Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 221244 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:32:13

MEN

Men na qilay, harna qilsa, qildi taqdir,
Ikki nuqta aro jismim muallaqdir.
Ikki yoqqa boqar bo‘ldim lolu hayron:
Birisining ismi — zamin, biri — osmon.

Qay bir kecha hilolga may quyib ichdim,
Ko‘zim yumib, ikki qizdan birin quchdim.
Endi, kimni tanladim, deb jonim halak:
Birisining ismi — shayton, biri — malak.

Qaldirg‘ochdek ikki joyda manzilim bor,
Yo‘l qaragan otam, onam va singlim bor.
Bu kuzdayam qaytolmadim, qandoq qushman?..
Birisining ismi — Bag‘dod, biri — Toshkan.

Garchi umrim chizgilari oddiy emas,
Lekin do‘stu dushmanlarim jiddiy emas.
Bir do‘stu bir dushmanim bor — o‘zim tengi:
Birisining ismi she’rdir, biri — sevgi.

Ne qilaylik, harna qilsa qilar taqdir,
Bu dayr aro sayrimiz ham muvaqqatdir.
Ikki qayiq boshin tutgan bo‘lar nobud:
Birisining ismi — beshik, biri — tobut. 

1994

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:32:24

KUZ

Uch kunda kuz keldi.
Dunyo qaridi.
Teraklar bosh chayqab qoldilar ma’yus.
Toshlar o‘rmalaydi anhor qa’rida,
Anhor qaylargadir shoshadi hanuz.

Ko‘pirib boradi qo‘ng‘ir bulutlar,
Hademay yomg‘irzor bo‘ladi paydo.
Yerga quloq bosib yotadi o‘tlar,
Yerdanmi keladi bu mungli navo?

Mana, ustunlarga o‘ralar shamol,
Mana, suv yuziga toshadi sepkil.
Zerikkan, asabiy qariqiz misol
Ko‘ylaklarin yirtib tashlar atirgul.

Peshayvonda namli patlarin tarab,
Zag‘chalar o‘ziga beradi oro.
Bulut kelayotgan tomonga qarab
Dunyo suzib borar ohista, dunyo...

1994

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:32:34

OQSHOM

Oqshom yulduzlarni hilol uyg‘otar,
Daryo to‘lqinlarin shamol uyg‘otar.
Qaydasan, ey shamol olib ketgan gul?
Meni shu alamli savol uyg‘otar.

Oqshom yulduzlarga boqib yig‘ladim,
Daryo to‘lqinida oqib yig‘ladim.
Menam daryo bo‘ldim, sel-selob bo‘ldim,
Yuragim olmaday qalqib yig‘ladim.

Taqdirga tan berdim, shukrona aytdim,
Tuproqqa aylanib, tuproqqa qaytdim.
Ammo oqaverdi asov yuragim
Oqshom yulduzlari chaqnagan payti!

Oqshom yulduzlarni hilol uyg‘otar,
Daryo to‘lqinlarin shamol uyg‘otar.
Seni tushlarimda ko‘rib, chaqirsam,
Meni bir begona ayol uyg‘otar.

1994

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:32:45

BILGIM KELAR

Bag‘rida qo‘ng‘iroqlar ko‘milib ketgan sahro,
Necha jayronlar ag‘nab, cho‘milib ketgan sahro,
Etiklarning qo‘njidan to‘kilib ketgan sahro,
Sahro, mening alamim kimniki, bilgim kelar.

Shovullab turgan daryo, dovullar urgan daryo,
Sohillar buzgan daryo, orollar qurgan daryo,
Azaldan abadgacha qondek yugurgan daryo,
Daryo, mening alamim kimniki, bilgim kelar.

Cheksizdan cheksizgacha cho‘zilib ketgan samo,
Yulduzlarni kaftida tangadek otgan samo,
Ko‘ksiga quyosh botgan, oyni uyg‘otgan samo,
Samo, mening alamim kimniki, bilgim kelar.

Ey bilib turgan dunyo, ey kulib turgan dunyo,
Shamollardan qamishdek bukilib turgan dunyo,
Ko‘nglida yuki borga yukinib turgan dunyo,
Dunyo, mening alamim kimniki, bilgim kelar.

Begonaga gina yo‘q, gina qilmasman aslo,
Sen yor topding munosib, mening yorimdir xudo.
Seni eslagim kelmas, qiynalgim kelmas, ammo,
Ammo, mening alamim kimniki, bilgim kelar.

1994

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:32:55

KO‘RDIM

Vohada gullagan bog‘ ko‘rdim,
Bog‘ ichra gulsiz bir shox ko‘rdim.
Yurakka qaradim — dog‘ ko‘rdim,
Sochingda bir tola oq ko‘rdim.

Og‘ridi ko‘nglimning eng tubi,
Unutib edimmi mahbubam?
Bu, balki, bitmagan maktubim,
Sochingda bir tola oq ko‘rdim.

Oshiqib o‘tdim men, dil shoshdi,
Meni kapalaklar aldashdi.
O‘zimdan ketdimu adashdim,
Sochingda bir tola oq ko‘rdim.

Bir umr intilib nurga men,
Bir tolim nur topdim zo‘rg‘a men.
Bu mening aybimmas, to‘g‘rimi?..
Bu mening aybimmas, to‘g‘rimi?..

Sochingda bir tola oq ko‘rdim...

1994

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:33:06

BARMOQLARING

Barmoqlaring biram nozik,
Labing, ey bokiram, nozik.
Yurakda bor yaram nozik —
Bu ham inoyatdir manga.

Olov ko‘rdim andalibni,
Sani gul deb aldanibdi.
«Ayt, yoqmasin bul g‘aribni...» —
Sandin shikoyatdir manga.

Bahrasizman bo‘ylaringdan,
Xabarsizman o‘ylaringdan.
Ketolmasman ko‘ylaringdan —
Bu yo‘l hidoyatdir manga.

Sitamlaring agar ozdir.
Kerak — bog‘la, kerak — ostir!
Jabru jafolaring rostdir,
Vasling rivoyatdir manga.

Umidim bor, diling topsam,
Bir qaro kun qo‘ling o‘psam,
O‘pib so‘ngra o‘lim topsam,
Ushbu kifoyatdir manga!

1994

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:33:19

QALBI BUTUN ODAM

Qalbi butun odam bir kun anglar ekan:
Fazo to‘la ohang ekan, ranglar ekan.
Sabo o‘pgan atirgulning entikkani —
Etti falak ayvonida yangrar ekan.

Etti falak ayvonida nigohimiz,
Dunyobexabarmiz, samo — ogohimiz.
Kaftlarimiz boshimizda qalqon emas,
Panohimiz qalbimizda, panohimiz.

Qalbimizda panohimiz tinglar ekan,
Yolg‘on ohlar ursak chindan ingrar ekan.
Hammaga ham nasib etmas habib tushmak,
Hatto ajal ham odamni tanlar ekan.

Hatto ajal ham o‘zini olmasin, do‘st,
Suvga tashlang oqqan suvning olmasin, do‘st.
Yolg‘iz yorga etolmasdan qolgan yomon,
Qalbi butun odam yolg‘iz qolmasin, do‘st.

Qalbi butun odam bir kun anglar ekan,
Fazo to‘la ohang ekan, ranglar ekan.
Ey yor, nazar tashlab turgin yuragimga —
Qaramasang, toshoyna ham zanglar ekan.

1994

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:33:29

O‘TYAPMAN

Bag‘rimdan biyobon yaralgani chin,
Bir yon — Dashti qipchoq, bir yon — Chin-Mochin.
Qo‘ng‘iroq ovozing, qo‘ng‘iroq soching.
Qo‘ng‘iroqlaringni kutib o‘tyapman.

Behad saboq bermish menga gardi dun,
O‘tdi Aflotun ham, ketdi Faridun.
Ularga boqmasdan hanuz bag‘ri xun
Hijron kitoblarin titib o‘tyapman.

Sen kecha xonzoda eding bepisand,
Qul edim oyog‘u ko‘ngli kishanband.
Hazratdan qolgan ishq dostonin band-band,
So‘zma-so‘z qaytadan bitib o‘tyapman.

Yuzingdagi parda — mavjlangan sarob,
Simlarin cho‘g‘ qilib ekmoqda oftob.
Ochiqsam, ich-etim yerman, ey mohtob,
Chanqasam, ko‘z yoshim yutib o‘tyapman.

Qayrilma kipriging haqqiga qasam,
Dunyo gumroh edi gar men kelmasam.
Dilda gohi umid, gohida alam,
Dunyoning qo‘lini tutib o‘tyapman.

1994

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:33:40

METRODA

Metroda sayr qilib yurmaydi hech kim,
Birov ishdan qaytar, birov sayrdan.
Kimdir hamrohlarin kuzatadi jim,
Kimdir ro‘znomani ikki ayirgan.

Men ham qaytayotgan edim uyimga,
Yumushlardan tolib, xayolga tolib.
Bekatdan sen chiqding oppoq quyunday,
Ko‘nglimga chirpirak g‘alayon solib.

Go‘yo tanimading. Tutqichni tutib,
Ma’yus jilmaygancha tolding xayolga.
Turgim, borgim keldi. Elni unutib,
Seni ko‘mgim keldi ming bir savolga.

Yodimda chaqnadi qasamyodlarim,
Bir zamon seniki bo‘lgan hayotim...
Yoningga bormadim, bora olmadim,
O‘zimni ayadim, seni ayadim.

Keyin tushib ketding. Sezmading go‘yo,
Qayrilib boqmading, ey sun’iy yo‘ldosh.
Meni ayadingmi, o‘zingnimi yo?
Qiz qalbi qizg‘aldoq emas, tilsimtosh!

Muhabbat — puch narsa, muhabbat — yolg‘on!
Orzular, qayg‘ular, tuyg‘ular — mayda.
Bilaman, poyimda yig‘laydi xazon,
Negadir uyga hech borgim kelmaydi...

1994

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:33:51

AFSUS

Telefon gardishini aylantiraman,
Qo‘ng‘iroq chorlaydi seni behuda.
Men seni judayam yaxshi ko‘raman,
Ovozing eshitgim keladi juda.

Na chora?
Kechmishdir endi hammasi,
Labingga lab qo‘yib ichganim bo‘sa...
Bizni bog‘larmidi shu chuvalgan sim,
Taqdir rishtalari uzilgan bo‘lsa.

Taqdirga tadbir yo‘q.
Xoh yig‘la, elan,
Bu epkin o‘ynaydi ko‘ngil kulini.
Axir to‘solmaysan kipriging bilan
Ko‘zlaringga to‘lgan qayg‘u selini.

Men seni haliyam yaxshi ko‘raman,
Tovushing eshitgim keladi juda.
Telefon gardishini aylantiraman,
Qo‘ng‘iroq chorlaydi, ammo behuda.

Ko‘hi qofga qadar ketardim, Laylim,
Ko‘zingni bir bora ko‘rmoqlik uchun.
Na chora?..
Bu charxga qurbim kelmaydi,
Afsus, bu gardishga etmaydi kuchim.

1994

Qayd etilgan