Choliqushi (roman). Rashod Nuri Guntekin  ( 289114 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 61 B


shoir  11 Oktyabr 2007, 13:06:31

— Farida bolam... Senga bir xabar aytmoqchiman... Og‘ir xabar... Otang picha betob emish... Picha deyapman, lekin anchagina bo‘lsa ham ehtimol....
Mudira opa qo‘lidagi bir parcha qog‘ozni buklar, so‘zini ulashtirishga qiynalar edi.
Meni sinfdan chaqirib kelgan murabbiyaning birdan yuziga ro‘molcha to‘sib tashqariga chiqib ketganini ko‘rdim.
Tushundim. Bir nima demoqchi bo‘ldim, lekin mudira opa singari mening ham tilim tutilib qoldi. Boshimni o‘girib, ochiq derazadan daraxtlarga qaradim. Ularning oftob nuri tushgan tepalarida qaldirg‘ochlar uchishib yurardi.
Birdan men ham o‘shalar singari jonlanib ketdim.
— Tushundim, ma soeur, kuyunmang... Nachora? Hammamiz ham o‘lamiz... — dedim.
Bu safar mudira opa boshimni ko‘ksiga bosdi, ancha vaqtgacha qo‘yib yubormadi.
Maktabimizda begonalar kiritilmaydigan kun bo‘lishiga qaramay, bir ozdan so‘ng xolalarim meni ko‘rgani kelishdi. Ruxsat so‘rab uyga olib ketmoqchi bo‘lishgan edi, men ko‘nmadim. Imtihonlar juda ham yaqinlashib qolgani o‘sha kuni har mahaldagidan ham ziyodroq sho‘xlik qilishimga xalaqit bermadi. Shu darajada sho‘xlik qildimki, kechki dars tayyorlash paytida badanim o‘t bo‘lib yondi, tanballarga o‘xshab qo‘llarimni partaga qo‘yib uxladim va o‘sha kecha ovqat ham yemadim.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:16:06

* * *

Yozgi ta’tilimni Basima xolaning Qo‘zyotog‘idagi chorbog‘ida o‘tkazdim.
Bu yerdagi bolalar bilan ko‘nglim ovunmas edi. Basima xolamning qizi Najmiya onasining etagidan ajralmaydigan kamgap, xastahol qizaloq edi. Komron akasining xuddi o‘ziginasi desa bo‘ladi.
Xayriyatki, atrofda Bolqondan ko‘chirma qilinganlarning bolalari bor ekan. Ularni bog‘chaga to‘plab olib, qiy-chuv solar, kechga qadar to‘polon qilardim.
Bir oz vaqtdan keyin bechora o‘rtoqlarim quvg‘inga uchrashdi, chorbog‘ bog‘boni ularni ko‘chaga quvdi.
O‘rtoqlarim ko‘ngilchan bolalar edi; ko‘rgan haqoratlarini pisand qilmay, meni chorbog‘dan olib qochgani kelishardi. Necha soatlab dalalarda beboshlik qilar, polizlarning chetanlaridan oshib o‘tib yegulik o‘g‘irlardik.
Kechqurun yuzim oftobda po‘rsillab, etaklarimning yirtiqlarini tilingan qo‘llarim bilan yashirishga tirishib uyga kirib kelganimda, xolam sochlarini yular, bir tutam yaltiroq tuk ostidagi pushti og‘zini ochib ora-sira esnab o‘tirgan, shu holida esi past yalqov mushukka o‘xshagan Najmiyani menga ibrat qilib ko‘rsatardi. Suluvligi, bilimdonligi, nozikligi, tarbiyasi, bilmayman yana nima balosi bilan nuqul boshimga taqillab uriladiganlardan yana biri Komron edi.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:16:29

Najmiya bo‘lsa... Gapning qisqasi, onasining etaklari ostida o‘sgan, yumshoq, mo‘min uy mushugi edi. Lekin qizlarning shunaqa bo‘lishi kerakligini ichimda ma’qullar ham edim.
Lekin yigirmaga yaqinlashib qolgan, tarovatli yupqa lablari ustida mayin miyiqlar sabza ura boshlagan kap-katta Komronga nima bo‘ldi? Qizlarnikiga o‘xshagan zaifona oyoqlarida oppoq charm tuflisi, ipak paypoqlari, yurganda yosh novdaday tebranuvchi sarv qomati, shohi ko‘ylagining ochiq yoqasidan chiqib turgan uzun, oq bo‘yni bilan erkakdan ko‘ra ko‘proq qizga o‘xshagan bu yigitga juda yomon jahlim chiqardi.
Erkak qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar uni yaxshi yigit deb maqtashguday bo‘lishsa, qonim qaynab ketardi.
Necha bor yugurib kelib, oyog‘im lat yeganday o‘zimni ustiga tashlaganimni, kitoblarini yirtganimni, bekorchi bahonalar bilan janjal chiqarmoqchi bo‘lganimni eslayman. "œHoy, ollohning quli, qiz bolaga o‘xshab o‘tirmay bir oz jonlansang-chi, biron narsa desang-chi, ana shunda misoli mushukday bo‘yningga osilib, seni tuproqqa bulab tashlay, sochlaringni yulay, ilon ko‘zlariga o‘xshagan yashil ko‘zlaringga chang solay!" deb o‘ylayman.
Oyoqlariga tosh yumalatib yuborib, g‘ujanak qilgan kunimni ich-ichimdan zavq bilan titrab turib eslayman. Lekin u o‘zini yetilgan erkak kishiday hisoblab, menga yuqoridan qaraydi, ko‘zlarini jilmaytirib: "œBolaliging qachon qoladi, a, Farida?" — deydi.
"œJuda soz, lekin senda ham qachongacha davom etadi bu pismiqlik, bu sovchi oldiga chiqqan qari qizning nozu karashmasi?.."

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:16:58

Bu so‘zlarni har nima bo‘lganda ham aytolmayman, albatta. Xudoga shukur, yoshim o‘n uch-o‘n to‘rtlarda... Shu yoshdagi bir qizning qo‘rsligini shu qadar bir nazokat bilan qarshilagan xushmuomala kishidan ortiqcha xafa bo‘lish yarashmaydi. Beixtiyor nojo‘ya so‘z chiqib ketishidan qo‘rqayotgandek, og‘zimni qo‘lim bilan yopib olaman, uni bemalol so‘kib olish uchun bog‘chaning xilvat burchaklariga qochib ketaman.
Yomg‘ir quyib turgan kunlarning birida qarindosh xotinlar kiyim-kechak haqida gaplashib o‘tirishgan edi. Xotinlar tiktirmoqchi bo‘lishgan qishki kiyimlarining rangi to‘g‘risida Komronning fikrini so‘rab qolishdi.
Men bir burchakda tilimni chiqarib, ko‘zlarimni olaytirib, ko‘ylagimning yengini yamash bilan mashg‘ul edim. O‘zimni tutolmadim, qahqaha urib kulib yubordim.
Xolavachcham:
— Nimaga kulyapsan? — deb so‘radi.
— O‘zim... — dedim. — Esimga bir narsa tushib ketdi...
— Nima tushdi?
— Aytmayman...
— Ko‘p noz qilaverma. Darvoqe, sening ichingda gap turarmidi... baribir aytasan bir kun....
— Unday bo‘lsa xafa bo‘lma... Sen xonimlar bilan kiyim to‘g‘risida gaplashib turganingda, men seni xudo yanglish yaratgan deb o‘yladim... Qiz bo‘lganingdami... lekin hozirgi yoshingda emas... Masalan, o‘n uch-o‘n to‘rt yoshlaringda....

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:17:56

— Juda soz, keyin....
— Boyatdan beri atigi bir qarich yirtiqni yamaguncha barmoqlarimni ilma-teshik qilib olganim uchun ham men yigirma-yigirma ikki yoshlardagi bir erkak....
— E, keyin....
— Keyin nima bo‘lardi, ollohning amri, payg‘ambarning qavli bilan seni o‘zimga olardim, vassalom. 
Uydagilarning hammasi sharaqlab kulib yubordi. Boshimni ko‘tardim-u, hammaning ko‘zi menga tikilib turganini ko‘rdim.
Mehmonlardan biri beadabgarchilik qildi:
— Juda soz, buni hozir ham qilish mumkin, Farida, — dedi.
Esim og‘di. Ko‘zlarimni olaytirib:
— Qanday qilib? — deb so‘radim.
— Qanday qilib? Komronga tegasan qo‘yasan-da... U sening bezaklaring g‘amini yeydi, yirtiqlaringni tikadi. Sen ham ko‘cha ishlariga qaraysan.
Achchig‘im chiqib turib ketdim. Lekin bu gal ko‘proq o‘zimdan achchig‘langan edim. Nima qilay, gap-so‘zni o‘zim boshlab bergan edim. Men bema’ni gaplar aytishda bu qadar haddimdan oshib ketgan emasdim, chamamda shu xoin yirtiq ko‘ylak es-hushimni olib qo‘ygan bo‘lsa kerak.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:18:25

Shunday bo‘lsa ham, qo‘rqoq oldin musht ko‘taradi, degandek yana hujumga o‘tdim.
— Bo‘ladi, lekin Komronbey uchun zararli bo‘lar deb o‘ylayman, — dedim, — chunki xudo ko‘rsatmasin, uyda janjal chiqquday bo‘lsa xolavachchamning holi nima bo‘lar ekan. Bir mahallar nozik oyoqlariga tushgan toshni eslaridan chiqarmagan bo‘lsalar kerak, deb o‘ylayman... — Kulgilar orasida g‘alati bir jiddiyat bilan xonamga chiqib ketayotgan edim, ammo eshikka yetganimda yana qayrildim. — Beadablik qildim, — dedim, — o‘n to‘rtga kirib qolgan bir qiz uchun juda uyat ish bo‘ldi, aybga buyurmanglar.
Tovonlarimni zina taxtalariga urib, eshiklarni lang ochib xonamga kirib ketdim. O‘zimni karavotga to‘pday tashladim. Pastda qahqahalar davom etardi. Qaydam, balki meni ermak qilishayotgandir. Baraka topishsin.
Komronga tegsam haqiqatan ham yaxshi bo‘lsa kerak. Chunki yoshlarimiz kun sayin ortib, u bilan janjallashish bahonalari kamayib borar edi. Bir marta bo‘lsa ham soch yulishib, bosh urishib alamimni chiqarib olish uchun unga tegishdan boshqa chora yo‘qday ko‘rinardi.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:19:00

 * * *

Yozgi ta’til oxirida maktabimiz birmuncha vaqt qaynab toshar, bu toshqinlik faqat birinchi chorak imtihonlarigacha davom etardi.
Sababi shuki, o‘n uch-o‘n to‘rt yoshga kirgan katolik dugonalarim bahorgi Paxsa bayramida dastlabki marosimlarni qilishar, etaklari yerga tegadigan oq shohi ko‘ylaklar kiyishib, kelinchak yuz pardasiga o‘xshagan ro‘mollar o‘rab olib, Iso payg‘ambarni eslashardi.
Cherkovda mum shamlar yoqiladi, organ chalinib, duolar o‘qiladi; hammayoqni to‘ldirgan bahor gullarining muattar bo‘ylari bilan aralashib ketgan isiriq, aloy tutunlari ichida qilinadigan bu marosim juda chiroyli bo‘ladi. Shunisi yomonki, kanikul kunlarida qilinadigan bu marosimda xoin dugonalarim unashib qo‘yilgan yigitlariga vafosizlik qiladilar, asal mumi rangli, moviy ko‘zli Isoni ro‘para kelgan bir, hatto bir necha erkak bilan bo‘lib aldaydilar.
Maktab ochilganda dugonalarim chamadonlarining bir burchagiga yashirib maktublar, rasmlar, esdalik qilib berilgan gullar, nevlay, yana qanday narsalar keltiradilar.
Bog‘chada ikkitadan yo uchtadan bo‘lib qo‘l ushlashib yurganlarida gaplashgan gaplarini bilardim. Qizlarning eng ma’sumasiga, eng dindorlariga hadya qilingan rangli, zarli payg‘ambar yo malak suratlarining tagida saqlanadigan rasmlar yigitlarniki ekanini osongina bilib olardim. Bog‘chaning bir burchagida biror qizning tevaragida uchgan chivinlar ham uqolmaydigan bir shipshish bilan dugonasi qulog‘iga aytgan gapidan ham bexabar qolmasdim.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:19:41

Bu mavsumda qizlar ikkitadan-uchtadan bo‘lib olishib, bir-birlariga yelimday yopishib ketishardi.
Men bechora esa bog‘chada ham, sinfda ham yakkalanib qolardim. Dugonalarim mendan sir saqlashardi. Ular murabbiyalardan ham ko‘proq mendan qo‘rqishardi. Nega deysizmi? Chunki sergap edim, soqolli amaki aytganday, ichimda gap turmas edi. Mabodo qizlardan birontasi qo‘shni yigit bilan bog‘cha panjarasi orqali gul olib-berishganini ko‘rdimmi — bo‘ldi, bog‘chada darrov ayyuhannos ko‘taraman. Nachora, bunday narsalarga juda ham o‘ch edim.
Hech esimdan chiqmaydi: qish kunlarining birida kechqurun dars tayyorlash bilan mashg‘ul edik. Mishel ismli tirishqoq bir qiz no‘noq dugonasiga Rim tarixini o‘rgatish uchun murabbiyadan ijozat so‘rab, eng orqadagi qatorga o‘tib o‘tirgan ekan. Darsxona jim-jit edi, shu jimjitlik ichida birdan piqillagan ovoz eshitildi. Murabbiya boshini ko‘tarib:
— Nima bo‘ldi, Mishel, yig‘layapsanmi? Nimaga? — deb so‘radi.
Mishel ko‘z yoshlaridan ivib ketgan yuzini qo‘li bilan to‘sib oldi.
Uning o‘rniga men javob berdim:
— Mishel karfagenliklarning yengilganiga xafa bo‘ldi, shunga yig‘layapti, — dedim.
Sinfda biram qahqaha ko‘tarildiki...

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:19:55

Xullas, dugonalarim meni o‘zlariga qo‘shmaslikda haqli edilar. Faqat hammadan ajralib qolish, kap-kattakon qiz holimda esi past bola muomalasini ko‘rish uncha yaxshi narsa emas edi.
Yoshim o‘n beshga qarab borardi. Hamma onalarimiz kelin bo‘lgan, buvilarimiz esa: "œVoy, sho‘rim, uyda qolib ketyapsizlar!" deb hayajonga tushadigan va hazrati Ayyub qudug‘iga* chopadigan yosh...
Bo‘yim cho‘zilmay qolgan edi. Ammo sho‘x-o‘jarligimga qaramay, qomatim kelishib, chehramda ajoyib ranglar, nurlar yonib o‘cha boshlagan edi.
Soqolli amaki ba’zan qo‘llarimdan ushlab, meni deraza yoniga olib borardi-da, yuzimni xuddi ko‘zlariga surtadigandek, yuzini yaqin keltirib: "œQizim, bu nima?.. Bu qanaqa rang, hey?.. Guldek toza-ya. Na so‘ladi, na eskiydi!" — deyardi.
Oynaga qarab: "œHa, jonim, qiz degan ham shunaqa bo‘ladimi? Fe’li bo‘ri bolasiga o‘xshasa-yu, yuzi rassom chizganday chiroyli bo‘lsa!" — deb o‘ylar, universal magazin ko‘rgazmasida buvakni tomosha qilayotganday tilimni chiqarib, ko‘zlarimni olaytirib, o‘zimni ermak qilar edim..

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:20:36

* * *

Ta’tillar ichida eng yaxshi ko‘rganim Pasxa bayrami edi. Bu ikki haftalik ta’tilni o‘tkazish uchun Qo‘zyotog‘iga borganimda giloslar pishgan, katta bog‘ning ko‘chaga qaragan tomonini boshdan-oxir to‘sib olgan daraxtlardagi giloslar chayqalib turgan bo‘lardi.
Gilosni juda yaxshi ko‘rardim. Ana shu o‘n besh kunni chumchuqlar singari faqat gilos yeyish bilan tugatar, shoxlarining eng uchlarida qolgan giloslarni ham tugatmay turib maktabga qaytmas edim.
Bir kuni kechki payt daraxt ustiga chiqib olib, gilos yeya, danaklarini uzoq-uzoqlarga ota boshladim.
Shu danaklardan biri ko‘chada o‘tib ketayotgan bir keksa qo‘shnimizning naq burniga borib tegsa bo‘ladimi?
Boyoqish nima bo‘lganini bilmay dong qotib qoldi, atrofiga telba ko‘zlar bilan jovdirab qaradi, lekin boshini ko‘tarib daraxtga qarash hech esiga kelmadi.
Ovozimni chiqarmasam, o‘tirgan yerimdan qimirlamasam, balki meni hech ko‘rmay, bironta qush uchib ketayotib danak tushirib yubordi, deb qo‘ya qolardi.
Men esam, nihoyatda qo‘rqqanimga, uyalganimga qaramay, o‘zimni tutolmasdan kulib yubordim.

Qayd etilgan