— Aha, yaxshi, yaxshi! A-a-auf, chyort, uyqu bosayapti. Nima desak, ekan... otlar... otlar patriarxal hayvon, o‘rtoq Qurbonov. «Otni boqsang qashib boq, suvini tashib boq!» Xo‘sh, nima bo‘pti? Ma’lum gap-ku! Albatta otga suv beradi-da, bo‘lmasa benzin berarmidi? Qup-quruq didaktika! Xalq og‘zaki ijodi, ha, xalq og‘zaki ijodi! Primitiv, primitiv! Intellektuallik yo‘q, intellektuallik! Intellektual problemalar ko‘tarilib, ijobiy hal qilinmagan! Ijodingizga muvaffaqiyat, o‘rtoq Qurbo¬nov. Izlaning, ko‘proq klassiklarni o‘qing. Aytaylik, Betxoven, Chaykovskiy, Ashrafiy...
Rixsiyev qo‘zg‘oldi. Ketar bo‘ldi.
Shunda, Rixsiyevlar qo‘yi esimga keldi. Balki, qo‘ylari yuzxotirini qilar, degan umidda qo‘ylaridan gap ochdim.
— Muxbir aka, qo‘ylaringiz yaxshi! — dedim.— Dirkillab-dirkillab o‘ynab yuribdi!
Rixsiyevning yuzlari yorishdi.
— Aha, aytganday, bizning qo‘ylar yaxshi yuribdimi, o‘rtoq Qurbonov? — dedi.
Ko‘nglimda umid uchqun berdi. Qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, bosh irg‘adim.
— Shukur, muxbir aka, shukur. Yaxshi yuribdi! — dedim. — O‘zlariyam... qo‘ymisan qo‘y-da!
— Aha, qo‘y!..
— O‘lmang!
— Qo‘y, qo‘-o‘-o‘y! Qo‘y yaxshi!
— O‘lmang!
— O-o-o, qo‘-o‘-o‘y! Qo‘y yaxshi narsa!