. Bo‘ldi-e, ayol eshitadi-e!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:34:32

— Siz bilan biz ham... yurgan ekanmiz-da, Ziyodulla chavandoz! O-o-o, ana... mana...!
— Astaroq deyman-e, ayol eshitadi-e!
— O-o-o, haloling bo‘l-e, kuyov-e, haloling bo‘l-e!..
Xandon-xandon otib kuldim.
— E, tavba-e, e, tavbangdan-e! Sho‘xlashmang-e, juvozkash-e, sho‘xlashmang-e!
— Besho‘xi, quda, besho‘xi! Ana kuyov, mana kuyov! O-o-o, ana... mana..!
Qah-qah urib keldim.
— Bo‘ldi-e... Bizning Tarlon sho‘x ekan-da, a, sho‘x ekan-da?
— Ha-da! Egasiga tortganmi, bilmayman! Mol egasiga o‘xshaydi, deydi-ku...
Ketimga chalqayib-chalqayib kuldim.
— Nima-nima? — dedim.
— Mol egasiga o‘xshamasa, harom bo‘ladi...
Devordan bug‘doyday kesak olib, Nazir juvozkashga otgan bo‘ldim. Juvozkash bilagi bilan betini pana qilgan bo‘ldi.

Qayd etilgan