Saman ot bo‘lsa, sariq, yollari, dumlari qora bo‘ladi. Yol-quyrug‘i oqlari-da bo‘ladi.
Burnoch bilan Saman quloqlarini quyon quloq¬lari misol chimirib chopdi, zinkiyib chopdi. Uloq oralarida shalvirab bordi. Uloqning bir buti Burnochda, bir buti Samanda bo‘ldi.
Chavandozlar o‘z taraflariga chalg‘ayib, tortishib bordi. Tevaragida o‘nlab qo‘llar uloqqa uzaldi, ammo yetolmadi. Yetganlari uloqni yulib ololmadi.
Otlar Burnoch bilan Samanni o‘rab chopdi, dupur-dupur-dupur...
— Uloq Burnoch bilan Samanda borayapti! Uloq Samanga o‘tdi, uloq Samanda! Bos!
Darhaqiqat, Saman chavandozi epchillik bilan uloqni taqimiga bosdi. O‘ng tarafiga qiyshaydi. Jilovni o‘ngga burdi. Saman yo‘lini o‘ngdan soldi.
Chavandozlar talashish foydasizligini bildi. Birin-birin orqada qoldi.
— Halo-o-ol! Samanniki halol! Tashla, Saman, tashla! E barakalla-ye! Saman, kel, haqingni ol!
Saman uloqni yerga tashladi. Bakovulga qarab yurdi.
Chavandozlar yerga tushgan uloqqa qarab yurdi. Yana uloqqa yopirildi. Uloq bu gal maydagi¬na bir to‘riqda ketdi.
Birodarlar, to‘riq ot malla bo‘ladi. Bo‘yni xuddi ko‘zoynakli ilon misol gajak-gajak bo‘ladi!