72
Kiprik qoqmay, alp-alp odim otib, Jo‘ra bobo¬ning oti oldiga bordim. Chap qo‘lim bilan egar qoshidan olib otlandim. Shunda, o‘ng qo‘lim yomon og‘ridi...
Jilovni chap qo‘llab ushlab, to‘daga yurdim. O‘ng qo‘limni qimirlatmadim.
Ulog‘ini berib qo‘ygan chavandoz ko‘ngil so‘radi.
— Qalay, chavandoz, biron yeringiz lat yemadimi? — dedi.
Kulimsirab, sog‘ qo‘limni siltadim.
— Mijjamga-da kelmadi. Ust-boshimga sag‘al qor ilashdi, — dedim. Hamon angrayib qarab turgan qatron kal, gaplarimni-da angrayib eshitdi!
Zirq, zirq! Uh, qo‘lim-a, qo‘lginam-a!..
O‘ng qo‘limni avaylab, qo‘ynimga soldim. Bir oz orom oldim.
Uloq ko‘tarildi. To‘da ketidan chopdim. Beix¬tiyor qo‘limni qo‘ynimdan oldim.
Zirq, zirq! Uh!..
Uloq kimda ketdi, bilmadim. Otlar ketidan shunchaki chopib bordim.
Qo‘limni yana qo‘ynimga soldim. Jo‘ra boboning otini uloqqa niqtadim. To‘riq zor bo‘lib turgan ekan shekilli, to‘dani yorib kirdi-qo‘ydi! Ich-ichimdan zil ketdim! Endi uloqni qanday ko‘taraman?