O'zbekning gapi qiziq...  ( 42423 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


Robiya  29 Avgust 2007, 13:59:54

Mahmud Sattorning ushbu kitobi o’zbek iboralari namunalarining qisqa sharhi va izohiga bag’ishlangan.Dastlabki mavzu "Bozor"
 

Qayd etilgan


Robiya  29 Avgust 2007, 14:01:10

BOZOR-O’CHAR
Otang bozor — onang bozor.Buning ma’nosi bozor seni o’z hukmiga yetaklaydi, bahosini o’tkazadi,bozor qonunlariga rioya qilish joiz.Ota-onaga bo’ysunish shart bo’lganidek,bozorga,narx-navoga bo’yin egishga majbursan.Hatto ota-onang peshonangga bitkazolmagan mol-dunyoni omon bo’lsang, omading yurishsa, qo’ling uzunlashsa,bozordan olasan.Qo’shni,hamkasb,qarindosh-urug’ingga,do’st-og’aynigga sarg’ayib nima qilding?!Beminnat bozor bor.Turmush,tirikchilik,hayotingni bozor belgilaydi.Otang bozor,onang bozor.Muqobili : "œPul bo’lsa, changalda sho’rva".

Bozorga kech bor, erta qayt.Sababi bozor erta tongda qimmat bo’ladi.Choshgohga borib qiziydi.Tobora arzonlasha boradi.Xaridingiz unumli,tejamli bo’ladi.Erta qaytishning muhimligi sababi, har xil kissavuru hangomatalab qalang’i-qasang’ilarning xurujidan xoli bo’lasiz.

Haftada bir bozor, uni ham yomg’ir buzar.Bu qofiyali jumla bechora, kambag’al dehqonning ko’ngil izhori bo’lib haftasiga bir keladigan bozordan chamasidagiday naf ko’rolmagan odamning pushaymonidir.Ko’chma ma’nosi ham bo’lib, uzoq rejalashtirib yurilgan ishning favqulodda to’siqlar bilan amalga oshmay qolganidan ranjish holatidir.Muqobili: "œMen o’g’irlikka tushdimu, oy oydin bo’ldi".

Tuya bir tanga, qani bir tanga, tuya ming tanga , mana ming tanga.Bu maqol bozorning arzon-qimmatligidan tashqari, insonning imkon darajasi haqida ma’lumot beradi.Tuyoqlar borasida eng katta, salmoqli tosh bosadigani tuyadir.Zamonki bo’ladi shu tuya,bir tangaga sotiladi, biroq bir tanganing qadri-qimmati, kuchi-quvvati juda baland.Shu sabab, bir tangaga tuya olishning imkoni yo’q(Qani bir tanga!.)Tag’in shunday bir davr keladiki,tuyaning narxi ming tangaga chiqib ketadi.Ammo siz shu ming tangaga bo'lsa-da, tuya olishga qurbingiz yetadi.
  Buning ikki sababi bor: Pulning qadri tushib ketdiyu, mol-mulk, o’lmas jihozning narxi balandlashdi.Ikkinchisi siz yosh go’dak bola edingiz,qo’lingiz qisqa edi, voyaga yetib pul topar, mol topar, mulkli davlatli bo’ldingiz.Endi imkoniyatingiz kengayib,qo’lingiz uzunlashdi.Shu sabab ming tanga bo’lsa-da, tuyani tap tortmay sotib ololasiz(mana ming tanga!).

Bozorga boryapti, bozordan qaytyapti.Xabar ko’rinishidagi bu sodda iboralarning ma’nosi chuqur: Odam bozorga boryapti.Oldinda bozor, xarid, sarguzashtlar,omad, tole,intilish, baxt yoinki bularning aksi"¦Odam bozordan qaytyapti.Xarid qilindi.Yutdingmi, yutqizdingmi,tutdingmi,tutqizdingmi,toleing o’ng keldimi,tersmi, nima bo’lganda ham bugungi bozoring o’tdi.Safardan qaytding.
   
Kambag’alni tuyaning ustida it qopibdi.Kambag’al omadi yurishib, tuyaga minib qoldi!(Toleni qarang-a).Biroq baxti yotgani shundaki, shuncha bahaybat,baland,yuksak jonivor — tuyaning ustida ham uni it taladi, qopdi-ya!Kambag’alning peshonasi qursin.Ko’rgan kuni qursin.Bu iboraning muqobili sifatida xalq "œnasib etsa, kelur shomu Iroqdin,nasib etmasa,ketur qoshu qaboqdin" naqlini ham iste’molda qo’llaydi.
Keyingi mavzu "Gapni gapir uqqanga"

Qayd etilgan


Robiya  03 Sentyabr 2007, 17:00:33

Gap otish.Gap tosh,kesak,o’q bo’lmasada, u ham otiladi.Ibora salbiy ohangda qo’llaniladi.Yigitlar qizlarga gap tashlashadi, otishadi.Qitmir, hazil,jiddiy gap otilishi mumkin.Aksincha, qizlar yigitlarga ham shunday muomalada bo’lishlari, gap otishlari kuzatiladi.Gap otish faqat ishqibozlik ma’nosida bo’lmasdan, dushmanlik, do’stlik,ig’vogarlik,masalaga aniqlik kiritish, luqma ma’nolarida ham bo’lishi mumkin.

Gap ko’p, ko’mir oz.Maza-matrasiz,ta’sirsiz,hech qanday samarasiz gap bo’lib turganda mana shu ibora qo’llaniladi.Aftidan, ko’mirchi kosiblar dastgohi yonida yaratilgan ibora bo’lsa kerak.Kop’mir yo’qligi,bosqonning ishlamasligi,demakki foydali mehnatning to’xtab,temirchining qo’li bo’sh qolishiga sabab bo’ladi.Tag’in bir ma’nosi: bu gaplarda o’t, olov, taft yo’q,kam degan mazmun tashiydi.Foydasiz gaplardan ensa qotganda,ishonchsizlik tug’ilganda odamlar odatda shunday deyishadi.

Gapga to’n kiygizadi.Odatda gapni lof urib gapiradigan,mahmadona,so’zamol,oshirib-toshiradigan kimsalarga nisbatan bu ibora ishlariladi. "œGapga to’n kiygizish" obrazli qilib aytganda,gapni jonlantirib,uni odamga aylantirib,hatto chopon ham kiygizishdir.Ikki xil ma’noda ishlatiladi: ijobiy,salbiy.Ijobiysida sovchilik,vakillik,elchilik ishlarida shunday gapga chechan,to’n kiygizadigan odamlar tanlanib,yuboriladi.Salbiysi o’zingizga ma’lum.

 Gapi kaltakday.Bu birikma ko’pincha ana ketdi, mana ketdi bo’lib yotgan keksa,bemor emin-erkin so’zlashib o’tirganda yoki yosh bola kattalarning gapini qilib,salmoq bilan so’zlaganda ishlatiladi.Yana bir ma’nosi andishasiz odamning gapi sovuqligi,odamga botishi,kaltakdayligi ko’zda tutilib aytiladi.
  Kaltakday,degan so’zda salbiy ohang kuchli bo’lib, o’ziga munosib bo’lmagan shaxsning gapi o’tkirligiga kinoya sifatida qo’llaniladi.Bu iborada tanqidiy mayldan tashqari xayrixohlik,mutoyiba,istehzo,beg’ubor kulgi ma’nolari ham bor.   

Gap tegdi.Bir necha ma’nosi bor:Gap navbati tegdi,gap olindi,gapga kirishildi.Asosiy ma’nosi ko’chmadir.Tanbeh eshitildi,shu gap orqali yomon fikr bildirildi, mazmunida.Muqobili: "œGap eshitdi".

Gap ko’tarmaydi.Gap ham og’ir,yengil,o’rtacha bo’ladi.Uning ham hammasini baravar ko’tarish qiyin.Yuklar orasida aslida eng og’iri ham gapdir.Odamlarga ta’rif berilganda,ularni gap ko’taradigan,gap ko’tarmaydigan toifalarga bo’lishadi.
  Bir xil kishilar haqida gap ketganda,bu odam gap ko’tarmaydi,minatlik oshin ichmaydi,juda oriyatli,o’ziga,sha’niga dog’ qo’ndirmaydi,degan gapni aytishadi.Gap ko’tarmaslik ikki xil bo’ladi.O’z kunini o’zi ko’rishga, mustaqil bo’lishga,beminnat hayot kechirishga intilgan,halol odamlar borki,ular haqida bu ibora ishlatiladi.Ikkinchi toifasi jirttaki,sirkasi suv ko’tarmaydigan,burnidan balandroq gapirsangiz lovillab ketadigan sharttaki,jizzaki odamlardan iborat.Demak bu ibora ham ijobiy, ham salbiy ma’noda qo’llanilar ekan.
         Keyingi mavzu : "Jon kuydirmasang jonona qayda"

Qayd etilgan


Robiya  18 Sentyabr 2007, 15:13:18

                                  JON KUYDIRMASANG — JONONA QAYDA
Mol achchig’i — jon achchig’i.Pul jigardan bo’lgan deydi xalq.Pulga neki boylik,bisot sotib olinib,jamg’arilsa,u jonga yaqin bo’lib qoladi.Shu boylik,molni yo’qotish,qo’ldan chiqarish,boy berish — jon chiqishiga yaqin keladi.Shuning uchun ham o’zbek mol achchig’i jon achchig’i deydi.Molu bisot oraga kirgan ota-ona,farzand,aka-uka,og’a-ini,do’stu ulfat o’rtalariga tiklab bo’lmas nifoq,qutqu tushadi.Pulim keygan deb bir kambag’al achchiq qalampirni chaynagan ekan,degan gap bor.Mol achchig’i yomon bo’ladi.U har qanday yaqinlikka qaramay,odamlar o’rtasida hayot-mamot kurashi,jangni keltirib chiqarishi mumkin.

Joniga tegmoq.Jon ruh kabi modiy bir a’zo emas.Biroq xalq,dard qayda bo’lsa,jon shu joyda bo’ladi deydi.Shu ma’noda dardli,og’riqli yerga tegish — jonga tegish,jonni og’ritishdir.Ko’chma ma’nosida esa,jonga tegish,me’daga urish,g’ashga tegish,takrorlanaverib,aytilaverib siyqasi chiqmoq mazmunini beradi.Joniga tegmoq,bezor bo’lmoq,bezori jon bo’lmoq,bu mashg’ulotni hazm qilolmay qolish,turmushni yangi izga solishga olib keladi.

Joni kirdi.Aslida jon chiqib ketsa,qaytib tanaga kirmaydi.O’lgan qaytib tirilmaydi.Joni kirdi deganda o’zbek biror ish,voqea-hodisa,ko’mak bir kishiga juda qo’l keldi,unga o’ta ma’qul bo’ldi,ayni o’rniga tushdi,ko’ngildagiday bo’ldi kabi ma’nolarni ko’zda tutadi.Joni kirmoq — manfaat topmoq,kuutganidan ham a’lo darajada lazzatlanmoq mazmunidadir.Shifokorlar yuragi urishdan to’xtayotgan bemorni qayta dunyoga keltirishganda bu ibora ishlatilishi ham mumkin. "œIchiga issiq kirgan" keksaga,sovuqdan muzlab qotib qolgan kishiga olov xuddi shunday "œjon kirgizishi" mumkin.

Jonim-otim.Jonfidolik,sidqidillik,ixlos,zo’r ishonch,e’tiqod ramzi.Keksalar yoshlaga nasihat qilib,yo’l ko’rsatganda, "œbir ish qilsang,sidqidildan,jonim-otimlab qil,qo’l uchida , xo’ja ko’rsinga,elko’rarga qilmagin", deydi.Jonim-otimlik — yaxshi tarbiya ko’rganlik,muayyan ish,shaxsga nisbatan ixlos va sadoqat timsolidir.

Jonidan o’tmoq.Pichoq borib suyakka yetmoq,joni og’rimoq iboralari uning muqobili. "œJonidan o’tdi" deganda, sabr kosasi to’ldi, chidam bardoshi tugadi,endi bu yog’iga chidashning iloji yo’q, ma’nosi anglashiladi.Jonidan o’tish,jonidan kechishning ikkinchi ko’chma ma’nosida hukmdor aybdorni avf etdi, joniga qasd qilish,hayotdan mahrum qilishdan voz kechdi mazmuni ham bor.Bu o’rinda "œbir qoshiq qonidan kechdi" iborasi muqobil bo’la oladi.

Jonim-jonimlab joningni oladi.O’zbek unday odamlarni muloyim xunuk deydi.Undaylar yomon,qo’pol gapirishmaydi.Silliq,madaniy muomalada bo’lishadi.Biroq samimiyatdan yiroq,soxta gaplari,zahil yuzlari,ilmoqli so’zalri bilan rostdanam joningizni olishadi.Minnatsiz,tamasiz biror ish qilishmaydi.Xalq bunday odamlardan qochadi,chetlab o’tadi.

Joniga pul olmoq.Jonini tikmoq,jonini garovga qo’ymoq iboralarining ayni muqobili.Qimor uchun jonini garovga qo’yish.Ko’chma ma’noda joniga pul olgan — jonini biror va’da,buyum,boylik evaziga sotmoq,tikmoq.Keksalar uddasidan chiqish qiyin bo’lgan ishga bel bog’lagan yoshlarga "œqo’y bu ishingni,nima joningga pul oldingmi,bo’ladigan ishning boshini tut" deb tanbeh berishadi.

Jon kuydirmasang — jonona qayda.Toqqa chiqmasang — do’lana qayda,xotin olmasang — qaynona qayda iboralari bilan ma’nosi to’ldiriladi.Mehnatni,ko’zda tutilgan ishni sidqidildan bajarishga da’vat.Haqiqatan ham,qo’l uchida ish qilish bilan maqsadga yetish amrimahol.Jon kuydirmasang,jondan kechmasang jonona visoliga yetish mushkul.Ibora tabiatida mutoyiba,hazil,ishqibozlik kayfiyat-ohanglari mujassam.
Keyingi mavzu "Bosh omon bo'lsa..."

Qayd etilgan


Robiya  25 Sentyabr 2007, 11:54:19

Bosh omon bo’lsa - do’ppi topiladi.Haqiqatan ham bosh lahadga kirganda,do’ppining keragi yo’q.Do’’pi kiyish uchun boshning omon,bor bo’lishi shart.Ko’chma ma’nolari: tashvishlanma,jafo chekma,bu gal oldirgan,yutqazgan bo’lsang,yanagi gal omading chopib,olasan,yutasan,sevgan ishingdan, boringki, jonajon ro’zg’oringdan ajralding,nadomat chekma,dadil bo’l,g’arib boshing sog’-omon bo’lsa,do’ppi topilib,ishli,ro’z’g’or-oilali ham bo’lasan.Tavakkal,shahd ma’nolari  ham bor.

Boshidan o’tganning qoshidan o’tma.Bu iboraning ma’nosi chuqur, sermazmundir.Birov hayotida ko’p mashaqqatlar chekadi,turli azob-uqubatlarga duch keladi.Nihaq tuhmat,bevaqt o’lim,turli fojialar uni ezib,bukib qo’yadi.Bunday odamlarni xalq "œboshidan ko’p savdolarni kechirgan,boshidan o’tgan achchiq tajribali odamlar" deydi.
  Iboraning ikkinchi qismi — qoshidan o’tma deyilgani — bilib-bilmay bunday odamning ko’nglini og’ritma,qalbiga ozor berma,yonidan,yaqinidan o’tganingda va har bir muomalangda ham ehtiyot bo’l,deya ta’kidlashning tasviridir.Boshidan o’tgan odam kelajak istiqbolni ham yaxshi tushunadi,u donishmand odam,qoshidan o’tishda mana shuni hisobga ol,hurmatini bilib,e’zozda bo’l,ma’nolari mujassam"¦

Boshi aylandi.Balanddan pastga qaragasangiz,qarama-qarshi yurib borayotgan poyezd-vagonlari orasida tursangiz boshingiz aylanadi.Oqar suvga uzoq tikilish ham shu holga olib kelishi mumkin. "œBoshi aylandi"ning ko’chma ma’nosi ko’p: 1.Muammoga aqli yetmay,boshi aylanib qoldi.2.Sevgi,muhabbat boshini aylantirib tashladi.3.Kutilmagan katta amal havolantirib,boshini aylantirib qo’ydi.4.Ochlik kishi boshini aylantiradi.5.Qo’g’irchoqning boshini aylantirib qo’yishingiz mumkin.


Qayd etilgan


Robiya  25 Sentyabr 2007, 11:55:20

Boshini boyladi.Ro’mol,mato bilan boshni boylash.Ko’chma ma’nosi: non sindirib,unashtirib,yigitning,qizning boshini(to’ygacha) boylab qo’yish.Boshini boylash — o’likning tanglayini bog’lash ma’nosida ham tushunilishi mumkin.Suvning qulog’idan qayirib,boshini boylash ham bor.Bir ishning oldini olish,zudlik bilan harakat qilish.Salbiy,ijobiy ma’noda.

Boshi oxurda.Molxonadagi oxurlarga yem tashlanganda sigir-buzoq,qo’y-qo’zi,ot-tuya va hokazolar bo’ynini cho’zib,yem yemoq bilan mashg’ul bo’ladilar.Bunday paytda ular yoniga boshqa uy hayvonlari haydab kirilsa,erinibgina qarab qo’yib,tag’in yoqimli mashg’ulotlarini davom ettiradilar.Mana shu ko’rinishni odamlar ham o’z hayotlariga qiyos qilib,obrazli gap bilan,o’z ish o’rinlarida sidqidildan xizmat vazifalarini bajarib turgan xodimlarga nisbatan boshliqlar, hammaning "œboshi oxurda-ku",deya hazil qiladilar.

Bosh-ko’zdan sadaqa.Ilgari zamonda har bir kasb-hunarning o’z qavmlari,sulolalari bo’lardi.Shular orasida maddohlar ham bozor-o’char,mahalla-ko’y,qishlog’u shaharlarda kezib,axloq-odob,hadis namunalaridan qiroat bilan yod o’qib,kishilarni insof-diyonatga,oxiratni o’ylashga chaqirardilar.Aynan shu suyak suruvchi,qonuniy maddohlarga odamlar sidqidildan xayr-sadaqa berar,ularning duolarini olib,o’z ko’ngillarini xotirjam qilar edilar.Xayr-sadaqa asosan non bo’lib,bitta yoki yarimta non peshona,qosh-ko’zga surtib,maddohga uzatilar,bu bilan "œboshu ko’zimdan , bola-chaqamdan,uy-joyimdan,mol-holimdan Sizga sadaqa,xayr" degan ma’no anglashilardi.Gadoy ham xuddi shunday nonni yuz-ko’ziga surtib qabul qilgach,duoi joningizni qilib fotihaga qo’l ochardi.
  Hozirgi kunda ham xayriya,sadaqa ko’rinishlari ko’payib ketdi.Ammo odamlar sadaqa-xayrga ma’naviy,moddiy haqqi,ehtiyoji bo’lmagan kimsalar, gadolar, daydilarni noo’rin siylamoqdalar.Ularga non emas,pul,mol,turli kiyim-kechagu xayriyalar berib rag’batlantirmoqdalar.Xayr-sadaqaning o’z egasi bo’ladi.Xudoyini yeydigan bor,yemaydigan bor.O’ziga to’qqa xudoyi berish ginohi azimdir.Sadaqa inson uchun vojib,faqat uni o’z egasi ma’naviy,axloqiy haq-huquqqa ega, xudojo’y,taqvodor kishilarga bergan ma’qul.
  Boshini devorga urdi.Ibora o’z ma’nosida: ruhiy aziyat chekib,o’zini boshqara olmagan odam shunday qiladi.Dushman raqib boshini devorga urishi mumkin.Odatda og’ir yo’qotish,yaqin kishisidan ajralish holatlarida odamlar boshlarini devorga urib yig’laydilar. "œBoshini devorga urish"ning ko’chma ma’nosi qilgan ishidan pushaymon bo’ldi,afsus qildi,tavba-tazarru qildi mazmunini beradi.

Keyingi mavzu "Har kimning peshonasiga bersin"

Qayd etilgan


Robiya  15 Oktyabr 2007, 13:35:20

Peshonasi sho’r.Odam berilib mehnat qilsa,ketmon chopsa,peshonasi terlaydi.Ter oqib ko’zga tushsa,uni achishtiradi.Og’zingizga kirsa,terning ta’mi sho’rligini his qilasiz.Peshonaning teri sho’r.Peshonaning o’zi sho’rligiga bag’ishlangan bu ibora baxtsizlik,omadsizlik,tolesizlik ma’nolarini bildiradi.Ishi yurishmay,teskari ketgan,omadsiz,foje taqdirli odamga nisbatan "œpeshonasi sho’r" iborasi ishlatiladi.Iborada insonga achinish.muruvvat,hamdardlik mazmuni mujassam.

Ko’z bo’lmasa peshona baloni ko’rsinmi? Darhaqiqat,ko’z bo’lmaasa,peshonaning o’zi hech nimani ko’rolmaydi.Xalq shu gapni tasdiqlash uchungina bu iborani yaratmagan.Odatda,ushbu ibora kinoya,istehzo,achchiq-tiziq,norozilik ohanglarida qo’llaniladi.
 Ko’ra-bila turib,oldindan ogohlantirilganingiz holda boshingizni biror to’siqqa urib olsangiz,qo’lingizagi chinni idishni sababsiz tushirib sindirsangiz,qo’pol harakat birovni daf’atan turtib yuborsangiz va hokazo holatlarda kattalar shu kinoyaviy iborani ishlatadilar.
 
Peshonasiga shapatilab qoldi. Peshonangizga xira pashsha qo’nib bezovta qilaversa,unga shapatilaysiz.Ko’chma ma’noda peshonaga shapatilash attang,afsus qilish,pushaymon bo’lish mazmunini beradi.

Qachon sendan peshonam terlarkin? Peshona terlashining sabablari ko’p.Mehnatdan,issiq ovqatdan,xijolatdan,bemorlikdan va hokazolar.Qachon sendan peshonam terlarkin?, degan ibora mamalakatimizning janubiy hududlarida qo’llaniladi.Buning ma’nosi shundan iborat:
  Buvi yo bob, ota nabira yo bolaga pand-nasihat qiladi, nomaqbul ishlari uchun koyiydi,dashnom beradi.So’ng shu iborani xulosa-niyat sifatida ishlatadi.Bu degani qachon sen odam bo’lib, oila-ro’zg’or qilasanu, men sening ro’zg’oringdan ro’shnolik ko’rib,issiq ovqatingni ichib,peshonam terlab,rohatingni ko’rarkanman,degan yaxshi niyatdan iborat.

Peshonasiga bersin. Har kimning peshonasiga bersin,deydi xalq.Birovning rizqini birov bermaydi,birovning birini boshqasi ikki qilolmaydi,peshonasiga bitgani,Xudoning aytgani bo’ladi. "œMen qilaman jahdu jadal,Xudo qilur ahdu azal", "œo’zganing davlatiga hasad qilma,havas qil,peshonangga bitgan bo’lsa, sen undan ham mo’l-ko’lroq,ketnas davlatga ega bo’lishing mumkin, deyishadi ota-bobolar.Bunda taqdiri ilohiyga ishonch,umidvorlik,sadoqat bilan birga,har kimning o’z halol mehnati,bunyodkorligi,tinimsiz izlanish,harakatda barakat borligi ko’zda tutiladi.

Peshonasi keng. O’zbekda "œqo’chqor bo’lar qo’zining peshonasi do’ng bo’lar, og’a bo’lur yigitbning peshonasi keng bo’lur",degan maqol bor.Peshonaning kengligi miyaning to’laligidan dalolatdir.Miyasi to’la odam fahm-farosatli,ishning ko’zini bilgan bo’ladi.daholar,faylasuflar,olimu-fozil odamlarning odatda, peshonalari keng bo’lgan.Peshonasi kenglik bag’ri kenglik,katta xayrli ishlarga bosh-qosh bo’lish,odamlarning og’irini yengil qilib,hojatini chiqarish kafolatini bergan.Keng peshona, farishtalik,istarasi issiq kabi atama va birikmalar unga muqobil bo’la oladi.Asosan ijobiy, xayrixoh,mehr-muhabbat,hurmat-ehtirom ohanglari mavjud.
Keyingi mavzu : "Odamning yuzi issiq"

Qayd etilgan


Robiya  22 Oktyabr 2007, 14:37:50

Yuzi issiqlik qildi. Xalqda,shartta betiga gapirardimu biroq yuzi issiqlik qildida,degan gap bor.Buning ma’nosi: eski,qadrdon yuzi-yuzga, ko’zi-ko’zga tushadigan odamga beodoblik qilsa ham qattiq gapirolmadim,o’zi tushunib yuzi shuvut bo’lib qolar,mazmuniga ega.Muqobili: "œyuz amri shirin"

Yuzga aytganning zahri yo’q. Birov kishining ortidan gapiradi,pismiqlik qiladi.Ayrimlar odamning yuziga kamchiligini oshkora aytadilar.O’sha zamon Sizga og’ir botib, ko’nglingiz og’riydi.Biroq ertasi unutib,kamchiligingizni tuzatib olasiz.Bu gap, tanbeh,ma’lumotning yuragingizda zahri,og’rig’i qolmaydi.Orqadan gapirishning esa zahri yomon.U sizni chayonday chaqib,umringizni qisqartiradi.Shundan xalq yuzga(betga) aytganning zahri yo’q,deydi.

Yuzini sarg’aytirdi. Birovga ishing tushib borishing — bu xijolat,ikkilanish,iztiroblar natijasidir.Shunday paytda albatta mushkul holatdagi kishining "œyuzi sarg’ayadi,o’kinadi,qiynaladi."Bu holatni xalq falonchi pismadonchiga sarg’ayib(yuzini sarg’aytirib) bordi, deydi.Bu iborada boruvchiga achinish,hamdardlik ohangi mavjud.
  Bu iboraning tag’in boshqa ma’nosi murojaat qilib kelgan odamning yuziga solish,uni xo’rlash,haqoratlashdir.Bunday paytdagi "œyuzini sarg’aytirdi" iborasida xalq mezbonni g’ayriinsoniylik,bag’ritoshlikda ayblaydi.

Yuzingda ko’zing bormi demaydi. Sharttaki,oldi-ketdini o’ylamay gapiradigan,hovliqma kishilarga,ularning muomalalariga nisbatan ushbu ibora ishlatiladi.Surbet,beibo odam yuizingda ko’zing bormi demay,yoshing,saviyang,mavqeing bilan hisoblashmay,og’ir haqoratomuz gaplarni qiladi. Muqobili: "œbeandisha", "œdilozor".

Yuzi ochiq. Serma’no: yuzi ochiq — beti ochiq,andak salbiy ohangi, norozilik bor.Ikkinchisi,yuzi ochiq — chodrali,chachvonlining teskarisi,yuzning ochiqligi.Uchinchisi: yuzi ochiq — xushmuomalalik,takallufli,mehmonnavoz bo’lish, to’rtinchisi — yuzi ochiq o’ta salbiy, tanqidiy ohangda: besharm beti qattiq,axloqsiz,pardasiz odam ma’nolarida.Yuzi ochiqlik asosan,yaxshi odam,degan iboraning muqobili bo’la oladi.

Yuzi yo’q. Bir odam siz bilan arzimagan masalada san-manga borib, qattiq janjallashib qoladi.Oradan bir-ikki kun o’tmay ishi tushib qolgach,tag’in o’rtada hech gap o’tmaganday sizga yuzini solib kelaveradi.Shunday paytlarda "œyuzi yo’q ekanku buning,kechagi gapi qaydayu,bugungizi qayda", deysiz.

Ishi yuz. Biror kishining omadi chopsa, ishlari o’ngidan kelsa,hatto u juda baxtiyor kishi bo’lib, bir umr hayoti yaxshilik tomon ilgarilay bersa, bunday odamlarga nisbatan "œishi yuz" degan ibora ishlatiladi.Bu degani rejalashtirgan,oldiga qo’ygan ishi,maqsadi yuz foiz bajarilgan,xatosi,kamchiligi yo’q ma’nolaridadir.Muqobili: "œishi besh".

Yuziga solmoq. Bir ma’nosi yuzga shapati tortmoq,urmoq,ko’chma ma’noda kishining kambag’alligini,bemorligini,amal mavqei pastligini,ilgari o’tgan aybi-gunohini ataylab,yomon niyatda eslatmoq,yuziga solmoq.Yuzga soluvchiga nisbatan salbiy ohangda aytiladi.Nomardlik,beodoblik,oqibatsizlik sifatida tanqid etiladi.
Keyingi mavzu: "Ko'z - ko'ngil bulog'i"

Qayd etilgan


Robiya  27 Oktyabr 2007, 16:52:12

Ko’zning egasi bor. Insondi,hayvondir, jonu jonzot borki,o’z ko’zining egasi ekanligi Sizga ayon.Lekin bu iboraning mag’ziga boshqa ma’no yashiringan.Hayotda har xil tasodiflar bo’lib turadi.Bexosdan birov otgan tosh yo kesak, o’zingiz ishlatib turgan o’roq,panshaxa yuzingizning bir joyiga tegib ketadi.Qoshingiz,yuzingiz,peshonangizga,qulog’ingiz,yonog’ingizga.
  Xayriyatki,ko’zingizga kirmaydi.Shunday paytda keksalar: "œavvalo Xudoning o’zi bir asrasin-u,ko’zning egasi bor-da", deyishib,shukrona qilishadi.Darhol bosh-ko’zdan sadaqa,hadya atab yuborishadi. "œKo’zning egasi bor" degani uni Tangriga,ilohiyotga bog’lashdir.Ko’z ko’ngil bulog’i.Albatta,bu hodisada insonning aqli bovar qilmaydigan sehr bor.Demakki,ko’zning egasi bor"¦

Ko’ziga tikan bo’lmoq. Ilonning yoqtirmagan giyohi inining og’zidan chiqadi.Kishi yoqtirmagan,xush ko’rmagan odami doimo unga hamroh bo’lib yonida yursa,shu gapni aytishadi.

Ko’zini shamg’alat qilmoq. Birovni aldash,unga nisbatan ko’zbo’yamachilik qilish.Aldam-qaldamlik,ko’ziga cho’p solish.Ko’zini shamg’alat qilmoq — kuppa-kunduzi,ko’ra-bila turib,hammaning oldida biror g’ayri-axloqiy ishni chapdastlik bilan uddalash.Bajaruvchiga nisbatan tanqid,g’azab,la’nat ifodasi bor.

Ko’zining paxtasi chiqdi. Kishining jaholati qo’zib,g’azabi kelganda,baqirib-chaqiradi,so’kinadi, bilak kuchini ham ishga solishi mumkin.Shunday paytda odamning ko’zi ola-kula bo’lib, "œpaxtasi chiqadi", ya’ni katta ochilganidan oqi to’la ko’rinib,paxtani eslatadi.Muqobili: "œko’zi qinidan chiqdi"

Ko’zi olma-kesak teradi. Odatda yosh bolalar g’arq pishib turgan bog’ yonidan o’tayotganda bu ne’matlarga bee’tibor o’tib ketisholmaydi.Olmani ko’rgan ko’z daf’atan kesak tosh,kaltak qidirib qoladi.Asl ma’nosi shundan olingan.Ko’chma ma’nosi — salbiy,tanqidiy ohangda bo’lib, odamga nisbatan ko’zi olma-kesak teradi,deganda behayo,besharm,ko’zi qattiq atamalari mazmuni mujassam.Iborada ramziylik,olma deganda juvonlarga nisbat ma’nosi ham bor.

Birov ko’z,birov qosh. Odatda xodimlariga nisbatan keskin choralar ko’rolmaydigan rahbar shu iborani qo’llaydi : "œnima qilay, kimni jazolay: birov ko’z, birov qosh bo’lsa?!". Bu bilan "œhammasi ham o’zimnikilar,begonasi yo’q.Shoxiga ursang — tuyog’i zirqiraydi,bir quloq chekkasi kelib mening o’zimga taqaladi", degan gapni aytmoqchi bo’ladi.

Ko’zim usti. Shoir G’.G’ulomda "œKo’zim usti,minnating — boshimga durra" misrasi bor.Bu o’rinda "œko’zim usti" — ko’z qarog’i,ko’z qorachig’i iboralariga muqobildir.Ko’z qorachig’i qanchalik asrab-avaylansa, "œko’zim usti" iborasida ham shu aziz-allonlik,jonnisorlik mazmuni mujassam. "œKo’zim usti" ko’tarib yurishga yaqin,undan nozik,yurakka yaqinroqdir. Marhamat,saxovat,himmat,muhabbat ifodasi bor.
Keyingi mavzu: "Teshik quloq eshitadi"

Qayd etilgan


Robiya  04 Noyabr 2007, 13:57:36

Qulog’ini tishlab qo’ygan. Beshikketdi odati.Hali 4-5 yashar bolani "œyor" qilib, "œholva"ning qulog’ini tishlatish.Bu odat turkiy o’zbek qavmlari orasida qadimdan mavjud.Qulog’i tishlab qo’yilgan deganda, biror ish, masala, oldindan kelishilgan,hal qilib qo’yilgan ma’nosi anglashiladi.Muqobili: ishni pishitib qo’ygan

Quloq qoqmadi. Bir ishni, vazifani hech ikkilanmasdan, zudlik bilan bajarish.Uyoq buyoqqa tashlamaslik.Quloq qoqmadi — parvo qilmadi, ishni bajarmadi ma’nosida ham ishlatiladi.

Qulog’idan kun ko’rinib qopti. Mutoyiba ibora. Yangi uylangan yigit chilladan,chimildiqdan chiqqan kunlari o’rtoqlari, kattalar hazillashib shu iborani qo’llaydilar.

Uzunquloq gap yuribdi. Biror shaxs, voqea, hodisa to’g’risida gapirilganda, mana shunday "œuzunquloq gap yuribdi", deb eshitilgan xabarni aytishadi. "œUzunquloq" deganda, rost-yolg’onligini bilmayman, uzoqdan eshitilgan gap, degan ma’no anglashiladi.Uzunquloqning tag’in bir ma’nosi xufyalik.Shubhali-gumonli ishonsa ham, ishonmasa ham bo’laveradigan gap haqida Uzunquloq atamasi qo’llanadi. "œUzunqulo" gap yetkazgan, aytgan odamga nisbatan ham xalq "œuzunquloq" nomini berib, salbiy munosabat bildiradi.

Qulog’ing qani desa, og’zini ko’rsatadi.Odatda go’dak bolalarga ilk bor bu og’iz, bu burun, bu ko’z,bunisi quloq deb ko’rsatib o’rgatishadi.Bola hali so’zni aytolmasada, onaning ishorasiyu savoli bilan so’ralgan a’zoni ushlab ko’rsatadi.Ba’zan yanglishib qulog’ing qani desa, og’zini ko’rsatadi.Bu iboraning birinchi ma’nosi.Mana shu hazilomuz holat bayonidir.Ikkinchi ko’chma ma’nosi esa uquvsiz,epaqasiz,bilimsiz odamga nisbatan qo’llaniladi.

Quloq boshi. Ariqning,suvning bo’lingan,ajralgan joyi quloq deyiladi.Shuning uchun ham qishloq,dala,katta ekin yerlariga nisbatan quloqning boshi, quloqning o’rtasi iboralari faol qo’llaniladi.Suvning miqdori shunga qarab belgilanadi.Ko’chma ma’nosida har ishning boshi, boshlanishi, manbai ma’nolarida qo’llanadi.

Qulog’i ostida qolibdi. Har qanday og’ir-fojiali gap, ibora ham xalqda ba’zan mutoyiba — yumorga o’rab beriladi.Shunday iboralardan biri — "œqulog’i ostida qolibdi"dir.Vafot etgan, dunyodan o’tgan odamlar, asosan qarib-chirib,umri poyoniga yetgan mo’ysafidlaru, keksa kampirlar haqida shunday deyiladi.Yosh bolalar janozadan qaytgan otalariga, nima bo’libdi,kim o’libdi, deya savol berishsa, falonchi boboning qulog’i ostida qolibdi,tepkilab-tepkilab ko’mib keldik deyishadi. Nega tepdingizlar, degan savolga, qaytib chiqib kelmasin dedik deyishadi. Bu bilan 90-100 yoshga kirgan mo’ysafidning o’limi, uning ham, qolganlarning ham aslida to’yidir degan aqidaga ishora qilinadi.

Nonni qulog’iga yemaydi.Ayrimlar o’zini go’llikka, o’ta soddalikka solib, bilganini bilmaganlikka, bilmaganini bilganlikka oladi.Bir ishda taysallab, bu vazifa qo’lidan kelmasligini aytadi.Aslida u tamagirlik bilan o’z manfaatti yo’lida sizdan biror narsa undirish uchun shunday, o’zini taroziga solayotgan bo’ladi.Oqibat ko’nglini topib biror nima uzatib, nafsini qondirsangiz, ishingizni bitkazadi.Ana shundaylarga nisbatan xalq, "œbu mug’ombir, nonni qulog’ida yemaydi, ayyorlik qiladi", deydi.
Keyingi mavzu: "Burun ta'rifi burundan"

Qayd etilgan