Tog'ay Murod. Ot kishnagan oqshom (qissa)  ( 123921 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 25 B


shoir  05 Noyabr 2007, 10:18:26

Bunday vaqtlarda ayrim chavandozlar qamchi dastasi bilan otning boshiga uradi. Oqibat, ot jon achchig‘ida chavandozini yiqitib qochadi.
Ana shunda ot insondan bezadi. Ot insondan qaytadi! O‘zining devlar ajdodiga tortadi! Ajdod¬larini qo‘msaydi, adirlarga qarab qochadi. Gala¬larga borib qo‘shiladi. Ayg‘irlari bilan ko‘rishadi, biyalari bilan suykashadi. Ajdodlarining havosini oladi! Bir-birlari bilan iskashadi. Inson zotidan nolib-nolib boshlaydi, ko‘nglini yorib-yorib boshlaydi, dardini to‘kib-to‘kib boshlaydi... Dev boshim bilan insonga bosh egdim, deydi, ta’zim qildim, deydi, qul bo‘ldim, deydi, ammo el bo‘lmadim, deydi...
Yo‘q, kayfiyati yo‘q kunlari otga indamaslik lozim bo‘ladi, ko‘ngliga qarash lozim bo‘ladi!
Shu boisdan Tarlonni oshiqcha zarbalamadim. To‘da tevaragini aylanib yurdim. Shunchaki tomoshago‘y bo‘ldim.
Chimzorda yer yorib chiqqan cho‘qir toshlar ko‘p bo‘ldi. Shu bois, chavandozlar ko‘ziga qarab chopdi. Otlarini qoqilib ketishdan avaylaydi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:18:31

Oqtuyoq otlar bir chetda tomoshago‘y bo‘ldi. Boisi, oqtuyoq otlar toshli yerda chopolmaydi. Toshlar tuyog‘ini urib tashlaydi.
Ko‘pkari oxirida bakovul jar soldi:
— Chavandozlar deyman-ov, bugun ot kam keldi! Uzoq-yaqindagilar to‘yning ikki kunidayam ko‘pkari bo‘lishini bilmagan-da! Shu boisdan qobil polvon ertaga katta ko‘pkari beradi! Armonda qolma!
Uyda Tarlonni iliq suv bilan yuvdim. Qashilab-qashilab parvarishladim.
Xufton vaqti-xufton vaqti to‘yxona tevaragini aylantirdim. Karnay-surnaylar ovozini eshittirdim, to‘yxona havosini oldirib-oldirib keldim. Keyin, hovli etagiga solqi qilib boyladim.
Yarim kechada Tarlon kishnadi.
Tashqariladim, Tarlondan xabar oldim.
Tarlon old oyoqlari bilan yer tirnadi. Qoziqni aylanib-aylanib chopdi. Pishqirib-pishqirib chopdi.
To‘y havosi Tarlonni qo‘zg‘adi. To‘y havosi Tarlonni ko‘pkariga chorladi!
Tarlon tushkun kayfiyatdan foriq‘ bo‘ldi!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:18:41

27

Ertasi kuni otlar serob bo‘ldi. Ot ko‘pligidan binoyiday otlar-da to‘daga tumshug‘ini tiqolmadi.
Bir osh pishirim vaqt o‘tdi. Uloq yerdan qimirlamadi. Qimirlasa-da, besh-o‘n odim sudralib borib, tag‘in tushib qoldi.
Oxiri bir Cho‘bir ot enlik ko‘kragi bilan to‘dani yorib-yorib, uloqni olib chiqdi. To‘da chetida chag‘ir otliq bir chekkagir chavandoz uloqni poylab turib edi, shu chekkagir chavandoz chag‘ir otini Cho‘bir yonidan soldi. Jipslashib keldi-da, uloqni yuldi-ketdi. Ellik-oltmish qadamcha chopib bordi.
Katta-katta ko‘pkarilarda uloq to‘dadan sag‘al chiqsa bo‘ldi, halol bo‘ladi. Shu bois bakovul darrov qamchisini boshi uzra ko‘tardi:
— Halo-o-ol! Tashla, Chag‘ir, tashla! — dedi.
Birodarlar, chekkagir chavandoz o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir chavandoz bo‘ladi!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:18:47

Chekkagir chavandoz to‘da chekkasida gir bo‘lib poylab yuradi! Shu sababli-da ularni chekkagir deydilar. O‘zlari-da, otlari-da chekkaga o‘rgangan bo‘ladi. Chekkagirlar to‘dadan uloq ololmaydi. Chekkada turib, tayyor oshni poylaydi. Uloq to‘da¬dan chiqdimi, bo‘ldi, chekkagir uloqni tulkiday ilib ketadi.
Uloqni to‘dadan olib chiqqan chavandoz esa, mehnatiga kuyib qoladi!
Men ming azob bilan uloq olib chiqdim. Mening ulog‘imni-da shu Chag‘ir chekkagir yulib ketdi. Men sonimga urdim, attanglab qola berdim.
Chag‘ir chekkagir boshga bitgan balo bo‘ldi.
Shunda men, bir ustalikni qo‘lladim. Uloqni oldim-da, kun tarafga qarab ot soldim. Kunga yuzma-yuz chopdim.
Yonimda kelayotgan Chag‘ir ot yo‘lda qolib ketdi. Boisi, Chag‘ir otning ko‘zi ko‘k bo‘ladi! Kunga qarab chopolmaydi! Ko‘zlari shafaqlanadi!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:18:53

— Tarlonniki halol, Tarlonniki halol! Tarlon, ma, haqing! Chavandozlar, endi qoralik qo‘yaman! Mana! — dedi bakovul.
Bakovul shunday deya bir yirtim qizil matoni ko‘z-ko‘z etdi. Matoni yarim qulochcha cho‘p uchiga ildirib, bayroqcha qildi. Bayroqchani chimzor chetidagi kattaroq o‘choqday chuqur labiga qadadi.
— Mana shu chuqur qoralik! Kimki uloqni shu chuqurgacha olib kelib tashlasa bir qo‘y, ellik so‘m pul, bir to‘n oladi! Qulog‘i og‘irlar bo‘lsa, qaytarib aytaman...
Qoralik — ko‘pkarining eng mushkuli, eng qiyinidir. Shu sababli-da ko‘pkari g‘ururidir, ko‘pkari yuzidir. Qoralikni halollash chavandozga-da, otga-da faxr! Uloqni qoralikka bir marta olib borib tashlash, to‘dadan uch marta uloq ayirishdan ziyod!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:19:03

28

Ko‘pkari qizigandan-qizidi.
Shu vaqt, Jo‘ra bobo ot yo‘rttirib keldi.
— Ziyodulla chavandoz, bizning to‘riqniyam bir ko‘ring, ukam, — dedi.
Jo‘ra bobo shunday deya, otdan tushdi. Jilovni menga uzatdi. Men Tarlon jilovini unga berdim. Boboning qora to‘rig‘ini mindim.
Jo‘ra boboning gapini yerda qoldirib bo‘lmaydi. Jo‘ra bobo oltmishdan oshib qoldi. Ammo farzandi yo‘q...
Ikki marta uylandi. Ikkovida-da farzand bo‘l¬madi. Uchinchisiga uylandi. Bundan-da bo‘lmadi. Qo‘yib yuborgan ayollari boshqalarga tegib-tegib ketdi. Bolalik bo‘lib-bo‘lib ketdi.
Shunda, Jo‘ra boboning boshi egilib qoldi. Yuzi ko‘ksiga qarab qoldi. Davralarda dasturxondan ko‘z olmadi. Ko‘chalarda etiklari uchiga qarab yurdi. Ovozini qo‘yib gapirolmadi...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:19:14

Jo‘ra bobo bir nimaga e’tibor berdi. Jo‘ra bobo, degan ot eldan qoldi. El o‘zini, yo, uyini ko‘rib, Jo‘ra boboni esladi. Ko‘rishib, bardammisiz, Jo‘ra bobo dedi. Bu uy Jo‘ra boboniki, dedi.
Boshqalarning oti bo‘lsa, hamisha el og‘zida bo‘ldi. Aytaylik, hamsoyasining o‘g‘li maktabga boradi. Muallim yo‘qlama qiladi. Murodov, deydi. Hamsoyasining o‘g‘li sapchib turadi, men, deydi. Sinfga bir kunda oltita muallim kiradi. Demak, hamsoyasi Murodning oti olti bor jaranglaydi. Hamsoyasining sakkiz bolasi bor. Bari maktabga boradi. Har birovi otasining otini kuniga olti marta jaranglatadi! Demak, hamsoyasi bir kunda qirq sakkiz bor el og‘ziga tushadi!
Yana tag‘in, ko‘chalarda necha martalab oti aytiladi. Bu kimning o‘g‘li? Murodning o‘g‘li? Bu kimning qizi? Murodning qizi!..
Jo‘ra bobo joniga to‘ydi. Bir tushda qoradori yedi. Ustidan sovuq suv ichdi. Yorilib o‘lmoqchi bo‘ldi!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:19:26

Bir chinni kosa suvni og‘ziga olib bordi. Lablariga tekkizdi. Shunda, birdan aynidi. Mardona-mardona, achchiqma-achchiq ish qilish fe’li tutdi! Suvni zarda bilan otib yubordi. Kosa chil-chil bo‘ldi...
Mol-qo‘ylarini sotdi. Puliga qaymoqrang «Jiguli» oldi. Rulni hamsoyasining to‘ng‘ich o‘g‘liga berdi.
— Aytgan yerimga mindirib borib kelsang bo‘ldi, — dedi. Asl maqsadi boshqa bo‘ldi. Asl maqsadi — mashinasi ko‘chani changitib yursin, odamlar bu Jo‘ra boboning mashinasi, desin. Jo‘ra boboning mashinasi qaymoqrang, desin. Yo‘lda GAIlar ushlab ujjat ko‘rsin, Jo‘ra bobo, degan nomni o‘qisin...
Jo‘ra boboning bundan-da ko‘ngli to‘lmadi. Mashinasini pulladi. Puliga ana shu To‘riqni oldi. Farzandlar nasibasini-da, farzandlar rizqi ro‘zini-da ana shu To‘riqqa yedirdi...
Qaridi, o‘zi uloq chopmadi. Shunday bo‘lsa-da, to‘riqni ko‘pkarilarga boqdi, ko‘pkarilarga shayladi. Chavandozlar bilan olislardagi ko‘pkarilarga bordi. Birovning oti tolib qolsa, yo yaramay qolsa, ana-shu chavandozga To‘rig‘ini berdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:19:32

Jo‘ra boboning dardi yolg‘iz bo‘ldi, dardi ezgu bo‘ldi: to‘rig‘i uloqni ayirsin. Bakovul uloqni Jo‘ra boboning oti ayirdi, deya jar solsin. Jo‘ra boboning oti, kel, haqingni ol, desin. Ko‘pkari ahli Jo‘ra bobo degan nomni eshitsin. Qulog‘i og‘irlar uloqni kim oldi, deya qayta so‘rasin. Shunda bakovul, uloq¬ni Jo‘ra boboning oti oldi, deya qayta-qayta jar solsin. Jo‘ra bobo degan nomni olam-jahon odam eshitsin...
Bakovullar-u chavandozlar Jo‘ra bobo dilidagini darrov ilg‘ab oldi.
Ko‘pkarilarda Jo‘ra bobo to‘rig‘ini marhamat etsa, chavandozlar yo‘q demadi. Ko‘ngliga qaradi. Jo‘ra bobo to‘rig‘ini bersa berdi, bermasa, atayin so‘rab oldi.
Bakovullar Jo‘ra bobo ko‘nglidan bordi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:19:42

29

Jo‘ra boboning to‘rig‘iga qoralikni ko‘rsatib keldim, qoralikni iskatib keldim.
Xiyol o‘tdi, to‘da guvillab qo‘zg‘oldi. Uloqni bir Chil ot olib chiqdi.
Birodarlar, Chil otning bir yeri ko‘k, bir yeri oq, yana bir yeri qora bo‘ladi. Shu boisdan chil-da!
Chil yo‘lini chap solib-chap solib chopdi. Chag‘ir chekkagir Chilga yaqin-da borolmadi. Chekkagir armonda qoldi.
Bakovul qamchisini boshi uzra silkidi.
— Bekor, Chilniki bekor! Qoralikka tushmadi!— dedi.
Chin, uloq chuqur labida ilashib oldi. Uloq chuqur ichiga tushsagina halol bo‘ladi.
Bakovul uloqni qoralikdan xolisga olib borib tashladi.
— Chavandozlar, qo‘yilgan zotlar joyida qoldi! Ol-ha, ol! — dedi.
Boyanagi chil ot uloqni tag‘in olib chiqaman dedi. Bir havasim keldi, bir hayratim keldi. Nimaga endi faqat shu chil ot olayapti? Hatto chekkagirlarni-da dog‘da qoldirayapti?
Farosat bilan qaradim. Bir talay uzangi yo‘ldoshlari Chil ot tevaragini o‘radi. Chil chavandozi uloqni xotirjam uzalib oldi. To‘dadan sug‘urila boshladi. Uzangi yo‘ldoshlari o‘zga otlarni Chilga yo‘latmadi, yo‘l bermadi. Go‘yo uloq¬qa talashayotgan bo‘lib, Chil otni o‘rab-o‘rab chopdi. Chil sag‘risiga qamchilab-qamchilab, madad berib-madad berib chopdi.

Qayd etilgan