Ilm va ziyo > She'riyat

Ota-onalarimiz haqida she'rlar

(1/16) > >>

Kumushbibi:
Yaqinda internet olamidan bir sher topgandim.Ammo afsus avtori kimligini topolmadim.Juda ham ta'sirli va ma'noli sher ekan.

Ota meni o'ylab g'am ema,
Ko'nglim kuhna ovchining saydi
Meni bandi aylagan kema ,
Haliveri to'xtash bilmaydi

Kamalakka aylanar yo'lim
Goho g'amnok gohida sho'xman,
qaytishimni o'ylash kulgili,
Men miltiqdan otilgan o'qman

Manzilim qay kimning yuragi,
Xudo bilar qildingmi tusmol,
Qo'rqma mening sinmas kuragim
Qo'rqma mening o'ylarim halol.

Garchi qadah tuta boshladim,
Garchi qizlar tilin bilaman.
Meni mayxo'r deyolmas hechkim
Oshiqlari berib qo'ygan tan.

Ketmon emas qalamim ila
Kiprigimga ilaman erni,
Kechir meni otajon illo..
Portlab-portlab yashagim keldi.

Ketganim yo'q qishloqdan to'yib,
Ildizimni yaxshi bilaman.
Men zaminni kaftimga qo'yib
Bitta ulkan qishloq qilaman..

Faqat meni o'ylab g'am ema
Guldirakman ko'ngling bo'lsin to'q
Ota bo'lsang bilasan dema ,
Ota bo'lib ko'rganimcha yo'q

Kumushbibi:
**Onamga hat**

Men sizni o'ylayman shomu saharda,
Ona, sog'insam ham bora olmayman,
Tunlari charog'on shunday shaharda,
Hech kimga ko'nglimni yora olmayman.

Men siz aytgandayin hammani sevdim,
Hammaga ishondim, mana oqibat:
O'z do'stim uyiga ko'mildi sevgim,
Kun bo'lib ko'ksimni kuydirdi nafrat.

Boshimdan o'tgani ko'kka ham ayon,
Yulduzlar qiqirlab kular oqbadan:
Men - zangor yaylovda olis, bepoyon,
Uyuridan ajrab qolgan qulunman...

Mana, ketayapman tosh yo'lda ko'zim,
Qadamim moshinlar yo'rg'asiga mos.
Yig'lasam yupatib o'zimni o'zim,
Pishqirib qo'yaman toychoqlarga xos.

Va sizni o'ylayman shomu saharda,
Ona, sog'insam ham bora olmasdan.
Tunlari charog'on shunday shaharda
Hech kimga ko'nglimni yora olmasman...

Ha, sevgi haqida. U dilga ne zeb,
Kuyinmang, ne iloj qilmasa nasib.
Baxtimga hamisha omon bo'ling deb,
Sog'inib qoluvchi qizingiz Kumush...

Kumushbibi:
Nimadir u, ko'zingga kelgan,
Xayolingga, ona, ne keldi?
Yig'lab turib hattoki kulding,
Nimadir u, ko'zingga kelgan?

Menga juda o'xshaydi, ona,
Ko'zlaringda yaltiragan yosh.
Menda o'sha ko'zu, o'sha qosh,
Menga juda o'xshaydi, ona.

Ona, uni to'kma, iltimos?
Ko'zlaringdan to'kilay agar.
Sevinchingdan bermasam xabar,
Ona, uni to'kma iltimos.

Kumushbibi:
Oh, mening ortimdan ovvora onam,
Bir parcha yuragi ming pora onam.
Bir baloni ko'rib yorug' dunyoda,
Toshkanni ko'rmagan bechora onam,
Bolang bo'lib bir bor boshlab keldimmi,
Endi men ham senga o'g'il bo'ldimmi!..

Garchi bisotingda "bayram" so'zi yo'q,
Bilaman, kutasan sandal to'la cho'g',
Menda yurak deganlarin o'zi yo'q:
Men sovg'a bermagan qiz yo'q bu oqshom,
Senga na gul berdim, na shirin kalom,
Endi men ham senga o'g'ilmi, onam?..

Deysan: olislarda omon yursang bas,
Yodingga tushsam goh yo'qlab tursang bas,
Bolam, senga hamma qiladi xavas...
Axir, mening dardim She'r emas faqat,
Men mashhur shoirmas — mashhur beshafqat,
Endi men ham senga o'g'ilmanmi, ayt?..

Sha'ningga she'r bitdim. U seni topsin,
Poyingga tiz cho'kib, qo'lingni o'psin.
Undan ham ulug'im borligin ko'rsin,
Men uchun ham aziz holingni so'rsin,
Sensiz g'arib ko'nglim ko'ngilmi, onam,
Endi men ham senga o'g'ilmi, onam!..

Muhammad Yusuf

Kumushbibi:
Yetmish yulduz yog'ilib,
Yarim oycha to'lolmas,
Yeti yanga yig'ilib,
Bitta ona bo'lolmas,
Ona tirik eshikka
G'urbat yaqin yo'lolmas,
Mening esa, bag'rim qon,
Vayronaman onajon.

Garchi biz yosh, g'o'r edik,
Siz bor - biz ham zo'r edik,
Bir mayizni besh o'g'il
Teng bo'lishib yer edik,
Goh talashsak, haq so'zni
Onam aytsin der edik,
Tushmi endi u zamon,
Hayronaman, onajon.

Tirik yursa volidang
Toqqa kuching yetarkan,
Onang o'lsa, boshingdan
Oftob o'tib ketarkan,
Jindekkina alam ham
Tog'dek botib ketarkan,
Ko'ksim to'la ming armon,
To'lg'onaman, onajon.

Onasiz uy - oysiz tun
Ekan endi o'ylasam,
Qalbni o'rtar dardlarim,
Qay birini so'ylasam?
Sizsiz ko'cham befayz,
Halovat yo'q uyda ham,
Farishtasi tark etgan
Ostonaman, onajon

O'zing uchun o'l yetim!
O'rda ham men, qirda ham.
Ko'ylagimda tugma yo'q,
Tugma bo'lsa, kir -yoqam.
To'rt yangamga qo'shilib
Turtkilaydi to'rt og'am,
O'z uyimda jonajon,
Begonaman, onajon.

Ko'ngil o'zin tutingan
Bir mehribon qo'msaydi,
Dunyoda bir odamga
Siring aytib bo'lsaydi,
Onasizni do'sti ham,
Dushmani ham aldaydi,
Ayting axir, men kimga
Ishonaman, onajon?.

Yo'qligingiz qadamda
Turar shunday bilinib,
Non yopmaysiz tonglari
Menga kulcha ilinib,
Sarg'ayarman sarg'aygan
Rasmingizga termulib,
Ziyo istab zor qaqshar
Parvonaman, onajon.

Uy to'rida tolbeshik -
Akam yotgan, men yotgan,
Sherdek-sherdek kelbatli
Besh o'g'ilga asqotgan,
Qaytib kirib bo'lsaydi
Bo'lardim jon deb qaytgan!
Men bu joyni hammadan
Qizg'onaman, onajon.

Yashayapman sharpadek
Sezilmay goh, sezilib.
Gohi ko'kka intilib,
Gohi yerga egilib,
Sog'inganda she'r yozib
Yuraklarim ezilib -
El ichra bir shoiri
Devonaman, onajon

Muhammad Yusuf

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

Go to full version