Choliqushi (roman). Rashod Nuri Guntekin  ( 289133 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 61 B


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:56:24

Bir qur bitta itning hujumiga uchradik. It bo‘lganda ham Mujgonning qo‘l sumkasiga sig‘ib ketadigan kichkina kuchuk. Mujgon shu kuchukchani ko‘rdi-yu, voydodlab qocha boshladi. Keyin maymunjonni yeyishdan ham qo‘rqa boshladi: "œMe’dang buziladi... og‘riysan...", deb mevalarni qo‘limdan olib tashlamoqchi bo‘ldi. Maymunjonlar eziladi, yuzimizga chaplanadi. Keng yoqasiga ikki qator tasma bilan langar shakli tikilgan oq shoyi koftam dog‘ bo‘lib ketdi.
Orqadagilar bizga yetib olgunlaricha biz ishimizni bitirib olamiz degan edim, lekin Mujgon ikkovimiz bu janjalni bir yoqlik qilgunimizcha, ular pastdagi yo‘lning boshiga yetib qolishibdi. Bizni yo‘qotib qo‘yishgan bo‘lishsa kerak, chorboqqa ketavermay, orqaga qarab turishardi. Yonlarida bitta erkak kishi ham bor.
Mujgon:
— Voy, kim ekan-a? — devdi, men:
— Kim bo‘lardi, biron yo‘lchi, yo qishloqidir-da, — dedim.
— Unday bo‘lmasa kerak.
To‘g‘risini aytsam, men ham shunday deb o‘ylamayman. Oqshom ola-qorong‘iligida, yo‘l bo‘yidagi katta daraxtlar soyasi orasida uncha yaxshi ko‘rinmasa ham, harholda boshqa odam ekanligi sezilib turardi.
Bir ozdan so‘ng u kishi bizga qo‘l siltadi, keyin ulardan ajrab biz tomon kelaverdi.
— Juda qiziq! Harholda bitta-yarimta tanish bo‘lsa kerak, — dedi-yu, bir ozdan so‘ng hayajon bilan qichqirib yubordi: — Farida, Komronga o‘xshaydi... Qoch!
— Bo‘lmagan gap. Qo‘y-e, bu yerda u nima qiladi? — dedim.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:57:07

— Voy xudo, xuddi o‘zi! 
Mujgon yugurib ketdi. Men bo‘lsam, aksincha, qadamimni sekinlashtirdim. Nafasim tiqilib, tizzalarimda titroq turganini sezayotgan edim.
Yo‘l bo‘yida to‘xtadim. Oyog‘imni katta toshga qo‘yib egildim-da, tufligimning ipini yechib, yana sekin-sekin bog‘lay boshladim.
Yuzma-yuz kelganimizda men bosiq, bir oz kesatiq bilan:
— Tavba, — dedim, — siz bu yerlarda?.. Shuncha uzoq yo‘l zahmatini qanday qilib uhdangizga oldingiz?
U hech nima demas, yotu begona oldida turgandek tortinchoq bir jilmayish bilan yuzimga qarardi. Keyin qo‘lini uzatdi.
Men qo‘limni tortib orqaga oldim:
— Mujgon opam ikkovimiz o‘zimizni maymunjon bilan ziyofat qildik. Qo‘llarim shira, keyin ustiga chang yopishdi. Xolalarim qalay? Najmiya qalay?
— Ko‘zlaringdan o‘pib qolishdi, Farida.
— Mersi.
— Naqadar kuyibsan, Farida... Terilaring ko‘chib tushibdi...
— Quyoshdan.
Shu yerda Mujgon gap qotdi:
— Sen ham shunday, Komron.
Men o‘zimni tutib turolmadim.
— Kim bilsin... oftobda shamsiyasiz* yurganmi, a?— dedim.
Kulishdik. Keyin yurib ketdik.
Bir ozdan so‘ng Mujgon bilan Oysha xolam bo‘lamni o‘rtalariga olishdi. Xolamning qo‘shnilari qirqdan oshib ketgan bo‘lishsa ham, o‘zlarini xotin, Komronni esa erkak kishi hisoblab orqada borishardi.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:57:29

Men bolalar bilan oldinda ketayotgan bo‘lsam ham quloqlarim orqada edi. Bo‘lam o‘zini qanday shamol uchirib keltirganini xolam bilan Mujgonga uqtirayotganligi quloqlarimga kirib borar edi.
— Bu yoz Istambulda juda zerikib qoldim, — deyardi u. — Lekin, bilmaysizlar, shu qadar ko‘p...
Poshnamni jahl bilan yerga urdim, ichimda: "œAlbatta, baxtiyor tulni yot ellarga qochirib yuborganingdan keyin bundan ortiq nima bo‘lsin?" — deb o‘yladim.
Komron so‘zini davom ettirdi:
— Tunov kecha oyning o‘n beshi edi. Bir o‘rtog‘imning ulfatlari bilan Olamdog‘iga chiqdik. Nihoyatda chiroyli bir kecha edi. Lekin mening o‘tkinchi, ketkinchilarga hech toqatim yo‘q. Tong yorishar paytda hech kimga aytmasdan yolg‘iz o‘zim to‘g‘ri shaharga tushib ketdim. Qisqasi, yuragim juda yomon siqilaverdi. Bir necha kunga Istambuldan boshimni olib ketmasam bo‘lmaydigan ko‘rindi. Lekin qaerga ham borardim? Yalovaning mavsumi emas. Bursa esa shu oylarda do‘zaxday yonib ketadi. Birdan esimga sizlar tushib qoldilaringiz. O‘zim ham sizlarni o‘lguday sog‘ingan edim.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:58:06

* * *

O‘sha kuni kechqurun pochcham bilan xolam Komronni allamahalgacha bog‘da tutib qolishdi. Mujgon ham burnidan tortsa yiqilar holatda bo‘lishiga qaramay, ular yonidan jilmay o‘tirdi.
Men bo‘lsam, aksincha, o‘zimni nari tutar, har dam ichkariga kirib yotar yo bog‘ning to‘rida ko‘zdan g‘oyib bo‘lar edim.
Bir mahal nima uchundir ularning yonlariga kelishga to‘g‘ri keldi. Komron mendan xafa bo‘lganga o‘xshash bir ohangda:
— Mehmondan hurmat ham ayalar ekan-da, — dedi.
Men kulib yelkalarimni qisdim.
— "œMehmon mehmonga el bo‘lmaydi" deydilar, — dedim.
Mujgon meni yana qochib ketmasin deb qo‘limdan, etagimdan ushlab o‘tirardi. Bir silkib qo‘lidan chiqdim-u, uyqum kelyapti deb yotog‘imga kirib ketdim.
Mujgon yarim kechada yotoqqa kirganda, men o‘rnimda uxlayolmay yotgan edim. U karavotimning chetiga o‘tirib, yuzimga qaradi. Kulib yubormay deb u yonimga ag‘darilib xurrak ota boshladim.
Mujgon zo‘rlik bilan boshimni ko‘tardi.
— O‘zingni uxlayotganga solma, ko‘zingni och, — dedi.
Men ham:
— Xudo haqqi, uxlayotuvdim, — dedim-u, ko‘zlarimni katta ochdim.
Ana shundan keyin ikkovimiz ham o‘zimizni tutolmay kulib yubordik.
Mujgon betimni silab:
— Taxminim to‘g‘ri chiqdi, — dedi.
Keskin bir harakat bilan karavot simlarini g‘ijirlatib o‘rnimdan turdim-da:
— Nima demoqchisan? — dedim.
Uning esxonasi chiqib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:58:26

— Hech... hech... — dedi, keyin kulib turib yolvora boshladi: — Xudo xayringni bersin, men bilan yoqalashma, charchab o‘lay deb turibman.
Mujgon shundan keyin chiroqni o‘chirib joyiga yotdi.
Bir necha minutdan so‘ng men uning karavotiga bordim-da, boshini yostiqdan ko‘tarib qo‘llarimga oldim. Lekin boyoqish uxlab qolgan ekan. Ko‘zlarini ochmay:
— Qo‘y, Farida, bunday qilma, — deb yalindi.
— Xo‘p, lekin tilimning uchida bir narsa turibdi,  hozir shuni aytmasam, bugun ham uxlayolmayman, — dedim.
Yotoqning qorong‘iligiga, Mujgonning ko‘zlari yumuqligiga qaramay, betimni uning sochlariga tegizib turib qulog‘iga shivirladim:
— Miyangga telbalarcha o‘y kelibdi... bildim... unga bir nima deguday bo‘lsang, seni majburan quchoqlab olaman-u, ikkovimizni bab-baravar dengizga tashlayman...
Mujgon:
— Xo‘p... xo‘p... Istaganing bo‘lsin, — dedi-da, hamon boshini asta-sekin silkitib turganimga qaramay, yana uyquga toldi.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:58:46

* * *

Komronning kelishi chindan ham ta’bimni xira qildi. Unga nisbatan ko‘nglimda uyg‘ongan jahlga, qo‘rquvga, jirkanishga o‘xshash qarama-qarshi his kun sayin ortib borardi. Ro‘para kelgan choqlarimizda hech nimadan hech nima yo‘q qo‘pollik qilar, qochib ketar edim.
Baraka topkur Aziz pochcham mehmonga yaxshilab no‘xta urib qo‘ydi. Uni zeriktirmaslik uchun uyiga tez-tez mehmonlar chaqirar, har kun aravaga solib aylantirar yoki hamqishloqlaridan birining bog‘i yo poliziga olib ketar edi.
Bir kuni ertalab ana shunday chaqiriqlarning biriga tayyorlanayotgan bo‘lam bilan zina boshida to‘qnash kelib qoldim. Yo‘limni to‘sdi-yu, birov eshitib qolmasmikan, deb vahm bilan atrofiga qarab olgandan so‘ng:
— Mehmondorchilikning ko‘pligidan o‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim, Farida, — dedi.
Men zina panjarasi bilan Komronning orasidagi joydan unga bir yerimni tegizmay o‘tib keta olarmikanman, degan cho‘t bilan band edim.
— Yomonmi? Sizni har kun sayohat qildirishyapti-ku,— dedim.
Komron kinoyaomuz kulimsiradi, ko‘zlarini shiftga tikib:
— Mehmon mehmonga el bo‘lmaydi, ammo mehmonning mezbonni mehmonga giz-gizlashi eski usullardan, — dedi. — Hay mayli, men ham shunday qilay...

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:59:05

Bo‘lam kecha men: "œMehmon mehmonga el bo‘lmaydi" degan so‘zimni negadir betimga solar, buning uchun menga ta’na toshi otar edi.
— Yaxshi, lekin zorlanadigan joyi yo‘q. Har kuni yangi-yangi joylarni ko‘ryapsiz, yangi odamlarni taniyapsiz, — dedim.
U tag‘in labini burdi.
— Taniyotgan odamlarim hech bahrimni ochadigan odamlar emas...
Men tilimni tiyolmadim.
— Sizning bahringizni ochadigan odamni u bechoralar qaerdan topishsin? — dedim.
Bahrini ochadigan odam haqidagi gapim bilan kimga ishora qilganimni Komron tushungan edi. Hayajon bilan qo‘llarini cho‘zib:
— Farida! — dedi.
Faqat uzatgan qo‘llari havoda qoldi. Men u bilan zina orasidagi tor yerdan lip etib o‘tib ketdim. Pog‘onalarni ikkita-ikkitadan bosib, ashula ayta-ayta boqqa chiqdim.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:59:19

* * *

Axir bir kuni Mujgon qiladiganini qildi.
Bir kuni ertalab Mujgon ikkalamiz dengiz bo‘yida sayr qilib yurgan edik. Kecha yomg‘ir yoqqani uchun havoda kuz salqinligi bor edi. Tumanga, isga o‘xshagan bir bulut quyosh yuzini qoplagan. Dengizning sokin yuzida qaerdan kelganligi noma’lum bir yog‘du titraydi. Uzoqda yelkanlari tushgan bir qancha baliqchi qayig‘i ko‘lanka singari harakatsiz turardi.
O‘sha kuni qanday qilib bo‘lsa ham o‘z boshiga qolgan Komronning katta ko‘chadan o‘tib ketayotganini ko‘rib qoldim.
Kattakon daraxt tomirida o‘tirgan Mujgon yuzi dengiz tomonga o‘girilgan bo‘lgani uchun Komronni sezmadi. Men ham hech nimani ko‘rmagan kishidek gavdamni yarim-yorti teskari o‘girib oldim. Shu alfozda hech narsa ko‘rmasam, hech nima eshitmasam ham Komronning biz tomonga kelayotganini sezar, vujudimda yengil titroq turganligini his etar edim.
Mujgon:
— Ha, birdan daming ichingga tushib ketdi? — dedi-yu, boshini o‘girib o‘n-o‘n besh odim narida kelayotgan Komronni ko‘rdi.
Oyoq uchida turib, bir necha minut suhbat qilish majburiyatidan qochishning imkoni qolmadi.
Komron Mujgonga qarab gap boshladi:
— Bugun ham shamsiyangizni esdan chiqarmabsiz-da?— dedi.
Mujgon kulib javob qildi:
— Ha, bugun ham yomg‘ir yog‘ish xavfi bor...

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:59:58

Bo‘lam o‘zining sokin, beqaror tabiatiga o‘xshagan bugungi havodan juda mamnun ekanligini gapirgan edi, Mujgon bunga e’tiroz etdi. Qo‘lidagi shamsiyani ochib-yopib o‘tirgach:
— Yaxshi-yu, lekin odamni diqqinafas qilib yuboradi, — dedi. — Bu mavsumdan keyin kunlar ko‘pincha shu bugungiga o‘xshab turaveradi. So‘ngra qish. Bilmaysiz, bu yerning qishi odamning yuragini siqib yuboradi... Otam aksiga olib shunday ko‘nikib ketdiki, boshqa yerga jo‘natishmasin deb qo‘rqadi.
Komron hazillashdi:
— Bu yerning qishiga ko‘p qarshi chiqavermang. Kim biladi, balki bu yerlik biron badavlat odamdan kuyov qilarsiz.
Mujgon buni jiddiy tushunib, kallasini silkidi.
— Xudo saqlasin.
Shu dam yonimizdan bir yalang oyoq baliqchi o‘tib qoldi. Men bir kun bu qari baliqchiga o‘zimni Marika deb tanitgan edim. Boshiga yangi qizil ro‘mol o‘rab olibdi. Meni ko‘rib, hol so‘radi:
— Kamnamo bo‘lib ketding, Marika?
— Biron kun siz bilan baliq ovga chiqsammi deb yuribman, — dedim.
Bir-birimiz bilan gaplashib, dengiz labiga qarab ketdik. Bir ozdan so‘ng yana ularning yoniga qaytib kelsam, Mujgon bo‘lamga Marika voqeasini hikoya qilib turgan ekan. So‘zini bitirib, bilagimdan ushladi.
— Meni emas, Faridani Taqirdog‘ida qoldirib ketsak kerak, — dedi. — Kuyov chiqdi. Iso kapitan degan baliqchining o‘g‘liga so‘rashyapti. Baliqchi deb hafsalangiz pir bo‘lmasin, nihoyatda badavlat kishi.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 16:00:37

Komron kuldi.
— Millioner bo‘lganda ham biz uning davlatiga uchmaymiz, a, Farida? — dedi. — Men Faridaning bo‘lasi bo‘lganim uchun bunga hech rozi bo‘lolmayman.
Esli-hushli Mujgonni bugun qaysi shayton vasvasasiga oldi ekan? Komronning shu so‘ziga u nima deydi deng?
— Bunisini qo‘yavering. Faridaga yana boshqa alomat joylardan ham chiqyapti. Masalan, quyoshday porlab turgan bir suvori ofitseri. Har oqshom otiga minib uyimizning oldiga keladi. Faridaga manzur bo‘lish uchun har xil xavfli hunarlar ko‘rsatadi.
Komron bu safar qahqaha urib kulib yubordi. Lekin bu qahqaha ichida kulgiga o‘xshamagan g‘alati bir narsa— ko‘ngil siniqligi bor edi. 
— Bunisiga bir nima deyolmayman. Ixtiyor o‘zida,— dedi.
Mujgonga yashiriqcha: "œhali qo‘limga tushasan-u" ishorasini qildim-da:
— Sen haddingdan oshyapsan, bilasan-ku, men bunaqa bema’ni gaplarni yoqtirmayman, — dedim.
U, ehtiyoti shartdan Komronning orqasiga o‘tib olib, ko‘zlarini qisdi.
— Ikkalamiz hech bunaqa gaplarni gapirmaymiz, a, Farida? — dedi.
— Yolg‘onchi, tuhmatchi...
Komronga jon kirdi:
— Menga ham aytsang bo‘laveradi, Mujgon, — dedi. — Men axir yot emasman-ku...
Jahl bilan yer tepindim.
— Tushundim. Siz bilan janjalsiz gaplashib bo‘lmas ekan. Xudoga topshirdik, — dedim-u, jahl bilan dengiz tomonga tez-tez yurib ketdim.

Qayd etilgan