Nechun bir-biringizdan qo'rqasiz? Siz bu tor uylaringizda, zich yopilgan eshiklar ichida nimalaringizni yashirgansiz, ey, Orifobod odamlari!!!
Qani aytingchi, sizlar o'rtangizda tinch totuvlik xotirjamlik - ya'ni kuch quvvatingizga ishonchingiz bormi?
jimirlagan yulduzlar boshingizda gumbaz bo'lgan chog'larni eslaysizmi? Ana shu yulduz samo - aql idrok olamini eslaysizmi?
Yog'och va tosh buyumlaringizdan sizni uzoqlashtirib, muqaddas tog'lar sari yetaklovchi nafosat hissi bormi sizlarda?
Sizlar oromni, jo'ngina jimjitlik, xotirjamlikni istaysiz. Mana shu xotirjamlik istagi avval uyingizda mehmon, keyin esa amr etguvchi hukmdorga aylanadi.
Xotirjamlik istagi - sizning ehtirosli istaklaringizni o'ldirib, maydalashtirib, qo'g'irchoqqa aylantiradi.
Xotirjamlik istagi - sizni bo'ysundirib, sizni qamchilab turadi.
Xotirjamlik istagi - yumshoq qo'llari ila sizni silayotgandek bo'ladi, lekin uning yuragi temirdandir.
Xotirjamlik istagi - sizni to'shagingiz uzra allalayotgandek, aslida u sizning ustingizdan kuladi.
Xotirjamlik istagi - aqlingizga ofarin deydi va aqlingizni zaiflashtirib mo'rtlashtirib, gulbarglarga o'raydi.
Xotirjamlik istagi - qalb ehtirosini o'ldiradi, uni go'rga kuzatayotib ustidan kuladi.
Ammo kengliklarda yashaydigan, tinib - tinchimaydigan sertashvish jonsarak odamlar esa xotirjamlik paytlarida ham uning tuzog'iga bo'yin egmaydilar.
Bunday jonsarak kishilarning uyi langarda to'htab turgan kemaga emas, yelkani ochiq, safarga shay kemaga o'hshaydi.
Bundaylarning uyi jarohatga bosilgan malham emas, ko'zni asraguvchi kiprikdir.
Keng joyda yashasangiz tor eshikdan o'tish uchun qanotlaringizni yig'ishtirmaysiz, shiftga urilishdan qo'rqib, boshingizni egmaysiz, devorlar yorilib, yiqilib tushadi deb qo'rqmaysiz.
Tiriklay o'lganlar qurgan tobutga o'hshagan uylarda yashamay, keng joylarda, dala qirlarda yashash yahshidir.
Uylaringiz qanchalik muhtasham va uluig'vor bo'lmasin, ularning ichida sir-asrorlaringiz yashirin qolmaydi, yashirin istaklaringizni ham Alloh eshitib ko'rib turadi.
Zero, cheksiz bepayon uylaringiz - osmonlardir, ularning darvozasi - tonggi tumanlar, derazalari esa - tun sokinligidir...