Tengqurlarim bilan bir xil muomalada bo‘lmas edim. Yoshi ancha katta bo‘lgan qarindosh bolalar ham mendan bezillardi. Menda, qalbimda sevgi olovi uchqunlaguday bo‘lsa, bu ham bir falokat bo‘lardi. Odamlarga o‘xshab sevishni, sevganimni mehru shafqat bilan e’zozlashni o‘rganmagan edim. Yaxshi ko‘rgan odamim ustiga hayvon bolasiday otilar, quloqlarini cho‘zar, yuzini tirnar, itarib-turtib jonidan bezor qilardim.
Qarindosh bolalar orasida faqat bittasidan tortinar, o‘shandangina hayiqar edim.
U Basima xolamning o‘g‘li Komron edi. Ammo uni bola deyish uncha to‘g‘ri kelmaydi. Avvalo yoshi mendan ancha ortiq, qolaversa, juda odobli, vazmin. Bolalarga qo‘shilishni yoqtirmaydi. Qo‘llarini cho‘ntaklariga suqib olib, yo dengiz bo‘yida o‘zi yolg‘iz aylanib yuradi, yo bo‘lmasa daraxtlar soyasida kitob o‘qib o‘tiradi.
Komronning sochlari jingalak, sarg‘ish yuzi esa nozik, oppoq, yarqiroq. Shunchalar yarqiroqki, yuragim chopsa-yu quloqlariga yopishib olib, yaqindan betlariga qarasam xuddi oynadagi kabi o‘zimni ko‘rishimga ishonaman.
Undan tortinsam ham, baribir janjallashdim. Dengiz bo‘yidan savatda xarsangtosh tashiyotgan edim, shulardan bittasini oyog‘iga tashlab yubordim. Bilmayman, tosh og‘irmidi yo u anchagina nozikmidi, birdaniga chinqirib voy-voylab yubordi. Esim chiqib ketdi. Bog‘chadagi kattakon chinorga maymundek chaqqon tirmashib chiqib ketdim. Meni u yerdan na ozor, na do‘q va na yolvorishlar tushira oldi. Oxiri bog‘bonni orqamdan chiqardilar. U ko‘tarilgan sari men ham daraxt uchiga chiqib ketaverdim. Ammo u, og‘irimni ko‘tara olmaydigan ingichka shoxlarga chiqishdan toymaydigan bir alfozda ekanligimni, agar orqamdan chiqaversa falokat ro‘y berishi mumkinligini ko‘rib, pastga tushib ketdi.