Tog'ay Murod. Ot kishnagan oqshom (qissa)  ( 123917 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 25 B


AbdulAziz  18 Mart 2007, 01:41:04

Ot kishnagan oqshom (qissa)



Muallif: Tog'ay Murod
Hajmi: 213 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:05:16


Bu qissalar ne bir kunlarni ko‘rmadi!
Zoti nomard bo‘ldi, ushbu qissalar yoqasidan oldi. Og‘zi buzuq bo‘ldi, ushbu qissalarga tupugini sochdi. Qo‘li nopok bo‘ldi, ushbu qissalardan butun-butun boblarni o‘chirib tashladi.
Oqibat, ushbu qissalar o‘z vaqtida pati yulinmish tovuq misol chop etildi.
Alqissa, dorilomon kunlar keldi. «Ot kishnagan oq­shom»dagi Ziyodulla chavandozchasiga aytar bo‘lsak... uloq Tog‘ay Murodda ketdi!


1
     
Birodarlar, ko‘rgilik, ko‘rgilik!
Bir erta uyg‘onib, kallamga qo‘l yugurtirdim. Sochlarim orasida yara-chaqalar uch berdi. Par¬voyim falak bo‘ldi, yura berdim. Onamga-da aytmadim.
Chaqalar kun sayin bolaladi. Katta-katta bo‘ldi. Qo‘tir bo‘lib qichidi.
Shunda, qishlog‘imiz do‘xtiriga bordim. Do‘xtir fu, deya aftini burishtirdi. Yurchidagi kalxonaga olib jo‘nadi.
Yo‘lda mashinadan tashlab qochdim. Ushlab kelib, yana mashinaga bosdi.
Kalxonada... Uh, aytgili yo‘q. Do‘xtir degani berahm ekan. Onamni ko‘rdim, birodarlar, onamni...
Bari kalga qaytadan jingala soch bitdi. Mening kallam yaltirab qoldi. Bitta-da soch bitmadi! Do‘xtirlar ajablandi, kamdan kam uchraydigan voqea, dedi. Xo‘rligimdan yig‘lab-yig‘lab uyga keldim.
Onamiz tap-taqir kallamni ushlab-ushlab ko‘rdi. Ich-ichidan kuydi. Aytib-aytib yig‘ladi.
— Kambag‘alni tuyaning ustida it qopadi, degani shu-da, — dedi.
Katta telpak sotib oldim. Qishin-yozin quloq¬larimgacha bostirib kiyib yurdim. Maktabda-da telpagimni olmadim.
Matematika muallimimiz oyog‘ini tirab talab etdi:

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:05:28

— Bosh kiyimingni olmasang, dars o‘tmayman!— dedi.
Old qatorda o‘tirgan sinf oqsoqolimiz muallimga bir nimalar dedi. Ammo muallim o‘z so‘zida turdi:
— O‘quvchi darsda yalangbosh o‘tirishi lozim! Qoida shunday!
Telpagimni kallamga bosib ushladim.
— O‘quvchi Qurbonov, senga aytyapman!
Miq etmadim. Muallimimiz telpagimni boshimdan yulib oldi. Derazadan tashqariga otib yubordi.
Sinfimiz bolalar kulgisidan zirillab ketdi. Bolalar kallamni oftobga mengzab qiyqirdi:
— Ura-a-a, kun chiqdi!
Kallamni qo‘llarim bilan yashirdim, ho‘ngrab yig‘ladim. Siyohdonni olib, muallimning yuziga otdim. Tegmadi. Keyin, tashqari otildim. Mak¬tabdan qochib ketdim.
Yana qaytib maktabga oyog‘imni bosmadim. Direktor bilan sinf rahbarimiz kelib tavallo qildi. Onamiz aldab-avradi. Baribir maktabga bormadim.
Beshinchi sinf kallam bilan qoldim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:06:18

2


Odamlar meni kal deydigan bo‘ldi! Ziyodulla kal emish! E, tavba-e, tavba-e!
Avval-avval uyatdan quloqlarimgacha lovullab yondim. Ko‘nglim o‘ksidi. Keyin-keyin botmaydigan bo‘ldi. Kal so‘zi ko‘nglimga singdi. Quloqlarim kalga o‘rganib qoldi.
Endi, Ziyodulla kal, demaydiganlardan o‘pka¬ladim. Ayniqsa, pochtachidan hafsalam pir bo‘ldi. Qachon ko‘rsa o‘rtoq Qurbonov, deydi. G‘ashim keladi. Meni mayna qilayotganday tuyuladi.
Bir safar jerkib tashladim:
— Nimaga meni o‘rtoq Qurbonov deysiz? Men bir amaldormidimki, yo, diplomim bormidiki, o‘rtoq Qurbonov deysiz? Bor-yo‘g‘i beshinchi sinf kallam bo‘lsa. Ko‘p mayna qilmang, sochim bo‘lmasayam tarog‘im tillodan!
— Bo‘lmasa nima deyin?
— El qatori Ziyodulla kal deya bering. O‘z otim o‘zim bilan...
Xudoga shukur-e, endi pochtachi-da kal deydigan bo‘ldi! Diplom so‘ramaydigan turli ishlarda ishladim. Qorovul bo‘ldim, go‘loh bo‘ldim. Oxiri podachi bo‘ldim. El qo‘yini boqdim.
Adirlarda qo‘y boqib, nay chaldim. Nafasim yetmay qoldi. Shunda, eski bir do‘mbira topdim. Do‘mbiramni sayratdim, bepoyon adirlar, yoyilib o‘tlayotgan qo‘ylar, cho‘qqilar uchida uzmay chug‘urlayotgan qushlar, pag‘a-pag‘a oppoq bulutlarga qarab doston aytdim. Bu dostonlarni to‘ylar, olis yaldo kechalari bobolarimiz biri qo‘yib biri aytar edi. Bobolarning ko‘plari rahmatlik bo‘ldi. Rahmatliklarday doston aytib bo‘lmaydi. Bizniki, baholi qudrat...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:06:29

3


Birodarlar, siz so‘ramang, men aytmayman... Oti Momosuluv emish. Yuzlari kulchadaymi, yo, su¬luvmi? Ko‘zlari qorami, yo zig‘ir gulidaymi? Qosh¬¬¬lari quyuqmi? Quyuq bo‘lsa, qayrilmami? Ke¬chasiligidan ko‘rmas emishman, bilmas emishman.
Ko‘roydin emish. Momosuluvlar ko‘chasida telba bo‘lib yurar emishman. Bir nima yo‘qotganday tentirar emishman. Yo‘l chetidagi toshga cho‘nqayibman, kaftlarimni iyamgimga tirabman. Oyga mahliyo bo‘lib-mahliyo bo‘lib termilibman. Oyning beti kir emish. Oyga sonsiz oshiqlar mahliyo termildi. Oy qaysi oshiqqa bir o‘pich berdi? Oy qaysi oshiqqa vafo qildi?
Oyga qo‘l siltab, o‘rimdan turibman. Momo¬suluvlar devoridan oshibman. Iti yo‘q emish. Daraxtlar panalab, derazasiga termilibman. Olma¬laridan uzib-uzib yebman. Keyin, ayvoniga, undan ichkariga kiribman. Timirskilanib, to‘shagini to¬pibman. Momosuluv uyg‘onib ketibdi, chirillayman, ket, debdi. Men yolvoribman. Qo‘limni uzatib¬man. U qo‘limni qaytarib, o‘zimga suribdi. Keyin, Momosuluvning qo‘yniga kiribman!
Birodarlar-ye, jamiki olam bir taraf, qo‘yin deganlari bir taraf ekan! Ahay-ahay!
Boriga shukur qilsam bo‘lmasmidi? Tek yotsam bo‘lmasmidi? Qo‘yniga qanoat qilsam bo‘lmasmidi?

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:06:37

Men tinmas, Momosuluvning ko‘ngliga-da kiribman! Oshiqona-oshiqona qadamlar bosib, ko‘nglini ovlabman. Zim-ziyo bir olam emish. Tevarak huvillab yotarmish. Qimirlagan jon yo‘q emish. Erkak zotining o‘zi tugul, izlari-da yo‘q emish. Be¬hishtday bir olam emish.
Tevarakka alanglab, kular emishman: ushbu behishtga mendan o‘zgalar kelmabdi!
Ko‘nglimni zo‘r bir xushvaqtlik qitiqlar emish: ushbu behishtga birinchi bo‘lib men qadam qo‘yibman! Ahay-ahay!
Ko‘zimni ochsam uy zimiston, bolishni qu¬choqlab yotibman.
Uyqum qochdi. Uyqumni quvalab, shiftga qarab yotdim. Chin, qishlog‘imizda shunday qiz bor. Oti Momosuluv.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:06:51

4


Ertalab ta’til qildim. Belimga tushlik o‘radim. Zarang tayog‘imni oldim.
Elburutdan podayotoqqa bordim. Bir toshga yonboshlab oldim.
El qo‘y-echkilarini haydab keldi. Shunda... shunda, u-da keldi!
Men o‘rnimdan turib qaradim. Xayolimda, yuzlarim lovullab qizidi.
U qo‘lidagi xivichni qo‘ylari ketidan otib yubordi. Iziga qayrilib ketdi. Menga qayrilib-da qaramadi. Ajabo, u kecha meni ko‘rdimikin? Uyalganidan tez qayrilib ketdimikin?
Birodarlar, shu qiz ko‘z oldimdan ketmay qoldi! Kechasi-da, kunduzi-da! Shu qizga sovchi qo‘ydim!
— Tegmayman, kallasi kal, — debdi.
Yo, pirim-ey, yo pirim-ey! Kal bo‘lsa nima bo‘pti? Gap jundami? Junda aql bormi, xohlagan yeriga bita beradi-da. Birovga quyuq bitadi, birovga siyrak bitadi. Yana birovga bitta-da bitmaydi. Bu yaratganning ishi-da!
Jun ekish dehqonchilikmidiki, ayb bo‘lsa! Ana, kallasiga jun ekmadi, eksa-da, sug‘orib, parvarishlamadi, oqibat, qurib qoldi, desa. Mayli, ana unda meni kamsitsin. Ziyodulla kalda erkaklik uquv yo‘q, mushtday kallasiga jun ekib ololmadi, desin. U yaxshi er bo‘lmaydi desin...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:06:58

Men baribir shashtimdan qaytmadim. Sovchini bosib qo‘yaberdim.
— Aytib qo‘yinglar, men hali ot olib, ko‘pkari chopaman! — dedim.
Momosuluv noz qilib-qilib, oxiri ko‘ndi!
To‘y-tomosha bo‘ldi. U mastona-mastona qadam qo‘yib, chimildiqqa kelin bo‘lib kirdi. Men mardona-mardona odim qo‘yib, kuyov bo‘lib kirdim.
Momosuluvga ko‘rgan tushimni aytib berdim.
— Sen ham shunday tush ko‘rib edingmi? — dedim.
— Ko‘rib edim, — dedi.
— Chiningni ayt, — dedim.
— Chinim, — dedi. — Lekin, taniyolmay qolib edim, chiroq o‘chiq edi, — dedi.
— O‘sha men edim! — dedim, ko‘kragimga urdim.
— Siz ekanligingizni bilib tegdim-da, — dedi.
— Ahay-ahay! — dedim.
Birodarlar, Momosuluv tushimda. Cho‘lpon edi, hushimda Oy edi, qo‘ynimda Oftob bo‘ldi!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:07:12

 5

Bir suruv qo‘y sotdim. Pulini belimga o‘radim. Namoz chavandozni oldimga solib, Oboqliga jo‘nadim.
Birodarlar, bizning Surxonda mana bunday gap bor: ot olsang, Oboqlidan ol, ayol olsang, Irg‘alidan ol!
Buning mag‘zi shuki, ot deganlari dev! Ot bepoyonlikni deydi. Ot masofa nimaligini bilmaydi. Ot qahraton qishda-da dasht-biyobonlarda chopib o‘sadi. Ana shunda dirkillagan ot bo‘ladi! Qo‘l¬tiqlari cho‘ziladi, ko‘kraklari enlik bo‘ladi! Uchqur keladi! Bedov ot bo‘ladi!
Oboqli ana shunday dasht!
Irg‘ali deganida qiz bor! Irg‘alining qizlari zuvalasi pishiq keladi. Kiymagani yettinchi kalish kiyadi! Barining beli baquvvat, bo‘limli bo‘ladi. Irg‘alining qizlarini quchoqlasa, qo‘yin to‘ladi! Irg‘alining qizlari ko‘rgan farzand-da alpomish-kelbat bo‘ladi. Boisi, Alpomish ayni shu Irg‘alida o‘tgan-da!
Ana, bildingizmi, elning gapi qayoqqa bora¬yapti?
Men ikki kun ot sayladim. Oboqli dashti gala-gala ot! Dasht changitib chopib yuribdi! Bir yashar qulunlar, uch yashar toylar, to‘rt yashar g‘o‘nonlar, besh yashar do‘nonlar!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:08:10

Sag‘risiga uy tiksa bo‘ladigan baytallar! Haybatli ayg‘irlar!..
Birovini ushlab, old tuyoqlarini juftladim. Tuyoqlari orasidan musht urdim. Mushtim o‘t¬madi. Bordi-yu o‘tsa, yaxshi ot bo‘ladi. Qo‘yib yubordim. Yana birovini ko‘rdim. Durustgina-yu, faqat qorni yo‘q. Bor bo‘lsa-da, juda tor. Buniyam qo‘yib yubordim, bo‘lmaydi!
Birodarlar, ot olsang, ho‘kiz qorindan ol, ho‘kiz olsang, ot qorindan ol!
Orqa kezanagi bolaning bilagiday bo‘lib turadigan ot yaxshi keladi. Shundayini izladim. Yo‘liqmadim. Qopqog‘i enlik ot-da yaxshi bo‘ladi. Bundayinga-da ko‘zim tushmadi.
Galani aylanib yurdim. Bir bo‘zga ko‘zim tushdi. Shuni ushladim. Tishlarini ko‘rdim. Yoshi yettida bo‘lsa-da, hali oziqli tishi chiqmabdi. Aslida, besh yoshida chiqadi. Demak, endi chiqmaydi. Oziq tishsiz ot xosiyatli ot bo‘ladi!
Birodarlar, shu bo‘zga dil ketdi!
Uch mingni naqd sanab berdim. Bo‘zni minib keldim.
Omborxona oldidagi ustaxonaga olib bordim. Bo‘zga burov soldim: ipga tayoqcha bog‘ladim, tumshug‘idan o‘rab buradim. Burov tayoq bo‘z tumshug‘iga botdi. Bo‘zni qimirlatmay qo‘ydi.

Qayd etilgan