Tog'ay Murod. Ot kishnagan oqshom (qissa)  ( 124088 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 B


shoir  05 Noyabr 2007, 10:41:38

— Hech kim!
— Hech kim? Yo‘g‘-e?
— Demak, bu o‘zicha ritsarlik qilmoqchi bo‘libdi-da?
— O, ritsar! XX asr ritsari!
— Don Kixot!
— Don Kixot! XX asr Don Kixoti!
Men shundagina ular kimligini bildim. Qo‘lim nogironligini aytib, yig‘lamsiraganlarimga ming-ming pushaymon bo‘ldim...
Yerga qaradim. Qo‘limni qo‘ynimga solmadim. Sog‘lom qo‘limdayin yerga tiradim.
Nogiron qo‘lim zirqillab og‘ridi. Tishimni tishimga bosdim. Yuzlarim lovullab yondi...
Bir balo qilib, joyimdan turdim. Oyoqlarida tik turdim.
Shunda birovi jag‘imga urdi.
Men ketimga tisarilib-tisarilib, bunisiga borib urildim.
Bunisi yelkamdan suyab qolib, harommag‘izimga urdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:41:43

Gandiraklab-gandiraklab, unisiga bordim.
Unisidan iyagimga yedim.
Bir aylanib tushdim. Osmon gir-gir aylandi. Osmon qop-qora bo‘ldi.
Tag‘in turdim. Dalbanglab-dalbanglab bordim. Birovning bo‘yniga osildim.
— Birodarlar, men sizlarga nima qildim... — dedim.
Uni jonimning boricha quchoqlab turdim.
U, ichimga ko‘p musht urdi.
Nafasim hiqillab bo‘lindi. Ichimda bir nima ezildi. Qo‘llarim bo‘shashib, yelkasidan sidirilib tushdi.
Oyog‘imda majolim qolmadi. O‘zimni yerga chalqancha tashladim...
— Birodarlar, aybimni ayting, aybimni... — deya ingrandim.
Belimga uchli bir nima zarb bilan tegdi. Keyin biqinimga tegdi. Zarb har tekkanda jonim hal¬qumimga kelib ketdi.
— Birodarlar, men ham odam-ku... — deya ingrandim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:41:53

82

Shunda... shunda, ot kishnadi.
Umrim ot bilan o‘tdi. Hay bir otlarni ko‘rdim, hay bir kishnashlarni eshitdim.
Ot suvsab kishnadi, ot ochqab kishnadi. Shunda ot ko‘nglini suv berib oldim, ot ko‘nglini yem berib oldim.
Ot avlod-ajdodlarini qo‘msab kishnadi, ot ulpi-tomirlarini yo‘qlab kishnadi. Otlar ovozini eshitib kishnadi, baytallar havosini olib kishnadi.
Shunda, otni egarladim, dasht-u dalalarni aylantirdim, ot oyog‘ini yozdim. Otni sovutdim, otni yupatdim.
Ot ilon sharpasini olib kishnadi. Uydan otilib keldim. Ot yonini oldim, bo‘yinlarini uqaladim. Otga yo‘ldosh bo‘ldim.
Ot bo‘ri hidini olib kishnadi. Ha, jonivor, ha, deya ovoz berib chopdim. Ot bo‘yniga qo‘limni qo‘ydim, ot yollarini siladim. Ot oldida bo‘ldim. Otga gapirib-gapirib turdim, birodar bo‘lib-bo‘lib turdim.
Kishnash ko‘rdim, kishnashlar ko‘rdim, ammo ushbu oqshomdagidayini ko‘rmadim.
Vo darig‘o, bu qandaychikin kishnash bo‘ldi? Kishnash ko‘ngil-ko‘nglimni o‘yib yubordi, vujud-vujudimni qaqshatib yubordi. Tanamdagi og‘riqlar-da bilinmay qoldi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:42:01

Bizning Tarlonga nima bo‘ldi, birodarlar? Nima bo‘lsa-da, yomon bo‘ldi! Bizning Tarlon nima ko‘rdi, birodarlar? Nima ko‘rsa-da, yomon ko‘rdi!
Bizning Tarlon ilon ko‘rdimikin? Yo‘q, bizning Tarlon ilon ko‘rsa bundayin kishnamaydi. Bizning Tarlon bo‘ri ko‘rdimikin? Yo‘q, bizning Tarlon bo‘ri ko‘rsa-da, bundayin kishnamaydi.
Bizning Tarlon ilondan-da yomonini ko‘rdi, bizning Tarlon bo‘ridan-da yomonini ko‘rdi!
Tarlonni yo‘qlab qarayin dedim. Boshimni ko‘tarayin dedim. Bo‘lmadi, bo‘lmadi!
Ko‘zim osmondaligicha qoldi. Osmon olis, yer qattiq bo‘ldi...
Ot uzib-uzib kishnadi.
Ko‘zlarim tindi. Bepoyon osmon, beg‘ubor osmon qop-qora qozon bo‘ldi!
Yuzimni chapimga burdim. Avval-avval bir nimada ko‘rmadim. Keyin-keyin oq bilan qorani fahmladim. Ana shunda Tarlonni ko‘rdim.
Tarlon bo‘ynini gajak-gajak qildi.
Tog‘larga qaradi, zorlanib-zorlanib kishnadi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:42:07

Tarlon dumlari yoyilib-yoyilib kishnadi, yollari hurpayib-hurpayib kishnadi.
Adirlarga qaradi, chorlab-chorlab kishnadi.
Tarlon quloqlari chimirilib-chimirilib kishnadi, pishqirib-pishqirib kishnadi.
Qishloqqa qaradi, yolvorib-yolvorib kishnadi, zor-zor kishnadi.
Tarlon jilovini silkib-silkib kishnadi, yulqib-yulqib kishnadi.
Keyin, men sari yuzlandi. Oyoqlarini katta-katta yoydi. Bo‘ynini cho‘zdi. tumshug‘ini cho‘zdi. Quloqlarini chimirdi.
Tarlon zinkiydi!
Old tuyoqlari bilan tarsillatib-tarsillatib yer tirnadi. Keksaklab-kesaklab yer otdi. Tuyoqlari osti changidi.
Tarlon qahr ham iztirob bilan kishnadi. Oqshom kishnashdan zir titradi.
Oqshom, Tarlon kishnashidan, Tarlon kishnashi, oqshomdan-da mungli bo‘ldi, oqshomdan-da ayanchli bo‘ldi.
Uchli zarb, chap tizzam ko‘ziga kelib tegdi.
Chinqirib yubordim. Ko‘z oldim qop-qora bo‘ldi...
— Tepib o‘tirasanmi, biqiniga tiqib ol!..

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:42:17

— E-e-e, ot!
— Qoch, ot kelayapti!
Shunda, tag‘in hushimga keldim. Ohista ko‘zimni ochdim.
Tarlon tumshug‘ini cho‘zib zinkiyib, ularni quvdi. Birini qo‘yib, birini quvdi.
Ular ariqdan hatlab qochdi. Birin-ketin mashinasiga kirdi.
Ammo birovi Tarlondan qochib qutulolmadi. Uyoqqa burib soldi, bo‘lmadi, buyoqqa burib soldi, bo‘lmadi. Nima qilishini bilmadi. Oxiri yerdan nimadir olib, Tarlonni boshiga bir urdi.
Tarlon boshini silkib-silkib ohistaladi.
Unisi-da ariqdan hatlab o‘tdi.
Tarlon-da ariqdan o‘tdi. Mashina oldiga keldi. Old tuyoqlari bilan yer tirnab-yer tirnab kishnadi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:42:25

Mashina g‘izillab jo‘nadi.
Tarlon mashina ketidan xiyla yo‘lgacha chopib bordi. Keyin, iziga qaytib keldi.
Ariqdan o‘tib, boshimga keldi. Yuzlarimga tumshug‘ini tekkizib-tekkizib ko‘rdi. Yuzlarimni iskab-iskab ko‘rdi.
Men Tarlon nafasini tuydim. Tumshug‘ini qo‘shqo‘llab quchoqladim. Jag‘lari, peshonasini siladim.
Shunda, kaftim ho‘l bo‘ldi. Ter, ot teri deb o‘yladim. Kaftimni ko‘zlarimga olib kelib qaradim. Keyin, Tarlonga tikilibroq qaradim.
Tarlon peshonasidan qon sizdi...
Ho‘ngrab yig‘lab yubordim. O‘pkamni bosayin dedim, bosolmadim...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:42:33

83

Qosh qoraydi.
Odam odamni tanimaydigan bo‘ldi.
Bir amallab chap yonbosh bo‘ldim. Tarlon oyog‘ini quchoqladim. Tizzasiga peshonamni qo‘ydim. Uzalib, old qopqog‘iga shapatiladim.
Tarlon yelkalarimni iskadi. Keyin, old oyoqlarini asta-asta bukdi. Tarlon tizzaladi!
Men chap qo‘lim bilan egar qoshidan oldim. Egarga ko‘kragimni berdim. Timtalanib-timtalanib egarga bel bo‘lib yotdim. Nafasimni rostlab oldim. Tag‘in qimtinib, oyog‘imni egardan oshirdim. Tarlonni quchoqlab oldim.
Tarlon qaddini rostladi.
Shamol boshimni yalab o‘tdi. Shunda, bosh yalangligimni bildim. Telpagim yerda qolibdi.
Tushayin dedim, tag‘in, minishimni o‘yladim. Telpagimga qo‘l siltadim. Belbog‘imni yechib, boshimni tang‘ib bog‘lab oldim.
Katta yo‘l chetidan yurdim.
Bor bo‘yicha qorong‘i tushdi. Adirlar qop-qora soyaday bo‘ldi.
Egarda chayqalib-chayqalib, ko‘nglim shu kechaday zim-ziyo bo‘lib-bo‘lib, o‘ksib-o‘ksib bordim...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:42:42

84

Tarlon-ay, nima kunlarga qolding-a?...
Tushda bo‘layaptimi, yo o‘ngda bo‘layaptimi?
Sen farqlamasang, men farqlay olmay qoldim, Tarlon...
Haligilar qanday jonzot edi, Tarlon! Sin-simbati odamga kelbat beradi. Ust-boshlari-da bor. Odamga mayzab gapiradi, odamga mayzab kuladi...
Bilmadim, Tarlon, bilmadim. Sen bilmasang, men bilmadim. Men seni bilaman, Tarlon. Ular men uchun begona, Tarlon...
Ayo Tarlon, sen mening ukamsan, ukam.
Bo‘ldi, men endi ularni ukam demayman. Mening ukam sensan. Sen mening ukamsan, Tarlon. O‘zi menga o‘xshaysan, Tarlon, menga... Ukasi akasiga o‘xshaydi-da, Tarlon...
Tarlon ukam-ov, endi nima qilamiz? Endi, bola-chaqaga borib nima deymiz? El so‘rasa nima deymiz?..
Ayo Tarlon, sen mening jiyanimsan, jiyanim.
Bo‘ldi, men endi ularni jiyanim demayman. Mening jiyanim sensan, Tarlon. Sen menga tort¬ding, Tarlon. Jiyan tog‘asiga tortmasa, kimga tortadi, Tarlon...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:42:55

Tarlon jiyanim-ov, yo yo‘lda yiqildik, deymizmi? Ko‘zlaring bor edi-ku, desalar-chi? Ariq loy ekan, toyib ketdik, deymiz. Binoyimi, Tarlon jiya¬nim? Bo‘lmasa, elga ermak, xalqqa shaloq bo‘lamiz...
Ayo Tarlon, sen mening akamsan, akam.
Bo‘ldi, man endi ularni akam demayman. Mening akam sensan, Tarlon. Uka desa degulik, mendayin ukang bor, aka desa degulik, sendayin akam bor, nima g‘amim bor, Tarlon...
Ayo Tarlon, sen mening birodarimsan, birodarim.
Bo‘ldi, men endi ularni birodarim demayman. Mening birodarim sensan, Tarlon...
Ayo Tarlon, sen mening qiyomatlik birodarimsan, qiyomatlik birodarim...

1979

Qayd etilgan