Choliqushi (roman). Rashod Nuri Guntekin  ( 289157 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 53 54 55 56 57 58 59 60 61 B


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:55:30

Komron kulimsirab turib eshitdi. Farida davom etdi:
— Lekin bechora qizning sirini senga aytib, ko‘p yomon ish qildim. Tiyilib o‘lmagan tilim  qo‘ymadi-da... Jon Komron, xudo haqqi, birovga og‘zingdan chiqarma, xo‘pmi? Balki kelajakda, kim bilsin, Narmin unga ko‘ngil qo‘yib qolar... Og‘zingdan chiqarmasang, ularga qiladigan yaxshiliging shu bo‘ladi...
— Va’da beraman, Farida. Lekin Narmin hali juda ham yosh-ku...
Farida:
— Ehtimol. Lekin bunaqa yoshlarning qalbi ko‘ringaniday bo‘lib chiqavermaydi, — dedi.
Uning so‘zlarida zaif bir gina bor edi.
Shu so‘zlardan keyin anchagacha jim borishdi. Hamon yonma-yon ketishardi. Shamol asta-sekin susayib, ularning qadamlari ham sekinlashib bordi. Bechoralar yo‘lning tugashidan qo‘rqar edilar.
Komron ichida ezilib o‘ylardi: "œBoyagina tabiat menga ma’nosiz, o‘zim esam keraksiz bir narsa bo‘lib ko‘ringan edi... Endi esa pushtirang qizaloq chorshafi ichida titrayotganday ko‘ringan nozik, kichik, chiroyli narsani shamoldan bir ozgina himoya qilish menga qanchalik baxt keltirdi. Hamma vaqt shunday bo‘lishi mumkin edi. Men bu kichkina, ko‘hlikkina vujudni xohlasam baxtiyor qila olar, o‘zim ham baxtiyor bo‘la olardim... Afsus!"

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:55:39

Farida xayolga cho‘mib, qadamlarini asta-asta sekinlashtirib borardi. U birdan yana gapira boshladi, gapirganda ham hozirgi suhbatlariga hech aloqasi bo‘lmagan narsalar to‘g‘risida gapirardi:
— Har nima bo‘lganda ham, bu kichkina sayohat bahrimni ancha ochdi. Bir-ikki yil gashtini surib yuraman... Keyin, xolalarimni, hammangizni sog‘insam, tag‘in kelaman... Ana shunday qilib, yillar o‘tadi, sekin-sekin sochlarim oqara boshlaydi, seniki ham shunday bo‘ladi, albatta. Bir-birimizni ko‘rganimizda yana xursand bo‘lamiz, ayrilganimizda esa achinishimiz balki ozayib borar... Kim biladi, bir kun emas-bir kun butunlay qaytib ham kelarman, shunday emasmi? Hayot bu, har narsa bo‘lishi mumkin... Ana shunda sen mening chinakam akam bo‘lib qolasan... Qarilar birin-ketin ketishgan sari biz ham bir-birimizning qadrimizga ko‘proq yetadigan bo‘lamiz. Mayda, ahamiyatsiz kamchiliklarimizga ortiqcha parvo qilmaymiz. Shunday qilib, umrimizning so‘nggi damlarini yoshlik chog‘larimiz o‘tgan yerlarda...
Ovozining billuridagi ko‘rinmas darz jarangi kuchayib, so‘zlariga yashirin huzun va alam ohangi berib borardi...

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:55:48

Yo‘lda bolasi bilan ketayotgan bir tilanchi xotinga duch kelishdi. Yalang oyoq bola Faridaning atrofida parvona bo‘lar, ozg‘in qo‘llari bilan uning etaklarini silardi.
Komron xotinga xayr berdi. Farida esa kichkina yetimchalarni suyib-siypashga o‘rganib qolgani uchun gadoy bolaning boshini silashdan jirkanmadi.
Ular yana yurib ketishganda, tilanchi xotin orqalaridan duo qilib qoldi:
— Xudoyim bir-biringizdan ayirmasin. Xudoyim shu chiroyli qizni senga ehson qilsin!
Yoshlar ixtiyorsiz to‘xtab qoldilar. Komronning qalbidagi alamli o‘tmish ko‘z o‘ngida aks etdi.
— Farida, eshitdingmi nima deganini? — deb so‘radi u.
Bu savolga Faridaning ko‘zlaridan yumalagan bir juft yirik tomchi javob bo‘ldi. Endi ular bir-birlariga yaqin kelishga botinishmay, ayri-ayri yurib ketishdi.

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:55:57

*  *  *

Ular chorboqqa oqshom olaqorong‘isida yetib kelishdi. Shamol tinib, havo ochilib ketgan edi. Daraxtlar esa uzoq kurashdan charchab, mudrab qolgandek ko‘rinardi. Qoyalarda xuddi ichidan sizib chiqayotganday nozik sadaf shu’la goh porillab ko‘rinadi, goh uchib qoladi.
— Hozir vaqt erta, Farida. Hali ular shahardan qaytib kelishgani ham yo‘q. O‘sha qoya tomonga borib, aylanib kelsak, nima deysan?
Farida boshini solintirib, majolsizlik bilan:
— Menga ruxsat ber, Komron. Borib yechinmasam bo‘lmaydi, shamol boshimni og‘ritib yubordi, —  deb uzr so‘radi.
Haligina Faridaning jonli, o‘ynoqi vujudi atrofida xuddi jonli narsaday uchib, ko‘ksini, tizzalarini ehtiros bilan quchib turgan pushtirang chorshaf endi jonsiz lattaday yelkalarida solinib turardi.
Farida qimirlashga madori qolmagandek, darvoza yonidagi toshga sekin o‘tirdi-da, qumga shamsiyasi bilan umidsizligi qadar chuqur, hayoti kabi shikasta chiziqlar chiza boshladi. Bir ozdan so‘ng Komron ham yoniga o‘tirdi, yelkasini Faridaning yelkasiga tegizib, qo‘lini sekin o‘z qo‘liga oldi. Qiz bir seskandi-yu, qayoqqa qochsam ekan degandek, atrofiga javdirab qaradi. Komron uning chuqur-chuqur xo‘rsinganini, hozirgina yovvoyilarcha chaqnagan ko‘zlariga bir dam mo‘minlik, itoatkorlik malohati cho‘kkanini ko‘rdi. Farida muzlagan, titragan qo‘lini eski nishonlisining qo‘llariga taslim qildi. Ikkalasi ham ko‘zlarini yumdi. Komronning yopiq qovoqlari ichida mayda uchqunlar jivirlashar, u: "œMana, qo‘limda Faridaning qo‘li titrab turibdi. Demak, odam bolasi ro‘yobga chiqmaydi degan tushlar ham amalga oshar ekan-da!" deb o‘ylardi. U axiyri ko‘zlarini ochdi.

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:56:13

Farida yig‘lay-yig‘lay uxlab qolgan yosh bola singari ahyon-ahyonda xo‘rsinib qo‘yar, hamon og‘irlashib borayotgan boshini uning yelkasiga qo‘yib o‘tirardi. Faridaning holida, qo‘llarini topshirishida mazlum kishi taslimligi bor edi.
Komron har qimirlaganda uning o‘ziga yana ham yaqinroq suqulganini, qo‘lini yana ham qattiqroq siqayotganini sezib turdi.
Birdan yigit lablari past, nihoyatda past tovush bilan:
— Men gulbashakarni yaxshi ko‘raman, — deb shivirladi.
Eshikning g‘itillab ochilishi yoshlarni shirin uyqudan uyg‘otib yubordi. Farida o‘q ovozini eshitgan qush chaqqonligi bilan o‘rnidan sakrab turdi.  Oldinda Narmin kirdi. Choliqushi hayajonli sevinch bilan uning bo‘yniga osildi. Yosh qizni mahkam-mahkam quchoqlar, sochlaridan, ko‘zlaridan cho‘lp-cho‘lp o‘pardi. Hech kim bu sevinch sababini bilmas edi. Choliqushining bir zumgina avvalgi horg‘inligidan asar ham qolmagan edi. Kichkintoylarni qo‘liga olib, boshidan yuqoriga irg‘itar, ularni chinqirtirardi.
Hamma ichkariga qarab yurganda, Farida o‘zini orqada olib qolib, ichkarigi eshik panasida Komronni kutib turdi. Uni ko‘rgach, past tovush bilan:
— Mersi, Komron, — dedi.

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:56:22

VII

Ertasiga Farida yana o‘zi yolg‘iz shaharga tushib, tush mahalida horib-tolib keldi. Charchab, o‘zi zo‘rg‘a turganiga qaramay, bolalarni yana to‘pladi-yu, hovlida baland arg‘imchoq qildi.
Komron Azizbeyning qari, ezma bir mehmonidan zo‘rg‘a qutulib, hovliga chiqqanda Farida Najdad bilan arg‘imchoq uchayotgan edi. Choliqushi kuchining boricha arg‘imchoqni uchirar, Najdad esa mushuk bolasidek bo‘yniga osilib chinqirardi.
Komron o‘n yil avvalgidek, Oysha xolasining:
— Farida, qizim, jinnilik qilma, bolani yiqitasan! — deb qichqirganini eshitdi.
Choliqushi quloq osmadi, aksincha, butun qalbi bilan quvonib qichqirdi:
— Voy xola-ey, nimaga qo‘rqasiz? Najdadning asl egasi zorlanmayapti-yu! Shundaymi, Komron?
Farida bolalarning eng kattasi, ayni zamonda eng qo‘rqog‘i bo‘lgan Narminni chinqirtirib, jonini olgandan so‘ng o‘zi ham arg‘imchoqdan tushdi. Sochlari terlab, qizarib ketgan peshonasiga, yuziga yopishib qolgan edi. U qo‘liga yopishgan arqon iplarini tushirish uchun hovuchlarini bir-biriga ishqab turib:
— Nazarimda, hamma uchib bo‘ldi shekilli, — degan edi, Komron yuragi betlamaygina:
— Meni esdan chiqarding, Farida, — dedi.

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:56:32

Choliqushi beholgina jilmaydi. "œYo‘q" deyishga ko‘ngli bo‘lmas, "œxo‘p" deyishga esa botina olmas edi. Ana shundan keyin bir arqonga, bir daraxt shoxiga qarab olib:
— Hayronman, qanday bo‘lar ekan, — dedi. — Arqon ikkalamizni ko‘tara olmas deyman, a, Mujgon?
Mujgon arqonni ushladi, keyin Komronning ko‘zlariga sekin tikilib:
— Gap arqonda emas... Farida juda charchagan. Ahvoliga qara, Komron. Charchab zo‘rg‘a turgan xotinni yana beshbattar charchatish gunoh bo‘lar deb o‘ylayman, — dedi.
Farida avval "œHechqisi yo‘q, nima bo‘lardi" deb turgan bo‘lsa ham, keyin Mujgonning so‘zlari va ko‘zlaridagi ma’noni tushundi-yu, gunoh qilib qo‘ygan yosh bola singari izza bo‘lib, qo‘rqib boshini solintirdi. So‘ngra past tovush bilan:
— Ha, juda charchaganman, tobim ham joyida emas,— dedi.
Chindan ham ahvoli kasal kishinikiga o‘xshardi, haligina ko‘zlarida chaqnab turgan sho‘xlik o‘tlari ham so‘ngan edi.
Mujgon haligacha ko‘zlarini Komrondan olmagan edi, u past ovoz bilan:
— Men o‘ylaganimdan ham battarroq bag‘ring tosh ekan, Komron! — dedi.
Komron ham Faridaga eshittirmaslik uchun past tovush bilan:
— Nega endi? — deb so‘radi.
Mujgon uni xilvatga sudrab ketdi.
— Bechoraning ahvolini ko‘rmayapsanmi? Baxtini qora, qalbini yara qilganing ham yetmadimi?
— Mujgon!..

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:56:42

— Uni shuncha yildan beri birontamiz yo‘qlamadik. Sog‘inib-sarg‘ayganiga chidamay, ozorlarini, alam va qayg‘ularini unutib qaytib keldi. Kelgan kunlari juda yaxshi edi. Sen bo‘lsang, qalbida anchagina bitib qolgan yarasini yana ochib yubording... — Mujgonning ko‘zlariga yosh keldi. — Ertaga jo‘naydi, lekin bechoraning qanchalik azob, qanchalik iztirob ichida jo‘nashini men yaxshi bilaman... Shunday, Komron, Farida ertaga ketadi! Hammayog‘ini tayyorlab qo‘ydi. Men ham bundan bexabar edim. Farida bu safar menga na qalbini ochdi va na hayotiga doir biron narsa aytdi. Tuyqusdan jo‘nayotganligini aytdi. Imonim komil, bu gapi yolg‘on. Aslida, Farida sendan qochib ketyapti, axir qachongacha azob tortadi? Men bu gaplarni senga shunchaki aytayotganim yo‘q, Komron. Men bu ayriliqning Farida uchun juda ham og‘ir bo‘lishidan qo‘rqaman. Farida bardam, odamning aqli ishonmaydigan darajada bardam, lekin har holda xotin kishi. Sen uni juvonmarg qilgan kishisan, shuning uchun undan qarzdorsan! Endi har nima bo‘lsa ham shu ayriliq soatlarida o‘zingni bardam, og‘ir tut, Faridaga ham iloji boricha kuch ber, quvvat ber.
Komron bu so‘zlarni eshitib, yashil ko‘zlarigacha oqarib ketdi.
— Faqat Faridaning xazon bo‘lgan hayotini gapirasan, xo‘sh, meniki-chi? — dedi.
— Seniki o‘zingning xohishing bilan bo‘ldi.
— Bunchalik bag‘ritosh bo‘lma, Mujgon!
— Tushungin axir, iloji bo‘lganda edi, men bunday tisarilib turmas edim. Nima qilaylik, qo‘limizdan hech narsa kelmaydi. Axir Farida boshqa odamning xotini, bechoraning boshi bog‘liq. Ko‘rib turibman, sen ham juda baxtsizsan. Ilgarigiday sendan xafa emasman. Lekin, nima qilaylik, nochormiz...

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:56:54

*  *  *

Faridaning ertaga ketishi hammaning qulog‘iga yetgan bo‘lsa ham, uydagilarning hech bittasi bundan og‘iz ochmadi. Kechki ovqat chuqur jimlik ichida o‘tdi. Shu oqshom Azizbey yana ham qarib ketganday ezgin ko‘rinardi. U Faridani yoniga o‘tqazib olib, tez-tez yelkalarini silaydi, iyagidan ushlab yuzini o‘ziga o‘giradi, ko‘zlariga tikilib:
— Oh, Choliqushi! Qariganimda meni xarob qilding-da, — deyar edi.
Shu kecha hamma o‘z xonasiga barvaqt kirib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:57:06

VIII

Vaqt yarim kechadan oshgan. Chorbog‘ dong qotib uxlamoqda. Mujgon xonasidan chiqdi. Boshiga yupqa ro‘mol tashlab olgan, bir qo‘lida shamdon. Goh oyoqlarining uchini bosib, goh to‘xtab, Komron yotgan xonaning eshigiga keldi. Ichkarida na sharpa va na chiroq. Juvon eshikni sekin taqillatdi, keyin juda past tovush bilan shipshidi:
— Komron, uxlayapsanmi?
Eshik darhol ochildi. Komron yechinmagan edi. Sham yorug‘ida yuzi yana ham so‘lg‘in, yana ham horg‘in ko‘rindi. Bu xira yorug‘ ko‘zlarini qamashtirayotganday, kipriklarini pirpirata boshladi.
— Hali ham yotganing yo‘qmi, Komron?
— Ko‘rib turibsan-ku.
— Nega chirog‘ingni o‘chirding?
— Shu kecha chiroq ko‘zlarimni achishtiryapti.
— Qorong‘ida nima qilyapsan?
Komron achchiqqina kuldi.
— Hech, umidsizlik, baxtsizlik zahrini yutib o‘tiribman. Xo‘sh, o‘zing nega bemahal kelding? Nima ishing bor?
Mujgon hayajonini zo‘rg‘a bosib:
— Bitta g‘alati xabar olib keldim. Hovriqma, Komron, o‘zingni bos, aytib beraman, — dedi.

Qayd etilgan