Rasmlarni ko'rib bir narsa esimga tushib ketdi.
U paytlar Andijonda gimnaziyada o'qir edim. Musiqa degan fandan bir o'qituvchimiz bo'lardi. O'zi juda sodda, oqko'ngil inson edi. Har darsda bizga musiqadan tashqari islomdan saboq berar edi. U kishi tez-tez bir narsani takrorlar edi:
"Mening mashinam yo'q, ammo velosipedim bor. Men oldimdan mashina minib o'tib ketgan odamga emas, ortimda piyoda yurib kelayotgan odamga qarab fikrlashim kerak. Allohga hamd aytishim kerak. Agar velosipedim bo'lmaganida edi va piyoda ketayotgan bo'lsam, oldimdan o'tib ketgan velosiped mingan odamga emas, ortimdan sudralib kelayotgan cho'loq odamga qarab fikr yuritishim kerak. Barcha a'zolarimni sog' qilib yaratgan Allohga hamd aytishim kerak..."
O'sha paytda biz kichkina edik va bu gaplarni go'ya ertakdek qabul qilardik. Endi esa o'ylab qarasam ustozimiz haq ekan, Inson-noshukr ekan...